Mavj
(to`lqin) - suv yuza qismining havo bosimining o`zgarishi, shamol, yer qimirlashi,
suv qalqishi natijasida ro`y beradigan tebranma haarakati. Mavj suv yuzasida
ketma-ket keladigan marza va ular orasidagi botiqlardan iborat. Mavjning eng
past qismi mavj etagi, eng baland qismi mavj yo`li yoki qirrasi, eng baland qismi
bilan eng past qismi orasidagi tik balandlik mavj balandligi, bir yo`li bilan
ikkinchi yo`li yoki bir etagi bilan ikkinchi etagi orasidagi masofa mavj
uzunligi deyiladi. Mavj ma’lum vaqt mobaynida (masalan, bir soniyada) o`tgan
masofa mavj tezligi deyiladi. Mavj balandligi okeanlarda 15 m
ga, dengiz zilzilasi vaqtida 50 m gacha
yetishi mumkin. Mavj uzunligi 250 m
gacha boradi.
Mavze- joy. Shaharning ayrim nomlar bilan yuritiladigan qismlari. Masalan, Ko`kcha
mavzei, Bo`rjar mavzei.
Mavsum- 1) fasl, yil fasli. Mavsum iqlimi, astronomic, fenologik belgilariga qarab ajratiladi.
Iqlimiy yoki sinoptik mavsum astronomik faysllarga to`g`ri kelmaydi. O`rta mintaqada,
jumladan, O`zbekistonda to`rtta
mavsum - bahor, yoz, kuz, qish ajratiladi 2) biror ish bajariladigan davr. Masalan,
chigit ekish mavsumi, baliq ovlash mavsumi, paxta terish (o`rim-yig`im)
mavsumi.
Mavsumiy shamollar -
fasldan faslga o`z yo`nalishini o`zgartiradigan shamollar. Quruqlikning yilning
issiq faslida tez isib, havo bosimining keskin kamayishi va ayni paytda
okeanlarda salqinroq bo`lib, havo bosimining kattaligi natijasida quruqlik
bilan okean o`rtasida esib turadi. Qishda quruqlikdan okeanga, yozda okeandan quruqlikka
tomon esadi. Mavsumiy shamollar hukmron o`lkalarda (Sharqiy, Janubiy Osiyo,
Janubi-Sharqiy Avstraliya va h.k.) qishning qurg`oqchil, yozning sernam
kelishiga sabab bo`ladi.
Magistral (lotincha
magistralis - asosiy) - 1)
asosiy yo`nalish, yo`llardagi asosiy liniya (temir yo`l magistrali, suv
magistrali); 2) katta shaharlardagi serqatnov keng ko`cha; 3) elektr tarmog`i, telegraf
va telefon aloqadagi asosiy kabel sim; 4) kanalizatsiya, vodoprovod yoki gaz
tarmog`idagi asosiy quvur; 5) sug`orish tarmog`ida suv havzasi, daryo, kanaldan
sug`oriladigan yerlarga suv oqadigan asosiy taqsimlash kanali.
Magma (yunoncha magma -
quyuq moy) -yer qa’rida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo`lgan
olovsimon suyuq modda. Magma yer qa’ridan ko`tarilayotganda tarkibiy qismlarga
ajralib qavatlanib tarkibidagi uchuvchan moddalar yo`qoladi, natijada turli
tarkibli intruziv, effuziv va tomir jinslar hosil bo`ladi. Magma – yer qa`rida murakkab fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo`lgan olovsimon suyuq modda.
Magmatik
tog` jinslari - magmaning sovishi va kristallanishidan
hosil bo`lgan tog` jinslari. Sovish sharoitiga qarab megmatik tog` jinslari
ikkiga bo`linadi. Effuziv jinslar -
lavaning yer yuzasida sovishidan, intruziv jinslar -
magmaning yer po`stida sovishidan hosil bo`lgan magmatik tog` jinslari.
Intruziv jinslar juda sekin sovib, to`la kristallanadi. Effuziv jinslar tez
sovishi natijasida shishasimon tuzilishga ega bo`ladi.
Magnezit (Bolqon yarim orolidagi Magneziya o`lkasi nomidan) - magniy,
uglerod va kisloroddan tarkib topgan oq yoki kul rang mineral. O`tga chidamli g`isht, sement
tayyorlashda, qog`oz, qand ishlab chiqarishda ishlatiladi. Uralda, Sharqiy Sibir,
Uzoq Sharqda, Xitoy, Avstriya va Kanadada konlari bor.
Magnetit- temirning keng tarqalgan
minerali. Temir rudasining eng muhim minerallaridan biri.
Magnit anomaliyasi – ko`p miqdorda temir rudasi bo`lgan yerlarda
yer yuzasining biron qismida magnit og`ishining keskin
o`zgarishi. Kursk magnit anomaliyasi ayniqsa
mashhur.
Magmatizm– magmani suyulib, yuzaga chiqib boshqa tog` jinslari bilan aralashuvi va qotishi.
Magnit anamaliyasi – yer magnit maydonining o`zgarishi.
Magnit kompas – magnit meridian bo`yicha yo`nalishni aniqlashda ishlatiladigan asbob. Yer magnit qutblariga nisbatan yo`nalishini aniqlaydi.
Magnit meridian – yer magnit maydonining kuch chiziqlari bo`ylab yo`nalgan to`g`ri chiziq.
Magnit ekvator – yer sirtiga o`tkaziladigan shartli chiziq. Yer magnit yarim sharini teng ikkiga bo`ladi.
Magnitograf– yer magnit maydoni o`zgarishlarini uzluksiz qayd etib boruvchi asbob.
Magellan bulutlar – Quyosh o`z ichiga oluvchi yulduzlar sistemasiga yaqin joylashgan ikki yulduz majmuasi.
Mador- tropik atamasining eskirgan nomi; Masalan, madori
saraton - saraton tropiki, madori jad - jadi, tropigi, mador o`rmoni - tropik o`rmon.
Maydon- ochiq, tekis joy, dala yer. O`rmon orasidagi daraxtsiz
sayhon yer, tog`lardagi tekis joylar, shaharlarda ma’lum maqsadda (bozor,
yig`ilish, ko`rgazma joyi) ajratilgan
yalang yer. Joy nomlari tarkibida ham uchraydi: Maydontol, Maydon qishlog`i.
Makvis,
makkiya - qattiq bargli, tikanli doim yashil bo`ta
va daraxtchalardan iborat chakalakzorlar. Makvis, ko`pincha, O`rta dengiz mamlakatlari tog`larining O`rta qismlariga
(700 m gacha) xos, o`tib bo`lmas bo`tazorlar
hosil qiladi. Makvis tagida bir yillik o`tlar o`sadi. Ko`pchilik o`simliklar
tarkibida o`tkir hidli efir moylari bor.
Makon- joy. Biror tur hayvon yashaydigan, o`simlik o`sadigan
joy. Bioxor, biotsenoz atamalariga yaqin keladi. Masalan, tungiz makoni – to`qay,
sherlar makoni - changalzor.
Makroiqlim (yunoncha makros - ulkan) - katta hududlar:
geografik zonalar, materiklar va okeanlar, hatto, butun Yer shari ayrim qismlarining
iqlimi. Mikroiqlimdan farq qilib, mahalliy
iqlim, mikroiqlim - kichik hududlarning
iqlimidir.
Makrolandshaft
- yirik tabiiy geografik birliklar - o`lkalar,
zonalar, provinsiyalar va okruglar landshafti. Masalan, Ustyurt platosi
landshafti, Qoraqum landshafti, o`rmon landshafti va h.k.
Makroreylef- yirik reylef shakllari: tog` tizmalari,
yassi tog`liklar, pasttekisliklar.
Yer yuzasi katta qismlarining umumiy qiyofasi makrorelyefga bog`liq bo`ladi.
Manba- daryo suv oladigan joy, daryo boshlanadigan joy:
muzlik buloq, chashma.
Mangro o`rmonlari - tropiklarning dengiz suvi ko`tarilganida suv bosadigan
botqoqli qirg`oqlaridagi doim yashil o`rmonlar. Asosan, doimiy yashil bo`ta va
past bo`yli (5-10 m) daraxtlardan
iborat. Daraxtlarning ko`pdan-ko`p ildizlarni tirgovuchga o`xshab ushlab
turadi. Mangro
o`rmonlari- Afrikaning sharqiy sohillarida, Madagaskarda, Seyshel, Maskaren
orollari, Janubiy Osiyo (Malayya arxipelagida) va Avstraliyada, Afrika,
Markaziy va Janubiy Amerikaning Atlantika sohillari va boshqa yerlarda ko`p.
Mangu
tung yer - abadiy, ko`p yillik muzloq yer.
Mangu
qor - yil bo`yi erimay yotadigan qorlar. Issiq va mo`tadil o`lkalarda
baland tog`larda, qutbiy o`lkalarda esa tekisliklarda ham uchraydi.
Mansab- daryolar quyiladigan joy; okean, dengiz, ko`l, boshqa
bir daryo mansab bo`lishi mumkin.
Mantiya,
Yer mantiyasi -
yer po`sti bilan o`zagi (yadrosi) orasida joylashgan qatlam. Qalinligi 2865 km -
yer yuzasidan taxminan 35 km
dan boshlanib 2900 km chuqurlikkacha
davom etadi. Mantiyada moddaning zichligi 3,3 g/sm.kub
dan (yuqori qatlamlarda) 5,7 g/s,.kub
gacha (yadro bilan chegaradosh zonada). Mantiyaning kimyoviy tarkibi - tosh
meteoritlar va ultra asosli otqindi tog` jinslari (periododit, dunit) tarkibiga
yaqin deb hisoblanadi. Ayrim suyuq magma uchoqlarini hisobga olmaganda, mantiyada
modda qattiq holatdadir.
Marganets
rudalari - tarkibida marganets bo`lgan mineral
birikmalar. Marganets qo`shilsa, po`lat bilan cho`yan bolg`alanuvchan va qattiq bo`ladi. Marganets rudalarining
90% idan kuprog`i qora metallurgiyada, qolgan
qismi kimyo sanoati va boshqa sohalarda ishlatiladi. Marganets ruda konlari Hindiston,
Braziliya, JAR, Marokash, Gabon, XXR, Ruminiya, Vengriyada topilgan.
Marjon- issiq o`lkalardagi dengizda yashovchi hayvonlar. Ularning
qoldiqlari yig`ilib, marjon orollarini hosil qiladi. Marjonlar suv harorati
+20 darajadan past bo`lmagan, sayoz, katta to`lqinlar bo`lmaydigan dengizlarda
yashaydi. Shu sababli marjon faqat ekvatorial
hamda tropik o`lkalardagina uchraydi.
Marjon
orollari - marjon hayvonlari, suvo`tlar va boshqa
organizmlar qoldiqlari yig`ilishidan vujudga kelgan orollar. Hozirgi zamon marjon orollari ekvatorial va tropik o`lkalardai boshqa
yerlarda uchramaydi. Faqat golfstrim oqimi o`tadigan Bagama orollari yaqinidagina
tropiklardan tashqarida uchraydi. Marjon orollari joylashgan o`rni va shakliga qarab,
qirg`oq riflari, to`siq riflari, atollarga bo`linadi.
Marjon
riflari, marjon surilmalari –
to`da-to`da bo`lib yashaydigan marjonlarning ohakka aylangan skletlaridan
tarkib topgan suv osti qoyalari. Marjon riflarining paydo bo`lishi uchun suv
iliq (kamida 20°), sayoz (40-50 m gacha),
sho`rligi normal (35%) va toza, dengiz tubi soyadan iborat bo`lishi kerak. Marjonriflari
juda katta va qalin bo`lishi mumkin:
dengiz sathidan 1500 m
baland marjon riflari bilan birga (Zond arxipelagi) zamini suv sathidan 1200 m
chuqurda bo`lgan marjon riflari ham bor (Marshall
orollari).
Marza - reylef
shakli. Tepasi qabariq shakldagi
uzun cho`zilgan balandlik. Marzalar tektonik yo`l bilan hosil bo`lishi (antiklinal
burma), daryo, dengiz to`lqini keltirgan qumlardan vujudga kelishi (qum
tillari, barlar), morena jinslarining to`planishidan paydo bo`lishi (ozlar),
kishilar tomonidan bunyod etilishi (yo`l ko`tarmalari) mumkin.
Marlar- Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqdagi botqoqliklarda o`suvchi
siyrak tilog`och
o`rmonlari.
Marmar- metamorfizm ta’sirida ohaktoshdan paydo bo`lgan
kristalli tog` jinsi. Oq, kul rang, pushti va boshqa ranglarda bo`ladi. Oson
arralanadi va yaxshi silliqlanadi.
Asosan devorlarni qoplash uchun ishlatiladi. Mayda donador oq turidan haykal ham
ishlanadi. Uralda, Kavkazda, O`zbekistonda
(G`ozg`on) konlari bor.
Marshlar -
dengiz suvi kuchli ko`tarilgan va shamol haydagan vaqtdagina suv bosadigan
past tekis sohil. Odatda sho`ra o`simliklari o`sadi. Shimoliy dengiz sohillarining
ba’zi joylarida marshlar dengiz sathidan pastda joylashgan. Aholi bunday
joylarni dengiz bosishidan tug`onlar qurib asraydi. Marshlar pichanzorga
aylantiriladi, yem-xashak ekinlari ekiladi.
Marg`zor- maysazor, o`tloq joy.
Matematik
geografiya - 1) geografiyaning
Yer sharining matematik elementlari haqidagi bo`limi. Matematik geografiyada
Yerning shakli, o`lchamlari, harakati, joylarning koordinatalari, ayrim
punktlar orasidagi masofa, okean va materiklarning maydoniga ko`ra nisbati
kabi ma’lumotlar beriladi. Matematik geografiya geografiyaning eng qadimgi bo`limlaridan
biri bo`lib, unda geografik va kartografik ma’lumotlar uyg`unlashib ketgan. 2)
geografiyada matematik metodlarning keng qo`llanilishi. Matematik metodlar
geografik bilim va tushunchalarni formallashtirishga, geografik ob’yekt, hodisa
va jarayonlarning modelini tuzishga, ilmiy tadqiqot ishlarida elektron-hisoblash
mashinalarini qo`llashga imkon beradi. Matematik metodlar ba’zi bir geografik
fanlarda (iqlimshunoslik, gidrologiya, aholi geografiyasi, shaharshunoslik huudni
rejalashtirish va h.k.) ayniqsa muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Materik
yonbag`ri - okean tubining qirg`oqqa yaqin qismi; shelf
bilan okean qa’ri orasida. Chuqurligi 200-3600 m.
Bu yerda suv osti tizmalari, qirlari va soyliklari uchraydi.
Materik muzligi -
qutbiy o`lkalarda ba’zi orollarni (Grenlandiya, Baffin Yeri) va Antarktida
materigini yoppasiga qoplab yotgan muzliklar. Materik muzligi plastik bo`lib,
balandroq joylardan atrofga tomon sekin siljib borib, okeanga surilib tushadigan
muzliklar hosil qiladi.
Materik orollari - bir zamonlar
materiklarning tarkibiy qismi bo`lib, keyinchalik quruqlikning chuqishi,
tektonik yoriqlar natijasida ajralib qolgan
quruqliklar. Bunday orollar zamini materiklarning suv ostidagi davomidir. Materik
orollarining ba’zi birlari juda katta bo`ladi; Masalan, Grenlandiya, Yangi
Gvineya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Novaya Zemlya.
Materik sayozligi, shelf - dengiz va okeanlar qirg`og`ini
o`rab turgan suv osti sayozligi. Eni bir necha km dan
1300 km gacha. Dunyo okeani umumiy maydonining
8% ini tashkil etadi. Materik sayozligi dengiz cho`kindilari (shag`al, qum, qumoq,
loyqa) ko`p to`planadigan joy bo`lib, yorug` va iliq bo`lganidan organizmlar,
jumladan baliq ko`p. Materik sayozligida ko`plab neft va gaz konlari topilmoqda.
Materiklar,
kontinentlar- Yer sharining dengiz va okeanlar bilan qurshab
olingan eng yirik quruqliklari. Hammasi bo`lib oltita materiklar bor: Yevrosiyo
(Yevropa bilan Osiyo), Afrika, Shimoliy Amerika, Janubiy
Amerika, Antarktida va Avstraliya.
Mashriq- sharq, sharqiy o`lkalar. Mashriqdan mag`ribgacha - sharqdan
g`arbgacha.
Mag`or– g`or.
Mag`rib (arabcha) - 1) dunyoning to`rt tomonidan biri – g`arb; 2) Afrikada Tunis,
Jazoir, Marokashdan iborat hudud.
Mahalliy vaqt -
Yer yuzasidagi har bir joyning o`z astronomik vaqti. O`rta Quyosh quyi kulminatsiyada
bo`lganda mahalliy vaqt 00 soat 00 daqiqa bo`ladi. Mahalliy vaqt har bir
joyning geografik uzunligiga bog`liq. Bir meridianda joylashgan hamma nuqtalar
uchun mahalliy vaqt bir xil bo`ladi.
Mahalliy shamollar -
uncha katta bo`lmagan hudud uchun xos bo`lgan ob-havo rejimini hosil qiluvchi va
tez-tez takrorlanib turuvchi shamollar. Mahalliy shamollar atmosferaning mahalliy
harakatlari oqibatida (tog`-vodiy shamoli) yoki umumiy atmosfera sirkulyatsiyasining
mahalliy sharoit ta’sirida o`zgarishi natijasida vujudga keladi. (Afg`on
shamoli, chinuk, samum, Bekobod shamoli).
Meandr (Kichik Osiyoda egri-bugri bo`lib oqadigan Katta
Menderes daryosi nomidan) - tekislik daryolarining ilon izi bo`lib
burilib-burilib oqishi, o`zanning egri-bugriligi.
Mejen -
daryoda suv eng kamaygan vaqt. Yer osti suvidan to`yinadigan daryolarda yoz
kirib kunlar isib ketishi bilan mejen boshlanadi.
Mezozoy
burmalanishi Tinch okean
burmalanishi-yer po`sti va yer yuzasi
tabiati rivojlanishining mezozoy bosqichida (mezozoy erasida) ro`y bergan tog`
paydo bo`lish jarayonlari va burmalanishlar. Mezozoy burmalanishida, chunonchi,
Shimoli-Sharqiy Sibir tog`lari (Yuqori Yana, Cherskiy, Suntir Xayat, Nera,
Moma, Anyuy tizmalari), Shimoliy Amerika Kordilyera tog`lari va boshqalar hosil
bo`lgan.
Mezozoy
erasi, mezozoy (yunoncha mezos - O`rta,
oraliq zoy- hayot) - Yer geologik
tarixining to`rtinchi erasi. Yerdagi hayot taraqqiyotining O`rta bosqichiga to`g`ri
keladi. Mezozoy erasi bundan taxminan 230 mln. yil ilgari boshlanib, qariyb 163
mln. yil davom etgan. Paleozoy erasidan keyin, kaynozoy erasidan oldin o`tgan.
