Badoq -
kanal tarmog`i, ariq. Odatda dalalarga bosh kanaldan badoqlar - tarmoqlar orqali
suv chiqariladi.
Bazalt —
vulkan tog` jinsi. Rangi bo`z
va qoramtir. Bazalt lavalari yer yuziga oqib chiqib yuzlarcha va hatto
minglarcha kv. km maydonni egallaydi (masalan,
O`rta Sibir yassi tog`ligi, Zakavkaze). Bazalt kislotaga chidamli kimyoviy
asboblar, trubalar, elektroizolyatorlar yasashda hamda qurilish materiallari
sifatida ishlatiladi. Yaxshi silliqlanishi tufayli haykaltaroshlikda ham keng
ishlatiladi. Kamchatka, Zabaykale, Armaniston, Ukrainada va O`zbekistonning Qurama.
Turkiston, Tomdi tog`lari (paleozoy qatlamlari)da bor.
Bayir - qum, qumoq jinslar keng tarqalgan cho`llarda shamolning o`yishi
natijasida paydo bo`lgan botiq yerlar. Bular odatda yer osti suvi sathigacha
chuqurlashadi, so`ngra to`xtaydi. Tagida kichik-kichik chuqurlar, mayda qum do`nglari,
sho`rxoklar bo`lishi mumkin. Qrimda,
Turkmanistonda tog` oldi
balandliklari ham bayir deb yuritiladi. Ustyurt va Mang`ishloqda usti yassi
tepaqirlar shu atama bilan ifodalanadi.
Baykal burmalanishi —
proterozoy erasining oxiri va kembriy davrining boshida ro`y bergan tog` burmalanishi. Unda hozirgi eng ko`hna
toglar, jumladan Baykalbo`yi tog` tizmalari va Sharqiy Sayan tizmasi
burmalangan. Baykal burmalanishi Janubiy Amerika, Afrika va Avstraliyada ham ro`y
bergan.
Baland tog` sovuq sahrolari- Markaziy va O`rta Osiyo tog`larining baland (4000-4500 m) qismidagi o`ziga xos landshaftlar. Tabiiy sharoiti va
landshaftlariga ko`ra arktika sovuq sahrolari landshaftlariga o`xshaydi. MDHda baland tog`
sovuq sahrolari Markaziy
va Ichki Tyanshanda hamda Sharqiy Pomirda yaxshi rivojlangan. Iqlimi sovuq,
yozi juda qisqa va salqin yoki deyarli bo`lmaydi, toshloq tuproqlarida juda
siyrak o`t va bo`ta o`simliklar o`sadi. Baland tog` sovuq sahrolari juda kam hosil yaylovdir.
Balandlik - qir, tog`ning baland qismi,
tekislikdan ko`tarilib turuvchi yassi ko`tarilmalar.
Balandlik mintaqalari - toqqa ko`tarilgan sari tabiatning o`zgarib borishi, balandlik
mintaqalari quyosh radiatsiyasining kuchayishi, havo harorati va bosimning
kamayishi, suv bug`lari kondensatsiyasi sharoitining o`zgarishidan paydo bo`ladi.
Yog`in ma’lum balandlikkacha ko`payib,
so`ng kamayadi. Yuqoriga ko`tarilgan sari, tuproq tiplari, o`simlik turlari, hayvonot
dunyosi o`zgaradi. Tog`lardagi eng quyi mintaqa landshaft - shu tog` joylashgan zona landshaftiga o`xshaydi.
Masalan, cho`ldagi tog`larning quyi mintaqasi cho`lga o`xshaydi. Balandlik
mintaqalari yuqoriga ko`tarilgan sari tekislik zonalari tabiati almashingan
tartibda o`zgara boradi, biroq ular aynan takrorlanmaydi. O`rta Osiyo tog`larining
tagida cho`l mintaqasi, so`ngra tog` dashtlari, undan keyin tog` o`rmonlari, undan tepada tog` o`tloqlari, yana ham yuqorida baland tog` cho`llari va nihoyat, qop-muz mintaqalari
joylashgan.
Baland metodlari — geografik ilmiy tadqiqot metodlaridan biri. Tabiiy geografiyada
ayrim landshaftlardagi modda va energiya almashinuvi balansi yoki ayrim
geografik ob’ekt (ko`l, daryo va h.k.) hamda komponentlardagi moddalar balansini o`rganishda
keng qo`llaniladi. Baland metodlari iqlimshunoslik va gidrologiyada ayniqsa ko`p
foydalaniladi. Iqtisodiy geografiyada iqtisodiy rayonlar va ma’muriy birliklardagi
mehnat resurslari zapasi bilan ularning taqsimlanishi o`rtasidagi
munosabatni aniqlashga imkon beradi. Baland metodlarida matematika usullari va
elektron-hisoblash mashinalaridan keng foydalaniladi.
Baliq (balig`) - qadimiy turkiy tilda «shahar» degan so`z. Turkiy runik
yozuvlarda, «Devonu lug`otit-turk»da qayd qilingan; eski joy nomlari tarkibida
ko`p uchraydi: Beshbaliq (Sharqiy Turkiston), Xonbaliq (Pekin shahrining qadimiy
turkiy nomi) va h.k.
Balchiq - zax yer, botqoq, suyuq loy.
Balchiqli vulkanlar - vaqt-vaqti bilan balchiq, qaynoq suv, gaz va kam
miqdorda neft mahsulotlarining aralashmasi chiqib turadigan vulkanlar. Bu suyuqliklar
vulkan konuslarining yonbag`rida asta-sekin qotadi; uzunligi 10-20 km, qalinligi 5-30 m, kengligi bir necha yuz metrgacha bo`ladi. Balchiqli vulkanlardan metan, is gazi,
karbonat angidrid, azot va boshqa gazlar chiqib turadi. Ozarbayjon, Turkmanistonda,
Kuban, Taman, Kerch, Kamchatka yarim orollarida balchiqli vulkanlar bor. Neft va gaz konlarini topishda, tibbiyotda
turli kasalliklarni davolashda balchiqli vulkanning ahamiyati katta.
Band - to`g`on, suv ombori, soy va daryolarga qurilgan to`g`on. Joy nomlari
tarkibida ham uchraydi: Bandixon darasi, qum bosishini to`xtatish uchun qurilgan
to`siq, tog` oralig`idagi juda tor yo`lak
ham band deyiladi. Band atamasi bent shaklida ham uchraydi; masalan, Murg`ob
vodiysida Sultonbent degan joy bor.
Bandar - 1) savdogarlar va karvonlar
kelib-ketadigan joy, karvonsaroy, bandargoh; 2) daryo va dengizda kema to`xtaydigan joy, port.
Banka - dengiz tubining ko`tarilgan qismi, dengizning sayoz joyi. Ayrim sayoz bankalar
kemachilik uchun xavflidir. Bankada odatda, baliq ko`p bo`ladi. Shimoliy dengizdagi
Dogter bankasi. Bankalar quruqlikning asriy tebranishi, vulkanlar otilishi,
marjon hosilalar dengiz to`lqinlarining qirg`oqqa urilishi natijasida hosil bo`ladi.
Bar (inglizcha bar – to`siq) –
1) dengizning qirg`oqqa yaqin qismida unga parallel cho`zilgan, qum yoki chig`anoqlar
to`plamidan hosil bo`lgan kambar to`siq, quruqlik. To`lqin keltirmalaridan hosil
buladi. Ba’zan yuzlab km ga cho`ziladi.
Dengizning chekka qismini ajratib qo`yib, qo`ltiqlar, lagunalar, laguna ko`llar
hosil qiladi. Daryolar quyiladigan joydagi suv osti qum to`sig`i ham bar
deyiladi;
2) bosim birligi: 1 bar 1 sm.kv
maydonga 1 mln. dina kuch bilan bo`lgan
bosimga teng. Barning mingdan bir bo`lagi millibar deyiladi.
Baraz sug`dcha barz - balandlik
– O`rta Osiyoda, xususan qadimgi Sug`d (Sug`diyona) hududida tepasi yassi
baland qirlar. Tojikiston bilan O`zbekistonning tog`li hududlarida, qadimgi,
Usrushona hududida, jumladan Yag`nobda baraz atamasidan tarkib topgan joy nomlari ko`p uchraydi. Katta Baraz, Kichik
Baraz, Sebaroso va h.k.
Barik bosqich — yuqoriga ko`ta rilganda havo bosimi 1 mm simob
ustuniga yoki 1 mb ga kamayadigan yoki pastga tushganda
shuncha miqdorga ortadigan vertikal masofa. M/mb yoki m/mm hisobida
ifodalanadi.
Dengiz sathida bir
barik bosqich 8 m/mb yoki 10,5 m/mm ga, 5
km balandlikda 15 m/mb ga, 18 km balandlikda qariyb 70 m/mb ga teng. Bir xil balandliklarda barik bosqich haroratga
bog`liq. Issiq havoda barik bosqich katta, sovuq havoda kichik bo`ladi.
Barisfera (yunoncha baris - og`ir, sfera-shar) - yerning ichki qismi.
Markaziy og`ir o`zak (yadro) va mantiyani o`z ichiga oladi.
Barograf (yunoncha baros – og`irlik,
grafo-yozaman) - atmosfera bosimi o`zgarishini
uzluksiz qayd qilish uchun o`zi yozib boruvchi asbob. Aneroid barograf keng tarqalgan.
Barometr (baros – og`irlik, metreo – o`lchayman) - atmosfera
bosimini o`lchaydigan asbob. Meteorologik stansiyalarda keng tarqalgan simobli barometr
uzunligi 1 metrga yaqin keladigan bir uchi
berk shisha naydan iborat. Nayga simob to`ldirib, simobli metall kosaga to`ntarilsa,
shisha naydagi simob ustunining bosimi tashqi atmosfera bosimi bilan
muvozanatlashguncha naydagi simobning ma’lum qismi metall kosaga to`kiladi.
Shisha naydagi simob ustida bo`shliq (Torichelli bo`shligi) hosil bo`ladi.
Barometrik bosqich – bosim 1 mm ko`tarilishi yoki tushishi uchun zarur bo`lgan
balandlik. Barometrik bosqich balandlik ortishi bilan quyidagicha o`zgaradi:
- pasttekislikda (0°da) barometrik bosqich - 11 m ga ga
yaqin;
- 1000 m balandlikda - 12 m;
- 2000
m
balandlikda - 13,5 m. Shunday qilib, barometrdan foydalanib, joyning
dengiz sathidan qanday balandlikda ekanligini aniqlash mumkin.
Barrankoslar- vulkan juyaklari.
Barxan — cho`llardagi kuchma qum tepalari. Shamol zo`ri bilan bir joydan
ikkinchi joyga ko`chib yuradi. Barxan yiliga o`rta hisobda bir necha sm dan yuzlab m gacha ko`chadi. Qizilqum va Qoraqum cho`llarining ba’zi
joylarida qattiq shamol vaqtida bir kecha-kunduzda yangi barxanlar paydo bo`ladi
yoki ko`chib ketadi. Barxanlar tepadan qaraganda ko`pincha yoy, yarim oy
shaklida bo`ladi. Shamolga ro`para yon bag`irlari qiya, shamolga teskari yon
bag`irlari tik bo`ladi. Barxan balandligi 0,7 m dan 20 m gacha
bo`ladi.
Batial, batial zona (yunoncha
batis - chuqur) - Dunyo okeanining chuqurligi
200 m dan 2000 m gacha
bo`lgan qismi. Geomorfologik jihatdan materik yonbag`ri zonasiga to`g`ri
keladi. Okean maydonining 1/5 qismini batial egallaydi.
Batial yotqiziqlar - dengiz tubida 200-2000 m chuqurlikda uchraydigan cho`kindilar.
Asosan har xil loyqalardan iborat. Ba’zan qum, shag`allar ham uchraydi.
Batiskaf (yunoncha batos - chu- qurlik
va skafos - kema) - chuqur suv
ostida yuradigan apparat. Okeanografik va boshqa tadqiqotlar uchun ishlatiladi.
Suvdan yengil suyuqlik (benzin) to`ldirilgan korpus va po`lat shar (gondola)dan
iborat. Gondolasida batiskaf ekipaji, boshqarish apparatlari, havo regeneratsiya
sistemasi, radiostansiya, ultratovush telefoni, televizion kamera va ilmiy tadqiqot
asboblari bo`ladi. 1960-yil yanvarida J.Pikar modernizatsiya qilgan batiskafda
Tinch okeandagi Mariana botig`i tubiga (10919 m) tushildi.
Batisfera (yunoncha batis - chuqurlik
va sfera - shar) - dengizning chuqur
yerlarida tadqiqot ishlari olib borishda ishlatiladigan silindr
yoki sharsimon no`lat kamera. Suv tubiga kemadan sim arqon bilan tushiriladi.
Kuzatuvchilar kema bilan telefon orqali aloqa qilib turadi. Hozirgi zamon batisferalarini
suv ostiga 1500 metrgacha tushirish mumkin.
Batolit (yunoncha batos - chuqurlik,
litos - tosh) - Yer po`stining chuqur qismiga
kirib qolgan granit tarkibli magmatik tor jinslari. Nurash natijasida batolitning
ayrim qismi yer yuzida ochilib qolishi mumkin. Batolitning maydoni bir necha
yuz ming km.kv ga yetishi mumkin.
Batometr (yunoncha batos - chuqurlik,
metreo - o`lchayman) — suvning kimyoviy
tarkibini va haroratini aniqlash maqsadida dengiz,
ko`l va daryolarning turli chuqurligidan namuna oladigan asbob.
Bahorikor dehqonchilik, lalmikor dehqonchilik —
sug`orilmaydigan dehqonchilik. Adirlar, tekislik va tog` etaklari hamda tog`li zonada rivojlangan.
Bahorikor yerlar – sug`oriladigan (obikor) dehqonchilik zonasidagi (O`rta Osiyo,
Zakavkaze) sug`orilmay dehqdonchilik qilinadigan yerlar. Bahorikor yerlar
asosan tog` oldilarida hamda
vohaalar atrofida joylashgan bo`lib, bu yerlarda ko`proq qurg`oqchilikka
chidamli ekinlar (bug`doy, arpa, tariq) ekiladi. Ba’zan poliz ekinlari ham
yetishtiriladi.
Bedlend (inglizcha bedlend— buzuq, yer, yaroqsiz yer) - eroziya natijasida
tik yonbag`irli jar va daralar bilan juda o`yilib ketganligi sababli xo`jalikda
(ayniqsa, qishloq xo`jaligida) foydalanish noqulay bo`lgan yerlar. Bendlend yo`llar
o`tkazish va texnikadan foydalanishda ham noqulay. Bunday yerlar Shimoliy
Amerikaning g`arbiy qismidagi tog` etaklarida,
O`rta Osiyo va Kavkazda tarqalgan.
Bel – tog`lardagi uncha baland bo`lmagan keng dovon; uzun cho`zilgan qirralari
sezilmaydigan do`nglik. Tog`lar nomi tarkibida ishlatiladi: Muzbel, Olabel
tizmalari.
Bellik - ekinlarni juyaksiz sug`organda pollarni bir-biridan ajratish uchun qilingan
ko`tarma, marza. Rosh, chel deb ham
ataladi.
Beltor - yakka-yakka yoki qator qum barxanlari. Balandligi 5-8 m. Taklamakon
cho`lida tarqalgan. Geografik nom sifatida
ham uchraydi.
Bentos — dengizlar va quruqlikdagi suv havzalari (ko`llar, suv omborlari va h.
k.) tagida yashovchi organizmlar. Suv havzalarining chuqurligi 200 m gacha bo`l- gan qismida (fotosintez zonasida)
organizmlar eng yaxshi rivojlanadi. Bentos o`simliklari fitobentosni, hayvonlari
esa zoobentosni hosil qiladi.
Bergshtrixlar (nemischa berg — tog`, shtrix-chiziq)
- topografik xaritalarda yon bag`irning qaysi tomonga pasayib borishini ko`rsatish
uchun gorizontallarga tik (perpendikulyar) qo`yiladigan chiziqlar.
Berk botiq - tashqi oqim havzalari bilan tutashmagan botiq. Masalan, Eron tog`ligining
ichki qismi, Tarim botig`i, Katta Havza va b.
Berk ko`llar-suvi oqib chiqmaydigan ko`llar. Berk ko`l suvlari, asosan, bug`lanishga
sarf bo`ladi va qisman yer ostiga sizib ketadi. Berk ko`llar Sharqiy Sibir va
Yakutiyada, O`rta Osiyo va Qozog`istonda ko`p. Kaspiy va Orol dengizlari,
Balxash, Lobnor, O`lik dengiz, Issiq ko`l va boshqa ko`llar berk ko`llardir. Qurg`oqchil
iqlimli joylardagi berk ko`llarning suvi sho`r bo`ladi.
Berk o`lka - oqar suvlari dengiz yoki okeanga
borib quyilmaydigan o`lka. Iqlim quruq kelganidan berk o`lkada suv kam bo`ladi. Berk o`lkani ayrim daryolargina kesib o`tib,
okeanga quyiladi (masalan, Nil daryosi). Berk o`lkada bunday daryolarga birorta
ham irmoq kelib quyilmaydi, aksincha, sug`orishga sarf bo`lishi, yer ostiga
sizib ketishi va ko`plab bug`lanishi natijasida daryolarning suvi kamayib boradi.
Berk havza- suvi okean va dengizlarga oqib chiqmaydigan daryo yoki ko`l havzalari.
Bet - adir, qir, tog`oldi tepaliklaridagi tekis yoki salgina qiya yon bag`ir
va yuzalar. Qashqadaryo va Surxondaryo vodiylarida ko`p tarqalgan atama.
Betaraf mamlakatlar, Neytral mamlakatlar —
tashqi siyosatida betaraflik mavqyeida turgan, ya’ni boshqa mamlakatlar o`rtasidagi
kurashga aralashmaydigan, davlatlar tomonidan tuzilgan harbiy bloklarga qushilmaydigan
mamlakatlar. Ko`pchilik betaraf mamlakatlar mustamlakachilik zulmidan ozod bo`lgan
va o`zining siyosiy ham iqtisodiy mustaqilligini qattiq turib himoya qilayotgan
mamlakatlardir.
Betkay - 1) yon bag`ir, qiyalik; 2) bet, daryo qirg`og`i.
Beshqunoq - hamal oyida (aprelda) bo`ladigan
sovuq kunlar. Odatda bunday kunlar aprel boshida bo`lib, 4-5 kundan oshmaydi.
Bilqillama — ortiqcha nam botqoq, zax yer. Ko`pincha yuzasini qalin chimli o`t qoplab
yotadi. Sizot suvlar yer betiga chiqqan joylarda, o`t bosgan ko`l, botqoqlik o`rnida
hosil bo`ladi.
Biogen komponentlar, landshaft biotasi -
tabiiy hududiy kompleks (landshaft)ning o`simlik va hayvonot komponentlari
birgalikda shunday deb ataladi.
Biogenosfera - geografik qobiqning sinonimi. Bu atamani I.M.Zabelin tavsiya etgan.
Biogeografiya — biotsenozlar va ularni tashkil etuvchi organizmlar: o`simliklar, hayvonlar
hamda mikroorganizmlarning tabiiy sharoitga qarab tarqalish qonuniyatlarini o`rganuvchi
fan. Yunoncha bios (hayot) va geografiya so`zlaridan olingan. Biogeografiya
ikki mustaqil bo`limga - fitogeografiya yoki o`simliklar geografiyasi hamda
zoogeografiya yoki hayvonlar- geografiyasiga bo`linadi.
Biogeotsenoz (yunoncha bios-hayot, ge-yer, senoz-umumiy) o`simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarning
muayyan modda - hamda energiya almashinuvi orqali birlashgan guruhi (biotsenoz)
hamda ular tarqalgan tabiiy sharoit (biotop) kompleksi. Biogeotsinoz- tipologik
tushuncha bo`lib, geografik fatsiya tushunchasiga juda o`xshash.
Biogeotsenologiya — biogeotsenozlar haqidagi fan. Biogeotsenologiyaning asoschisi rus
olimi V.N.Sukachyov. Biogeotsenologiya ko`p jihatdan
landshaftshunoslikka yaqin. Biogeotsenologlar, asosan, eng kichik tabiiy
komplekslarning strukturasi hamda ulardagi turli tabiiy hodisa va jarayonlarni
(chunonchi, komponentlararo modda va energiya almashinuvini) o`rganish bilan
shug`ullanadilar. Biogeotsenologiyada biogeotsenozlarni
miqdoriy jihatdan tasvirlash hamda eksperimental va statsionar o`rganishga
asosiy e’tibor beriladi.
Bioiqlimshunoslik - iqlimshunoslikning amaliy tarmoqlaridan biri, iqlimning organik hayotga,
chunonchi, insonning salomatligi va ish faoliyatiga, o`simlik hamda hayvonlar hayotiy
sharoitiga, rivojlanishiga bulgan ta’sirini o`rganadi. Bioiqlimshunosllik
asosan ikki bo`limga - agroiqlimshunoslik va tibbiyot iqlimshunosligiga bo`linadi.
Biologik mahsuldorlik, biologik hosildorlik-organizmlar
kompleksi (guruhi, turkumi) da yil davomida to`planadigan organik massalar miqdori.
Biologik mahsuldorlik landshaft tiplarida turlicha bo`ladi. Masalan, biologik mahsuldorlik
o`rmon landshaftlarida gektariga 2450 t dan
3250 t gacha bo`lsa, sho`rxok yerlar
landshaftlarida atigi 60 t ga teng.
Biologik kichik aylanma harakat— landshaft va biogeotsenozlarning o`simlik bilan
tuproq komponentlari o`rtasidagi modda va energiya almashinuvi. Bu modda
almashinuvida kislorod, uglerod va azot ayniqsa ko`p ishtirok etadi.
Biologik massa(biomassa)-odatda
1 .km yer yuzasi yoki 1 m.kub suv hajmiga
to`g`ri keladigan organik moddalar miqdori. Biologik massa g/m.kv yoki g/m.kub
bilan ifodalanadi va quruqlik yuzasi hamda akvatoriyaning biologik mahsuldorlik
darajasini aks ettiradi.
Biostrom- landshaft sferasining tirik organizmlardan
iborat ko`plami. Geografik qobiqning biologik negizi biosfera bo`lsa,
landshaft sferasining biologik negizi biosferadir. Biostromning o`rtacha qalinligi
30-50 m. Bu atamanini fanga F.N.Milkov
kiritgan.
Biosfera (yunoncha bios — hayot, sfera - shar) - Yerning hayotga makon bo`lgan,
tirik organizmlar tarqalgan joyi, qismi. Biosfera atmosferaning pastki qismi
(toposfera)ni, okean, dengiz, ko`l va daryo suvlari (gidrosfera) ni hamda yer po`stining
ustki qismi (litosfera)ni o`z ichiga oladi.
Biota — landshaftdagi o`simlik va hayvonot dunyosi kompleksi.
Biotop, hayot areali—
tabiiy muhit sharoiti bir xil bo`lgan maydon. Masalan, cho`ldagi qumli maydon,
taqir, sho`rxok yer va h.k. Biotop biotsenozning chegarasini belgilaydi. Biotop va biotsenoz birgalikda
biogeotsenozni tashkil etadi.
Bioxor — bir xil biotoplar guruhi. Masalan, gilli, qumli, toshloq, sho`rxok, taqirli
cho`l biotoplari cho`l bioxoriga birlashadi.
Biotsenoz - tabiiy sharoiti bir xil bo`lgan joyda (biotopda) tarqalgan o`simlik hamda
hayvonlar guruhi. Biotsenoz, zootsenoz va fitosenozdan tarkib topadi va muayyan
biotopda tarqaladi.
Biotsikl — Yer sharining hayot sharoiti xususiyatlariga ko`ra ajratiladigan eng
katta qismlari. Jami uch biotsikl ajratiladi: quruqlik biotsikli, quruqlikdagi
suv havzalari biotsikli va okean biotsikli. Biotsikllar, o`z navbatida,
bioxorlarga bo`linadi.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) - yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni
ta’minlash, davlatlarning o`zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945-yilda
tuzilgan xalqaro tashkilot. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan bo`lsa,
1974-yil 1-noyabrda ularning soni 138 ga yetgan. BMTning doimiy ish o`rni Nyu-York. BMT, Ustavda ko`rsatilganidek, xalqaro
tinchlik va xavfsizlikni saqlashi, xalqlarning teng huquqli bo`lishi va o`z taqdirini o`zi belgilashi prinsipiga amal qilib,
millatlar o`rtasida do`stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarii hal etishda
xalqlar o`rtasida hamkorlik bo`lishini
ta’minlashni ko`zda tutadi, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg`unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi.
BMTning asosiy organlari: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va
ijtimoiy kengash, Vasiylik kengashi, BMT qoshidagi Xalsaro sud va BMT Kotibiyati.
BMTning sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki
BMT a’zolari ko`pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus
sessiyalar chaqirilishi mumkin.
Bitumlar (lotincha bitumen - smola, qatron) - tof jinslarining kovak va yoriqlarini
to`ldirib turgan, tarkiban xilma-xil bo`lgan uglevodorodli modda birikmalarining
umumiy nomi. Bitum tabiiy (neft, neft gazi, ozokerit, asfalt) va sun’iy bo`ladi.
«Bichilgan yer» - yorilgan yer. Turli sabablarga ko`ra - tuproqning ortiqcha qurib
ketishi, surilma boshlanishi, yer po`stining gumbazsimon ko`tarilishi, qattiq
zilzilalar natijasida yorilib-yorilib ketgan yer.
