Bilaman |
Bilmoqchiman |
Bilib oldim |
|
|
|
|
|
|
Masalan: Matn o’quvchilarga
tarqatiladi. O’quvchilar yakka tartibda (7 daqiqa) matn bilan tanishadilar. So’ngra
guruhlarda yuqorida qayd etilgan jadvalni to’ldiradilar.
«Bumerang» texnologiyasi
Bu texnologiya o’quvchi-talabalarni
dars jarayonida, darsdan tashqarida turli adabiyotlar, matnlar bilan ishlash, o’rganilgan
materialni yodida saqlab qolish, so’zlab bera olish, fikrini erkin xolda bayon eta
olish hamda bir dars davomida barcha o’quvchi-talabalarni baholay olishga qaratilgan.
Maqsad: trening davomida tinglovchilarga tarqatilgan materiallarni
ular tomonidan yakka va guruh holatida o’zlashtirib olishlari hamda o’zaro suhbat
munozara orqali, turli savollar, tarqatma materiallar va undagi matnlar qay darajada
o’zlashtirilganini nazorat qilish. Trening davomida o’quvchi-talabalar tomonidan baho
ballarini egallashga imkoniyat yaratish.
O’tkazish texnologiyasi. 1-bosqich. - trening to’g`ridan-to’g`ri tinglovchilarni 4-5 kishidan
iborat kichik, guruhlarga bo’lishdan boshlanadi;
- trener har bir guruh va uning har bir a’zosiga mustaqil
o’rganish, fikrlash va yodda saqlab qolish uchun alohida-alohida aniq yozma tarqatma
material beradi tarqatma materialda trener tomonidan tanlangan umumiy mavzu bo’yicha
biron bir hajmdagi matn berilgan, ularning soni guruhlar va tinglovchilar soniga
bog`liq. Agar 4 ta kichik guruh bo’lsa, u holda umumiy mavzu 4 ta kichik matnlarga
bo’linib har bir guruhga beriladi;
- faoliyat samarali bo’lishi uchun har bir guruhga berilgan
matindan har bir tinglovchiga beriladi. Shunday qilib, 4 ta guruh umumiy mavzu asosida
4 xil matnga ega, har bir tinglovchi esa o’z guruhiga tushgan matnga ega bo’ladi.
2-bosqich.- guruhlarga berilgan
matnni guruh a’zolari yakka tartibda alohida o’rganishlari, matinni eslab qolishlari,
keyin kerak bo’lganda trenerga yoki boshqalarga gapirib berishlari, iloji boricha
matnni o’zlashtirib olishlari kerakligini trener uqtiradi va tayyorgarlik uchun
matnni katta-kichikligiga qarab 10-15 daqiqa vaqt beradi. O’zi esa guruh va tinglovchilarni
ish faoliyatini kuzatadi.
3-bosqich. - trener oldindan tayyorlab qo’yilgan raqamlar yozilgan kichik qog`ozlar bilan
har bir guruh yoniga kelib guruh a’zolaridan ushbu qog`ozlardan bittadan raqam tortib
olishlarini so’raydi (qog`ozlar soni guruhdagi tinglovchilar soniga bog`liq, masalan:
guruhda 5 kishi bo’lsa, qog`ozdagi raqamlar 1,2,3,4,5 etib tayyorlanadi, agar 4ta
bo’lsa 1 dan 4 gacha va h.) guruhlardagi barcha tinglovchilar raqamlar yozilgan
qog`ozdan olishlari kerak. Nechta guruh bo’lsa, shuncha guruh a’zolari soniga qarab
raqamlar yozilgan qog`ozlar tayyorlanadi.
- trener raqamlar bo’yicha tinglovchilardan yangi guruhlar
tuzishlarini so’raydi. Masalan: hamma 1 raqamini olganlar bitta yangi guruh, 2 raqamlilar
ikkinchi guruh, 3 raqamlilar uchinchi guruhni, 4 raqamlilar 4 chi guruhni, 5 raqamlilar
beshinchi guruhni tashkil etishlarini so’raydi. Guruh a’zolari yangi guruhga o’tishlarida
o’zlari bilan o’rgangan matnlarini oladilar.
4-bosqich. - raqamlar bo’yicha
yangi guruhlar tuzilganda har bir yangi guruhda avvalgi guruhlardan bittadan vakillar
o’z-o’zidan to’planib qoladi, ya’ni 4 ta guruhda 4 xil matn o’rganilgan bo’lsa bu
yangi guruhda har bittasidan bittadan vakil to’planadi, umumiy mavzu bo’yicha 4
tinglovchi va 4 xil matn to’planadi.
5-bosqich.
