loading...

Tundra 

7086

  "Tundra” so`zi fin tilida tog` cho`li degan ma`noni anglatadi. Keyinchalik o`rmonsiz tekis shimoliy hududlar ham shunday deb ataladigan bo`ldi. 
  Yevrosiyo materigida tundra shimoliy dengizlar sohili bo`ylab cho`zilgan keng va katta hududni egallagan. 
  Tundrada mutlaqo o`rmon yo`q. Iqlimi sovuq, noqulay bo`lganidan bu yerda daraxt o`smaydi. Ayniqsa, Arktikadan esadigan kuchli va sovuq dovullar daraxtlar uchun nihoyatda halokatli.
  Garchi tundrada o`rmon bo`lmasa-da, u yerda golubika, moroshka, brusnika, yo`sin singari o`rmon o`simliklari ko`p. Olimlar, bir vaqtlar tundra hududida o`rmon bo`lgan bo`lishi kerak, deb taxmin qilinadi. Biroq keyinchalik iqlim sovib ketgach, o`rmon yo`q bo`lib ketgan, ayrim o`rmon o`simliklari esa yangi sharoitlarga moslashgan. Ular faqat moslashibgina qolmay, balki bu yerda o`rmondagiga nisbatan yana ham qiyg`os gullaydi, gullari ham rang-barang. Tundrada past bo`yli tol va qayin o`sadi. O`rmonda o`t va yo`sinlar daraxtlar ostiga yashirinib o`ssa, tundrada, aksincha, daraxtlar yer bag`irlab o`sadi va sovuq shamoldan yo`sinlar panasiga "yashirinadi”.
  Tundrada jilg`a, soy va botqoqliklar juda ko`p. Bu yerda suv mo`lligidan g`oz, o`rdak, oqqush, gagara kabi suvda suzuvchi qushlar yozda tundraga ko`chib kelishni yooqtirishadi. Lekin qishlash uchun ular uzoq janubga uchib ketishadi, chunki tundraning ba`zi joylarida qishda sovuq 50 darajadan ham oshib ketadi. 
  Lekin, ana shunday sovuq bo`lishiga qaramay, tundrada qishda ham ba`zi hayvonlar yashaydi. To`g`ri, ular juda oz. Bular shimol bug`usi, qutb tulkisi, boyqushi va kakligi, mayday kemiruvchi hayvonlar.
  Tundrada avvallari qishloq ham, shahar ham bo`lmagan. Mahalliy aholi ovchilik hamda xonaki shimol bug`ularini ko`paytirish bilan mashg`ul bo`lgan. Bug`u ovqatlanishi uchun muttasil bir yerdan boshqa yerga ko`chib yurishi lozim: bir yerda lishaynikni butunlay yeb bo`lgandan keyin boshqa yerga o`tadi. Shuning uchun odamlar ham ularning ketidan ko`chib yurishga majbur bo`lishgan. Bug`u go`shti ovqatga ishlatilgan, chanaga qo`shilgan bug`u transport vazifasini o`tagan, bug`u terisidan issiq kiyim tayyorlangan va hatto turar joy qurilgan.
  Hozirgi vaqtda olimlar tundraning janubiy hududlarida sabzavot yetishtirib, sut beradigan mollarni ko`paytirishga muvaffaq bo`ldi. Tundrada temir yo`l, yirik sanoat shaharlari barpo etildi, chunki tundrada ko`mir, temir, nikel, mis, gaz, apatit va boshqa qazilma boyliklar bor. 
  Tundrani faqat iqlimi sovuq bo`lganligi uchungina emas, balki muzloq yerlari tufayli ham o`zlashtirish qiyin. Tundrada yer yoz faslida yupqa qatlamdagina eriydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash