O`zbekiston va unga qo`shni bo`lgan
Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari Markaziy Osiyo
hududidagi mamlakatlardir. Qozog`izton Markaziy Osiyo davlati deb tan olinmasa
ham, hududining asosiy qismi ushbu regionda joylashganligini hisobga olgan
holda, uni Markaziy Osiyo davlatlari qatoriga kiritish mumkin. Markaziy Osiyo
davlatlari jahon siyosiy xaritasida 1991-yil kuzida, sobiq Ittifoqning barham
topishi bilan paydo bo`ldi. Markaziy Osiyo sobiq Ittifoq davrida bir
tomonlama, asosan, xomashyo va yarimxomashyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga
ixtisoslashgan edi. Bu hudud sobiq Ittifoq paxtasining 93% i (jahon paxtasining
12% i)ni, ko`plab mis, qo`rg`oshin, rux, oltin, uran kabi rangli metallarni
yetkazib bergan.
Geografik o`rnining eng muhim
xususiyatlaridan biri uning ulkan Yevrosiyo materigining deyarli qoq o`rtasida,
Dunyo okeanlaridan uzoqda joylashganligidir.
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq
mintaqa davlatlari jahon bozorlariga olib chiqadigan yangi transport yo`llarini
tashkil qilishga kirishdilar. Natijada ilgari Rossiya orqali dengizlargacha
olib boruvchi yagona transport yo`lagiga qo`shimcha Eron orqali Fors
qo`ltig`iga, Kavkaz orqali Yevropaga, Xitoy orqali Tonch okeani bo`ylariga
yetkazuvchi temiryo`l va avtomobil yo`llari barpo etildi, quvurlar yotqizildi.
Hududi, chegaralari, tabiiy sharoiti va
tabiiy resurslari. Markaziy Osiyoning maydoni 4 mln km.kv (jahon quruqlik
maydonining 3,0% i), aholisi 70,0 mln. kishini (jahon aholisining salkam 1,0% i)
tashkil qiladi. Uning hududi g`arbdan sharqqa 3 ming km, shimoldan janubga 2,5
ming km masofaga cho`zilgan bo`lib, iqlimi, asosan, quruq, keskin kontinental.
Tabiiy namlik asosida bahorikor dehqonchilik
Markaziy Osiyoning Shimoliy Qozog`iston va baland tog`oldi adirlari va tog`
yonbag`irllarida olib boriladi. Mintaqaning oqar suv manbalariga ega bo`lgan
vodiy va vohalarida har jihatdan iqtisodiy rivojlangan hududlar joylashgan.
Markaziy osiyo mineral resurslar bilan ancha
yaxshi ta`minlangan. U neft va tabiiy gaz zaxiralariga ko`ra Osiyoda Fors
qo`ltiqbo`yi va G`arbiy Sibir hududlaridan keyin uchinchi mintaqadir. Qozo`iston,
Turkmaniston va O`zbekiston Respublikalari bu xildagi tabiiy boyliklarga bor. Bu
respublikalarning Kaspiybo`yi pasttekisliklari, janubig`arbiy cho`l hududlarida
xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan yirik neft va gaz konlari joylashgan. Markaziy
Osiyo toshko`mir (Qozog`iston) va qo`ng`ir ko`mir (Qozog`iston, O`zbekiston) ga
ham ancha boy. Shuningdek, bu o`lka xilma-xil qora va rangli metall rudalari (temir,
marganes, xrom rudalari, mis, polimetall, oltin, uran, simob kabilar) bilan
ancha yaxshi ta`minlangan. Bunday tabiiy resurslar zaxiralariga
ko`raQozog`iston va O`zbekistonning imkoniyatlari juda katta. Subregion
respublikalaridan Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekiston turli kimyoviy
mineral resurslar (tuzlar, fosforit, oltingugurt) bilan ham yaxshi
ta`minlangan. To`g`li Tojikiston va Qirg`iziston respublikalari esa relyefi
tufayli gidroenergetika resurslariga ancha boy.
