Rasmiy nomi — Kosta-Rika Respublikasi. Poytaxti — San-Xose. Hududi — 51100 km.kv. Aholisi – 4 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — ispan. Dini — katolik (95%). Pul birligi — Kosta-Rika koloni.
Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Amerikadagi davlat. Janubi sharqda Panama (chegara uzunligi — 330 km), shimolda Nikaragua (309 km) bilan chegaradosh. G‘arbda va janubi g‘arbda Tinch okeani, sharqda Karib dengizi bilan tutash. Chegarasining umumiy uzunligi — 639 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 1290 km. Hududining katta qismi tog‘li. Shimoli g‘arbdan janubi sharqqa tomon Kosta- Rikani uchta tog‘ tizmasi kesib o‘tgan: Guanakaste, Markaziy va Galamanka. Eng baland tog‘i — Chirippo (3820 m). Kosta-Rikada vulqonlar ко‘p. Haydaladigan yerlari — 6%, o‘rmon va changalzorlar — 34%, o‘tloq va maysazorlar — 45% hududini egallaydi. Iqlimi — Karib dengizi sohillarida issiq, yomg‘irli havo.
Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — prezidentlik respublikasi. Mamlakat 6 ta provinsiyaga bo‘lingan. Kosta-Rika 1821-yil 12- sentabrda mustaqillikka (awal Ispaniya mustamlakasi bo‘lgan) erishgan. 15-sentabr — Milliy bayram — Mustaqillik kuni. Qonunchilik ispan fuqarolik huquqiga asoslangan. Prezident — davlat va hukumat boshlig‘i. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali parlament — Qonunchilik Assambleyasi. Birmuncha ko‘zga ko‘ringan siyosiy partiyasi Milliy Liberal partiya (MLP).
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Qishloq xo‘jaligi iqtisodining asosiy sektori hisoblanadi. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 70%i qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Eksporti qahva, shakarqamish, oziq-ovqat, to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari bilan cheklangan. Asosiy savdo hamkorlari: AQSH Germaniya, Gvatemala, Yaponiya. Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 950 km, avtomobil yo‘llari — 15400 km, ichki suv yo’llari — 730 km. Portlari: Golfito, Koldero, Moin, Puerto- Limon, Puntarenas.
Tarixi. 1502-yil Kolumb tomonidan kashf etilgan. Hozirgi Kosta-Rika 1520-yilda Gvatemala tarkibidagi ispan mustamlakasiga aylandi. 1821-yil 15-sentabrda Kosta-Rika o‘z mustaqilligini e’lon qilsada, 1838- yilgacha Gvatemala, Gonduras, Nikaragua va Salvador bilan federatsiyaga birlashadi. 1839-yilda esa to‘liq mustaqil bo‘ladi. 1871-yilda qabul qilingan konstitutsiyaga o‘lim jazosini bekor qiladi, chet el investitsiyalarini kiritishga ruxsat beradi. Shu vaqtdan AQSHning «Yunayted frut» kompaniyasining ekspansiya boshlangan edi. 1941-yili fashist Germaniyasi va uning ittifoqchilariga qarshi urush e’lon qiladi. XX asrning choragida kofe narxining tushishi va neftning qimmatlashishi mamlakatda iqtisodiy barqarorsizlikni yuzaga keltirdi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!