Qishloq xo`jaligi
Qishloq xo'jaligi ASMning ikkinchi
guruhini tashkil etadi. Qishloq xo'jaligining ikki muhim tarmog'i - dehqonchilik
va chorvachilikda insonlar uchun kundalik zaruriyat bo'lgan oziq-ovqat, sanoat
uchun xomashyo mahsulotlari yetishtiriladi.
Xomashyolar sanoatda mehnat predmeti, ularga
ishlov beriladigan mashinalar esa mehnat vositasi hisoblansa, qishloq
xo`jaligida mehnat predmeti ham, mehnat vositasi ham yer hisoblanadi. Qishloq
xo`jaligida hosildorlik ko`p jihatdan yerning holatiga bo`g`liq. Shu sababli
melioratsiya tadbirlari o`tkaziladi.
Melioratsiya - yerning holatini yaxshilash uchun
tekislash, sug'orish, sho'rni yuvish, nihol o'tqazish, tuproq hosildorligini
oshirish kabi tadbirlar yig`indisi.
O'simliklarning o'sishi va
hayvonlarning rivojlanishi tabiat qonunlariga bo'ysunadi. Shu bois, qishloq
xo'jaligida ko'pgina ishlar mavsumiydir.
Mamlakatimizda qishloq xo`jaligi texnika bilan yaxshi ta`minlangan. Dehqonchilik va chorvachilikdagi sermehnat ishlarni mashinalar bajarmoqda. Ko`p ish jarayonlari elektrlashtirilgan, kimyoviy o`g`itlardan, o`simlik zararkunandalariga qarshi zaharli kimyoviy moddalardan hamda chorva mollari kasalliklariga qarshi kurash vositalaridan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, kartoshka, sabzavotning serhosil, tashishga chidamli navlari ekila boshlandi. Bog'dorchilikda ishlov berish hamda terishga qulay meva navlari yaratildi. Natijada qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va tayyorlash texnologiyasida tub o'zgarishlar ro'y berdi, mehnat unumdorligi ortdi. Bu hodisa «Yashil inqilob» deb baholanmoqda.
Agar qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish ekin maydonlarini kengaytirish va chorva mollari sonini oshirish hisobiga ko'paysa, bu ekstensiv
qishloq xo'jaligi deyiladi.
Buning aksicha, qishloq xo'jaligi mahsuloti maydon birligida agrotexnika vositalaridan samarali foydalanish, hosil unumdorligiga erishish, chorvaning mahsuldor zotlarini yaratish hisobiga oshsa, u intensiv qishloq xo'jaligi deb ataladi.
Qo'riq maydonlarning
o'zlashtirilishi va rekultivatsiya ishlari natijasida qishloq xo'jaligida
foydalaniladigan yer maydoni kengayadi. Ayni vaqtda sanoat va transport
yuksalishi, turar joy dahalari kengayishi orqasida qishloq xo'jaligida
foydalanayotgan yerlar muqarrar qisqaradi. Yerdan foydalanish qoidalariga rioya
qilmaslik oqibatida esa azaldan foydalanilayotgan yerlar sho'rlanishi, hatto
cho'llanishi ham mumkin. Binobarin, qishloq xo'jaligida foydalaniladigan
yerlar, bir tomondan, kengaysa, ikkinchi tomondan, qisqaradi.
Qishloq xo'jaligidagi bosh vazifa - ishlab chiqarishni intensivlashtirish, ya'ni
ekinlar hosildorligini va chorvachilik mahsuldorligini oshirishdir. Yer va suv
resurslari cheklanganini hisoobga olib, mamlakatimiz qishloq xo`jaligini
rivojlantirishning yagona to`g`ri yo`li – qishloq xo`jaligini intensive
rivojlantirish, yerlarning meleorativ holatini tubdan yaxshilassh, seleksiya
ishlarini chuqurlashtirish, yuksak agrotexnologiyalarni joriy etish va suvdan
oqilona foydalanishdan iborat.
Mamlakatimizda qishloq xo`jaligi
mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. Jumladan, 2013-yilda bu
ko`rsatkich 2000-yilga nisbatan 2,3 marta ko`paydi. Aytish kerakki, izchil
yuqori o`sish sur`atlari barobarida, yalpi ichki mahsulot hajmida qishloq
xo`jalik mahsulotlari ulushining kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan,
2000-yilda bu `korsatkich 30,1 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2013-yilda faqatgina
16,8 foizni tashkil etdi. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti tarkibiy tuzilishidagi
ijobiy o`zgarishlarning, ya`ni agrar respublikadan izchil ravishda sanoati
rivojlangan industrial davlatga aylanayotgani alomati deya faxrlanmog`imiz
darkor.
Mamlakatimizda tabiat mintaqalari
aksariyat mamlakatlardagidan farq qilib, shimoldan janubga emas, balki g'arbdan
sharqqa, ya'ni tekislikdan tog'larga tomon o'zgaradi. Shunga muvofiq, qishloq
xo'jaligining ixtisoslashishi ham cho'l, adir, tog', yaylov mintaqalari
bo'yicha bir-biridan farqlanadi. Paxta faqat sug'orish mumkin bo'lgan obikor
yerlarda yetishtiriladi. Shuningdek, donli ekinlar bilan poliz ekinlarining ham
talay qismi sug'oriladigan maydonlarda yetishtiriladi.
Mamlakatimizda eng katta
sug'oriladigan yerlar Farg'ona vodiysi, Mirzacho'l, Qashqadaryo viloyati,
Zarafshon vodiysi hamda Xorazm vohasidadir. Vodiy hamda vohalarda pillachilik,
uzumchilik, bog'dorchilik va polizchilik bilan shug'ullaniladi.
Cho'llarda qo'ychilik va tuya boqish
rivojlangan. Ular qish va bahorda cho'llarda, yozda esa tog' yaylovlariga
haydab boqiladi, kuzda yana cho'lga qaytarib kelinadi. Sanoat ishlab chiqarishi
to'plangan yerlarda, shaharlar tevaragida shahar atrofi qishloq xo'jaligi
tarkib topadi. Bunday xo'jaliklarda shahar aholisini yangi oziq-ovqat
mahsulotlari bilan ta'minlash uchun sabzavot, mevalar yetishtiriladi, qoramol,
parranda boqiladi, hovuzlarda baliq urchitiladi.
Bilib qo`ygan yaxshi!
Qishloq xo'jalik yuritishning yangi tashkiliy
shakllari: qishloq
xo'jalik korxonasi - tasarrufida xo'jalik maqsadlarida foydalana oladigan yeri
bo'lgan, ziroatchilik, chorvachilik huquqiga ega bo'lgan korxona;
fermer xo'jaligi - uzoq muddat (30-50 yil)ga ijaraga
olingan yerda qishloq xo'jalik xomashyosi ishlab chiqaruvchi yuridik huquqqa
ega tovar xo'jaligi;
dehqon xo'jaligi - nasldan naslga o'tuvchi shaxsiy
hovli joyida qishloq xo'jalik mahsuloti yetishtirish va sotish huquqiga ega
oilaviy mehnatga asoslangan xo'jalik.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.