Bu yil yoz boshqa yillardan farqli o’laroq shamol va yomg’ir bilan boshlandi. Shunga qaramay, jazirama kunlar o’z hukmini o’tkazishga tushdi. Avvalroq dam olish kunlari O’zbekistonda +42 daraja issiq bo’lishi kutilayotgani haqida qalampir.uz xabar bergan edi.
Havo haroratining keskin ko’tarilishi munosabati bilan #Lifehack loyihasi orqali jaziramadan qanday saqlanish kerakligi to’g’risida ma’lumot beramiz.
Hammaga ma’lum, lekin juda zarur tavsiyalar
Jaziramada nima ichish kerak?
Issiq ob-havoda organizmdagi suv balansi buziladi natijada u ko’p namlik yo’qotadi. Shu tufayli jaziramada kuniga kamida 3 litr suyuqlik iste’mol qilish lozim.
Yoz kunlari chanqoqni olcha, smorodina, klyukva va boshqa nordon mevalardan tayyorlangan mors, ichimliklar va limon sharbati qo’shilgan suvlar bosadi.
Jaziramada chanqoqni qondirishga yordam beradigan yana bir ichimlik – bu kvas.
Bundan tashqari, limon solingan yangi damlangan ko’k yoki qora choy ham tavsiya qilinadi.
Yoz kunlari yaxshisi qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u jaziramada charchoqni oshiradi. Ko’rinishidan chanqoqbosdi hisoblangan shirin gazli ichimliklar ham xuddi shu qatorda.
Shuningdek, muz solingan ichimliklarni ham ichish mumkin emas, chunki ular tomoq og’rishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, muzdek ichimliklar ichki a’zolarni haddan ortiq sovitib, qon aylanishini kuchaytiradi va tana harorati ko’tariladi.
Issiq ob-havoda spirtli ichimliklarni esa unutish kerak. Alkogol organizmning suvsizlanishiga olib keladi.
Jaziramada nima iste’mol qilish lozim?
Bunday kunda, eng yaxshisi, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish kerak.
Turli salatlar, sabzavotli taomlar hamda yaxna sho’rvalar ham ayni muddao. Bodring, tarvuz, qovun, nordon-shirin mevalar, selderey ko’kati chanqoqbosdi yeguliklardir.
Jaziramada juda yog’li va sho’r taomlardan tiyilgan ma’qul. Yaxna ichimliklar hamda ovqatlarni me’yorida iste’mol qilish lozim. Yozda nisbatan kamroq yeyish kerak, biroq bu to’laqonli taom bo’lishi shart. Ya’ni barcha vitaminlarga boy ozuqalarni me’yorida iste’mol qiling.
Issiqda asqotadigan qo’shimcha tavsiyalar
Nafas olish og’irlashgan bo’lsa, til ostiga nordon obaki (konfet)dan solib, shimish kerak. Til tagida yurak tomirlarining tizimi faoliyatini yaxshilaydigan nuqta mavjud.
Issiq havo haroratida yil bo’yi shunday yashaydigan mamlakatlar tajribasiga suyangan ma’qul. Bunda Afrika davlatlari yaxshi misol.
Afrikada qadim zamonlardan buyon tanani namlantirish maqsadida bambukdan foydalanishgan. Bambukdan tayyorlangan sholchalarni polga to’shab qo’yish mumkin. Korxona xodimlariga esa bunday sholchalarni ish kreslosiga to’shab qo’yish tavsiya etiladi. Shuningdek, hozirda bambukdan tayyorlangan kiyimlar ham keng tarqalgan. Ular jaziramada juda asqotadi.
Har bir xonadonda uyni sovitish maqsadida chelaklarga muzdek suv quyib, 3-4 metr bo’z matoni ho’llab ilib qo’ysa, xona harorati mo’tadil saqlanadi. Derazalarga quyoshdan saqlash maqsadida ham bo’z mato tutiladi.
Albatta, bu hayotimizdagi birinchi jazirama emas. Barchamiz yozni qaynoq haroratiyu quvnoq kunlari bilan yaxshi ko’ramiz. Nima bo’lishidan qat’i nazar, noxush holatlardan uzoq yurganimiz yaxshi.
manba: qalampir.uz
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.