Bodxiz - shamol ko`p esadigan yalanglik, sir yer,
balandlik. Bodxizda doimiy oqar suv, daraxt, o`simliklar bo`lmaydi, iqlimi quruq.
Boyitish, foydali qazilmalarni
boyitish - foydali qazilmalarni keraksiz jinslardan va zararli qo`shimchalardan
tozalash maqsadida rudalarga dastlabki ishlov berish. Masalan, Qozog`istondagi Qo`ng`irot
konidagi mis rudasi boyitilganda kvarsning bir qismi ajratib olinadi, qolgan
konsentratda (boy- itilgan rudada) mis miqdori 20% ga yetadi va undan ham oshadi (boyitilmasdan oldin esa
ruda tarkibida mis miqdori atigi 1-2%
dir). Shunday mexanik yo`l bilan boyitilganda minerallar tarkibi o`zgarmaydi,
foydali qazilma keraksiz jinsdan tozalanadi.
Boksit (Janubiy Fransiyadagi Le-Bo degan joy nomidan) - gilnozyom gidrati,
temir okeydi va boshqa komponentlar aralashmasidan iborat cho`kindi tog` jinsi.
Alyuminiy asosan boksitdan olinadi. Boksit konlari Ukraina (Krivoy-Rog)da,
Shimoliy va Janubiy Ural, Sibir, Qozog`istonda bor.
Bolsonlar — Shimoliy Amerikaning janubi-garbiy qismlaridagi tog` oralig`i botiqlari.
Asosan tog` oralig`idagi cho`llarda
tektonika-denudatsiya natijasida vujudga keladi.
Bonitet — tabiiy resurslarni iqtisodiy jihatdan baholashda ishlatiladigan ko`rsatkich.
Dunyo miqyosida qishloq xo`jalik yerlari, tuptoqlar, o`rmonlar va boshqalar
bioniteti yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Landshaft
komplekslari bioniteti yuzasidan ham ilk tadqiqotlar olib borilmoqda. Tabiiy
resurslar bioniteti, odatda, ballar bilan ifodalanadi.
Bora (yunoncha boreas - shimoliy
shamol) - kuchli sovuq shamol, asosan qish oylarida dengiz qirg`oqlarida tog` tizmalaridan esadi. Dengiz havo bosimi
(past bosim) bilan quruqlik havo bosimi (yuqori bosim) orasidagi keskin farq
natijasida hosil bo`ladi. Rossiyada ko`pincha Novorossiysk hududida
kuzatiladi.
Botiq-Yer yuzasining pastga botgan joyi, atrofi
baland, tubi ko`pincha tekis, chuqurligi har xil bo`ladi. Botiq ko`proq
tektonik yo`l bilan vujudga keladi. Diametri o`n va yuzlarcha km ga yetadi (Farg`ona, Sariqamish, Borsakelmas botiqlari).
Dunyo okeani tubida ham botiqlar bo`ladi. Tinch okeanda Mariana (11022 m), Tonga (10882 m) botiqlari bor. Botiq atamasi Mahmud :Koshg`ariyning
«Devonu lug`ot-it turk» asarida qayd qilingan.
Botqoqlik — doimo yoki uzoq vaqt zax bo`lib yotadigan
joy. Botqoqlikda torf qatlami (0,2-0,3 m) bo`ladi,
o`simliklarning ildizlari torf ostidagi gruntga yetib bor- maydi. Torf qatlami
yupqa bo`lsa, botqoqlashgan yerlar deb ataladi. Botqoqlik o`rmoni kesilib
ketgan yoki kuyib ketgan joylarda va o`tloqlarni uzoq muddat suv bosishi, shuningdek,
sayoz suv havzalarini o`t qoplashi natijasida hosil buladi. Botqoqliklarning ko`p
qismi shimoliy yarim sharda joylashgan. Yevropada 0,6 mln km.kv, Osiyoda 1,5 mln. km.kv.
O`rta Osiyo hududida botqoqliklar yirik
daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Chu va Ili daryolari) vodiysida, yoyilmalarning
tevarak atroflarida va pastqam joylarda uchraydi.
Botqoq tuproqlar - namgarchilik ko`p bo`lgan sharoitlarda paydo
bo`lgan tuproqlar. Botqoq tuproqlar tundrada abadiy muzlagan gruntlarga yaqin
yerlarda, taygada va boshqa zonalarda relyefning past joylarida tarqalgan.
Namlikning ko`pligi havo kirishi va tuproqning sha- mollashini qiyinlashtiradi,
organik qoldiqlar parchalanishi va oziqlantiruvchi moddalar harakatini
susaytiradi. Botqoq tuproqlarda kislota ko`p. Botqoq tuproqlar kesmasida ikki qatlam:
torfli, chirindiga boy yuqori qatlam va gley deb ataladigan tilli yoki
kislorodi kam temir birikmalari bo`lgan qumoq tuproqli pastki qatlam ajralib turadi.
Botqoq tuproqlar quritilib agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgandan keyin
unumdorligi oshadi.
Botqoqshunoslik — botqoqlarni ma’lum bir
landshaft tipi sifatida o`rganuvchi ilmiy yo`nalish, ta’limot. Botqoqshunoslik botqoqliklarning
paydo bo`lishi, rivojlanishi, tuzilishi, tarqalishi va ulardan xo`jalikda
foydalanish yo`llarini o`rganadi. Botqoqshunoslik xulosalari botqoqliklarni
quritib, ular o`rnida madaniy landshaftlar bunyod etish muammolarini ishlab chiaishda
muhim ahamiyatga aga.
Boshlangich meridian, nolinchi meridian -
geografik uzunliklarni hisoblashda shartli ravishda boshlang`ich, dastlabki deb
qabul qilingan meridian. Xalqaro kelishuvga ko`ra, Grinvich observatoriyasidan
(London yaqinidan) o`tadigan meridian boshlang`ich meridian deb qabul qilingan
Brekchiya (italyancha brekchiya-parchalanish)- qirrali tosh parchalaridan
iborat sementlashgan tog` jinsi. Bo`lakchalari bir necha sm dan 1-2 m gacha bo`ladi. Vulkanik, chuqindi va tektonik
brekchiyalar uchraydi.