Trias, yura va bo`r davrlariga bo`lingan. Bu erada umurtqalilar orasida suvda-quruqlikda
yashovchilar va uchuvchi sudraluvchilar xarakterli bo`lgan, ularning ba’zilari
(dinozavrlar, ixtiozavrlar, pterozavrlar va b.) juda yirik bo`lgan; umurtqasizlardan
ammonitlar, belemnitlar ko`p bo`lgan, ular era oxiriga kelganda qirilib bitgan;
o`simliklardan ginkgosimonlar, sagovniksimonlar ko`p o`sgan. Mezozoy erasida
yopiq urug`li o`simliklar, qushlar, xaltalilar, platsentar sut emizuv- chilar
va dengiz hayvonlarining ko`p guruhlari birinchi marta paydo bo`lgan. Asosan,
Tinch okean sohilida tog` burmalari ko`tarilgan.
Mezoiqlim- nisbatan kichik hududlar iqlimi. Masalan, kichik tog`
vodiysi iqlimi, shahar iqlimi, sohil iqlimi va h.k.
Mezorelyef- maydoniga ko`ra o`rtacha (makroreylefdan kichik
mikroreylefdan katta) relyef shakllari. Masalan, vodiylar, alohida turgan past tog`
va qirlar, soyliklar, balkalar va h.k.
Mezosfera (yunoncha mezos -
o`rta, sfera - shar) - atmosferaning
stratosfera bilan ionosfera oralig`idagi qatlami,
balandligi 50-55 km
dan 80 km gacha. Harorat quyi qismida 0
daraja bo`lsa, yuqori qismida -90
darajaga yetadi.
Meliorativ
geografiya - yerlar va umuman, tabiiy muhit holatini
tubdan yaxshilashning geografik asoslari haqidagi ilmiy yo`nalish. Melorativ
geografiyaning asosiy vazifasi hududlarni melioratsiya turlariga ko`ra
rayonlashtirish, asosiy melioratsiya usullari va tadbirlariga tabiiy geografik
jihatdan baho berish va melioratsiya tadbirlari natijasining tabiiy sharoitga
ta’sirini, shuningdek bu tadbirlarning turli regionlardagi samaradorligini aniqlashdan
iborat.
Melioratsiya (lotincha melioratsio -
yaxshilash) - qishloq xo`jaligida foydalanaladigan yerlarning holatini tubdan
yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan agrotexnik va gidrotexnik tadbirlar.
Meliratsiya katta maydonlarda barcha tabiiy sharoitni odamning xo`jalik
faoliyati uchun foydali qilib o`zgartirish; foydali o`simlik va hayvonlar uchun
tuproqda qulay suv, havo, issiqlik hamda
oziq rejimini, atmosferaning yerga yaqin qatlamida
esa havoning namlik issiqlik va harakatlanish rejimini vujudga keltirish; joyni
sog`lomlashtirish hamda tabiiy muhitni yaxshilash imkonini beradi. Melioratsiya
qishloq xo`jaligi samaradorligini oshirishning asosiy omilidir. Asosiy
meliorativ ishlar: botqoqliklarni quritish, suv havzalari qurish, qurg`oqchil
yerlarni sug`orish, yaylov va o`tloqlarni yaxshilash, qorni tutib qolish,
daraxtzorlar barpo qilish, kislotali yerlarni ohaklash, sho`rtob yerlarga gips
solish, bo`tazorlar barpo qilish, ko`chma qumlarga, shamol va suv eroziyasiga qarshi
kurashish (O`rta Osiyoda).
Menzula (lotincha menzula - stolcha) - geodeziyada
dalada reja olishda ishlatiladigan chizmachilik stolchasi.
Menzula s’yomkasi -
menzula bilan kipregel yordamida topografik reja olish. Menzula s`yomkasida joydagi
xarakterli nuqtalarga to`g`ri keladigan nuqtalar menzulaga qo`lda chiziladi.
Mergel- ohak-gildan tarkib topgan cho`kindi tog` jinsi; tarkibida
20-80% karbonat bo`ladi. Mergel qurilish materiali, sement sanoati xom ashyosi
sifatida ishlatiladi.
Meridian (lotincha meridianus -
tush payti) - Yer yuzasidan o`tib har ikkala qutbni tutashtiruvchi faraziy
chiziq; uning barcha nuqtalari bir xil geografik uzunlikka ega bo`ladi. Meridian
bo`ylab geografik kenglik hisoblab chiqariladi; ekvatordan shimolda shimoliy kenglik janubda janubiy kenglik bo`ladi.
0 daraja bilan ko`rsatilgan meridian bosh meridian deyiladi. Bosh meridian deb
London yaqinidagi Grinvich observatoriyasi meridiani qabul qilingan.
Merkuriy,
Utorud - Quyoshga eng yaqin planeta. Quyoshdan 58 mln.
km. Quyosh atrofini 88 sutkada
aylanib chiqadi. Merkuriy diametri 4865 km.
Merkuriy Oyga o`xshab, Quyoshga faqat bir tomoni bilan qarab turadi. Merkuriyning
bir tomonida doim kunduzi bo`lib, 400 daraja issiq bo`lsa, ikkinchi tomonida doimo tun bo`lib nihoyatda sovuq. Merkuriy
yuzasida qora, oqish dog`lar va kuchsiz atmosfera borligi aniqlangan.
Metagalaktika- hozirgi teleskoplar bilan ko`rinadigan 1 mlrd. dan ortiq galaktikalar majmui.
Galaktika - Somon yo`li megaplaneta tarkibiga kiradigan yulduz sistemalaridan
biri.
Metageografiya- geografiyani fan sifatida tadqiq qiluvchi yo`nalish.
Metageografiya geografiyaning ob’ekti va predmeti, fanlar sistemasidagi o`rni,
asosiy tushunchalari va aksiomatikasini aniqlaydi hamda o`rganadi.
Metallurgiya (metall va yunoncha yergon -
ish) - ruda va tarkibida metall bo`lgan materiallardan metall olish, metall va qotishmalarning
kimyoviy tarkibini, strukturasini o`zgartirish jarayonlarini o`z ichiga olgan
fan, texnika va ishlab chiqarish sohasi. Yer
bag`ridan qazib olingan rudalarga dastlabki ishlov berish, metall va qotishmalar
olish, rafinatsiyalash (tozalash), ularga ma’lum shakl va xossalar berish ham metallurgiya
vazifasiga kiradi.
