Bugungi kunda axborot olamida
Internet davri kelgani, internet-televideniye, internet-radio, elektron pochta,
onlayn-video kabi ko’plab yangi axborot tarqatish texnologiyalari qanday tez
sur’atlar bilan rivojlanib, ularning auditoriyasi va ta’sir doirasi tobora
kengayib borayotgani haqida ortiqcha gapirishga zarurat yo’q, deb o’ylayman.
Bunday axborot vositalariga asosan yoshlarning juda katta qiziqish bilan qarashi
va ulardan keng foydalanishini hisobga oladigan bo’lsak, haqiqatan ham, bu
masalaning naqadar ulkan ahamiyatga ega ekanini anglash qiyin emas. (Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo’llagan tabrigidan) Axborot mavzusi insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida muhim ahamiyat kasb etib, bugungi serqirra va intensiv hayotimiz, globallashuv jarayonlarida esa axborot yanada dolzarb masala bo’lib, endilikda axborotga egalik, zamonaviy tizimlarining shakllanganligi mamlakatning demokratik rivojini sifatlovchi omilga aylandi. Yurtboshimiz rahnamoligida o’tkazilgan
tizimli islohotlar, yaratilgan mukammal qonunchilik baza, aloqa va
telekommunikatsiya sohasida olib borilgan texnologik modernizatsiya ishlari
tufayli mamlakatimizda zamonaviy axborot sohasi barpo etildi.
O’tgan
yillar davomida o’sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy yuksalishi, axborotga
bo’lgan huquqlarini ro’yobga chiqarish, axborot erkinligini ta’minlash maqsadida
zarur texnologik sharoitlar va huquqiy kafolatlar yaratildi. Har kimning fikrlash va so’z erkinligi,
o’zi istagan axborotni izlashi, olishi, uni tarqatish borasidagi
konstitutsiyaviy normalar milliy qonunlarimizda rivojlantirildi. Shuningdek,
xalqaro axborot tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog`idan erkin
foydalanish uchun sharoit yaratilishini e’tirof etuvchi normalar qonunlarimizda
o’z aksini topdi. Xususan, bugungi kunda axborot sohasida ommaviy axborot vositalari, shundan televideniya, Internet-kafelar, Internet provayder, davlat axborot
resurslari, "ZiyoNET" yoshlar axborot
portali va axborot-kutubxona muassasalari faoliyat yuritmoqda. Internetdan
foydalanuvchilarning soni esa to’qqiz milliondan ortiq ketdi. Bularning barchasi fuqarolarimiz,
xususan, yoshlarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqining ifodasidir.
Global axborot makoniga real ko’z bilan qaraydigan bo’lsak, hozirda keng
jamoatchilikni xavotir va tashvishga solib kelayotgan muammolardan biri, shubhasiz,
axborot makonida nosog`lom manfaatlar, ziddiyat va qarama-qarshiliklar
ta’siridagi agressiv axborotlarning (o’z joniga qasd qilishning oson yo’llarini
targ`ib qiluvchi 9 ming, erotik mazmunga ega 4 mingdan ziyod saytlar, kompyuter
o’yinlari zo’ravonlik va yovuzlik, o’ta jangari ruhdagi (beshafqat urushlar,
o’ldirishlar, otishmalar, portlatishlar va hokazo) Internet saytlar
mavjudligi), milliy axborot makonimizga kirib kelishidir. Axborotlar
tezkor Internet orqali qabul qilinar ekan, uning aksariyat foydalanuvchilari
yoshlar hisoblanadi. Ularning ko`pchiligi odnoklassniki.ru, facebook.com, mail.ru, twitter.com, Vkontakte.ru kabi ijtimoiy saytlarning doimiy foydalanuvchilari sanaladi. Tan olish kerakki,
O’zbekistondagi jami saytlarda ro’yxatdan o’tganlar jamlansa ham yuqoridagi
miqdorga yetmaydi. Ushbu raqamlar milliy saytlarimizni yoshlar uchun jozibador,
mazmunli, saviyali, qiziqarli, o’ziga tortuvchi qilib yaratish masalasiga
jiddiy e’tibor qilishga undaydi. Milliy saytlarimiz oldinda yurmasada, boshqa
chet el saytlardagi kabi "o’ziga jalb qilish" doirasini kengaytirsa,
yoshlarimiz milliy saytlarga birinchi bo’lib murojaat qilishi mumkin bo’ladi.
