Ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishning asosiy omillari
Ishlab chiqarishni (moddiy va
nomoddiy) hududiy jihatdan tashkil etishda, joylashtirishda, albatta hudud
shart-sharoitlari va omillari hisobga olinadi. Bu omillarni to‘g‘ri tanlay
bilish ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va tizimning rivojlanish qonuniyatlarini asoslashga imkon beradi.
Ishlab chiqarish
tarmoqlarini joylashtirishda geografik o‘rin, ekologik omil, bozor iqtisodiyoti
omillari bilan bir qatorda tabiiy (xomashyo, yoqilg‘i, suv, iqlim), ijtimoiy
(mehnat resurslari, iste’molchi) va iqtisodiy (elektroenergiya, transport)
omillar e’tiborga olinadi.
Muayyan bir ishlab chiqarish
tarmog‘ini hududiy tashkil etishda barcha omillar emas, balki ulardan faqat ayrimlari
yetakchi, hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Ishlab chiqarish tarmoqlarini
joylashtirishda qaysi bir omil yetakchi ekanligini aniqlash uchun quyidagi
formuladan foydalaniladi: K=O/M bu yerda K — ishlab chiqarish koeffitsienti; O — mazkur korxona yoki umuman
ishlab chiqarishni hududiy joylashtirishga ta’sir etuvchi omil; M — mahsulot birligi.
Ushbu formula
yordamida ma’lum bir mahsulot birligini hosil qiluvchi barcha omillar alohida-alohida hisoblab
chiqiladi (masalan, bir tonna shakar olish uchun qancha xomashyo, ya’ni qancha
qand lavlagi ishlatiladi, qancha elektroenergiya yoki mehnat sarflanadi). Qaysi
omil bo‘yicha yirik son chiqsa, odatda uning ahamiyati shuncha yuqori bo‘ladi
va u mazkur ishlab chiqarish tarmog‘ini joylashtirishda belgilovchi,
aniqlovchi vazifasini o‘taydi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ma’lum
tarmoqqa kiruvchi barcha korxonalar yoki kichik «tarmoqchalar» uchun bittagina
omil tegishli bo‘lmaydi. Jumladan, mashinasozlik tarmog‘iga kiruvchi ba’zi bir
korxonalarni joylashtirishda xomashyo (metall) ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lsa,
boshqasi uchun malakali ishchi kuchi muhim omil hisoblanadi. Endi yuqorida
ko‘rsatilgan asosiy omillarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Xomashyo. Tabiiyki, ishlab chiqarish jarayonida
xomashyo resurslari muhim omil hisoblanadi. Ayrim mahsulotlarni ishlab
chiqarishda esa xomashyo boshqa omillarga qaraganda ko‘proq talab etiladi.
Shuning uchun bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan
tarmoqlar va korxonalar mumkin qadar xomashyo rayonlariga yaqin
joylashtiriladi.
Sanoatning ba’zi tarmoqlari, masalan,
tog‘-kon, o‘rmon, baliqchilik sanoati tarmoqlarining joylashuvi xomashyo
bo‘lmagan rayonlarda rivojlanmaydi. Bunday sanoat tarmoqlarining joylashuvi
bevosita foydali qazilmalar yoki tabiiy boyliklar ko‘lami bilan belgilanadi.
Boshqa sanoat tarmoqlarining hududiy
hashkil etilishi esa biroz murakkabroq ko‘rinishga ega. Masalan, bir tonna
paxta tolasi olish uchun taxminan 3 tonna paxta, bir tonna paxta yog‘i uchun 5
tonna chigit, 1 tonna pista yog‘i uchun 3 tonna kungaboqar, 1 tonna shakar
uchun 7 tonna qand lavlagi ishlatiladi.
Yoqilg‘i. Ko‘mir havzalari
qora metallurgiya sanoatining dastlabki bosqichi (cho‘yan eritish)ni
loyihalashtirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ammo uning ta’siri har doim ham
yetakchi kuchga ega emas.
Qora metallurgiya (cho‘yan erituvchi)
zavodlarini joylashtirish qonuniyatlari bir xil emas. Ma’lumki, qazib
olinadigan temir rudasining taxminan 48-50 foizi foydali, bu «o‘rtacha» raqam
hamma joyda ham bir xil emas, ayrim konlarda temirning qazib olinadigan
rudadagi ulushi atigi 17-19 foizni tashkil etadi. Bunday konlarga Uraldagi
Kochkonar yoki Qoraqalpog‘istondagi Tebinbuloq konlarini misol qilib ko‘rsatish
mumkin. Bu yerlardan qazib olinadigan rudani bevosita domna pechlarida eritib
bo‘lmaydi, zero unda kerakli mineraldan ko‘ra foydasiz jinslar ko‘proq. Shuning
uchun bu ruda dastlab boyitilishi va uning tarkibidagi foydali mineralning
hissasi oshirilishi lozim. Boyitilganidan so‘ng ruda tarkibidagi temirning
(rangli metallar uchun boyitish jarayoni ayniqsa muhim, chunki ularning rudalar
tarkibidagi ulushi ancha past) miqdori bir necha barobar ortadi.