Briz (fransuzcha brise - shabada)
-dengizlar, katta ko`llar, ba’zi yirik daryolar sohilida esadigan mayin
shamollar. Briz quruqlikning suvga qaraganda kunduzi tez isib, kechasi tez
sovishi natijasida quruqlik bilan suv ustidagi havoning haroati va bosimida
tafovut paydo bo`lishi oqibatida vujudga keladi. Briz kunduzi suvdan quruqlikka,
kechasi esa, aksincha, quruqlikdan suvga qarab esadi va qirg`oqning har ikki tomonida
bir necha km dan bir necha o`n km gacha masofada esadi.
Broyler xo`jaligi (inglizcha broyl - qovurmoq)
- fabrika-fermalarda sergo`sht jo`jalar yetishtiradigan xo`jalik.
Buzilgan (akultur) landshaft — inson ta’sirida vujudga
kelgan (antropogen) landshaftning bir turi. Buzilgan landshaft inson tabiiy va
madaniy landshaftlardan nooqilona, noto`g`ri foydalanishi natijasida vujudga
keladi. Masalan, serjar yerlar, qayta sho`rlangan yoki botqoqlangan yerlar,
tuzima qumli yerlar landshaftlari va h.k.
Buzuq yer - foydalanish uchun yaroqsiz, o`r-qir, yer
bedlend. Buzuq yer asosan suv o`tkazmaydigan lyoss, lyossimon gil, gil
jinslarni suv yuvib ketishidan paydo bo`ladi. Ba’zan yurib bo`lmaydigan tik yon
bag`ir ham buzuq yer deyiladi. O`zbekistonda Surxondaryo viloyatining Boysun,
Sherobod tumanlarida, Samarqand viloyatidagi Oqtog`ning janubiy yon bag`rida.
Turkmanistonda Kopetdog`ning g`arbiy yonbag`rida uchraydi.
Bulduruq - yog`inlarning bir xili. Ayoz, sovuq kunlari
yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil bo`ladi.
Bulduruq yumshoq muz kristali
yoki donachalari shaklida yog`adi. Izg`irin paytlarida daraxt shoxlari va
simlarda ham bulduruq paydo bo`ladi.
Buloq - yer osti suvlarining yer yuzasiga tabiiy holda
chiqishi. Buloq suvli qatlamlar yer yuzasiga chiqib qolgan joylarda-vodiylar,
soylar, jarlar, tog` yon bag`irlari,
tog` etaklarida chiqadi. Buloqlar bosimli
va bosimsiz bo`ladi. Bosimsiz buloqlar mahalliy suvlarning singishidan vujudga
keladi. Bosimli buloqlar suv o`tkazmaydigan qatlamlar tagidagi suvli qatlamlardan
chiqadi. Doimiy muzloq yerlarda, qurgoqchil o`lkalarda mavsumiy buloqlar bo`ladi.
So`nmagan vulkanlar bo`lgan, yer ostidan chiqqan jinslar hali sovib ulgurmagan
joylarda issiq buloqlar chiqadi. Issiq buloqlar suvida turli tuzlar, elementlar
erigan bo`ladi. Bular mineral buloqlar deyiladi. (Toshkent, Chortoq, Obigarm
va boshqa mineral suvlar).
Bulut — suv bug`lariga to`yingan, havo soviganda
ajralib chiqqan nihoyatda mayda suv tomchilari va muz kristallarining
atmosferadagi to`plami.
Patsimon bulutlar oq tolalar yoki patlar shaklida bo`ladi. Havo harorati 0 darajadan past bo`lganda 10-12 km balandlikda
paydo bo`ladi; mayda muz kristallaridan iborat.
To`p – to`p bulutlar oppoq paxta xirmonlariga o`xshaydi. 10 km gacha bo`lgan balandlikda uchraydi. Bunday bulutlar
yoyilganda past tomoni qoramtir bo`ladi va yomg`irli to`p-to`p
bulut deb ataladi.
Qat-qat bulutlarpast bo`lib, havo ayniganda butun osmonni qoplab oladi va balandligi 2 km dan
oshmaydi.
Burmali tog`lar – tog` jinslari qatlamlari burmalarga bukilgan va yer po`stining
vertikal harakat qilishi natijasida tevarak atrofdan baland ko`tarilib qolgan
tog`lar.
Burun, tumshuq - quruqlikning okean, dengiz, ko`llarga eng ko`p turtib kirgan uchli qismi.
Burchoq – yomg`irli to`p-to`p
bulutlardan yog`adigan qattiq qor donachalar. Shakli yapasqi yumaloq,
konussimon bo`ladi. Harorat uncha sovuq bo`lmagan, ya’ni 0 darajaga yaqin vaqtlarda yog`adi. Ba’zan sirtini yupqa
muz qoplagan bo`ladi. Sovuq havoda nam kam bo`lganligidan burchoq ko`p yog`maydi
va qisqa muddatda o`tib ketadi.
Buxta (nemischa buxt) - okean, dengiz yoki ko`lning quruqlikka yorib
kirgan yoki orollar bilan o`ralgan bir qismi. Odatda kema to`xtab turishi uchun
qulay bo`ladi.
Ber do`nglari – Kaspiybo`yi
pasttekisligida deyarli geografik kenglik bo`ylab cho`zilgan, bir-biriga parallel
do`nglar. Bu dunglarning balandligi 10-45 m, eni 200-300 m, oralig`i 1-2 km, uzunligi
25 km gacha. Birinchi marta akademik
K.M.Ber tasvirlab yozgani uchun uning nomi bilan ataladi.
Bo`z yer - haydalmagan, ishga solinmagan yer. Ba’zan bo`z yer qo`riq yer deyiladi.
Bo`z suv - loyqa, sariq tusli suv. Daryo yumshoq jinslarni, ayniqsa lyossni,
lyossimon gilni yuvib oqqanda, uning suv yig`adigan havzasida shiddatli yomg`irlar
yoqqanda suv bo`z rangda bo`ladi. Ba’zan geografik nom sifatida ham qo`llaniladi.
Masalan, Bo`zsuv.
Bo`z tuproq – O`rta Osiyo res- publikalarida dengiz sathidan 300-1600 m
balandlikdagi tog` etaklari tekisliklarida ko`p uchraydigan tuproq. Asosan,
lyoss, lyossimon yotqiziqlar, shuningdek, chag`irtoshli, shag`alli prollyuvial hamda
delyuvial cho`kindilar ustida paydo bo`lgan. Bo`z tuproq uch xil - och tusli,
tipik va to`q tusli bo`ladi.
