loading...

Tabiat komplekslari, ularning almashinishi va zonalligi 

7894

Tog‘ jinslari, relyef, iqlim, yerosti va yerusti suvlari, tuproq, o‘simlik, hayvonot olami tabiat komponentlarini hosil qiladi. Tabiat komponentlarining o‘zaro uzviy aloqasi va bir-biriga ta’siri natijasida vujudga kelgan va o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan hududlar tabiat komplekslari (landshaft) deb ataladi.

Tabiat komplekslari (TK) quruqlikda egallagan maydoniga ko‘ra har xil kattalikda bo‘lishi mumkin. Masalan, materiklar va okeanlar geografik qobiqdan keyingi eng yirik TKdir. O‘z navbatida, materiklar kichikroq TK — o‘lkalar, kichik o‘lkalar, tabiiy geografik rayonlar va tabiat zonalariga ajraladi.

Tabiat zonalari — o‘ziga xos iqlimi, tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot olamiga ega quruqlikning yirik tabiiy komplekslari. Ularning nomlari ko‘proq o‘simlik qoplami bilan bog‘liq.

Har bir iqlim mintaqasining o‘ziga xos tabiat zonalari tarkib topgan. Masalan, mo‘tadil iqlim mintaqasida 70° shq.uz. (sharqiy uzunlik) meridiani bo‘yicha ignabargli o‘rmonlar (tayga), aralash o‘rmonlar, keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht, dasht, chalacho‘l va cho‘l tabiat zonalari joylashgan. Iqlim mintaqa ichida tabiat zonalari — okean bo‘ylaridan quruqlik ichkarisiga tomon, namgarchilik kamayishi sari almashinadi. Shuning uchun ham cho‘l tabiat zonasi mo‘tadil, subtropik va tropik iqlim mintaqalarining o‘rta qismlarida uchraydi.

Tabiat komplekslarining almashinishini geografik kengliklar bo‘yicha tahlil qilish mumkin. Barcha tabiat komplekslari, ya’ni iqlim mintaqalari va tabiat zonalari ekvatordan har ikkala qutblar tomon qonuniy ravishda almashinib boradi. Bunga, birinchi navbatda, iqlimiy sharoit sababdir.

Tog‘larda tabiat komplekslari tog‘ etagidan tepasiga tomon almashinib boradi. Tog‘lardagi tabiat kompleksining, ya’ni balandlik mintaqalarining ko‘p yoki ozligi shu tog‘larning geografik o‘rniga, balandligiga, shamollarning yo‘nalishiga, okean- lardan uzoq yoki yaqinligiga bog‘liq bo‘ladi. Tog‘ ekvatorga qancha yaqin va baland bo‘lsa, undagi tabiat komplekslari shuncha ko‘p bo‘ladi va almashinib keladi.

Okeanlarda TK o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular ko‘pincha suvning harorati, sho‘rligi, oqimlarning iliq yoki sovuqligiga bog‘liq. Dunyo okeanida 11 ta tabiat mintaqasi ajratilgan: bitta ekvatorial, ikkitadan qutbiy, qutbyoni, mo‘tadil, subtropik va tropik mintaqalar kenglik bo‘ylab almashib joylashadi.

Insonning xo‘jalik faoliyati natijasida o‘zgartirilgan TK antropogen komplekslar yoki antropogen landshaftlar deb ataladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив