loading...

Madagaskar oroli kashf etilgan kun 

2281

Bundan 521 yil avval, 1500-yil 10-avgustda portugaliyalik dengizchi Diash tomonidan Madagaskar oroli kashf etildi. Taʼkidlash kerakki, ushbu kashfiyot mutlaqo tasodifiy boʻlgan. Dengizchi Hindistonga sayohatga chiqqan vaqtida yoʻlda Madagaskar oroliga toʻqnash kelib qolgan. Orolni kashf etgan dengizchi ushbu hududni San-Lorensu deb atashlarini istagan, ammo mazkur nom bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.


• Madagaskar orolining butun hududi Madagaskar Respublikasiga tegishli. U bitta orolni egallab olgan dunyodagi eng katta mamlakat hisoblanadi. Mazkur orol bundan 60 million yil avval qitʼadan ajralib chiqqan.

• Madagaskar davlati Hind okeanida joylashgan, ammo geografik jihatdan Afrikaga tegishlidir. Bu yerning flora va faunasi betakror.

• Odamlar ushbu orolga bundan 2000 yil avval kelib oʻrnashishni boshlaganlar. Madagaskar portugaliyalik sayohatchi tomonidan kashf qilinganidan keyin muhim savdo nuqtasiga aylangan.

• 1896-yilda mamlakatni fransuzlar bosib olganlar va uni oʻz mustamlakalariga aylantirganlar. Madagaskar Respublikasi 1960-yilda mustaqillikka erishgan.

• Madagaskar davlatining maydoni 587040 kvadrat kilometrni tashkil qiladi, qirgʻoq chizigʻining uzunligi esa 4828 kilometrga teng. U dunyodagi eng katta orollar roʻyxatida Grenlandiya, Yangi Gvineya, Borneodan keyingi toʻrtinchi oʻrinda turadi.

• Madagaskar oroli Britaniya hududidan ikki barobar katta, bu orolga beshta Islandiyani sigʻdirsa boʻladi.

• Ayni vaqtda Madagaskar hududida 24 milliondan ortiq odam hayot kechiradi. Ularning aksariyat qismi qishloq odamlaridir.

• Madagaskar orolida ikkita rasmiy davlat tili bor – bular fransuz va malagay tillari.

• Koʻplab biologlar Madagaskarni “Botanika jannati” deb ataydilar: bu yerda 15 000 turdan ziyod oʻsimliklar, palma daraxtining 170 ta turi, orhideya gulining esa 860 ta turi oʻsadi.

• Mamlakat hududida 20 ta milliy bogʻ mavjud boʻlib, ularning barchasi YUNESKOning xalqaro meroslari roʻyxatiga kiritilgan.

• Orol-davlat timsoliga aylangan baobab daraxti haqida eshitgan boʻlsangiz kerak? Yer sayyorasida ushbu noyob daraxtning 9 ta turi bor, ularning 6 tasi faqatgina Madagaskar hududida uchraydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.