Och tusli bo`z tuproq dengiz sathidan 300-700 m, ayrim yerlarda 1000-1100 m balandlikda uchraydi. Mirzacho`l,
Nurota, Zarafshon, Hisor tog` tizmalarining
qiya tekisliklari, Farg`ona vodiysidagi adirlar, Qashqadaryo, Surxondaryo va
Vaxsh daryolari vodiylarida ko`p. Bu tuproqda chirindi kamroq (1,50%). Tipik bo`z tuproq dengiz sathidan 1200 m gacha balandlikda bo`lib, asosan, Aris, Keles, Chirchiq
va Ohangaron daryolarining yuqori qismi, Farg`ona vodiysi, Zarafshon tog` etagi
tekisliklari, Kitob - Shahrisabz tog` oralig`i, Surxondaryo, Kofirnihon, Vaxsh
vodiylarining yoqori qismlari va Kopetdog`ning tog` etagi qiyaliklarida ko`p
uchraydi. Chirindisi 3% va undan ko`proq.
To`q tusli bo`z tuproq dengiz sathidan 1400 m gacha balandlikda joylashgan bo`lib,
Turkiston, Oloy, Nurota va Zarafshon tog` tizmalarida ko`p uchraydi. Bu tuproq Chimkent, Chirchiq
va Ohangaron vodiylarining sug`oriladigan yuori qismlarida, Sharqiy Farg`onada
ko`p uchraydi. Hisor vodiysida esa kam, chirindi 3-4%. Bo`z tuproqga organik va
mineral o`g`itlar solish yaxshi natija beradi.
Bo`yin - quruqlikning ikki katta qismini, masalan, ikki qit’ani bir-biri bilan
(Suvaysh bo`yni), qit’ani yarim orol bilan (Perekop, b) tutashtirib turadigan
yoki ikki suv havzasi o`rtasida bo`lgan uzun, tor quruqlik yer.
Bo`ktar - geografik atama. Ba’zi bir turkiy tillarda, chuninchi
qirg`iz tilida, shuningdek, o`zbek tilining bir qancha shevalarida, masalan,
Zomin, G`allaorol tumanlarida tog` etagi bo`ktar
deyiladi. Bu atama Mahmud Koshg`ariyning «Devonu lug`otit turk» asarida ham qayd
qilingan va hozir joy nomlari tarkibida uchraydi. Masalan, Zomin tumanida Bo`ktar
– degan yo`l bor.
Bo`r — cho`kindi tog` jinsi. Mayda zarrali, oq rangli yumshoq ohaktosh. Bo`r,
asosan, kalsitdan va organizmlarning ohakli skletlaridan tuzilgan. Bo`rdan
oynasozlikda, sement ishlab chiqarishda, qand, rezina, qog`oz, metallurgiya va kimyo
sanoatlarida, tibbiyotda va parfyumeriya sanoatida foydalaniladi.
Bo`ron - tezligi sekundiga 20 m dan
ortadigan juda kuchli shamol. Bo`ronlar odatda siklonlarning salqin frontida,
antitsiklon chekkalarida ro`y beradi. Dengizda kuchli tulqinlarga, cho`llarda qum,
chang ko`chishiga sabab bo`ladi, qishda ko`p miqdorda qorni uchirib yuradi. Xalq
xo`jaligiga ba’zan ancha zarar yetkazishi mumkin.
Bo`rma, bo`rtik - relyefning atrofdan ko`tarilib
turgan, qavariq shakli, tepa, do`ng, qir va b. Magmaning cho`kindi qatlamlar
orasiga kirib yuoridagi qatlamlarni ko`tarishidan (intruziv layukolit),
doimiy muzloq o`lkalarda qatlamlar orasida suv muzlab, yuza qatlamlarning ko`tarilib
qolishidan (gidrolakkolit), yumshoq jinslar yuvilib ketib, qattiqroq jinslar saqlanib
qolishidan paydo bo`ladi.
Bo`sag`a – O`rta Osiyo va Qozog`istonda
tog` oldi, tog` etagida joylashgan qir, do`nglar. Nomlar
tarkibiga ham kirgan: Bo`sag`atog`, Bo`sag`aadir. Daryolardagi ostona, ostonatosh.
Bo`ston - odamning mehnat faoliyati natijasida bunyod
etilgan obod, serbog`, «gullagan» joy.
Bo`sqiya - nurash, yumshoq jinslarning yuvilib ketishi natijasida hosil bo`lgan
yalang`och, tik qoya.
Bo`o`m – Qirg`iziston, Oltoy, Sibirda dara, daryoga tik tushgan qoya, baland
tik qoya tosh yon bag`ir (Bo`o`m darasi).
B
Bazalt– vulqon tog` jinsi.
Bazis asbobi – uzunliklarni o`lchovchi asbob.
Bayir– qumli cho`llarda shamollar oqibatida paydo bo`lgan botiq joylar.
Baken– suv betida qalqib yuradigan belgi, kemalar harakatiga xavf soladigan joylar va kemalar o`tishi uchun qulay joylarni ko`rsatish uchun qo`yiladi.
Bankrotlik– sinish fuqoro, korxona, firma yoki bankning mablag` yetishmasligidan o`z majburiyatlari bo`yicha qarzlarni to`lashga qurbi yetmasligi.
Balandlik koordinatasi – yer yuzasidagi nuqtalarining boshlang`ich deb qabul qilingan dengiz sathiga nisbatan balandligi.
Balandlik mintaqalari – tog`larga ko`tarilgan sari tabiat va iqlimning o`zgarib borishi.
Balandlik tayanch nuqtalari – joyda o`rni maxsus belgi bilan belgilanib, mutlaq balandligi juda aniq topiladigan nuqtalar.
Balasomer– yer sirtini yoki atmosferadagi istalgan nuqtaning radiatsiya balansini o`lchovchi asbob.
Baliqchilik pitomnigi – yosh baliqlar yetkazib beradigan korxona.
Balchiqli vulqon – vaqti-vaqti bilan balchiq, qaynoq suv, gaz va kam miqdorda neft maxsulotlari aralashmalari chiqarib turuvchi vulqon.
Bandar– daryo va dengizda kema to`xtaydigan joy.
Baralef– joy (obyekt) qalinligining yarmidan ko`ra ko`prog`i qavariq qilib tushirilgan tasviri.
Barik maydon – havo bosimini atmosferada taqsimlanish shakli.
Barion yulduzi – o`ta zich osmon jismi. Og`ir elementlar zarralaridan tashkil topgan.
Barisfera– yerning ichki qismi. Markazi og`ir o`zak va uni o`rab turgan 1700 km qalinlikdagi ruda qobig`idan iborat.
Barograf– atmosfera bosimini uzluksiz yozib olishda mo`ljallangan asbob.
