
Vasko da Gama
(1469-1524)
Hindiston qadim zamonlardan beri yevropalik olim
va sayyohdarning e’tiborini o`ziga qaratgandi. Ular, shuningdek, Yaqin Sharq
orqali Hindistonga quruqlik orqali boruvchi karvon yo`llarining anchayin
xatarli ekanidan ham tuzukkina xabardor edilar. XV asrning oxirlariga kelib,
dengizda kemalar qatnovi va yurishi ancha rivojlangan ba’zi Yevropa
mamlakatlarida ushbu sirli diyorga boradigan uzluksiz dengiz yo`lini kashf
etishga bo`lgan intilish kuchaydi. Ma’lumki, dastlabki urinish 1492-yilda
X.Kolumb tomonidan amalga oshirilgan va buning natijasi ularoq Amerika qit`asi
kashf etilgan. Ammo buyuk geografik kashfiyotlar tarixida portugaliyalik
dengizchi Vasko da Gamaning nomi birinchi bo`lib Yevropadan Hindistonga
boradigan dengiz yo`lini ochgan sayyoh sifatida qoldi. Kolumb boshlagan ishni
oxiriga yetkazgani bois, Vasko da Gamani zamondoshlari «Kolumbdan o`zgan
sayyoh» sifatida ta’riflashgan.
Vasko da Gama 1469-yilda Portugaliyaning Sinish
shahrida tug`ilgan
va Evore shahrida ta’lim olib, boshqa fanlarga qaraganda ko`proq
dengiz navigatsiyasi, kartografiya va geografiyani chuqur o`rgandi.
XV asrda Portugaliya mustamlakasi bo`lgan Afrikaning Gvineya qo`ltig`i
atroflarida portugal
floti tarkibida xizmat qilgan.
XV asrning 90-yillariga kelib, Afrikani dengiz
bo`ylab aylanib suzib o`tish mumkinligi va Sharqiy Afrikadagi hududlarning suv
yo`llari orqali Hindiston bilan savdo aloqalari olib borishi ma’lum bo`ldi.
Shuning uchun 1497-yilda Portugaliya qiroli Manuel I Vasko da Gamaga Afrikani
aylanib o`tib, Hindistonga dengiz sayohati uyushtirish va yo`lni xaritaga
tushirishga farmon bergan.
1497-yilning 8-iyulida sayyoh 168 kishilik
ekipajdan iborat to`rtta kemada Hindiston sayohatiga yo`l oldi. Xuddi
Kolumbniki kabi Vasko da Gama ekspeditsiyasi ham dastlab, Lissabondan g`arbga
yo`l olgan, ammo keyin Sharqqa burilgan. Atlantika okeanida yoysimon
yo`nalishda suzib, 1497-yil 20-noyabrda Afrikaning eng janubiy nuqtasidan
o`tdilar. Afrikani aylanib o`tish joyining topilgani ekspeditsiya a’zolarida
Hindistonga borish yo`lini topishga bo`lgan umidni kuchaytirgan, albatta.
Dengiz sayyohlari Afrikaning eng janubiy nuqtasi bo`lgan burunni «Yaxshi umid»
nomi bilan atadilar.
Vasko da Gama 1497-yil dekabrda hozirgi Janubiy
Afrika Respublikasining Sharqiy qirg`oqlarini kashf qildi. 1498-yilning yanvar
oyida Zambezi daryosining quyilish joyidan
o`tib, Sharqiy qirg`oqlar bo`ylab shimoli-sharqqa suzishda davom etdi va o`sha
yilning mart oyida Mozambikka yetib bordi. Malindi shahrida arab yo`l ko`rsatuvchisini
yo`llagan sayyoh uning yordamida 1498-yil 20-mayda Hindistonning janubi-g`arbiy
qirg`oqlaridagi yirik savdo markazi hisoblangan Kalikut (hozirgi Kojikode)
shahriga yetib keldi.
Kalikut rojasi tomonidan yaxshi ko`tib olingan
Vasko da Gama, Hindistonda bir muddat turib, 1498-yil oktyabrda yana
Portugaliya tomon yo`lga chiqdi. Ammo 1499-yilning sentyabridagina Lissabonga
yetib oldi. Ekspeditsiya davomida turli xavf-xatarlar, fojiali holatlar sababli
safarga chiqqan 168 dengizchidan faqat 55 kishigina eson-omon Portugaliyaga
qaytishga muvaffaq bo`lgan. Ammo anchayin katta qurbonlar berib bo`lsa-da,
Vasko da Gamaning Portugaliya qiroli topshirigiga ko`ra, Yevropadan
Hindistongacha bo`lgan dengiz yo`lini kashf etishga erishganini ta’kidlash
joiz.
Portugaliyada Vasko da Gamani katta tantana bilan
ko`tib olishdi. Unga dvoryan martabasi va 1500-yilda «Hind okeani admirali»
unvoni berilgan. Sayyoh 1500-1520-yillar davomida Hindistonga bir
necha bor ekspeditsiya uyushtirgan va 1524 yilda Hindistondagi Portugaliya
koloniyalarining beshinchi gubernatori va vitse-qiroli etib tayinlangan. Ammo
sayyoh bu vazifada unchalik uzoq ishlamadi.
Umrining asosiy qismini Hindistonga boradigan
dengiz yo`lini kashf etish va uni o`rganishga bag`ishlagan Vasko da Gama 1524-yilning
24-dekabrida Kalikutdan janubdagi Kochine shaharchasida vafot etdi.
1998-yilda
Vasko da Gamaning Hindistonga qilgan birinchi sayohatining 500 yilligi
Yevropada keng nishonlandi. Shu yili Lissabondagi Teju daryosining quyilish
joyida qisqa mudsat - 10 oy ichida Yevropadagi eng uzun 17185 metrli ko`prik qurilib,
sayyoh, nomi bilan ataldi. Shuningdek, Braziliyaning Rio de-Janeyro shahri
futbol klubi va Hindistonning Goa shtatidagi shaharga ham Vasko da Gama nomi
berilgan.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.