Yangi tuzilgan guruhning
har bir a’zosi endi o’ziga 2 ta vazifa, ya’ni o’qituvchi va o’quvchi vazifasini
oladi va quyidagicha faoliyat ko’rsatadi:
1. O’qituvchi (o’rgatuvchi) sifatida, o’zi avval o’rgangan
materialni gapirib beradi, tushuntiradi, o’zi mustaqil o’rgangan materialning asosiy
joylariga barchani diqqatini jalb qiladi, boshqa guruh a’zolarining tushunish va
o’zlashtirish qobiliyatlarini tekshiradi.
2. O’quvchi sifatida, guruh a’zolarini navbatma navbat
so’zlab, tushuntirayotgan, gapirayotgan matnlarini eshitadi, tahlil qiladi, fikrlaydi
va yodda saqlab qolishga harakat qiladi. Trener esa ularga o’z tekstlarini faqat
so’zlab berishlari kerakligini uqtiradi va bunga 20 daqiqa vaqt beradi (matn xajmiga
va umumiy mazmunining qiyin osonligiga qarab vaqt ajratiladi). Bu bosqichda trening
boshlanishida tarqatilgan barcha material tinglovchilar tomonidan o’zlashtirilgan
hisoblanadi.
6-bosqich.
Guruhdagilar bir-birlariga
o’z matnlarini gapirib berib, barchalari ushbu matnlarni bilib olishgach, trener
o’rganilgan material guruh a’zolari tomonidan qanchalik o’zlashtirib olinganini
tekshirib ko’rish uchun har bir guruh a’zosi bir-birlariga o’z matnlaridan kelib
chiqqan holda savollar berishlari mumkinligini tushuntiradi. Shunday qilib, guruh
ichida ichki nazorat savol-javob orqali o’tkaziladi. Bu esa guruhdagi tinglovchilarni
bir-birlariga so’zlab bergan materiallarini boshqalar tomonidan o’zlashtirilganlik
darajasini aniqlashga, mustahkamlashga yordam beradi.
7-bosqich.
Tinglovchilar yana
avvalgi joylariga qaytishlari so’raladi, ya’ni yana hamma mashg`ulot boshlanishidagi
guruhlariga qaytadilar.
8-bosqich.
Trener auditoriyadagi
tinglovchilarning barchasi hammaga tarqatilgan yozma materiallar bilan tanish ekanliklari,
ular haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lganliklarini hisobga olgan holda auditoriyadagi
har bir o’quvchidan xohlagan materialni so’rashi mumkinligini aytadi.
9-bosqich.
Tarqatilgan materiallarning
tinglovchilar tomonidan qay darajada o’zlashtirilganligi darajasini aniqlash maqsadida
o’qituvchi yoki mahsus guruh yoki opponent guruhi tomonidan berilgan nazorat savollariga
javoblarni reyting ballari orqali baholanishi tushuntirladi, masalan: savollarga
berilgan javoblar - agar to’liq javob bo’lsa-3 ball, qo’shimcha qilinsa-2 ball,
o’tirgan joyida luqma tashlasa-1 ball, javob berilmasa-0 ball qo’yilishi belgilanadi.
Baho sistemasida-to’liq javob uchun-5 baho, qo’shimcha
uchun 4-baho, luqma tashlansa-3 baho, javob bermasa-2 baho, umuman ishtirok etmasa-1
baho qo’yishni belgilash mumkin.
Guruh a’zolarining javoblarini yuqorida ko’rsatilgan tartibda
baholash, ballarni qo’yib borish, umumlashtirish uchun har bir guruh o’ziga guruh
qatnashchilaridan birini «hisobchi» etib tayinlashi mumkin («hisobchi» ham davrada
bo’layotgan savol javoblar muloqotida ishtirok etadi).
10-bosqich.
Bu bosqichda
trener tarqatma materiallar asosida tuzilgan savollar (5-6 ta) bilan o’quvchilarga
murojat qiladi (savollar iloji boricha hamma matnlarga tegishli bo’lgani ma’qul,
shuningdek trener auditoriyadagi barcha o’quvchilarni javob berish uchun qamrab
olishga harakat qiladi). Berilgan savollarga javob berish tugagach, trener doskaga
guruhlar tomonidan to’plangan ballarni yozadi va mashg`ulotning keyingi bosqichiga
o’tadi.
11-bosqich.
Trener har bir guruhni o’z yozma materiallarining
mazmunidan kelib chiqqan holda bittadan savol tayyorlashlari kerakligini aytadi
va guruhlarga savol tuzishlari uchun 5-7 daqiqa vaqt ajratadi.
12-bosqich.
Guruhlar bir-birlariga savollar beradilar, guruhlardagi
«hisobchilar» guruh a’zolarining javoblarini yuqorida belgilangan tartibda baholab
boradilar. Javoblar to’g`ri bo’lsa, savol bergan guruh javobni to’ldirmaydi.
13-bosqich.
Trener guruh a’zolari to’plagan ballarni yana
bir marotaba doskaga yozadi va to’plangan ballar (baholar)ning umumiy sonini aniqlaydi.
To’plangan ballar (baholar)ni umumiy sonini
guruh a’zolariga teppa-teng bo’ladi (yuqorida keltirilganlik asosida).
