loading...

1927-yil 22-yanvar – Samarqand Davlat Universiteti tashkil etilgan kun 

2084

1927-yil 22-yanvar – Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat Universiteti tashkil etilgan kun
Samarqand universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti (SamDU) – O‘zbekistonda ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri. 1927-yil 22-yanvarda Samarqandda Oliy pedagogika instituti sifatida tashkil etilgan. Dastlab 3 bo‘lim (fizika-matematika, tabiiy-geografiya va ijtimoiy-iqtisodiy), 11 o‘qituvchi, 4 kafedra bilan ish boshlagan institutda ta’lim 4 yillik bo‘lgan. Institut qoshida 1929-yil noyabrda ishchilar fakulteti, 1930-yil yanvarda ishchilar universiteti (kechki va sirtqi) hamda 1- va 2-darajali maktab o‘qituvchilari uchun malaka oshirish instituti tashkil etildi. 1930 yil 22 yanvarda Oliy pedagogika instituti O‘zbekiston pedagogika akademiyasi (pedakademiya)ga aylantirildi va u ta’limning fakultet tizimiga o‘tdi.

1933-yil 20-yanvarda O‘zbekiston davlat pedagogika akademiyasi O‘zbekiston davlat universiteti (O‘zDU)ga aylantirildi. Maktablar uchun o‘qituvchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda universitet qoshida tashkil etilgan kechki pedagogika instituti muhim rol o‘ynadi. Keyinchalik bu institut negizida Samarqand pedagogika instituti (1992 yil SamDU bilan birlashtirildi), 1960-yildan O‘zDU Samarqand davlat universiteti (SamDU) deb atala boshladi.

Universitet tarkibida tarix, huquqshunoslik, iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy fanlar, o‘zbek filologiyasi, rus filologiyasi, tojik filologiyasi, geografiya, kimyo, mexanika-matematika, fizika, biologiya, informatika va informasion texnologiyalar, pedagogika va boshlang‘ich ta’lim, kasbiy ta’lim, musiqa, jismoniy madaniyat fakultetlari, 73 o‘quv laboratoriya, 13 kompyuter sinfi, biznes maktab, testga tayyorlov kursi, axborot texnologiyalari va iqtidorli talabalar bilan ishlash markazi, o‘quv diagnostika markazi, maxsus sitrqi bo‘lim, metrologiya, patentshunoslik bo‘limlari, 8 qiroatxona va internetga ulangan kompyuter zaliga ega kutubxona (3 mln. аsar), Alisher Navoiy, zoologiya, arxeologiya, geografiya, universitet tarixi muzeylari bor. Universitetda 34 yo‘nalish bo‘yicha aspirantura (1930-yil tashkil etilgan) va 4 yo‘nalish bo‘yicha doktarantura mavjud.

22-yanvar - Polshada Bobojonlar bayrami kuni
Buvijonlar kunini nishonlagandan keyin Bobojonlar kunini ham o‘ziga xos tarzda o‘tkazmaslik g‘alati bo‘lgan bo‘lar ekan... Shuning uchun ham Polshada 21-yanvar Buvijonlar kuni o‘tkandan keyin kattayu kichik nevaralar o‘z bobojonlarini ham ularning bayram kuni bilan qutlashadi. 22-yanvar kuni Polshada Bobojonlar kunini ham bayram sifatida nishonlashadi! Har birimiz ba’zan quvonch, ba’zan g‘amginlik bilan bobomiz yoki buvimiz bilan o‘tgan ajoyib kunlarimizni eslaymiz. Chunki aynan ular bolalagimizni sermazmun o‘tishiga sabab bo‘lishgan. Shunday vaqtlar bo‘lganki, bizga ularning mehri, g‘amxo‘rligi, yumshoq muomalasi va albatta maslahat berib qo‘llab dalda berishlari juda zarur edi.

22-yanvar Florensiyada Shokolad festivali kuni
22-yanvardan 25-yanvargacha Italiyaning Florensiya shahrida shokolad festivali bo‘lib o‘tadi. Bu shirinlikka bag‘ishlangan tadbir dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan sayyohlar, mehmonlar va shuningdek, shahar aholisini o‘ziga jalb etadi. Festival mehmonlarini lol qoldirish maqsadida turli xil ko‘rgazmalar, musiqali va teatrlashgan namoyishlar hattoki, "Shokolad kechaci” bal maskaradi bo‘lib o‘tadi. Festivalda mashhur shokolad ishlab chiqaruvchi mutaxassis va qandolatchilar mehmonlarni o‘zlarining sirlaridan boxabar etadilar. Bayram qatnashchilariga shokoladning o‘ziga xos xususiyatini namoyish etish maqsadida ularga turli xil ko‘rinish va shakldagi: suyuq, qattiq, har xil masalliqli shokolad bo‘laklaridan taqdim etadilar. Florensiyada ilk bora bu festival 2005-yilda bo‘lib o‘tgan. Florensiyadagi bu festival yosh bo‘lishiga qaramay o‘zining mashhurligi va ommabobligi bilan yildan yilga sayyohlar soni va qatnashchilari bilan ko‘payib bormoqda.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash