30-yanvar Angliyada jahonda ilk marta dengizda qutqaruv qayig'i sinab ko'rilgan kun
Dengizda suzish paydo bo‘lgan davrlardan buyon kema halokatiga uchraganlarni qutqarish muammosi mavjud. Biroq qutqarish uchun mo‘ljallangan maxsus suzish vositalari ham hamon eskirgani yo‘q. 1790-yilning 30-yanvarida shimoliy Angliyaning Tayn daryosida birinchi maxsus qutqaruv qayig‘i sinab ko‘rildi. Bu Qayiq "Original” ya’ni, o‘ziga xos (Original) deb nomlangandi. Qayiqning uzunligi 30 futni (fut -30,48 sm ga teng uzunlik o‘lchovi)tashkil qildi. Qayiqning tezligini oshirish maqsadida o‘nta eshkak o‘rnatilgan edi. Dengizchilikning boy tarixiga qaramasdan "Original” bu sohada qutqaruv ishlariga mo‘ljallangan birinchi qayiq bo‘ldi. Qutqaruv qayig‘ining paydo bo‘lishiga 1789-yilda daryoda yuz bergan qayg‘uli to‘fon voqealari sabab bo‘ldi. O‘shanda dengizdagi kema daryoning quyilish joyi yaqinida to‘fon tufayli sayozlikka chiqib qoldi. Garchi 8 kishidan iborat kema jamoasi shunday ko‘z o‘ngida bo‘lsa ham, ularni qutqarishga hech kim jur’at qila olmadi. Chunki ularni qutqarish o‘z joniga qasd qilish bilan barobar edi. Shundan keyingina qutqaruv qayig‘i tashkil etishga kirishildi va bu ish Tayn daryosi quyilish yaqinidagi sohildagi stansiyaga biriktirildi. Qirq yil ichida bu qayiq sharofati bilan yuzlab odamlarning hayoti saqlab qolindi. 1839-yilga borib Britaniyaning 30 ta sohil stansiyalari qutqaruv qayiqlari bilan ta’minlandi.Bugungi kunda inson xavfsizligi yo‘lida dengizga chiqqan posbonlar qator maxsus moslamalar va qurilmalardan unumli foydalanmoqdalar. Shuningdek, har bir kemada zamonaviy talab asosida qutqaruv qayiqlari va kulfat haqida xabar beruvchi avariyaviy radiouzatkich bo‘lishi shart.
1992-yil 30-yanvar – O‘zbekistonning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun.
O‘zbekiston 1992-yil 30-yanvarda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan edi. Shundan buyon u ana shu nufuzli xalqaro tashkilot ishlari jarayoniga faol qatnashib kelmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ekspertlari Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining turli majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etyapti. 1993-yil Varshava, Vena, Dagomis, 1994-yil esa Varshava, Xelsinki, Bishkek shaharlarida shunday yig‘inlar bo‘lib o‘tdi. 1993-yil 20-22-aprel kunlari esa Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raisi – Shvesiya Tashqi ishlar vaziri Margareta av Uglass O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashkilotning Bosh kotibi, shuningdek parlament assambleyasi hay’atlari O‘zbekistonga kelib ketdi. O‘zbekiston hay’ati esa kengash doimiy qo‘mitasining Venada o‘tgan 4 majlisida, shuningdek, oliy mansabdagi shaxslar qo‘mitasining Pragadagi yig‘inida qatnashdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1992-yil iyulda Xelsinkida bo‘lib o‘tgan majlislaridan biriga raislik qilishi, 1994-yil dekabrda Budapeshtda chaqirilgan oliy darajadagi majlisida nutq so‘zlab, davlat arboblari diqqatini yana bir bor mintaqamiz, xususan, Afg‘oniston va Tojikistondagi vaziyatga qaratishi, shuningdek, Orol muammosini ko‘tarishi yosh mamlakatimiz tashqi siyosati tarixidagi muhim sahifalar hisoblanadi.
1992-yil 30-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil topgan kun.
Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibiy qismidir. Milliy gvardiyaning asosiy vazifasi – O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini muhofaza etish. Gvardiya tarkibi fuqarolarni majburiy harbiy xizmatga chaqirish va armiya xizmatiga o‘z ixtiyori bilan borishini birgalikda muvofiqlashtirish asosida to‘planadi. Gvardiya zimmasiga bir qancha o‘ziga xos vazifalar, jumladan, davlat tantana marosimlarida ishtirok etish yuklatilgan. Shu maqsadda gvardiya tarkibida faxriy qoravul rotasi tuzilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.