Izoh: agar to’plangan
ballarni guruh a’zolariga teppa-teng bo’lishda o’quvchilar tomonidan norozilik bo’lsa,
ya’ni ba’zi guruh a’zolari guruhning faoliyatida faol ishtirok etib, umumiy jamoaviy
faoliyatda passiv bo’lgan bo’lishsa, yoki umuman ishtirok etmagan, qiziqmagan bo’lishsa,
bunday holatda vaziyatni yechishni guruh a’zolariga yuklatiladi. Guruhning yechimi
to’g`ri hisoblanadi, yoki trener-o’qituvchi o’z fikrini bildirishi mumkin, chunki
u dars jarayonida o’quvchilarning javoblari, faol yoki passivliklarini kuzatib boradi.
Agar o’quvchi faollik
ko’rsatmagan, yoki savol javoblarda ishtirok etmagan bo’lsa ham uning shu dars jarayonida
biron narsani bilib olgani, eslab qolib o’zlashtirganini hisobga olgan holda unga
eng kichik ball berilishi mumkin. Bu o’quvchini keyinchalik shu shakldagi darslarda
faolroq bo’lishga undaydi. Yuqoridagi kabi vaziyat vujudga kelsa uni yechimini har
bir o’qituvchi sharoitga, faoliyatga qarab o’zi hal etishi yoki guruh, jamoaga tashlashi
mumkin.
Ba’zi guruhning «hisobchilari»
ballarni qo’yishda noaniqlik yoki qo’shib yozishlari mumkin, natijada, ba’zi guruhlarning
umumiy to’plagan ballari boshqa guruhlarnikidan katta farq qilishi mumkin. O’quvchi
talabalarning haqqoniy baholanishlari ularning tanlagan «hisobchi»lariga bog`liq
ekanligini o’qituvchi eslatib o’tadi. Agar
umumiy to’plangan ballarni guruh a’zolariga taqsimlanganda shu mashg`ulot uchun
belgilangan maksimal balldan ortib ketgan bo’lsa, u holda shu mashg`ulot uchun kerakli
ballni olib qolib, ortiqchasini keyingi mashg`ulotlarga yoki yakuniy nazoratga o’tkazish
mumkin.
14-bosqich.
Har bir talabaga ballar
qo’yilgach (har bir o’quvchi baholangach) trener mashg`ulotga yakun yasaydi. O’quvchi
talabalarning faoliyatiga baho beradi, berilgan javoblarga o’z fikrini bildiradi
va quyidagi savollar bilan ularga murojat qiladi:
- bugungi mashg`ulotdan nimalarni bilib oldingiz?
- nimalarni o’rgandingiz?
- nimalar siz uchun yangilik bo’ldi?
- yana nimalarni bilishni istar edingiz?
15-bosqich.
O’qituvchi o’quvchilarning
javoblarini diqqat bilan tinglab ularga minnatdorchilik bildiradi va darsni yakunlaydi.
Yozma bahslar
O’quvchilarga sinfdoshlar
bilan birgalikda hozirgi vaqtda jamoatchilik
fikrini to’lqinlantirayotgan mavzularda dialoglar rejalashtirish imkonini berish
kerak. Yozma bahslar metodikasi yozma shakldagi bunday dialoglarni sinfdagi barcha
o’quvchilar ishtirokida o’tkazish imkonini beradi. Metod o’quvchilarning berilgan
mavzu sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirish sharoitini yaratadi. Munozara madaniyatini
o’rgatish, asoslash qobiliyatini rivojlantiradi.
O’tkazish texnologiyasi: 1-bosqich. Mashg`ulot
boshlanishidan avval stollarni quyidagi rasmdagidek qo’yib chiqing (4 guruh ikki
stolda qarama-qarshi, ammo bir-biriga bevosita yaqin joylashadi).
2-bosqich. Ta’lim
oluvchilarga yozma debatlar o’tkazish uslubiyati haqida gapirib berib.
- debatlar-ikki tomon o’rtasidagi yozma muloqot shaklidir;
- debatlar ikki o’quvchi yoki o’quvchilar guruhlari o’rtasida
o’zaro olib borilishi mumkin;
- ushbu uslub bahsli, mavzularni muhokama qilganda ayniqsa
foydalidir;
- munozara paytida o’quvchilar faqat o’z asosli dalillarini
taqdim etadi, qolaversa boshqa tomonning asosli dalillariga javob beradi;
- texnika o’quvchilarning muhokama qilinayotgan muammolariga
doir bilimlarni chuqurlashtiradi, munozara madaniyatini o’rgatadi, asoslab berish
malakasini oshiradi;
- o’qituvchi qo’lga kiritgan ajoyib material baholash uchun
asos bo’lib xizmat qiladi.
3-bosqich. Ishtirokchilarni
3 guruhga bo’ling. Guruhlarni stolga o’tkazing. Bu mashqda 1-4 guruhlar mavzuni
qo’llab-quvvatlashini, 5-8 guruhlar esa qarshi chiqishini tushuntiring. 1-guruh
5-guruh, 2-guruh 6-guruh, 3-guruh 7-guruh, 4-guruh 8-guruh bilan bahs yuritadi.
1-4 guruhlarga qizil, 5-8 guruhlarga qora rangli flomaster tarqating. Debat yuritiladigan
jadvalni tanishtiring. Asosiy tamoyillarni eslating. 1-4 guruhlarga jadvallarni
topshirib, mashq boshlanishi uchun signal bering.
4-bosqich. Mashq yakunlanganidan
so’ng debatlarni birinchi tugatgan guruhlar vakillaridan plakatlarni o’qishni iltimos
qiling (biron-bir sharhsiz). Agar ihtiyoringizda vaqt qolsa, boshqa guruhlardan
ham o’z plakatlarini o’qib berishni iltimos qilish mumkin.
Mavzu: (O’qituvchi tanlaydi) __________________________________
Ha
Sizning eng kuchli
asosli dalillaringiz?____________________________
Yo’q
Boshqa tomonning asosli
daliliga javob qaytaring? Sizning eng kuchli asosli dalillaringiz?
Javob
Asosli dalil___________________________________________________
Javob
Asosli dalil___________________________________________________
Javob
Asosli dalil___________________________________________________
Javob
Yakun:______________________________________________________
«Zigzag» strategiyasi metodi
Sinf o’quvchilari 7 ta
guruhga bo’linadilar va guruh nomlanadi. Guruhlarda yangi mavzu mohiyatini yorituvchi
matn qismlarga ajratiladi va ajratilgan qismlar
mazmuni bilan tanishib chiqish vazifasi guruhlarga topshiriladi. O’quvchilar matnlarni
diqqat bilan o’rganadilar va gapirib beradilar. Vaqtni tejash maqsadida guruh a’zolari
orasidan liderlar belgilanadi va qayd etilgan vazifa ular tomonidan bajariladi.
Liderlarning fikrlari guruh a’zolari tomonidan to’ldirilishi mumkin. Barcha guruhlarning
o’quvchilari o’zlariga topshirilgan matn mazmuni xususida so’zlab berganlaridan
so’ng, matnlar guruhlararo almashtirilib, avvalgi faoliyat takrorlanadi. Guruhlarga
bir necha matnlar taqdim etiladi. Shu tarzda barcha matnlar mazmuni guruhlar tomonidan
o’rganib chiqilgach o’quvchilar o’tilgan mavzu bo’yicha asosiy tushunchalarni ajratadilar,
ularning o’zaro mantiqiy bog`liqligini aniqlaydilar, yuzaga kelgan g`oyalar asosida
mavzuga oid sxema ishlab chiqiladi. So’ngra o’zlashtirilgan bilimlar asosida o’quvchilarning
o’zlariga shunday sxemalarni ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.
«Insert»
strategiyasi metodi
Sinf o’quvchilari guruhlarga
bo’linadilar, guruhlar nomlanadi. O’qituvchi har bir guruh o’quvchilaridan mavzuga
oid ikkitadan fikr bildirishlarini so’raydi. Guruhlar navbati bilan (ushbu jarayonda
guruhning barcha a’zolari faol ishtirok etishlarini
ta’minlash maqsadga muvofiq) fikr bildiradilar. Bayon etilgan fikrlar yozuv taxtasiga yozib boriladi. Faoliyat yakunlangach, o’qituvchi
mavzular mazmunini yoritishga xizmat qiluvchi matnni o’quvchilarga tarqatadi. So’ngra
shunday topshiriq beriladi:
a) matn bilan tanishib
chiqing;
b) matnning har bir
qatoriga quyidagi belgilarni qo’yib chiqing:
Z-matnda guruhda tomonidan bildirilgan fikr o’z aksini topgan
bo’lsa;
S-matnda guruxlar tomonidan bildirilmagan fikr yuritilgan
bo’lsa;
D-matnda bir biriga zid fikrlar mavjud bo’lsa;
?-matn bilan tanishish jarayonida tushunmovchiliklar yuzaga
kelsa.
So’ngra guruh a’zolari shaxsiy qarashlarini o’zaro o’rtoqlashadilar,
guruh bo’yicha belgilar soni umumlashtiriladi. Liderlar vositasida har bir belgining
miqdori bayon etiladi va izohlanadi. O’qituvchi guruhlar tomonidan qayd etilgan
sonlarni ularning nomlari yozilgan ustunga
yozib boradi.
O’qituvchi har bir guruh
lideri fikrini tugatgach, yuzaga kelgan qarama qarshilik va tushunmovchiliklarni
o’quvchilar to’g`ri xal etishlariga va tushunib olishlariga yordam beradi.