Ammo bu bilan ham uning hissasi yetarlicha
bo‘lmaydi. Shuning uchun metallurgiya korxonalari ko‘proq xomashyo rayoniga
yaqinroq joylashtiriladi. Ba’zi metallurgiya zavodlari xomashyo va yoqilg‘i
rayonlari o‘rtasida joylashgan, zero mazkur sanoat tarmog‘i uchun bu ikki
omilning ahamiyati deyarli bir xil. Bunga yorqin misol bo‘lib Cherepoves
metallurgiya kombinatini (Rossiya Federatsiyasi) ko‘rsatish mumkin. U Pechora
kokslanuvchi ko‘mir havzasi bilan Kola yarimoroli temir rudasi konlarining
o‘rtasida qurilgan.
Elektroenergiya (elektr quvvati). Hozirgi
zamon ishlab chiqarishini, hatto transportni, qishloq xo‘jaligini elektr
quvvatisiz tasavvur qilish qiyin. Bu sohaning o‘ziga xos xususiyati shundaki,
u yaratgan mahsulotni, ya’ni elektr quvvatini jamg‘arib omborxonalarga yig‘ib
bo‘lmaydi, undan ayni paytning o‘zida foydalanish kerak.
Odatda elektr quvvati omilini ishlab
chiqarishning hududiy tashkil etilishida eng avvalo uning arzon turiga ahamiyat
beriladi. Arzon elektr quvvati GESlardan olinadi, issiqlik elektr stansiyalarida esa ko‘mir, mazut yoki gaz sarflanadi.
Elektr quvvati omiliga quyidagi misollarni
keltirish kifoya: 1 tonna titan ishlab chiqarish uchun (titan po‘latdan bir
necha marta yengil va chidamli) 40-50 ming kVt/soat, aluminiy uchun 17-19 ming
kVt/soat, misni tozalash, temir qotishmalarini ishlab chiqarish, elektr
pechlarida po‘lat eritish uchun ularning har bir tonnasiga 8-10 ming kVt/soat
atrofida elektr quvvati sarflanadi.
Tabiiyki, bunday korxonalarni arzon elektr quvvati
manbalariga yaqin joylashtirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Tursunzoda
(Regar) shahridagi aluminiy zavodi Norak GESiga yaqin joyda qurilgan. Demak,
elektr quvvati bir qator sanoat korxonalarini o‘z atrofiga omil sifatida
«yig‘ar» ekan. Shu sababli, u yirik rayon va majmua hosil qilish quvvatiga ega.
Bizning sharoitimizda elektr quvvati yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun ham
kerak. Jumladan, Qarshi dashtining asosiy qismi Tolimarjondagi bir qator
nasos stansiyalari vositasi bilan sug‘oriladi. Elektr quvvati Norak — Tursunzoda
(Regar) — G‘uzor orqali keladi. Hozirgi kunda esa shu yerning o‘zida juda
yirik, mahalliy tabiiy gaz asosida ishlaydigan Tolimarjon GRESi qurilmoqda.
Suv va iqlim sharoiti ham ishlab chiqarish tarmoqlarini
joylashtirishda katta ahamiyatga ega. Suv manbalari, ayniqsa, kimyo,
yog‘och-selluloza, metallurgiya zavodlarining faoliyatiga sezilarli ta’sir
qiladi. Jumladan, cho‘yan erituvchi pechlarni sovitish uchun ham suv kerak.
Suv va iqlim sharoitlari boshqa sanoat
korxonalarini qurishda ham e’tiborga olinadi. Qishloq xo‘jaligi uchun bu
omilning ahamiyati katta. Chunonchi, O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonda
an’anaviy dehqonchilik uning issiq va quruq iqlimiy sharoitida faqat sun’iy
sug‘orish asosida olib boriladi.
Aholi va mehnat resurslari. Albatta, har bir ishlab
chiqarish jarayoni ishchi kuchisiz sodir bo‘lmaydi. Bu o‘rinda ikki holni qayd
etish lozim: birinchidan, shunday korxonalar borki, ularga son jihatdan ko‘p
ishchi kerak. Masalan, tikuv fabrikasi, konserva ishlab chiqarish, paxta
yetishtirish va uni qayta ishlash. Ayni bir paytda boshqa bir korxonalarda
mehnat resurslarining miqdori ko‘p bo‘lishi shart emas, ularga «oz va soz»
malakali ishchi kuchi talab qilinadi. Mazkur korxona va tarmoqlar (radio va
asbobsozlik, aniq mashinasozlik va shunga o‘xshash) malakali ishchi kuchi
mavjud bo‘lgan shaharlarda, ilmiy-texnik markazlarga joylashtiriladi.
Aholi faqat ishchi kuchi emas, balki u eng
avvalo iste’molchi hamdir. Bu omilning roli esa hozirgi kunda, xalqning yashash
sharoiti va turmush darajasini yaxshilash doirasida keskin oshib bormoqda.