Axborot sohasi liberallashayotgan bir paytda, uzoq-yaqin mamlakatlardagi turli
xil siyosiy, mafkuraviy va boshqa kuchlar (120 ga yaqin davlat axborot
xurujlarini uyushtirish ustida ish olib bormoqda) o’zlarining g`arazli
manfaatlari yo’lida ommaviy kommunikatsiya vositalaridan foydalanib, axborot
erkinligini suiiste’mol qilib, o’sib kelayotgan yosh avlodga axborot
tahdidlarini ko’rsatish orqali, hali ongi va hayotiy qarashlari shakllanib
ulgurmagan yoshlarni chalg`itish, ularning ongi va qalbini egallash yo’lidagi
intilishlarini kuchaytirayotgani sir emas. Nosog`lom axborot oqimlaridan
yoshlarni himoyalashga oid dunyoda qator huquqiy mexanizmlar yaratilgan.
Jumladan, xalqaro amaliyotda "Kiber jinoyatlar to’g`risida"
Konvensiya, "Voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz Internet va onlayn
resurslarni joriy qilish to’g`risida" Yevropa Ittifoqi Parlamenti Assambleyasining
tavsiyalari, "Bola huquqlari to’g`risida" BMT Konvensiyasini, "Yoshlarni himoyalash
to’g`risida" Germaniya, "Voyaga yetmaganlarni ommaviy axborotning
salbiy ta’siridan himoyalash to’g`risida" gi, Litva "Bolalarni
sog`ligi va rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi axborotdan himoyalash
to’g`risida" gi Rossiya qonunlarini tilga olishimiz mumkin.
Milliy
qonunchiligimizda ham yoshlarni nosog`lom axborotlardan himoyalashning
mexanizmlari mavjud. Xususan, "O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid
davlat siyosatining asoslari to’g`risida"gi Qonunda "O’zbekiston
Respublikasida yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan,
zo’ravonlikni, hayosizlikni va shafqatsizlikni tashviqot qilishga qaratilgan
har qanday xatti-harakatlar man etilishi", "Bola huquqlarining
kafolatlari to’g`risida"gi Qonunda "Pornografiya, shafqatsizlik va
zo’ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga
zararli ta’sir ko’rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab
bo’luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish
hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanishi" belgilab berilgan.
Axborot
asri davrida yoshlarga yopirilib kelayotgan axborotlardan foydalana olishlari, xususan,
nosog`lom axborotlardan himoyalana olishlari, kommunikatsiya vositalaridan to’g`ri
foydalana bilishlari uchun bilim va tajriba kerak bo’ladi. Aynan mana shu
borada ular kattalar, ayniqsa, ota-onalar va pedagoglarning ma’naviy-ruhiy
ko’magiga muhtoj. Biz o’sib kelayotgan yosh avlodning media savodxonligi va
Internetdan foydalanish madaniyatini yuksaltirishimiz lozim.
Axborot
makonining globallashuvi jarayonida yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini
yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab
chiqish, buni amalga oshirishda jamiyatimizning keng qatlamlari: davlat
hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat
tashkilotlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, ota-onalar va
pedagoglarni keng jalb qilish maqsadga muvofiq.
Darhaqiqat,
axborot makonida tahdidlar bor ekan, Milliy axborot makonimizga chegara qo’yib
bo’lmaydi. Shunday ekan, yoshlarga sog`lom axborot muhitini yaratib, ular
ma’naviy olamining daxlsizligini asrash asosiy vazifalarimizdan biridir. Zero,
yoshlar ma’naviyatiga daxldor yumushlarda beparvolikka yo’l qo’yib bo’lmaydi.
"Do`stlik
bayrog`i” gazetasidan olindi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.