Shundan so’ng guruhlar
darslikda berilgan matn bilan tanishib chiqib, asosiy tushunchalarni ajratidalar
ular o’rtasidagi mantiqiy munosabatlarni ochib berishga harakat qiladilar (modellashtiradilar).
Guruhlar tomonidan ilgari surilgan fikrlar
umumlashtirilib, liderlar tomonidan sinf jamoasida yetkaziladi.
«Klaster» metodi
Klaster metodi pedagogik,
didaktik strategiyaning muayyan shakli bo’lib, u ta’lim oluvchilarga ixtiyoriy muammo
(mavzu) lar xususida erkin, ochiq o’ylash va fikrlarni bemalol bayon etish uchun sharoit yaratishga yordam beradi.
Mazkur metod turli xil g`oyalar o’rtasidagi aloqalar fikrlash imkoniyatini beruvchi
tuzilmani aniqlashni talab etadi. «Klaster» metodi aniq ob’ektga yo’naltirilmagan
fikrlash shakli sanaladi. Undan foydalanish inson miya faoliyatining ishlash tamoyili
bilan bog`liq ravishda amalga oshadi. Ushbu metod muayyan mavzuning ta’lim oluvchilar
tomonidan chuqur hamda puxta o’zlashtirilguniga qadar fikrlash faoliyatining bir
maromda bo’lishini ta’minlashga hizmat qiladi.
Guruh asosida tashkil
etilayotgan mashg`ulotlarda ushbu metod guruh a’zolari tomonidan bildirilayotgan
g`oyalarning majmui tarzida nomoyon bo’ladi.
Bu esa guruhning har
bir a’zosi tomonidan ilgari surilayotgan g`oyalarni uyg`unlashtirish hamda ular
o’rtasidagi aloqalarni topa olish imkoniyatini yaratadi.
«Klaster» metodini o’tkazish
texnologiyasi:
1-bosqich. Nimaniki
o’ylagan bo’lsangiz, shuni qog`ozga yozing. Fikringizni sifati to’g`risida o’ylab
o’tirmay, ularni shunchaki yozib boring.
2-bosqich. Yozuvingizning
orfografiyasi yoki boshqa jihatlariga e’tibor bermang.
3-bosqich. Belgilangan
vaqt nihoyasiga yetmaguncha, yozishdan to’xtamang. Agar ma’lum muddat biror-bir
g`oyani o’ylay olmasangiz, u holda qog`ozga
biror narsaning rasmini chiza boshlang. Bu harakatni yangi g`oya tyg`ilgunga qadar
davom ettiring.
4-bosqich. Muayyan tushuncha
doirasida imkon qadar ko’proq yangi g`oyalarni ilgari surish hamda mazkur g`oyalar
o’rtasidagi o’zaro aloqadorlik va bog`liqlikni ko’rsatishga harakat qiling. Foyalar
yig`indisining sifati va ular o’rtasidagi aloqalarni ko’rsatishni cheklamang.
Stil va stil g`oyasiga muvofiq ishlab chiqilgan «Klaster»
metodi puxta o’ylangan strategiya bo’lib, undan ta’lim oluvchilar bilan yakka tartibda
yoki guruh asosida tashkil etiladigan mashg`ulotlar jarayonida foydalanish mumkin.
Kichik guruhlarni tashkil etish
Sinf guruhlarda ishlaydigan birinchi mashg`ulot
hal qiluvchi mashg`ulot xisoblanadi. U keyinchalik guruhli ishlarga yo’nalish beradi.
Shuning uchun mana shu birinchi martada qator shartlarga rioya qilish juda muhim.
Birinchi guruh uchun:
1. O’qituvchi guruhni belgilaydi.
2. Qat’iy rahbarlik qilishi mumkin bo’lgan eng
faol yoki boshqa o’quvchilar haqida o’ylab ko’ring.
3. Eng zehnli yoki juda qobiliyatli o’quvchilardan
tanlab har bir guruhga kiriting.
4. Zehni o’tkir bo’lmagan o’quvchilarni ham
tanlab, har qaysi guruhga taqsimlang.
5. Guruhni 4 ishtirokchi bilan (nazaringizda
bir-biriga munosib) to’ldiring.
6. Rahbarni guruh bilan oldindan uchrashtiring
va ular vazifasini tushuntiring.
7. Mashg`ulotlarda guruh vazifasini va rahbar vazifasini tushuntiring.
8. Har bir guruh doira shaklida o’tirsin. Har bir ishtirokchi hammani ko’rmaguncha
guruh ish boshlay olmaydi.
9. Ish vaqtida doimo hap bir guruh atrofida yuring.
Muhokama oxirida o’z kuzatuvlaringizni ayniqsa har bir guruhdagi yaxshi g`oyaga
e’tiborni qaratib gapirib bering.
Kichik guruhlarda ishlash uchun maslahatlar:
1. O’quvchilar
ishni bajarishi uchun bilim va malakaga ega ekanligiga ishonch hosil qiling.
