Chala
cho`llar - quruq iqlim sharoitida tarkib topgan, mo`tadil mintaqada
dashtlar bilan cho`llar orasida joylashgan tabiat zonalari. Iqlimi quruq
kontinental; yog`ingarchilikka (300 mm)
nisbatan potensial, bug`lanish 5-6 marta ko`p; daryolar juda kam. Tuproqlari: och kashtan, qo`ngir, buztuproq; chirindisi kam (2-4%), sho`rlangan
yerlar ko`p. O`simliklari: shuvoq, sho`ralar, chim hosil qiladigan boshoqlilar, namgarchilik tanqisligiga moslashgan, past bo`yli
chala bo`talar. Hayvonlari: kemiruvchilar (yumronqoziq, qo`shoyoq, olaxurjun),
yirtqichlar (qarsak tulki), sudralib yuruvchilar (toshbaqa, ilonlar).
Changal
(changalzor) - daryo bo`ylaridagi, ayniqsa uning qayir va quyi terrasalaridagi
o`tish qiyin bo`lgan bo`tazor - o`rmonlar.
Jangal shaklida ham talaffuz qilinadi.
Chashma- yer osti suvlari yer yuziga oqib chiqadigan joy, buloq. Ko`pincha jilgalarga suv beradigan buloqlar
chashma deyiladi.
Chag`irtosh- qirrali parcha toshlar sementlashib hosil bo`lgan
tog` jinsi (brekchiya).
Chekka dengizlar -
materiklarga yondashib turgan va okeandan yarim orollar va orollar bilan bir
oz ajralgan dengizlar. Chekka dengizlar odatda materik sayozligida va materik
yonbag`rida bo`ladi. Barens, Kara, Sharqiy Sibir, Chukotka, Laptevlar,
Norvegiya, Bellinsgauzen dengizlari chekka dengizlardir.
Chet el investitsiyalari – iqtisodiyotning sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va boshqa tarmoqlariga chet el mulkdorlari kapitalining uzoq muddatga qo`yilishi.
Chilla (forscha - tojikcha chil- qirq)
- qishning va yozning o`rtasidagi qirq kuni. Qishda 26-dekabrdan 5-fevralgacha
va yozda 26-iyundan 5-avgustgacha o`tgan davr chilla deyiladi.
Chink -
1) qir va balandliklarning, supatog`larning tik tushgan baland (350 metrgacha)
yonbag`ri. Qozoq va qoraqalpoqlar shing, qirgizlar ching deyishadi. Chinklar
oldida ko`pincha pastliklar bo`lib,
sho`r, botqoq bosgan bo`ladi. Masalan, Ustyurt, Mang`ishloq chinklari; 2) cho`qqi,
tog` tepasi, kimsasiz qor bosgan tog`lar.
Chirik tosh -
nurab turli shakllarga kirib qolgan
tosh. Chirik toshlar cho`tir-cho`tir, chandi, tosh ustun va h.k. shakllarida bo`lishi
mumkin.
Chirindi -
tuproqning to`q jigar rangdagi
organik qismi. Tuproqlar unumdorligi
chirindining miqdori va sifatiga bog`liq. Ch.irindi o`simlik hayvon va
mikroorganizm qoldiqlaridan iborat bo`lib, nuragan tog` jinslarining mineral
zarralari bilan aralashib, kimyoviy jihatdan birlashib ketadi. Chirindi
tarkibida o`simliklarning oziqlanishi uchun zarur bo`lgan azot, fosfor,
oltingugurt kabi asosiy elementlar bo`ladi.
Chiqish -
Quyosh chiqar tomon, sharq.
Chig`ir, chiyir –
to`qay chetidan o`tgan, to`qay o`rtasidan ochilgan, qordan o`tkazilgan yo`l.
Chopqun yog`in -
qor va yomg`irning aralash yog`ishi.
Chorvachilik –
qishloq xo`jaligining chorvachilik mahsulotlari yetishtirish maqsadida chorva
mollari urchitish bilan shug`ullanadigan tarmog`i. Chorvachilik aholini oziq-ovqat
(sut, go`sht, yog`, tuxum
va b.), yengil sanoatni xom ashyo (jun, xom teri, sil va b.) bilan
ta’minlaydi, ot-ulov (ot, eshak, ho`kiz, xachir, bug`u, tuya) va organik o`g`it
(gung) yetkazib beradi. Parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik,
darrandachilik ham chorvachilikka kiradi.
Chuv -
daryo, soy, oqin suv.
Chuvoq -
kungay, oftobro`, oftobi atamalarining sinonimi.
Chuqurlik mintaqalari -
Dunyo okeanida suv osti landshaftlarining chuqurlik ortgan sari almashina
borishi natijasida hosil bo`ladi. Chuqurlik ortgan sari suvning harorati,
yoritilish darajasi, fizik-kimyoviy xossalari, suvdagi organik hayot o`zgara
boradi. Dunyo okeanida quyidagi chuqurlik mintaqalari ajratiladi:
1)
qirg`oq bo`yi yoki suv osti o`simliklari
mintaqasi;
2)
suv osti faunasi ustun
turuvchi shelf mintaqasi;
3)
materik yonbag`ri yoki okean
chala cho`llari mintaqasi;
4)
okean havzalarining tubi yoki
okean sovuq sahrolari mintaqasi.
Cho`kindi jinslar -
oldindan mavjud bo`lgan magmatic, metamorfik va boshqa tog` jinslarining
yemirilib quruqlikda yoki suv havzalarining tubida to`planishidan paydo bo`lgan
tog jinslari. Cho`kindi jinslar qat-qat va g`ovak bo`lib, ularda hayvon va o`simlik
qoldiqlari uchraydi. Dona-dona (chaqiq), gilsimon, kimyoviy va organogen cho`kindi
jinslar bo`ladi. Dona-dona (chaqiq) cho`kindi jinslar turli xil qattiq tog` jinslarining parchalaridan
iborat bo`ladi (mayda va yirik shag`al, qum). Konglomerat va qumtosh ham
dona-dona cho`kindi jinslardan tarkib topgan. Turli xil gillar gilsimon cho`kindi
jinslardir. Kimyoviy cho`kindi jinslar xilma-xil moddalar suvli eritmalarining
cho`kishidan vujudga keladi: tuzlar, gips, dolomit. Organogen cho`kindi
jinslar o`simlik va hayvon qoldiqlarining to`planishidan paydo bo`ladi (boksit,
ko`mir, yonuvchi slanets, bo`r, torf, bitum va b).
Cho`l - 1)
mo`tadil, subtropik, tropik mintaqalardagi juda qurg`oqchil kontinental
iqlimli tekislik yerlar. Yillik yog`in miqdori odatda 200 mm
dan oshmaydi. Potensial bug`lanish juda katta - ba’zan yog`indan 10-15 hissa ko`p.
Mahalliy doimiy oqar suv butunlay yo`q. Suvsiz yoki qor tez eriganda suvga to`ladigan
quruq o`zanlar uchrab turadi. Yer osti suvlari chuqurda va sho`r bosgan (asosan
xlorid tuzli). Tuprog`i unumsiz, qatlami
yupqa. O`simliklari juda siyrak bo`ta, o`tlardan iborat (saksovul, yulg`un, qo`uyonsuyak,
cherkes, yantoq, sho`ralar, efemer va efemeroidlar, semizo`tlar). O`simliklar ko`pincha bargsiz, mayda bargli, sertuk,
ildizi uzun bo`ladi. Hayvonlari ham o`ziga xos. Suv qidirib uzoqqa bora
oladigan chopqir (sayg`oq, qulon) yoki o`simlik tarkibidagi suv bilan
kifoyalanadigan (toshbaqa), yemishidagi suvga qapoat qiladigan (ilonlar), hayvonlardan va parrandalardan iborat. Ba’zi hayvonlar
issiq yoz vaqtida uyquga ketadi, ba’zilari faqat tunda tirikchilik qiladi. Cho`ldarda
yerlarni sun’iy sug`oribgina dehqonchilik qilish mumkin. Toshloq, gilli, shag`alli,
qumli, sho`rxok cho`llar bo`ladi; 2) o`simlik kam, daraxt yo`q, kimsasiz keng
joylar.
Cho`l
tiplari - cho`llarning landshaft xususiyatlariga ko`ra xillari.
Cho`l tiplarini ajratishda tuproq-grunt qoplami yetakchi rol o`ynaydi. O`rta
Osiyo cho`llari quyidagi asosiy tiplarga bo`linadi: 1) qumli cho`llar; 2) gilli
cho`llar; 3) gipsli cho`llar; 4) lyossli cho`llar; 5) taqirlar; 6) sho`rxok cho`llar.
Cho`l kuyugi – himoya po`sti - cho`l va dashtlarda tog` jinslari yuzasini qoplagan to`q qo`ng`ir – qora tusdagi yaltiroq yupqa qobig`i.
Cho`qqi– tog`, tepa,
qirlarning baland, nayzasimon o`tkir, ko`pincha
kristalli qattiq toshlardan iborat
qismi. Tog`larning ba’zi eng baland qismi uchli bo`lmasa ham
cho`qqi deyiladi. Dunyodagi eng baland cho`qqi Jomolungma
8848 metr Himolay tog`larida joylashgan.
Cho`qo`lak- cho`llarda bo`ta, o`tlar atrofida to`planadigan qum
do`ngchasi; Cho`qo`laklar bir-birlari bilan qo`shilib,
kichik-kichik qum homalarini (gryadalarini) hosil qiladi.
Cho`qqi – tog`, tepa, qirlarning baland, nayzasimon, o`tkir, ko`pincha qattiq kristall, qattiq toshlardan iborat qismi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!