Metamorfizm (yunoncha metamorfis – o`zgarish)
-Yer po`stining ichki qismida issiqlik va bosim ta’sirida cho`kindi ham
magmatik tog` jinslari strukturasi,
mineralogik va kimyoviy tarkibining o`zgarishi. Metamorfizm ta’sirida hosil bo`lgan
tog` jinslari metamorfik tog` jinslar
i deyiladi.
Metamorfik
tog` jinslari - metamorfizm natijasida hosil bo`lgan
tog` jinslari. Masalan, ohaktosh
marmarga, gil gilli slanetsga aylanadi. Gneys, kristalli slanets, kvarsitlar ham
metamorfik tog` jinslari hisoblanadi.
Meteorologik
stansiya - muayyan muddatlarda turli asboblar yordamida
izchillik bilan meteorologik kuzatishlar olib borib, ob-havo holatini ma’lum qilib
turadigan stansiya. Meteorologik stansiyalardan olingan ma’lumotlar asosida ob-havo
bashorati tuziladi.
Meteoritlar (yunoncha meteora -
osmondagi hodisa) - olam bo`shlig`idan Yerga tushib turadigan tosh yoki metall
jismlar. Yerga tushgan joyda chuqurlik paydo bo`ladi. Eng og`ir temir meteorit
Gabada (Afrikada) topilgan. Uning og`irligi 60 t, hajmi
9 m.kub bo`lgan. 1947-yil Yerga
Sixote-Alin meteoriti tushgan. Bu meteoritdan og`irligi 35 t
keladigan 350 ta bo`lagi terib olingan.
Meteorlar,
uchar yulduzlar - kosmik fazodan qattiq jismlarning tezlik bilan kirib
kelishi natijasida atmosferaning yuqori qatlamida
(80-130 km balandda) ko`rinadigan yorug`lik
hodisalari. Jismlar yer atmosferasiga kirib kelgach, 2000-3000° gacha qizib
yonadi, sirti bug`a aylanib nur sochadi. Shar shaklidagi olovga o`xshab,
guldirab ovoz chiqarib uchadigan meteorlar bolidlar
deyiladi.
Meteorologiya (yunoncha meteora -
osmondagi hodisa, logos -
fan) - atmosferada ro`y beradigan hodisalarni: havoning isishi va sovishini,
tuman paydo bo`lishi, yog`in yog`ishi, havoning harakati, atmosferadagi elektrik,
optik va akustik hodisalarni va boshqalarni o`rganadigan fan. Bu hodisalarning
hammasi Quyoshdan Yerga keladigan issiqlik bilan bog`liqdir. Meteorologiya ob-havoni
o`rganish bilan birga uni oldindan aytib ham beradi. Bunda meteorologiyaga
meteorologik stansiyalar katta yordam beradi. Meteorologiya iqlimshunoslik
bilan chambarchas bog`liq.
Metislar (lotincha mikstus -
aralash) - turli irqlarga mansub kishilar o`rtasidagi nikohdan paydo bo`lgan
avlodlar; Masalan, Amerikada indeetslarning yevropeoid irqi vakillari bilan
aralashishidan paydo bo`lgan metislar.
Metropoliya (yunoncha meter -
ona, polis - shahar) - 1) mustamlakalari
bo`lgan davlat; Masalan, Buyuk Britaniya o`z mustamlakalari uchun metropoliya bo`lgan;
2) ba’zi bir davlatlarda (Masalan, Kanadada) provinsiya yoki hududning markaziy
shahri. Davlatlarning poytaxtlari ham metropoliya deyiladi.
Mehnat
resurslari - mamlakatning mehnatga layoqatli yoshdagi
barcha aholisi, shuningdek ishlab chiqarishda
ishtirok etadigan 16 yoshgacha bo`lgan o`smirlar va nafaqaxo`rlar.
O`zbekistonda 16 yoshdan 55 yoshgacha bo`lgan ayollar va
60 yoshgacha bo`lgan erkaklar mehnatga layoqatli aholi
hisoblanadi.
Mehnat taqsimoti -
jamiyat taraqqiyoti jarayonida mehnat faoliyatinnng sifat jihatdan farq qilishi. Jamiyat miqyosida va
korxona ichida mehnat taqsimoti mavjud bo`ladi. Masalan, ishlab chiqarish yirik
tarmoqlarga (sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va boshqalar) bo`linadi; bu tarmoqlar,
o`z navbatida, yana mayda tarmoqlarga (masalan, sanoat o`g`ir sanoat, yengil
sanoatga) bo`linadi va h.k.
Bir
mamlakat doirasida va mamlakatlar o`rtasida ishlab chiqarishning
ixtisoslashishi ham mehnat taqsimoti deyiladi, masalan, hududiy mehnat
taqsimoti va xalqaro mehnat taqsimoti.
Mehnat unumdorligi -
ishlab chiqarish jarayonida kishilar mehnatining foydaliligi, samaradorligi va
mahsuldorligi. Mehnat unumdorligi ishlovchining ma’lum vaqt (soat, hafta, oy,
yil) davomida tayyorlagan mahsulot hajmi bilan belgilanadi. Mehnat unumdorligi
darajasi texnikadan foydalanish va mehnat qurollarini takomillashtirish, ish
kuchining malakasi, mehnatning uyushtirilishi va boshqalarga bog`liq.
Migratsiya (lotincha migratsio – ko`chish)
-1) aholi migratsiyasi - aholining bir
joydan ikkinchi joyga ko`chishi; 2) hayvonlarning yashash sharoiti va rivojlanish
siklining o`zgarishi munosabati bilan bir geografik muhitdan boshqa muhitga ko`chishi;
Mikroiqlim -
kichik hududlarning iqlimi.
Mikroreylef- Yer yuzasining kichik reylef shakllari: daryo terrasalari, qum tepalari, kichik-kichik ur-qirlar va b.
Militarizatsiya (lotincha militaris
- harbiy) - tinch davrda
bosqinchilik urushlariga tayyorlanish maqsadida sanoatni yoki umuman mamlakat iqtisodiyotini
harbiy izga solish.
Milliy
daromad - xalq daromadi -
muayyan vaqt (masalan, bir yil) davomida mamlakatning butun aholisi mehnati
bilan yaratilgan jami boyliklar. Bunda sarflangan xom ashyo, energiya, mashina,
ishlab chiqarish binolarining yeyilgan qismi chegirib tashlanadi.