2. Guruhga aniq yo’riqlar
ko’rsating. Gypuhlar 1 yoki 2 yo’riqdan (hatto) juda tushunarli bo’lsa ham) ko’piga
rioya etishi amrimahol.
Z. Kichik
guruh uchun berilgan vazifaning bajarilishiga yetarlicha vaqt bering. Boshqa gypuhlapga
nisbatan vazifasini erta bajargan guruhni band qilish yo’llarini o’ylab ko’ring.
4. Murakkab dasturni ishlab chiqish kerak bo’lganda guruhni
2-5 kishidan tuzing. Kichik guruhda muhokama qilish uchun 5 kishi yetarli.
5. Kichik guruhdagi ishlarni sinf uchun me’yorga aylantiring.
6. Baholash va mukofotlash tizimingiz kichik guruhdagi ishlarga qanday ta’sir
qilishi haqida o’ylab ko’ring. Muvaffaqiyatli guruhiy ish uchun guruhga mukofot
tayyorlang.
7. Guruh ishi
natijalarining qanday topshirilishini aniq tushuntiring. Guruh ishi haqida sinfga
kimdir e’lon qilishi kerak bo’lsa, uni oldindan tanlab qo’ying.
8. Jamoa bo’lib
o’rganish vaqtidagi shovqinga
ko’nikish uchun tayyorgarlik ko’ring.
9. Guruh tashkil qilayotganda o’quvchilarga «tazyiq» ko’rsatmang.
Odatda turli xil guruhlar maqsadga muvofiq.
10. Har qanday sharoitda ham guruh bilan samimiy munosabatda
bo’ling, guruhda ro’y berayotganlarni kuzating va baholang.
«Komandada o’qitish» metodi
Komandada
o’qitishda o’quvchilar teng sonli ikkita komandaga ajratiladi. Har ikkala komanda bir xil topshiriqni bajaradi. Komanda
a’zolari o’quv topshiriqlarini hamkorlikda bajarib, har bir o’quvchi mavzudan ko’zda
tutilgan bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirishga e’tiborni qaratadi.
Hamkorlikda
o’qitish texnologiyasi mualliflaridan biri bo’lgan R.Slavinning ta’kidlashicha,
o’quvchilarga topshiriqlarni hamkorlikda bajarish uchun ko’rsatma berilishi yetarli
emas. O’quvchilar o’rtasida tom ma’nodagi hamkorlik har bir o’quvchining qo’lga
kiritgan muvaffaqiyatidan quvonish, bir-biriga sidqidildan yordam berish hissi,
qulay ijtimoiy-psixologik muhit vujudga kelishi zarur. Mazkur texnologiyada o’quvchilarning
bilimlarni o’zlashtirish sifatini aniqlashda ularni bir-biri bilan emas, balki har
bir o’quvchining kundalik natijasi avval qo’lga kiritilgan natija bilan taqqoslanadi.
Shundagina
o’quvchilar o’zining dars davomida erishgan natijasi komandaga foyda keltirishni
anglagan holda mas’uliyatni his qilib, ko’proq izlanishga, bilim, ko’nikma va malakalarni
puxta o’zlashtirishga intiladi.
Kichik guruhlarda hamkorlikda o’qitish
Bu yondoshuvda
kichik guruhlar 4 ta o’quvchidan tashkil topadi. O’qituvchi avval mavzuni tushuntiradi,
so’ngra o’quvchilarning mustaqil ishlari tashkil etiladi. O’quvchilarga berilgan
o’quv topshiriqlari 4 qismga ajratilib, har bir o’quvchi topshiriqning ma’lum qismini
bajaradi. Topshiriq yakunida har bir o’quvchi o’zi bajargan qism yuzasidan fikr
yuritib, o’rtoqlarini o’qitadi, so’ngra guruh a’zolari tomonidan topshiriq yuzasidan
umumiy xulosa chiqariladi. O’qituvchi har bir kichik guruh axborotini tinglaydi
va test savollari yordamida bilimlarni nazorat qilib baholaydi.
O’quvchilarning
kichik guruhlardagi o’quv faoliyati o’yin (turnir, musobaqa) shaklida, individual
tarzda ham tashkil etilishi mumkin.
Kichik guruhlarda ijodiy izlanishni tashkil etish metodi
Kichik guruhlarda ijodiy izlanishni tashkil etish
metodi 1976-yili Tel-Aviv universiteti professori Sh.Sharan tomonidan ishlab chiqilgan. Bu metodda ko’proq o’quvchilarning mustaqil
va ijodiy ishiga e’tibor qaratiladi.
O’quvchilar
alohida-alohida yoki 6 kishilik kichik guruhlarda ijodiy izlanish olib boradilar.