Ijtimoiy
qiyinchiliklarga barham berish aholiga kerak bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va uning boshqa
ehtiyojlarini qondiruvchi mahsulotlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarishni
taqozo etadi. Shu sababli, iste’mol omili oziq-ovqat korxonalarini o‘ziga
«tortadi», ya’ni bunday zavod va fabrikalar bevosita aholi yashovchi
maskanlarga joylashtiriladi. Iste’mol omili faqat xalq ehtiyoji bilan
belgilanmaydi. Ishlab chiqarishning talabi, boshqa xil mahsulotlarning keng
miqdorda sarflanishi, ularning transportda keltirishning noqulayligi ham
bunday korxonalarni iste’mol rayonlarida qurilishini nazarda tutadi. Masalan,
qishloq xo‘jaligi mashinasozligi o‘sha mintaqaning ishlab chiqarish
ixtisoslashuviga muvofiq shu yerda rivojlanishi zarur.
Umuman, qaysi rayon nimaga ixtisoslashsa,
bu yerda shunga mos mashinasozlik tarmog‘i yaxshi rivojlangan bo‘lishi qonuniy
bir holdir. O‘zbekistonda paxta teruvchi, Belarusda kartoshka teruvchi,
Ukrainada qand lavlagi teruvchi, Gruziyada choy teruvchi mashinalarni ishlab
chiqarish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek, boshqa sanoat va qishloq
xo‘jaligi tarmoqlarini ham aholi yashab turgan joylarda bo‘lishi maqsadga
muvofiq.
Transport omili. Bu omil juda muhim bo‘lib, u ishlab
chiqarishning bevosita davom ettiruvchi tarmog‘i hisoblanadi. Shuning uchun
transportning ahamiyati barcha boshqa omillar bilan birga qo‘shilib,
uyg‘unlashib ketadi va uni «sof» holda ajratib olish qiyin. Shu bilan birga
transport masalasi iqtisodiy-geografik o‘rin omili bilan ham chambarchas
bog‘liq, zero bu o‘rin obyektning eng avvalo tashqi iqtisodiy munosabatlarini
anglatadi.
Fan-texnika taraqqiyoti omili. Bu omilning ta’siri bir qator
tarmoqlarning hududiy tashkil etilishida aniq va ravshan ko‘rinadi
(mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo). Shubhasiz, mazkur sanoat tarmoqlariga
tegishli ko‘pgina korxonalar, ayniqsa, mashinasozlik zavodlari yuksak darajada
ilmiy-texnika qudratiga ega bo‘lgan yirik shaharlarda joylashtiriladi.
Ekologik omil. Hozirgi kunda
ayrim sanoat korxonalarining faoliyati shu nuqtayi nazardan to‘xtatilgani bejiz
emas. Ekologik jihatdan ko‘plab sanoat tarmoqlari va eng avvalo, kimyo,
yog‘och-selluloza, go‘sht, konserva, charm zavodlari, issiqlik elektrostansiyalari va shunga o‘xshash korxonalar «nomaqbul» hisoblanadi. Binobarin, ular
aholi istiqomat qiladigan markazlardan uzoqda joylashishi lozim.
Bozor iqtisodiyoti omili.
Bozor
iqtisodiyoti — murakkab tushuncha bo‘lib, bosqichma-bosqich o‘tiladigan
iqtisodiy munosabatdir. Yevropa davlatlari bu borada boy tajribaga ega,
chunki ularda bu munosabat uzoq yillar davomida shakllanib kelgan.
Bozor iqtisodiyoti
munosabatlariga birdaniga o‘tib bo‘lmaydi, buning uchun avvalo barcha
shart-sharoitni yaratish kerak, ya’ni uning o‘ziga xos moddiy, maishiy va
madaniy infrastrukturasi bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun bunday munosabatlarga
o‘tish tarixan birmuncha uzoq davrni talab etadi va bosqichma-bosqich, ya’ni
evolutsion rivojlanishni taqozo etadi.
Bozor iqtisodiyoti — ishlab
chiqarish erkinligi, xarid erkinligi va raqobat demakdir. Bunday sharoitda ko‘p ukladli iqtisodiyot,
mulkchilikning turli shakllari va sog‘lom raqobat muhitni vujudga keltirish,
monopoliyaga qarshi kurash muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, bozor
iqtisodiyoti omilini ishlab chiqarish tarmoqlarini hududiy tashkil etish
nuqtayi nazaridan tahlil qilar ekanmiz, unda bu boradagi ilgarigi an’anaviy
fikr yuritishimiz tamomila o‘zgarib ketadi. Chunki bu sharoitda nimaga
ixtisoslashuvini va qayerga joylashtirishni pirovard natijada bozor, raqobat,
talab va taklif belgilaydi, davlat esa o‘zining regional (hududiy) va soliq
siyosati orqali bu jarayonni boshqarib yoki tartibga solib turadi.
Eslab qoling!
Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda
xomashyo, yoqilg‘i, elektr-energiya, suv, iqlim, mehnat resurslari, iste’mol va
transport, iqtisodiy geografik o‘rin kabi omillar e’tiborga olinadi. Shuningdek, ekologiya, ilmiy-texnika taraqqiyoti va bozor iqtisodiyoti
omillarining bu boradagi ahamiyati ham ortib boradi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.