Milliy
parklar - maxsus qo`riqlanadigan
hududlar, eng yirik quriqxonalar. Milliy parklar uchun
hayvon hamda o`simlik dunyosiga boy, e’tiborga loyiq g`orlari, qoyalari, ko`llari,
buloqlari bo`lgan sermanzara va nodir landshaftli joylar tanlanadi. Milliy
parklar go`yo tabiiy muzey sifatida qo`riqlanadi,
ularda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Milliy parklar odatda
uch qism hududdan iborat bo`ladi: turistlar kirib bir necha kunlab bemalol dam
olishi mumkin bo`lgan qism. Turistlar tomosha qilishi mumkin bo`lgan qism va qat’iy
qo`riqlanadigan qism. Dunyodagi eng yirik milliy park Kanadadagi
Vud-Baffalo, AQShdagi Iellouston va Yosemit, Keniyadagi
Nayrobi, Shvetsiyadagi Sarek-Shyofalletsdir.
Ularda nodir hayvonlar va o`simliklar, shuningdek diqqatga sazovor tabiiy ob’yektlar
bor.
Mineral (lotincha minera - ruda so`zidan) - kimyoviy tarkibi va fizik xossalariga ko`ra taxminan bir xil bo`lgan
tabiiy jismlar. Yer po`stida sodir bo`ladigan fizik-kimyoviy jarayonlar
natijasida hosil bo`ladi. Mineral tog` jinslari,
rudalar va boshqalar mineral jismlar tarkibida bo`ladi. Hozir minerallarning 3
mingga yaqin turi ma’lum. Yer po`stidagi tog` jinslari
va rudalar minerallardan tarkib topgan. Minerallar ko`pincha kristallardan iborat bo`ladi. Suyuq (suv, simob) va
gazsimon minerallar ham bor.
Mineral
suvlar - tarkibida ba’zi bir kimyoviy elementlar va
birikmalar, shuningdek gazlar bo`lgan suvlar. Suv tarkibidagi tuzlar 1 g/l
dan ortiq bo`lsa mineral suvlar, kam
bo`lsa, chuchuk suv deyiladi. Agar
50 g/l dan ortiq bo`lsa, sho`r suv, namakob bo`ladi. Suv
tarkibida yod, brom, litiy, bariy, temir va b., gazlar - karbonat angidrid,
radon, sulfat gazlari bo`lishi ularda shifobaxsh xususiyat vujudga keltiradi.
Toshkent mineral suvi, Narzan suvi va b.
Mintaqa- Yer yuzasining tabiiy
geografik kenglik - zonal bo`linishining eng yuqori bosqichi.
Mintaqa
vaqti - vaqtni hisoblash tizimlaridan biri. Mintaqa vaqtiga
Yer yuzasini har biri o`rtacha 15 darajadan qilib meridian yo`nalishidagi 24 ta
mintaqaga ajratish asos qilib olingan. Mintaqalar tartib soni Grinvich
meridiani o`rta meridian bo`lgan mintaqadan boshlab sharqqa tomon 0 dan 24
darajagacha hisoblanadi. Bir mintaqa doirasidagi hamma joyda bir vaqtda soat
bir xil hisoblanadi. Mintaqa vaqti deb shu mintaqaning o`rta meridianidagi o`rtacha
quyosh vaqti qabul qilingan. Xo`jalik va boshqa amaliy ishlarda qiyinchilik tug`ilmasligi uchun mintaqa
vaqti chegaralari qat’iy meridian bo`ylab emas, ba’zan ma’muriy chegaralar,
daryolar va h.k. lar bo`ylab o`tkaziladi.
Mintaqa vaqti dastlab 1883-yili AQShda joriy
qilingan.
Mis
rudalari - misning sanoat ahamiyatiga ega bo`lgan
minerallari. Tarkibida 1% dan 2% gacha va undan ortiq mis bo`lgan rudalardan mis
olinadi. Dunyoda ishlab chiqariladigan misning 90% i sulfidli rudalardan olinadi.
Mis ruda konlari: Ural, Zakavkaze, Qozog`iston, O`zbekiston, AQSh, Chili,
Kongo, Kanada, Shimoliy Rodeziyada bor.
Modda
va energiya almashinuvi - geografik qobiq va ayrim
landshaftlardagi komponentararo aloqalarni ifodalovchi qonuniyat. Tabiatda
komponentlararo modda va energiya almashinuvi tufayli tabiiy
hududiy komplekslar vujudga kelgan. Tabiatda
moddiy va energiya almashinuvi, odatda, aylanma harakat tarzida ro`y beradi.
Okean suvlari sirkulyatsiyasi, atmosferadagi aylanma harakatlar, suvning aylanma
harakati, biologic, litologik aylanma harakat va boshqalar ana shundaydir.
Aylanma harakatlar tufayli tabiatda chiqit hosil bo`lmaydi. Tabiatdagi modda
va energiya almashinuvi geografik qobiqning bir butunligiga sabab bo`ladi.
Moyli
ekinlar - moy olish uchun ekiladigan o`simliklar.
Kungaboqar, zig`ir, kunjut, kanakunjut, maxsar, yeryong`oq, soya, gorchitsa,
konoplya, paxta va b. Moyli ekinlar jumlasiga kiradi. Shuningdek, zaytun,
tunga, kedr, yong`oq, bodom kabi daraxtlarning mag`izlaridan ham moy olinadi.
Kungaboqar, zig`ir, konoplya, paxta, yeryong`oq, kunjut
moyli ekinlar orasida eng katta o`rin tutadi.
Molibden rudalari(yunoncha molibdos – qo`rg`oshin) - molibdenning
sanoat ahamiyatiga ega bo`lgan mineral birikmalari. Asosiy agregatlari
molibdenit va novellit. Molibden rudalarida 0,1% dan 1 % gacha va undan ko`proq
molibden bo`ladi. Molibden temir, nikel, kobalt bilan birikmalar hosil qiladi,
po`latning qattiq (mustahkam) bo`lishiga
yordam beradi. Molibden ruda konlari Armaniston, Shimoliy Kavkaz (Tirniauz), Qozog`iston
(Qo`ng`irot, Bo`zshako`l), O`zbekistonda
esa Olmaliq, Qoramozor, Zirabuloq-Ziyovuddin, Nurota tog`larida, chet ellarda -
AQSh, Chili, Kanada va Norvegiyada bor.
