Malta


Rasmiy nomi — Malta Respublikasi. Poytax­ti — La-Valletta. Hududi — 316 km.kv. Davlat tili — malta. Dini — katolik dini (davlat dini). Pul birligi — Malta lirasi.

Geografik joylashuvi va tabiati. Yevropaning janubida 0‘rta Yer dengizidagi Sitsiliya orolining janubidagi orollar (Malta, Gotso, Kominotto, Komino, Filfla)da joylashgan davlat. Sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 140 km. Mamlakatning katta qismida ohaktosh yassitog‘ligi joylashgan. Qirg‘oqlarida past qoyalar, ko‘p sonli sohilbo‘yi qiyaliklari mavjud. Mamlakat ko‘p sonli ko‘rfazlar va juda qulay bo‘g‘ozlarga ega. Tabiiy resurslarga boy emas (ohak­tosh, osh tuzi). Ishlov beriladigan yerlar mamlakat­ning 38% hududini egallaydi.

Iqlimi — O'rtayer dengizi iqlimi — qishda namgarchilik, yozda issiq va quruq.

Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. 1964-yil 21-sentabrda Malta Angliyadan mustaqil bo‘ldi, biroq 1979-yilga qadar ingliz qo‘shinlari mamlakatda saqlab turildi. Qonunchilik umumiy ingliz huquqiga asoslangan. Milliy bayramlari: 21-sentabr — Mustaqillik kuni, 13-dekabr — Respublika kuni, 8-sentabr — G‘alaba kuni, 31-mart — Ozodlik kuni, 7-iyun — Din yo‘lida zahmat chekkanlar kuni. Ijroiya hokimiyat prezidentga (davlat boshlig‘i) va premyer-ministr boshchiligidagi hukumatga tegishli.

Asosiy siyosiy partiyalari: Milliy partiya, Leyboristlar partiyasi, Sotsial-demokratik partiya.

Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Tabiiy resurslarning yetishmasligi Maltaning. qulay geografik joylashuvi va oliy kvalifikatsiyali ishchi kuchlarining mavjudligi bilan kompensatsiya qilinadi. Xo‘jalikning asosiy tarmoqlari — tranzit-transport operatsiyalari, chet el turizmi. Sanoatning yaxshi rivojlangan tarmoqlari (ishlab chiqarish YIMning 20% ini tashkil etadi) kemasozlik, kema ta’mirlash, to‘qimachilik, tikuvchilik, poyabzal ishlab chiqarish, elektrotexnika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotida ohaktosh qazib olish muhim o‘rin tutadi. Qishloq xo‘jaligida (YIM — 4,1%) mayda dehqon xo‘jaliklari ko‘p, ularning asosiy yo‘nalishlari — yerga ishlov berish (donli ekinlar va sabzavotlar yetishtiriladi), uzumchilik, mevachilik, gulchilik. Chorvachilikda asosan sut ishlab chiqarishga katta e’tibor beriladi. Oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘pchiligi chetdan keltiriladi. Maltaning o‘zida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ehtiyojining 20% ini tashkil qiladi. Malta daromadining muhim manbalaridan biri chet el turizmi hisoblanadi. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya.

 Temiryollari yo‘q, avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 1291 km (1180 km — asfaltlangan). Mamlakatning asosiy porti — Valetta.

Tarixi. Malta antik davrdayoq muhim strategik hududda joylashganligi uchun m. a. IX asrda finikiyaliklarga, m.a.VIII asrda esa greklarga tegishli bo‘lgan. Malta Karfagenga m.a.VI asrdan qaram bo‘lgan bo‘lsa, m. a.  218-yili Puni urushlari vaqtida rimliklar tomonidan bosib olindi. Rim imperiyasi qulaganidan so‘ng Malta vandallar tomonidan, keyin ostgotlar tomonidan bosib olindi, 533-yili esa Vizantiya imperiyasi tarkibiga kirdi. 869-yili orol arablar tomonidan okkupatsiya qilindi, XI asrda esa Maltani Sitsiliyaga qo‘shib yuborgan normandlar qo‘liga o‘tdi. XVI asrda Maltani Ionitlar ordeni ritsarlariga berishdi. 1680-yildan boshlab orolda fransuzlar ta’siri oshdi, XVIII asrda esa Malta Fransiyaning Olrta yer dengizidagi muhim moliyaviy markaziga aylandi. 1798-yil Napoleon Bonapart orolni bosib oldi, biroq 1800-yili Malta inglizlar qo‘liga o‘tdi. Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Maltani Ikkinchi Jahon urushida nemis va italyan harbiy havo kuchlari tomonidan qattiq bombardimon qilindi, biroq taslim boimadi va 1943-yili ittifoqchilarning qo‘shinlarini Sitsiliyaga tushirishda platsdarm vazifasini o‘tadi. 1964-yili mustaqillikka erishgan Malta 1974-yili respublika deb e’lon qilindi, lekin in­gliz qo‘shinlari bu yerda 1979-yilga qadar ushlab turildi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar


To Top