Ijodiy izlanish kichik guruhlarda tashkil etilganda darsda o’rganish lozim bo’lgan
o’quv materiali kichik qismlarga ajratiladi. Keyin bu qismlar yuzasidan topshiriqlar
har bir o’quvchiga taqsimlanadi. Shunday qilib, har bir o’quvchi umumiy topshiriqning
bajarilishiga o’z xissasini qo’shadi. Kichik guruhlarda topshiriq yuzasidan munozara
o’tkaziladi. Guruh a’zolari birgalikda ma’ruza tayyorlaydi va sinf o’quvchilari
o’rtasida o’z ijodiy izlanishlari natijasini e’lon qiladi. Kichik guruhlar o’rtasida
o’tkazilgan o’quv bahsi, munozara o’quvchilar jamoasining hamkorlikda bajargan mustaqil
faoliyatining natijasi, yakuni sanaladi. Hamkorlikda ishlash natijasida qo’lga kiritilgan
muvaffaqiyatlar sinf jamoasining har bir o’quvchining muntazam va faol aqliy mehnat
qilishiga, kichik guruhlarni, umuman sinf jamoasini jipslashtirishga, avval o’zlashtirilgan
bilim, ko’nikma va malakalarni yangi kutilmagan vaziyatlarda qo’llanib, yangi bilimlarning
o’zlashtirishiga bog`liq bo’ladi.
«Nuqtai nazaring bo’lsin» metodi
Uslub maqsadi:
- o’quvchilar muayyan muammoga o’z nuqtai nazarini
asosli dalillab, ximoya qilishga o’rganadilar;
- o’quvchiga muammo muhokamasi jarayonida o’z fikrini
o’zgartirish imkonini berish;
- o’qituvchi barcha o’quvchilarni munozaraga jalb
etish va sinfdagi hamma o’quvchilar o’rtasida munozara jonlanishini yuzaga keltirishi
mumkin.
«Nuqtai nazaring
bo’lsin» uslubi o’quvchilar o’rtasida munozara yuzaga kelishi va ular munozara jarayonida
o’z fikrlarini o’z sinfdoshlaridan ularning nuqtai nazarini o’zgartirishga ishontiradigan
g`oyalarni eshitib o’zgartirish yoki avvalgisini mustahkamlash imkonni berish maqsadida
qo’llanadi. O’quvchilar shuningdek, maktab, mintaqa, respublika va jumla insoniyat
uchun xarakterli bo’lgan eng dolzarb muammolar o’z nuqtai nazarlarini asosli dalillash
va himoya qilishga o’rganadilar.
O’quvchi ochiqdan-ochiq
savollar uslubi bilan odatda dars jarayonida faol bo’lmagan o’quvchilarni munozarada
ishtirok etishga majbur qiladi.
Mashqni o’tkazish
uslubiyati
1. Tayyorgarlik:
o’qituvchi sinfning to’rt burchagiga yoki sinfning ma’lum ochiq makoniga to’rtta
tablichka osib qo’yadi.
2. Sinf o’lcham
yoki o’quvchilar soniga bog`liq holda olti yoki sakkiz ko’ngillini chaqiradi. Bordi-yu,
o’yinda sinf o’quvchilarning bir qismi ishtirok etsa, unda qolganlari o’z joylarida
o’tiraveradilar.
3. O’yin paytida
band bo’lishi uchun ishtirok etmayotgan o’quvchilarga ham topshiriq berish zarur.
O’yining o’zini
boshlashdan avval o’qituvchi darsga yo’l-yo’riqlar berishi zarur, jumladan:
1.Takidlov
o’qib berilganidan keyin o’z fikringizga muvofiq tablichkalar yonidan joy egallang.
2. O’z nuqtai
nazaringizni asosli dalillab berishga shay turing.
3. Agar muammoga
nuqtai nazaringizni o’zgartirishga undovchi asosli dalilni eshitsangiz, o’z o’rningizni
almashtirishingiz mumkin.
4.Sinfdoshlaringiz
takidlariga o’z fikringizni bayon etishga shay turing.
5. O’qituvchi
o’yinda ishtirok etmayotgan o’quvchilarga topshiriqlar beradi, masalan:
- ularning fikricha eng ahamiyatli takidlovlarni
yozib borish;
- o’yin jarayonida o’z o’rnini o’zgartirmagan o’quvchilarni
yozib borish;
- eng asosli dalillab berilgan javoblarni yozib
borish.