Momaqaldiroq- havoda chaqmoq paytda ro`y beradigan guldirash hodisasi.
Momaqaldiroq chaqmoq chaqqanda havoning juda tez isib, kengayishidan, ya’ni
portlash to`lqinida ro`y beradi.
Monarxiya(yunoncha monarxia -
yakka hukmronlik) - davlatning bir shaxs - monarx (qirol, podsho, shoh, imperator)
tomonidan boshqarilishi. Monarx hokimiyati umrbod bo`lib, avloddan-avlodga o`tadi.
Hokimiyat butunlay monarx qo`lida bo`lsa,
hokimi mutloq deyiladi; konstitutsiyali monarxiyada monarx hokimiyatini
parlament cheklab qo`ygan bo`ladi; parlament roziligisiz monarx davlat ahamiyatiga
ega bo`lgan qonunlar chiqarish huquqiga ega emas; Masalan, Buyuk Britaniya,
Belgiyada ana shunday.
Momiq
bulut - bulut turlaridan biri. Muz kristallchalaridan iborat bo`lib,
shakli yupqa patga o`xshaydi. Odatda, soya bermaydi. Troposferaning yuqori qatlamlarida juda past haroratli
sharoitda vujudga keladi. Ba’zan havo frontida iliq havoning front yuzasi bo`ylab
ko`tarilishidan hosil bo`lib, havo aynishidan darak beradi.
Monitoring– atrof-muhitning holatini kuzatib turish, uni nazorat qilish
va boshqarishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar sistemasi. Monitoring atrof
muhitning kelgusidagi o`zgarishlarini oldindan aniqlashni ham o`z ichiga
oladi.
Monokultura xo`jaligi(yunoncha monos -
bitta va lotincha kultura -
ekish) - birgina joyning o`zida bir xil ekinni uzluksiz ekish. Oqibatda yerning
unumdorligi kamayadi, eroziya avj oladi.
Morena- muzliklar olib kelib qoldirgan tog` jinslari
parchalari (valunlar, palaxsa toshlar, shag`al, qum, gil).
Morenali
landshaft - yuzasini muzlik otqiziqlari qoplab yotgan
yerlar. Morenali landshaftda xilma-xil ayrim va qator tepalar (qadimgi morena qoldiqlari),
ular orasida ko`pincha ko`l yoki
botqoqlik bilan band chuqurliklar, katta-kichik valunlar ko`p bo`ladi.
Morfoskulptura - reylef hosil qiluvchi asosan tashqi omillar
(oqar suvlar, yer osti suvlari, shamollar, muzliklar, doimiy muzloqlar, nurash
va b.) ta’sirida paydo bo`lgan qiyosan kichik reylef shakllari. Masalan, jar,
yassi jar, morena tepaligi, barxan, dyuna, do`ng qum, karst voronkalari va h.k.
Morfostruktura- reylef hosil qiluvchi endogen va ekzogen omillarning
birgalikdagi ta’sirida, biroq, endogen omilning yetakchi roli ta’sirida
vujudga kelgan yirik reylef shakllari: ayrim tog` zanjirlari, tizmalar, tog`
vodiylari, qirlar, platolar, pasttekisliklar va boshqalar.
Muvozanat profili -
uzoq vaqt davomida suv yuvib borishi natijasida daryo tubidagi notekisliklar
tekislangan o`zanning bo`ylama kesimi.
Muz —
suvning qattiq, kristall holati. Tog`lardagi
muzliklarni ham mahalliy aholi muz deydi. Sovuq ma’nosida ham ishlatiladi. Tog` nomlari
tarkibida uchraydi: Muztog`, Muztog`ota va h.k.
Muz
bosishi - tabiiy muz to`planishi va uning siljib, atrofdagi
joylarni qoplashi. Yer yuzining ayrim qismlarini geologik davrlar davomida bir
necha bor muz bosganligi ma’lum. Bunday muz bosishlari turli joyda turli
nomlar bilan ataladi. Yevropada uch marta, Shimoliy Amerikada to`rt marta muz
bosishi bo`lgan. Hozirgi
Antarktidadagi, Grenlandiyadagi va Arktika orollaridagi muzlar ham ana shunday
muzlardir.
Muz
dalalari - dreyf sylib (sekin suzib) yuradigan muzlardan
eng yiriklari, diametri 10 km
va undan ham katta bo`lishi mumkin. Ko`p yillik muz dalalarning qalinligi 3-4 m
ga yetadi.
Muz
zonalari - Arktika sovuq sahrolari zonalari yoki qutbiy
zonalar - Shimoliy qutb bilan Janubiy qutb atroflaridagi o`lkalar.
Shimoliy yarim sharda muz zonalari taxminan 70 daraja sh.k. gacha boradi,
janubiy yarim sharda Antarktida va uning yon-veridagi orollarni o`z ichiga
oladi. Muz zonalarida iqlim nihoyatda sovuq bo`lganidan muzlik keng tarqalgan.
Muz
tiqilishi - muz oqishi vaqtida daryo o`zanining toraygan
joylarida, tirsaklarda, sayozliklarda muz yig`ilib, daryoni to`sib qo`yishi.
Shimolga oqadigan daryolarda yuqori oqimida muz ko`chib, quyi qismiga kelib to`planishidan
ham muz tiqilishi bo`ladi.
Amudaryoning quyi oqimida ham kuzatiladi. Muz tiqilishi ba’zan toshqinlarga sabab
bo`ladi.
Muz
g`ori - devorlari, tagi, shipi muz kristallari, muz sumalaklar
bilan qoplangan g`or. Bunday g`orlar ichida havo harorati yil bo`yi 0
darajadan past turadi va tog`larning baland qismlarida, salqin,
sovuq o`lkalarda uchraydi.
Muzlik- sharoit qulay joyda qor to`planishidan hosil bo`lib, qiya
tomonga siljib turuvchi muz massasi. Qor chegarasidan yuqorida relyefning qor to`planishi
uchun qulay bo`lgan botiq shakllarida to`planadigan qorning zichlashishidan
vujudga keladi. Yer yuzida hozirgi vaqtdagi muzliklar maydoni 16 mln. km.kv
dan ortiq. Muzliklar joylashgan o`rni va shakliga ko`ra
tog` muzligi va tekislik muzligiga bo`linadi. Muzliklar nishab tomonga surilib
turadi; 1 daraja qiyalikdagi yerda muzlik siljishi uchun uning qalinligi 55-60 m
bo`lishi kerak. 1,5-2 m qalinlikdagi muz siljiydi. Muzlikning
siljish tezligi muz haroratiga, joyning qiyaligiga va muzning qalinligiga bog`liq. Muzlik kuniga bir
necha mm dan 2-3 m
gacha siljishi mumkin. Tog` muzliklari daryolarning to`yintiruvchi muhim suv
manbaidir.
