«Buyuk geografik kashfiyotlar» atamasi haqida. «Buyuk geografik
kashfiyotlar» atamasi XV asr oxiri-XVII asr o'rtalarida yevropalik sayyohlar tomonidan
amalga oshirilgan yirik geografik kashfiyotlarga nisbatan qo'llaniladi. Geografik
kashfiyotlar esa odamlar uchun shu vaqtgacha noma'lum bo'lgan yangi yerlarning qidirib
topilishidir. XV asr oxiridan boshlab quyidagi omillar buyuk geografik kashfiyotlarning
amalga oshirilishiga sabab bo'ldi.
Birinchidan, XV asr oxiri – XVI asr boshlariga kelib, Yevropada
Tovar ishlab chiqarish yuqori sur'atlarda o'sa boshladi. Bu esa xom ashyoga bo'lgan
talabni oshirib yubordi.
Ikkinchidan, quruqlikdan va O'rta Yer dengizi orqali o'tadigan
savdo yo'llari, shu jumladan, Buyuk Ipak yo'li ustidan nazorat Yevropa mamlakatlarining
asosiy raqibi bo'lgan Usmoniylar imperiyasi (Turkiya) qo'liga o'tib ketganligi sababli
bu yo'llar yevropalik savdogarlar uchun xavfli bo'lib qoldi.
Binobarin, endi yevropaliklar oldida yangi dengiz savdo
yo'llarini ochish tarixiy zaruratga aylandi. Ularda dengiz savdo yo'llarini ochishga
imkon beruvchi zamonaviy kemalar va harbiy qurollar ham mavjud edi. Bundan tashqari,
dengizda kompasdan foydalanish, astrolyabiya (usturlab) ixtiro qilinganligi, shuningdek,
italiyalik olim P.Toskanelli yerning dumaloqligi haqidagi ta'limotdan kelib chiqib,
dunyo xaritasini yaratganligi ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bu xaritada Osiyo
qit'asi qirg'oqlari Atlantika okeanining g'arbiy sohillarida ekanligi belgilangan
edi. Shu tufayli P. Toskanelli Yevropa qirg'oqlaridan G'arb tomonga suzib Hindistonga
borish mumkin, deb ishonardi.

Buyuk geografik kashfiyotlarning boshlanishi. Buyuk geografik
kashfiyotlarning tashabbuskorlari Portugaliya va Ispaniya dengiz sayyohlari
bo'lishdi. Shunday dengiz sayyohlaridan biri, asli Genuyalik, admiral
Xristofor Kolumb (1451-1506) edi. U o'z oldiga Atlantika okeani orqali Hindistonga
boradigan yo'l
ochishni maqsad qilib qo'ydi.
Nihoyat, X.Kolumb Ispaniya qirollik oilasi bilan Hindistonga
yo'l ochish uchun ekspeditsiyani boshlash haqida shartnoma tuzishga muvaffaq bo'ldi.
Shartnomaga ko'ra, qirol ekspeditsiyaning xarajatlarini
o'z zimmasiga oldi. X.Kolumb 1492-yilning 6-avgust kuni 3 ta kemada birinchi ekspeditsiyasini
boshladi.
Amerikaning kashf etilishi. 1492-yil 12-oktabr kuni X.Kolumb ekspeditsiyasi a'zolari
Karib dengizidagi orollardan biriga kelib tushdi. X.Kolumb bu orolni San-Salvador
(«Muqaddas xaloskor») deb atadi (hozirgi Bagama orollari davlati hududidagi orol).
Shu tariqa Hindistonga olib boradigan suv yo'lini ochish maqsadida uyushtirilgan
ekspeditsiya Amerikaning kashf etilishiga sabab bo'ldi. Bu voqea dunyo xaritasini
tuzgan XV asr olimlari, xususan, P. Toskanellining xatosi tufayli yuz berdi. Chunki
P. Toskanelli yerning ekvator bo'ylab uzunligini aniqlashda 12 ming kilometrga adashgan
edi. Keyinchalik olimlar bu xatoni Buyuk kashfiyotga olib kelgan buyuk xato, deb
atadilar.
Biroq X.Kolumb 1492-yilda Hindistonga emas,Amerikaga
kelib qolganligini anglamadi. U Hindistonga keldim, deb hisoblar edi. Shuning uchun
ham X.Kolumb Amerikaning mahalliy aholisini hindular deb atadi. Amerikaga 4 marta ekspeditsiya uyushtirdi. Bu ekspeditsiyalar
natijasida ochilgan hududlarda Ispaniya bayrog'i hilpiray boshladi. Shu tariqa bu
hududlar Ispaniya mulkiga aylandi. X.Kolumb esa o'sha hududlarning vitse-qiroli
etib tayinlandi. Yangi qit'aning Kolumbiya deb emas, Amerika deb atalishi Italiya
dengizchisi va astronomi
Amerigo Vespuchchi (1454-1512) nomi bilan bog'liq.
U 1499-1501-yillarda portugaliyaliklar ekspeditsiyasi
tarkibida Braziliya qirg'oqlarini tekshirdi. Buning natijasida, Kolumb ochgan yerlar
Hindiston emas, yangi qit'a, degan xulosaga keldi. U keyinchalik o'zining nomi bilan
atalgan qit'aga «Yangi Dunyo» deb nom berdi. 1507-yilda lotaringiyalik
xaritashunos olim M.Valdzemuller Kolumb kashf etgan yangi qit'ani Amerigo Vespuchchi
sharafiga Amerika deb atashni taklif etdi. Bu nom hammaga ma'qul bo'ldi. 1515-yilda
Yangi Dunyo «Amerika» deb atalgan birinchi globus
Germaniyada yaratildi. Keyinchalik boshqa xaritalarda ham Kolumb kashf etgan yerlar
«Amerika» deb yoziladigan bo'ldi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!