«Skarabey» texnologiyasi
«Skarabey»
interaktiv texnologiya bo’lib, u o’quvchilarda fikriy bog`liqlik, mantiqiy xotiraning rivojlanishiga imkoniyat yaratadi,
qandaydir muommoni hal qilishda o’z fikrini ochiq va erkin ifodalash mahoratini
shakllantiradi. Mazkur texnologiya o’quvchilarga mustaqil ravishda bilimning sifati
va saviyasini xolis baholash, o’rganilayotgan mavzu haqidagi tushuncha va tasavvurlarni
aniqlash imkonini beradi. U, ayni paytda, turli g`oyalarni ifodalash hamda ular
orasidagi bog`liqliklarni aniqlashga imkon yaratadi. «Skarabey» texnologiyasi
har tomonlama bo’lib, undan o’quv materialining turli bosqichlarini o’rganishda
foydalaniladi:
- boshida-o’quv faoliyatini rag`batlantirish sifatida
(«aqliy hujum»);
- mavzuni o’rganish jarayonida-uning mohiyati,
tuzilishi va mazmunini belgilash; ular orasidagi asosiy qismlar, tushunchalar, aloqalar
xarakterini aniqlash; mavzuni yanada chuqurroq o’rganish, yangi jihatlarini ko’rsatish;
- oxirida-olingan bilimlarni mustahkamlash va
yakunlash maqsadida. «Skarabey» texnologiyasi o’quvchilar tomonidan oson qabul qilinadi,
chunki u faoliyatning fikrlash, bilish xususiyatlari inobatga olingan holda ishlab
chiqilgan. U o’quvchilar tajribasidan foydalanishni ko’zda tutadi, reflektiv kuzatishlarni amalga oshiradi,
faol ijodiy izlash va fikriy tajriba o’tkazish imkoniyatlariga ega. Mazkur texnologiyaning
ayrim afzalliklari sifatida idrok qilishni yengillashtiruvchi chizma shakllardan
foydalanishni ko’rsatish mumkin.
«Skarabey»
alohida ishlarda, kichik guruhlarda hamda o’quv jamoalarida qo’llanilishi mumkin.
Ta’limdan
tashqari mazkur metod tarbiyaviy xarakterdagi qator vazifalarni amalga oshirish
imkonini beradi:
- o’zgalar fikriga hurmat;
- jamoa bilan ishlash mahorati;
- faollik;
- xushmuomalalik;
- ishga ijodiy yondashish;
- imkoniyatlarini ko’rsatish ehtiyoji;
- o’z qobiliyati va imkoniyatlarini tekshirishga
yordam beradi;
- «men»ligini ifodalashga imkon beradi;
- o’z faoliyati natijalariga ma’sullik
va qiziqish uyg`otadi.
Asosiy tushunchalari
quyidagilar:
Assotsiatsiya-mantiqiy
bog`liqlik bo’lib, sezgilar, tasavvurlar, idrok qilish, g`oyalar va boshqalar orasida
hosil qilinuvchi mantiqiy aloqadir.
Zanjirlash
(muayyan tartib) - ahamiyati, muhimligi, mazmuni darajasiga qarab
tartiblash.
Hamkorlikda o’qitishning «Birgalikda o’qiymiz» metodi
Hamkorlikda
o’qitishning «Birgalikda o’qiymiz» metodi 1987-yili Minnesot universiteti professorlari
D.Jonson, R.Jonsonlar tomonidan ishlab chiqilgan. Sinf o’quvchilari 3-5 kishidan
iborat kichik guruhlarga ajratiladi. Har bir guruh darsda bajarilishi lozim bo’lgan
topshiriqni ma’lum qismini bajaradi. Guruhlar
topshiriqlarning to’liq bajarilish natijasida o’quv materialining yaxlit o’zlashtirilishiga
erishiladi. Mazkur metodning asosiy prinsiplari-komandani taqdirlash, o’quvchilarga
individual yondashish, muvaffaqiyatlarga erishish uchun bir xil imkoniyatlarni vujudga
keltirish.
Erkin fikrlash darslari
Erkin fikrlash
darslari ilmiy-ommabop adabiyotlar, vaqtli matbuotda chop etilgan maqolalar va bu
maqolalarning muhokamalariga bag`ishlanadi.
Erkin fikrlash
darslaridan ko’zda tutilgan maqsad:
1. O’quvchilarning
bilim doirasini, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish.
2. O’quvchilarni
ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar, risolalar, kitoblar bilan tanishtirish orqali ularning
bilim olish va fanga bo’lgan qiziqishlarini orttirish.
3. O’quvchilarning
avval o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalarini yangi vaziyatlarda qo’llash
orqali yangi bilimlarni egallashlariga erishish.
Munozarali
darslarning muvaffaqiyati qo’yidagi masalalarni to’g`ri hal etishga bog`liq:
- o’quvchilarning darsga qizg`in tayyorgarlik ko’rishiga;
- ular o’rtasida o’zaro hamkorlik, yordam uyushtirilishiga;
- o’quvchilarning o’z fikr-mulohazalarini to’liq
bayon qilishi va mantiqan dalillashiga;
- o’quvchilarda boshqalarning fikrini sabot va
chidam bilan tinglash ko’nikmalarining hosil qilinganligiga;
- o’qituvchining iqtidori, e’tiqodi, o’quvchilarning
bilim faoliyatini faollashtira olish ko’nikma va malakalariga egallaganlik darajasiga
bog`liq bo’ladi.
Erkin fikrlash
darslarini o’tkazish uchun o’quvchilarga ko’pgina ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalarni
o’qishni tavsiya etamiz.