Angola


Rasmiy nomi — Angola Respublikasi. Poytaxti — Luanda. Hududi — 1246700 km.kv. Aholisi – 12,5 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — Portu­gal. Dini — katoliklar (65%), protestantlar (20%), majusiylar (10%). Pul birligi — kvanza.
   Geografik joylashuvi va tabiati. Afrikaning janubi g‘arbidagi davlat. Janubda — Namibiya (chegara uzunligi — 1376 km), sharqda — Kongo Demokratik Respublikasi (2511 km) va Zambiya (1110 km), shimolda — Kongo (201 km) bilan chegaradosh. Angola g’arbda Atlantika okeani bilan tutashgan. Mamlakatning asosiy qismini balandligi dengiz sathidan 1000-1500 m bo‘lgan Angola yassitog‘ligi egallagan. Eng yuqori nuqtasi — Moko tog‘i (2620 m). Angolaning Kongo, Zambezi, Kasai va boshqa daryolari tog‘lardan boshlanadi. Angola neft, olmos, temir rudasi, fosfat, mis, oltin, uranga boy. Iqlimi — ekvatorial-mussonli va tropik passatli. Mamlakat janubiga xos bo‘lgan cho‘l o‘simliklari, shimolda savannalar va quyuq tropik o‘rmonlar bilan tugaydi. Angolada Afrika qit’asida uchraydigan barcha yirik hayvonlar yashaydi: fxl, jirafa, karkidon, zebra, antilopa, sher, gippopotam va h.k.
   Davlat tuziliski, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Ma’muriy-hududiy jihatdan 18 ta viloyatga bo‘lingan. Mustaqilligini Portugaliyadan 1975-yil 11-noyabrda olgan. Qonunchiligi fuqarolik huquqning portugal tizimi va mahalliy urf-odatlarga asoslangan. Milliy bayrami — Mustaqillik kuni 11-noyabrda nishonlanadi. Bir palatali parlamenti — Milliy Assambleya. Angolada 30 dan ortiq partiyalar qayd qilingan.
   Iqtisodi, transport kommunikdtsiyalari. Aholining asosiy qismi qishloq xo’jaligida band. Sanoatning muhim sohasi neft qazib olish bo’lib, YMMning 60% ini tashkil qiladi. Neft, suyultirilgan gaz, olmos, qahva, baliq — davlat budjeti kirimining asosiy eksport mahsulotlari hisoblanadi. Asosiy savdo hamkorlari — AQSH, MDH davlatlari, Kuba, Portugaliya, Braziliya. Qishloq xo’jaligi mahsulotlaridan qahva, bug‘doy, paxta, shakarqamish, manioka, tamaki eksportga chiqariladi. Temiryo’llari uzunligi — 3189 km, avtomobil yo‘llari — 73828 km. Asosiy portlari — Luanda, Ngenza-Kabolo, Lobitu, Kabinda.
  Tarixi. Angola portugaliyaliklar tomonidan 1482-yil kashf etilgan. XIX asrdan boshlab Portugaliya mamlakat ichkarisini egallashga kirishadi. Zambezi va Kongo oralig‘ini o’rganib chiqqan portugaliyalik sayohatchi Serpa Pintu 1889-yili Mozambik gubernatori lavozimiga tayinlangandan keyin Angolani Mozambikka qo‘shib olishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. XX asr boshlarida Angola Portugaliyaning mustamlakasi, 1951-yildan — dengizorti hududi, 1955-yildan — Portugaliya viloyati. 1961-yilda boshlangan milliy-ozodlik kurashi 1975-yil mustaqil Angola Xalq Respublikasi tuzilishi bilan yakunlandi. Sobiq SSSR qo`llagan Angola ozodligi uchun Xalq harakati va AQSH qo‘llab turgan UNITA tashkiloti o‘rtasidagi qarama-qarshilik fuqarolar urushiga olib keldi. Bu urushda Janubiy Afrika va Kuba ham ishtirok etgan. 1991-yili tinchlik shartnomasi imzolangan, ammo prezident saylovlarida Dush Santush g‘alaba qozonishi yana fuqarolar urushi boshlanishiga sabab bo’lgan. 1992-yildan mamlakatning rasmiy nomi — Angola Respublikasi. 2002-yili rasmiy hukumat va Angolaning to‘liq mustaqilligi uchun Milliy ittifoq (UNITA) rahbarlari harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar


To Top