Tabiiy geografik jarayonlar deb, tabiiy va sun’iy omillar
ta’sirida sodir bo‘ladigan jarayonlarga aytiladi.
Tabiiy geografik jarayonlar
tog‘ jinslarining yemirilishida, tog‘ jinslari fizik holatining o‘zgarishida,
yer yuzasi relyefining shakllanishi va o‘zgarishida vulqon va zilzilalar
sifatida, atmosfera hodisalari rivojlanishida namoyon bo‘ladi.
Tabiiy georgafik jarayonlar
rivojlangan hududlarda turli xil inshootlarni joylashtirish, qurish va
ishlatishda ma’lum bir qiyinchiliklar tug‘diradi. Shuning uchun tabiiy
geografik jarayonlar rivojlangan va tarqalgan joylarda turli xil inshootlar
qurilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqarish muammosi vujudga kelmoqda.
Zilzila, vulkan, sel,
surilma, ko‘chki, botqoqlanish, ko‘p yillik muzloq, qurg‘oqchilik, o‘pirilma tarqalgan
joylarda qurilish ishlari olib borish uchun hozirgi paytda maxsus qoidalar,
yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan.
Tabiiy geografik jarayonlar
tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida vujudga keladi va rivojlanadi.
Tabiiy omillar o‘z navbatida
ikki katta guruhga bo‘linadi: Yerning ichki kuchlari bilan bog‘liq bo‘lgan
jarayonlar va tashqi kuchlar yoki tashqi omillar bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar.
Yerning ichki kuchlariniendogen (yunoncha «endo» - ichki, «genos» - kelib chiqish) kuchlar deb ataladi.
Ular ta’sirida vulkanlar otiladi, zilzilalar sodir bo‘ladi. Bunday jarayonlar
endogen jarayonlar deb ataladi.
Tashqi omillarni ekzogen
(yunoncha «exo» - tashqi, «genos» - kelib chiqish) omillar yoki kuchlar deb
ataladi. Tashqi kuchlar ta’sirida vujudga keladigan jarayonlar ekzogen
jarayonlar deb ataladi. Bunday jarayonlar Quyosh issiqligi, og‘irlik kuchi, yer
usti va osti suvlari hamda organizmlar ta’sirida vujudga keladi, rivojlanadi.
Ekzogen jarayonlarga nurash, eroziya, qirg‘oqlarning yemirilishi, muz va shamolning
ishi kabi hodisalar ham kiradi.
Sun’iy omillar antropogen yoki texnogen
omillar deb ham ataladi. Ularga insonning turli xil xo‘jalik faoliyati kiradi:
qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, shahar
qurilishi, transport va boshqalar. Sun’iy omillar ta’sirida antropogen yoki
texnogen jarayonlar sodir bo‘ladi. Bunday jarayonlarga surilmalar, yer
yuzasining cho‘kishi, o‘pirilishlar, yer osti suvlari sathining ko‘tarilishi
yoki pasayishi, daryo va ko‘llarning qurishi, yangi suv havzalarining vujudga
kelishi, yerlarning sho‘rlanishi kiradi. Mazkur jarayonlar xalq xo‘jaligiga
katta zarar yetkazadi.
Eslab qoling!
Tabiiy geografik jarayonlar deb, tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida
sodir bo‘ladigan jarayonlarga aytiladi. Endogen jarayonlarga vulkanlarning
otilishi, zilzila va tog‘larning ko‘tarilishi kiradi. Ekzogen jarayonlarga
nurash, eroziya, surilmalar, o‘pirilishlar, sellar, muz va shamolning ishi
kiradi.
Havoda namlik qanchalik yuqori bo`lsa, issiq harorat insonga shunchalik
kuchli ta`sir etadi. Nisbiy namlik 50 foiz, havo harorati 16-18 daraja bo`lishi
inson organizmi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Havo harorati 24 daraja,
nisbiy namlik 44-60 foiz, shamol tezligi sekundiga 0,7-1 metr bo`lganda inson
organizmi uchun juda qulay sharoit keladi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.