loading...

Omonxonaning mo`jizakor bulog`i 

8016

Surxondaryo viloyatidagi Omonxona qishlog`i Boysun tuman markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning atrofi bir-biri bilan yelka tirashgan qir-adirliklar bilan o`ralgan. Tabiati so`lim. Tog`dan esib turadigan shabada kishi qalbiga orom baxsh etadi. Bu yerda ming nafardan ortiqroq aholi, 150 xo`jalikda umrguzaronlik qilishadi.
Gapning sarasini aytganda, Omonxonaga Ollohning nazari tushgan. Keksa odamlarning naql qilishlaricha, o`troq aholi hozirgacha o`tkir yuqumli kasalliklarga chalinmagan. Ular sariq kasalligi u yoqda tursin, hatto oshqozon ichak kasalligi bilan ham og`rimagan, hatto bu yerda hech kim shu paytgacha yuqumli kasalliklar bilan og`rib, shifokorga murojaat qilmagan. Aksincha, sariq kasalligiga chalingan, yoxud jigar serrozi hayotiga chang solgan kishilar Omonxonadan najot izlashadi. Uzoq manzillardan yo`l yurib, ana shu qadimiy, ayni paytda yasharib, yashnab borayotgan ko`rkam qishloq tomon oshiqishadi.

- Qozog`istondan keldim, Nukus shahrida yashayman. Katta yerim bor, fermerman, - deydi Nurinbek Qollibekov. - Bundan 15 yil ilgari sariq kasalligi bilan og`rigan edim. Jigarim kattalashib, serrozga aylana boshlagandi. Omonxona suvi bu dardga davo deb eshitgach, yo`lga chiqdim. Dastlabki kunlardanoq menda ijobiy o`zgarishlar yuz berayotganligini his etdim. O`shandan buyon Omonxona mening ikkinchi qo`noq maskanimga aylangan. Bu mo`jizaga boy suv menga yana jo`shqin hayot baxsh etdi.

Bu mubolag`a emas, omonxona suvi mo`jizaning o`zginasi. Kishi o`yga toladi. Qishloq chag`atlar o`ngirida joylashgan. Uning zamini toba, ya`ni yirik yassi toshlar bilan qoplangan. Ana shu qattiq jismni yorib buloqlar ko`z ochgan. Bu buyuk Yaratguvchining qudrati emasmi? Chashmaning suvi magniy-sulfad va boshqa turli foydali mineral moddalarga boyligi bilan dunyoga mashxur shifobaxsh ma`danli suvlardanda afzalroq ekanligi tan olingan. Suv kishi tanasidagi o`tni surish, uni suyultirish, peshobni haydash, qabziyatni bo`shatish, qon bosimini pasaytirish kabi turli xil xastaliklarni davolashga ijobiy ta`sir etadi. Omonxona suvini iste`mol qilgan kishida oshqozon-ichak, sariq va jigar serrozi kabi o`tkir yuqumli kasalliklar uchramaydi.

- Respublikamizning turli kasalxonalarida bo`lganman. Shifokorlar davolashning iloji yo`q, bunga hozircha tibbiyot ojiz, degan xulosaga kelgan paytda men Omonxona muqaddas bulog`i suvidan najod izladim, - deydi Abdurauf Ғofurov. - Uning qudratli kuchi ta`sirida jigar serrozi rivojlanmadi, oyoqqa turdim. Bu maskanning suvi menga qayta umr baxsh etdi. To`shakka mixlanib qolgan majolsiz kishi edim. Oilamga, bolalarim bag`riga shod omon qaytdim.

Ha, Omonxona  suvi hayotbaxsh ne`mat. Uning dovrug`i uzoq-ug`oqlarga borib yetgan. Respublikaning barcha viloyatlaridan hatto qo`shni davlatlardan dardiga davo izlagan kishilar bu yerga kelishadi. Ollohning inoyati bilan oradan ko`p o`tmay ular sog`ayib, yurtiga qaytishadi.

Omonxona suvining shifobaxsh xususiyati Yurtboshimizning ham nazariga tushdi. U kishining tashabbusi bilan Omonxona balneologik davolash maskani barpo etildi. Ҳozir shifoxona "O`zbekiston temir yo`llari” DUK tasarrufida. Sanatoriyada kompaniya temir yo`lchilari ham dam olishadi, davolanishadi, sog`lig`ini mustaxkamlashadi. Buning uchun sog`lomlashtirish maskanida barcha sharoitlar bor.  

- Bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, - deydi sihatgoh direktori Baxtiyor Jo`rayev. - Yuz o`rinli qo`sh qavatli yangi imorat qurildi. Har bir xonada yumshoq gilamlar to`shalgan. Divan krovat, shkaf, stol va kursilar o`rnatilgan. Obodonlashtirish ishlari ham namunali tashkil etildi. Hamma joy rango-rang gulzor, ko`kalamzor. Manzarali daraxtlarni parvarish qilishga alohida e`tibor qaratilayapti. Shifoxona baland tepalik bag`rida joylashganligi bois bemorlar pillapoyalardan iborat beton yo`lakchalardan yuqoriga ko`tarilib boradi. Atrof ko`rkam qiyofa kasb etgan. Musaffo tog` havosidan bahra olayotgan odamlarning kayfi chog`, ruhi tetik. Darvoqe, dardiga darmon izlagan kishilar uchun manzilining yaqin uzog`i bo`lmaydi. Buni sihatgohda mamlakatimizning shimoliy mintaqasi Qoraqalpog`iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlaridan har kuni o`nlab bemorlar qabul qilinayotganligi misolida ham bilish mumkin.

Yana bir gap, ilgari davolash maskani yilning may, iyun, iyul, avgust, sentyabr oktyabr oylari davomida olib borilardi. Qish faslida esa bemorlarni qabul qilishning iloji yo`q edi. Buning sababi bor. Birinchidan suv sovuq, xonalarni isitish yo`lga qo`yilmagandi. Boz ustiga oromgoh binolari tog` yon bag`rida joylashganligi sababli mavsumda ming nafarga yaqin bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega edi. Endi yil o`n ikki oy ish yuritish yo`lga qo`yildi. Muassasa tomonidan "Keksalarni e`zozlash yili”da alohida tadbir tuzilgan.  Unga asosan joriy yilda 450 nafar qariyaning sog`lig`ini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Yaqinda yangi 100 o`ringa ega bo`gan zamonaviy bino ishga tushdi. Ularga namunali xizmat ko`rsatuvchi tibbiyot xodimlari ham ko`paydi. Muzaffar Jalilov, Qo`shoq Otamurodov, Ibroxim Majidov singari bilimdon, tajribali shifokorlar, Nilufar Umarova, Dildora Ziyodova kabi o`rta tibbiyot xodimlari barchaning xurmatiga sazovor bo`lmoqda. Dam oluvchi kishilar tomonidan ularning sha`niga yozib qoldirilayotgan minnatdorlik so`zlarining cheki yo`q.  

Omonxona yil davomida mamlakatimizning turli mintaqalarida moddiy ne`mat ishlab chiqarayotgan, paxta va g`alla yetishtirishda fidokorlik namunalarini ko`rsatayotgan fermerlarning ham sevimli sihatgohiga aylandi. Buni birgina o`tgan yili 150 nafarga yaqin fermer sihatgohda sog`lig`ini mustahkamlaganligidan ham bilsak bo`ladi.  
   Omon ShUKUROV

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash