loading...

Nega shafaqning rangi qizil? 

6179

Shafaqning betakror qizilligi va tovlanayotgan turfa xil iliq ranglardan go’zalroq bir manzarani uchratish qiyin. Ba’zida bunday manzaraga mahliyo bo’lib, bexosdan: «Quyoshning qizarganini qarang-a», deb yuborganimizni o’zimiz ham bilmay qolamiz.

Aslida Quyosh qizarmaganini, uning rangi mutlaqo o’zgarmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. U faqat kunning ma’lum bir vaqtlarida shunday ko’rinadi. Shu bilan birgalikda bizning ko’z o’ngimizda qip-qizarib botayotgan quyosh bizdan minglab chaqirim G`arb tomondagi kishi uchun, umuman, qizarmaydi.

Shafaq rangiga Quyosh nuri o’tayotgan havo qatlami ta’sir ko’rsatadi. Quyosh ufqqa qanchalik og`sa, uning nurlari shunchalik ko’p atmosfera qatlamlarini yengib o’tishi kerak bo’ladi.

Lekin dastavval Quyosh nuri o’zida barcha ranglarni jamuljam etganini esga olishimiz lozim. Odatda, biz bunday ranglar guldastasini oq rang sifatida tasavvur qilamiz. Ammo atmosferada chang zarralari, bug`lar va boshqa aralashmalar ham bor. Nur atmosfera orqali o’tayotganda, bu zarralar turli ranglarni yeyib yuboradi. Atmosferada binafsha, ko’k va yashil ranglar qizil va sariq ranglarga nisbatan yaxshiroq yeyiladi. Shuning uchun ham, bir shoirimiz aytmoqchi, «Quyosh ufqqa bosh qo`yganda», ranglar yoyilib ketishi natijasida atmosferada ko’proq qizil va sariq ranglar qoladi hamda ufq ko’zimizga qizil bo`lib ko`rinadi.

Osmon rangining moviyligi ham ranglarning yoyilib ketishi bilan bog`liq. Binafsha va ko`k ranglar qisqa to`lqinlardan iborat va ular atmosferada spektrning qizil rangdagi to`lqinlariga nisbatan o’n barobar tezroq yoyiladi. Buning ma’nosi shuki, qizil nurlar atmosfera orqali o’tadi, ko’k rangdagi nurlar esa havoda suv va chang zarralari ta’siri bilan yoyilib ketadi. Osmonga boqqanimizda, aynan yoyilib ketgan rang unga moviy tus berishini ko’ramiz.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash