Toponimlarni o'rganish avvalo
teminlarni o'rganishdan boshlanishi lozim, chunki har bir joy nomi asosida
geografik terminlar yotadi. Geografik terminlar toponimlar (joy nomlari)
tarkibida ishtirok etadi va uning (ob'yektning) turini belgilab beradi. Bunday
terminlar toponimik terminlar (topoterminlar) deb yuritiladi.
Dunyodagi ko'p joy nomlari
tarkibida ma'nosi jihatdan bir xil bo'lgan terminlar ishlatiladi, faqat turli
tillarda turlicha jaranglaydi.
Masalan, reka, missi, rio,
river, yoki, xe-hammasi "daryo” degan ma'noni beradi. Shuning uchun H. Hasanov "...
bordi-yu 10 tacha asosiy tilni biladigan kishi
kartadagi nomlarni shu tillarga tarjima qilib o'qisa, aksari shahar,
tog', daryo va ko'llarning nomlari deyarli bir ma'noda ekanligini ko'rib,
hafsalasi pir bo'lar edi”, deb aytgan edi.
Joy nomlari tarkibida
qo'llaniladigan terminlar aksariyat hollarda xalq (mahalliy) terminlari
hisoblanadi.
Toponimlar tarkibida
ishlatiladigan geografik terminlarni ifodalayotgan ob'yekt turlariga ko'ra
geografik o'rinni bildiruvchi, landshaftni, relefni, suv ob'yektlarini, tog'
jinslarini (litologiyani), o'simlik va hayvonot dunyosini, iqlimni, tuproqning
turini bildiruvchi terminlarga bo'lish mumkin.
Quyida turli tillarda joy nomlari
tarkibida ko'p qo'llaniladigan geografik terminlar keltirildi.
Relefni bildiruvchi geografik
ob'yektlar nomida tog', tepa, qir, dovon, bel, chuqur, jar, yozi, kungay,
tarskay, ort, oshuv, qopchig'ay (dara), qoratov, qurum, ayrim boshqa tillarda
maunt, shan, lin, serra, monte, jabal, ko'h va boshqa terminlar ko'p
qo'llaniladi.
Suv ob'yektlari nomlari
tarkibida arashon (arason–issiq buloq), arna, ariq, buloq, guzar, daryo,
duob, yop, idil, kom, qo'l (irmoq), ko'l, pul (ko'prik), qayir, qorasuv, quduq,
hovuz va boshqa terminlar ko'p ishlatiladi.
Arpa, bodom, patta (tol navi),
tol, terak, tut, jiyda, qayrag'och, olma, o'rik, g'azol (g'izol–ohu, kiyik),
tuya va boshqa
terminlar o'simlik va hayvonot dunyosi bilan bog'liq joy nomlari tarkibida
uchraydi.
Qishloq, kent, ovul, kat, mahalla,
guzar, qo'rg'oncha, ko'cha va boshqa terminlar aholi punktlari (oykonimlar) nomlari tarkibida
ishlatiladi.
Turli xalqlar, urug'-qabilalar
nomlari–o'zbek, qipchoq, qangli, ming, nayman, qirg'iz, do'rmon, yuz, saroy,
mang'it, arab, uyg'ur va boshqalar ko'pincha aholi punktlari nomi tarkibida
uchraydi hamda shu yerda yashovchi xalq, urug'-aymoq, qabilalar haqida ma'lumot
beradi.
Ob'yektning belgi–xususiyati,
tomon, o'rin-joy, hajm va boshqa xususiyatlarni ifodalovchi terminlar ham ko'p:
obod, katta, kichik, o'rta, yuqori, quyi, yangi, ko'hna, eski, oq, qizil,
achchiq, chuchuk, sho'r, shirin va boshqalar.
Xullas, aksariyat joy nomlari
asosida geografik terminlar yotadi, shuning uchun geograf-terminolog va
toponimist olim E.M.Murzayev "har qanday toponimik tadqiqot geografik
terminlarni o'rganishdan boshlanishi kerak”, deb to'g'ri ta'kidlab o'tgan.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!