Aholisi. Markaziy Osiyo aholisi so`nggi oltmish yil ichida, Ikkinchi jahon urushi
yillaridagi katta yo`qitishlarga qaramay, salkam 3 baravar ko`paydi hamda
2013-yilning iyul oyiga nisbatan 70,0 mln. kishiga yaqinlashdi. Bu jahon
aholisining o`rtacha o`sish sur`atlaridan birmuncha yuqoridir. Mintaqa
aholisining son jihatdan o`sishida tabiiy ko`payish jarayoni asosiy omildir. Unda
migratsion harakatlar ham muhim rol o`ynaydi. Mintaqa respublikalarida
demografik holat bir xil emas. Aholisining tarkibida ruslar va boshqa
yevropalik millatlar hissasi katta bo`lgan Qozog`iston va Qirg`izistonda
tug`ilish ko`rsatkichlari ancha past. Aholisi tub milatlardan tarkib topgan
Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston
respublikalarida aholining tabiiy o`sish ko`rsatkichlari ancha yuqoridir. Bu holat
mazkur respublikalar aholisining dinamikasiga katta ta`sir ko`rsatmoqda.
Mintaqa davlatlarida aholining o`rtacha
zichlik ko`rsatkichlari ham turlichadir. Aholining bu ko`rsatkichlari har 1 km.kv maydonga O`zbekistonda
67 kishini, Tojikistonda 54 kishini tashkil qilgani holda, Qozog`iston (7 kishi)
va Turkmaniston (12 kishi) ancha past ko`rsatkichga ega. Shu bilan birga
aholisi eng zich (Farg`ona vodiysida 650 kishi) va eng siyrak (Markaziy
Qozog`istonda 1-2 kishi) hududlar orasida ham katta tavofutlar bor.
Markaziy osiyo mintaqasida urbanizatsiya
darajasi ham yuqori emas. Shahar aholisining salmog`i Qozog`istonda 58,8% dan,
Tojikistonda 26,4% gacha farqlanadi. Unda aholisi milliondan ortiq shaharlar
faqat Toshkent (2,3 mln.) va Almati (1,3 mln.) dir. Urbanizatsiya darajasining
pastligi (mintaqa bo`yicha o`rtacha 49,3%) respublikalarda industrial
rivojlanish holati va iqtisodiyotda agrar tarmoqlar ahamiyatining qay
daradaligi bilan bog`liqdir.
Xo`jaligi. Sobiq Ittifoq
davrida Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida iqtisodiyot uchun eng zarur
bo`lgan xomashyo va yarimxomashyo mahsulotlar ishlab beruvchi tarmoqlarni
rivojlantirishga erishildi. Ular, eng avvalo, tog`-kon sanoat tarmoqlari,
qishloq xo`jalik (avvalo, paxta, g`alla) mahsulotlari yetishtirish va ularni
dastlabki qayta ishlash sohalari edi. Markaziy Osiyo ishlab chiqarish hajmiga
ko`ra sobiq Ittifoqning paxta, pilla, qorako`l terilari, sholi, quritilgan
mevalar, mis, volfram, xrom, simob, uran, oltin, qo`rg`oshin kabi sanoat va
qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi birinchi rayoni bo`lib keldi. Neft,
tabiiy gaz, elektr energiyasi, paxtachilik majmuasida xizmat qilishga
mo`ljallangan mashina va uskunalar yetkazib berishda ham regionning salomog`i
ancha edi.
Sanoati. Barcha mamlakatlar sanoatida undiruvchi sanoat tarmoqlarining ahamiyati katta. Bu
tarmoqlar guruhiga kiruvchi yoqilg`i-energetika, metallurgiya va kimyo sanoati
salmog`i, ayniqsa, Qozog`iston, o`zbekiston, Turkmaniston respublikalarida
ancha katta.
Yoqilg`i tarmoqlari orasida neft sanoatining
ahamiyati tobora oshib bormoqda. Neftni qazib chiqarishda Qozog`iston (80 mln.t),
O`zbekiston (5 mln t.) va Turkmaniston (6 mln.t) ajralib turadi. Tabiiy gaz
qazib chiqarishda bu respublikalarning imkoniyati yanada kattadir. Bu borada,
ayniqsa, Turkmaniston alohida ajralib turadi. Gaz zahiralari hajmiga ko`ra u
sobiq Ittifoq respublikalari ichida Rossiyadan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Gazni
qazib chiqarishda mintaqada Turkmaniston (80 mlrd km.kub) va O`zbekiston
yetakchilik qiladi. Bu boyliklarni keng
doirada o`zlashtirish va ularni jahon bozorlariga olib chiqish endigina amalga
oshmoqda.
Mintaqa respublikalari (Turkmanistondan
tashqari) ko`mirga ham ancha boy.
Elektroenergetika sanoati mintaqaning
barcha respublikalarida nisbatan yaxshi rivojlangan. Qozog`istonda salkam 90
kVt/soat, O`zbekistonda esa 48-50 mlrd. kVt/soat elektroenergiya ishlab
chiqariladi.
Metallurgiya sanoati Markaziy Osiyo
respublikalarida bir tekis rivojlanmagan. Qozog`iston bu o`rinda keskin ajralib
turadi (2,0 mln. tonna po`lat, qo`rg`oshin, rux, mis, xrom ishlab chiqaradi). O`zbekistonda
0,5 mln. tonna po`lat va ko`p miqdorda qo`g`oshin, rux, mis, oltin, kumush va
boshqa nodir metallar ishlab chiqiladi.
Kimyo sanoatining mintaqa
respublikalaridagi asosiy o`rni qishloq xo`jaligiga xizmat qilishdir. Shu
sababdan, Qirg`izistonni hisoblamaganda, barcha respublikalarda mineral
o`g`itlar ishlab chiqarish mazkur sanoat tarmog`ining bosh ixtisosi sifatida rivojlangan.
Mamlakatlar iqtisodiyotining asosiy tayanch
tarmog`i hisoblanadigan mashinasozlik sanoati esa mintaqa respublikalari
orasida O`zbekiston va Qozog`istonda rivojlangan.
Mintaqaning barcha republikalarida yengil
va zoiq-ovqat sanoatlari muhim o`rin tutadi.
Qishloq
xo`jaligi Markaziy osiyo davlatlarining an`anaviy ishlab chiqarish sohasidir.
Hudud dehqonchilik tarmoqlari qishloq xo`jalik mahsulotlarining asosiy qismini
yetkazib beradi. Markaziy Osiyo dehqonchiligining tarkibi espublikalarda
bir-biridan farq qiladi. Jumladan, Qozog`iston, Qirg`istonda donchilikning
ahamiyati juda katta. Qozog`iston don yetishtirish va uni eksport qilishda
jahondagi eng yirik davlatlardandir. Sug`orma dehqonchilikka asoslangan
O`zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda esa donchilik bilan birga texnik
ekinlar, eng avvalo, paxtachilikning ahamiyati kattadir.
Chorvachilikda mintaqaning deyarli barcha davlatlarida qo`ychilik yetakchi tarmoq
hisoblanadi. Uning ahamiyati, ayniqsa, Qozog`iston, Qirg`iziston, O`zbekiston
va Turkmanistonda katta. Qoramolchilik mintaqa respublikalarining, ayniqsa, aholi nisbatan zich yashaydigan vodiy va
vohalarda, industrial markazlari atrofi hududlarida ko`proq rivojlangan. Mintaqada
chorvachilikning tuyachilik (Qozog`iston va Turkmanistonning cho`l hududlarida), pillachilik, asalarichilik (O`zbekiston va Tojikistonning tog` va tog`oldi
hududlarida), yilqichilik (Qozog`iston, Turkmaniston, Qirg`iziston) kabi
tarmoqlari ham muhimdir.
Transportida katta maydonli o`lka bo`lganligi sababli temiryo`l, avtomobil va quvur
transporti eng ahamiyatlidir.
Markaziy Osiyo davlatlarini Xitoy orqali
Tinch okeani, Eron orqali Fors qo`ltig`i, Kavkaz orqali Qora dengiz bilan
bog`lovchi yangi yo`llar qurilmoqda.
Ilgarilari respublikalarning ichki
aloqalarni tashkil qilishda xizmat qilib kelgan avtomobil transporti so`nggi vaqtlarda tobora ko`proq xalqaro
iqtisodiy aloqalarda ham samarali xizmat qilmoqda.
Suv transporti tarmoqlari faoliyati
mintaqada tubdan cheklangan. Quvur transporti esa tobora rivojlanmoqda. Havo
transporti ham barcha respublikalar ijtimoiy hayotida muhim rol o`ynaydi.
Ichki
tafovutlar. Markaziy Osiyo mintaqasini geografik joylashuviga ko`ra
tekislik va tog`li respublikalar guruhlariga ajratish mumkin. Bunda, asosan,
O`zbekiston, Qozog`iston va Turkmaniston respublikalari birinchi, Qirg`iziston
va Tojikiston respublikalari ikkinchi guruhiga kiradi. Ammo iqtisodiy-geografik
xususiyatlari turlicha bo`lganligi sababli, biz ular bilan O`zbekistonning
qo`shni respublikalari sifatida alohida tanishib chiqamiz.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!