18-noyabr O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risidagi qonun qabul qilingan kun
1991-yil 18-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonun qabul qilindi. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1991-yilning 18-noyabrida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suvereniteti ramzlaridan biridir. U yillar mobaynida mamlakatimiz Prezidenti Devoni, Oliy Majlis palatalari, hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, yurtimizning o‘nlab xorijiy davlatlaridagi diplomatiya va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida hilpirab turibdi. Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat va albatta har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi. Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha yurt ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, yurtimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradi. Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chog‘ida ko‘chalarimizga ko‘rk bag‘ishlab turgan bayrog‘imiz har birimizda shukronalik hislarini uyg‘otadi. Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi o‘laroq, xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida g‘oliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga yurt bayrog‘i baland ko‘tarilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda Vatan tuyg‘usi yanada kuchliroq jo‘sh uradi, xalqimizning salohiyati, kelajagimizga ishonch yanada mustahkamlanadi. Davlatimiz bayrog‘idagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy ma’noga ega. Undagi moviy rang - tiriklik manbai bo‘lgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo`lib, u kun charog`onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg`unlashib ketadi. Oq rang - poklik, beguborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go`zallikka intilishning timsoli. Yashil – yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar-tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda Istiqlol, ozodlik uchun qon to‘kkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam. Bayrog‘imizdagi yarim oy va yulduzlar - tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy an’analarimiz, ma’naviy kuch-qudratimiz bilan bog‘liq. Hilol qo‘lga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi. Davlatimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari shart. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.
18-noyabr Qorboboning tug'ilgan kuni
18-noyabrda Rossiyada rasmiy ravishda qorboboning tug'ilgan kuni o'tkaziladi. Qish sehrgarining yoshi aniq 2000 yoshdan oshiqroq. Qorboboning nomini ham bolalar o'ylab topishgan. Madomiki, aynan Rossiyaning Velikiy Ustyug shahrida haqiqiy qish 18 noyabrdan boshlanadi. Velikiy Ustyug 1999 yil rasmiy ravishda Rossiya qorbobosining Vatani deb nomlandi. Bu bayramga katta tayyorgarlik ko'riladi. Bu kuni alohida pochta qutilari ochilib, butun tabriklar ana shu pochtaga tashlanadi. Bu imkoniyatdan maxalliy bolalar va sayyohlar ham foydalanadilar. Vaholanki, zamonaviy qorbobolar hozirgi vaqt bilan yurishga majbur. Shuning uchun ular yangi texnologiyalardan xabardor bo'lishlari kerak. Hozirgi vaqtda qorbobolar bolalar yuborgan xatlarni elektron pochtalardan oladilar va uyali telefon orqali gaplashadilar. Qorboboning yordamchilari unga har yili yangi kashta tikilgan liboslar sovg'a qiladilar. Tug'ilgan kuni bilan tabriklash uchun uning qarindosh urug'lari va do'stlari keladilar. Finlandiyadan Santa-Klaus, Yakutiyadan qorbobo Chisxan, Chexiyadan qishki ertakchi Mikuloli, Kostromadan Qorqiz va Vologda, Moskva, Nijniy Novgoroddan rasmiy delegasiyalar keladilar. Velikiy Ustyug shahrining markaziy maydonida bayram tadbirlari bo'lib o'tadi. Bayram archasining chiroqlari yoqiladi. Тadbirdan keyin Qorbobo boshqa shaharlarga borib, bolalar bilan birgalikda ularning archa chiroqlarini yoqib, o'yin-kulgi qilib, ularga sovg'a ulashadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.