Barometr– atmosfera bosimini o`lchaydigan asbob.
Barxan– cho`llardagi ko`chma qumtepa. Shamol ta`sirida bir yerdan ikkinchi yerga ko`chib yuradi.
Bazalt - vulqon otilishidan hosil bo`lgan tog` jinsi
Batial hududi – dunyo okeanlarining sayoz va chuqur qismlari oralig`idagi joy.
Batial yotqiziqlari – dengiz va okean cho`kindilari materik yon bag`rida yoki shelf hududida yig`iladi.
Batiskaf– shuqur suv ostida yuradigan apparat. Tadqiqotlar uchun ishlatiladi. Yunoncha chuqurlik kemasi.
Batisfera– dengizni chuqur yerlarida tadqiqot ishlarini olib borishda ishlatlidigan silindr yoki sharsimon po`lat kema.
Batolit– granit tarkibli magmatik tog` jinslarining katta hajmga ega bo`lgan joylanish shakli.
Batometr– suvning kimyoviy tarkibini va haroratini aniqlash maqsadida dengiz, ko`l va daryolarning turli chuqurligidan namuna oladigan asbob.
Bahrali nam – tuproqdagi namning o`simlik tomonidan o`zlashtira olinadigan qismi.
Barxan - o`simlik bilan qoplangan ko`chma qum do`ngi. Shamol ta`sirida bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yuradi.
Berk ko`llar – suvi oqib chiqmaydigan ko`llar.
Berk o`lka – oqar suvlari ichki dengiz yoki okeanga borib quyilmaydigan o`lka.
Berk havza – suvi okean yoki dengizlarga oqib chiqmaydigan daryo yoki ko`l havzalari.
Betaraf hudud – manfaatdor davlatlar o`rtasida tuzilgan shartnomaga binoan harbiy harakat maydoniga aylantirilmaydigan hudud.
Biogeografiya– organizmlarni yer yuziga geografik tarqalishini umumiy qonuniyatlarini o`rganuvchi soha.
Biotop - yabiiy sharoiti deyarli bir xil bo`lgan va shu sharoitga moslashgan hayvonlarning muayyan kompleksi yashaydigan joy (masalan, ko`l, tayga, botqoqliklar). Bir-biriga yaqin bo`lgan biotoplar gruppasi birlashib Bioxorni tashkil etadi (masalan, masalan, o`rmonlar, cho`llar, tundra). Bioxorlar esa, o`z navbatida, yanada kattaroq bo`lak - Biosiklni hosil qiladi. Yer sharida uchta biosikl- quruqlik, dengiz va ichki suvlar biosikllari mavjud.
Biotsenoz - bir joyda paydo bo`lgan va bir-biri bilan aloqada rivojlangan hayvonlarning, mikroorganizmlarning va o`simliklarning barqaror turkumi.
Brekchiya - har-xil katta-kichiklikka ega qirrali tog` jinslarining sementlashishidan hosil bo`ladi.
Briz– dengiz, katta ko`llar, ba`zi yirik daryolar sohilida esadigan mayin shamol. Ular kunduzi suvdan quruqlik tomon, kechasi quruqlikdan suv tomon esadi. Yunoncha "shabada” degani.
Buzuq yer – foydalanish uchun yaroqsiz o`rqir yer. Asosan suv o`tkazmaydigan gil jinslarni suv yuvib ketishidan paydo bo`ladi.
Bulduruq– atmosfera yog`inlarining bir turi. Sovuq kunlar yoki tuman paytlarda nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil bo`ladi. Daraxt shoxlari va simlar oq ko`rinish oladi.
Buloq– (chashma) yer osti suvlari tabiiy holatda yer yuziga chiqib turadigan suvlar.
Burmalanish fazasi – geosinklinal hududlarda qatlamlarning egilishi va ularda darz, uzilmalar paydo bo`lishi.
Burg`i– tog` jinslarini portlatishda portlovchi moddalarni joylash uchun chuqurcha va kovaklar burg`laydigan asbob.
Burun– quruqlikni dengiz, okean, ko`llarga eng ko`p turtib kirgan qismi.
Bussol– magnit meridiani bilan biror narsaga yo`nalgan chiziq orasida gorizantal burchaklarni o`lchashda ishlatiladigan geodeziya asbobi.
Bef– daryodagi ikki qo`shni to`g`on yoki shlyuz o`rtasidagi oraliq.
Bo`z yer – haydalmagan, ishga solingan yer (qo`riq).
Bo`z tuproq – dengiz sathidan 300-1600 metr balanddagi tog` etaklari teksliklarida uchraydigan tuproq.
Boj– bir davlat tomonidan ikkinchi bir davlatga to`lanadigan maxsus to`lov.
Bosh meridian – Londonning Grinvich observatoriyasidan o`tgan meridian deb qabul qilingan.
Bosim– biror jism sirtiga tik yo`nalishda ta`sir qiladigan havo intensivligini ifodalovchi miqdor.
Bergshtrix– yer yuzasi qaysi tomonga qiya bo`lsa, gorizontallarga qiya tomonni ko`rsatuvchi chiziqcha.
Briketlash– chang holatdagi (ko`mir kukun, torf) xom ashyoni bosim ostida yoki bog`lovchi moddalar qo`shish yo`li bilan yiriklashtirish natijasida hosil bo`lgan maxsulot.
Bo`ron– kuchli shamol. Siklon va antisiklonlar bilan bog`liq shamol.
Bo`g`oz– okeanlar, dengiz, ko`llarning ayrim qismlarini bir-biri bilan qo`shib turadigan kambar suv yo`li.
Bandlik– ijtimoiy mehnatga qobilyati bo`lgan aholi darajasi.
Biznes– foyda beradigan iqtisodiy faoliyat, har qanday daromad yoki boshqa foyda keltiradigan istalgan faoliyat turi.
Bojxona– Tovar, maxsulotlarning eksporti va importi operatsiyalarini nazorat qiluvchi va boj to`lovlarini to`plovchi tashkilot.
Bozor iqtisodiyoti – uning faoliyat ko`rsatishi uchun dastavval mulkchilikning xilma-xil shakllarini ro`yobga chiqarishni va bozor infrastrukturasini vujudga keltirishni talab etadigan tizim.
Benton– okeanlar tubida yashaydigan o`simlik va hayvonlar guruhi.
Bedlend - (nemischa yomon yer) yaroqsiz yerlar. Mamlakat yoki muayyan hududda ishlov berishga yaroqsiz, buzilgan yerlar.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!