Muzlik
davrlari - Yerning geologik tarixida quruqlikni qalin muzliklar qoplab yotgan bosqichlar.
Kembriydan oldin, paleozoy va kaynozoy eralarida muzlik davrlari bo`lib o`tgan.
Masalan, Yevropa va G`arbiy Yevropaning kattagina qismini bir necha marta muz
bosgan.
Muzlik
ko`llari - muzlik o`ygan chuqurliklarda paydo bo`lgan ko`llar.
Muzlik ko`llaridan morena ko`li va kar ko`li farq qilinadi. Kola yarim oroli, Kareliya, Finlyandiyada ko`pdan ko`p
muzlik o`yib yuborgan dastlabki chuqurliklarda muzlik ko`llari vujudga kelgan.
Muzlik
tili – tog` muzligining qor
chizig`idan pastga tushib kelgan tarmog`i.
Muzlik
sirki - tog`larning tepa qismidagi bir yog`i ochits tovoqsimon
tabiiy chuqurlik. Sovuqdan nurash natijasida hosil bo`ladi. Kar deb ham
yuritiladi. Ichida ko`pincha muz yig`ilib
yotadi.
Muzlik
qo`li - vodiy muzligiga yon vodiylardan kelib qo`shilgan
muzlik - vodiy muzligi irmog`i. Agar
yon vodiy balandroq bo`lsa, muzlik
qo`li asosiy muzlikka qo`shilish joyida muzlik sharsharasini hosil qiladi.
Mulatlar- yevropaliklar bilan negrlar nikohidan paydo bo`lgan
avlodlar.
Musson (arabcha mavsum so`zidan)
- qishda quruqlikdan dengizga, yozda dengizdan quruqlikka tomon esadigan
shamollar. Musson quruqlik bilan dengizning bir xil isimasligi oqibatida havo
bosimining farq qilishidan paydo bo`ladi.
Suv quruqlikka qaraganda sekin isib sekin soviydi, shuning uchun yozda quruqlik
ustidagi havoga nisbatan dengiz ustida havo harorati past, bosim esa yuqori bo`ladi,
shuning uchun shamol dengizdan quruqlikka qarab esadi. Qishda esa, aksincha, quruqlik
tez sovib ketadi, quruqlik ustida harorati past, bosim esa yuqori bo`ladi,
shuning uchun shamol quruqlikdan, dengizga tomon esadi. Musson aksari tropik va
mo`tadil mintasalarda kuzatiladi.
Musson
iqlimi - atmosfera sirkulyatsiyasi musson xarakterida bo`lgan,
ya’ni havo massalari yozda dengizdan quruqlikka, qishda esa quruqlikdan
dengizga tomon harakat qiladigan o`lkalar
iqlimi. Musson iqlimida qish quruq, yoz esa seryomg`ir bo`ladi. Musson iqlimiga
Hindiston, Hindixitoy, Uzoq Sharq, Sharqiy Xitoy musson iqlimlari misol bo`la
oladi.
Musson
shamollari - fasldan faslga o`z yo`nalishini o`zgartiradigan
shamollar.
Mustamlakalar- davlatlar tomonidan bosib olingan va siyosiy hamda iqtisodiy
jihatdan qaram bo`lgan mamlakatlar va o`lkalar. Mustamlakalar biron bir davlat
(metropoliya) qo`l ostida bo`ladi. Milliy ozodlik harakati oqibatida ikkinchi
jahon urushidan so`ng ko`pchilik mustahlakalar mustaqillikka erishdi.
Mustamlakachilik,kolonializm davlatlarning iqtisodiy
jihatdan zaif mamlakatlarni bosib
olish, ezish va
ekspluatatsiya qilishga qaratilgan siyosati.
Muchal,
muchal hisobi- 12 ta hayvonning nomi bilan ataladigan (12 yillik)
davriy yil hisobi. Bu hayvonlar: sichson, sigir, yo`lbars, qo`yon, baliq,
ilon, ot, qo`y, maymun, tovuq, it, to`ng`iz. Kishi shu hayvonlar nomi bilan
atalgan 12 yilning qaysi birida tug`ilgan
bo`lsa, uning muchali shu hayvon
nomi bilan atalgan. Masalan, qo`y yilida tug`ilgan kishining mo`chali – qo`y,
ot yilida tug`ilgan kishining muchali - ot va h.k.
Muchal hisobida shu aytilgan 12 yillik davr bir aylanib kelsa, odam bir
muchalga to`lgan bo`ladi. Lekin kishilarning yoshini aniqlashda ularning ona qornidagi
vaqti ham bir yilga teng deb hisobga olinadi, ya’ni kishi bir muchalga to`lganida
uning yoshi 12 emas, 13; ikki muchalga to`lganda 25 bo`ladi va h.k.
Muyna- muynali hayvonlar (sobol, suvsar, oqsichson, sassiqqo`zan,
tulki, qo`yon, norka, bobr, qunduz, ondatra, nutriya, sug`ur, yumronqoziq va b.)
va bu hayvonlarning
terisi.
Mo`ynoq — bo`yin,
bo`g`oz, daryo, ko`l, orol, quruqlik,
tog`, qir va h. k. larning tog` cho`ziq
qismi.
Mo`tadil
iqlim - mo`tadil mintaqa iqlimi,
bu mintaqada quyosh hech qachon zenitga chiqmaydi; yil fasllari bir-biridan keskin
farq qiladi. Mo`tadil iqlim uch xil bo`ladi:
1) mo`tadil dengiz iqlimi (Masalan, G`arbiy
Yevropada), butun yil davomida havoning rutubatli, seryog`in bo`lishi, qishning
ancha iliq, yozning salqin kelishi bilan farq
qiladi. Haroratning yillik amplitudasi u qadar katta emas (Masalan, Londonda
14°); 2) mo`tadil – kontinental iqlim qish
va yoz haroratining keskin farq qilishi
bilan xarakterlanadi: qishi sovuq, yozi issiq, haroratning yillik amplitudasi
40 darajaga yetadi va undan ham oshadi; yog`in kam yog`adi (Masalan, MDH hududining
katta qismi va Shimoliy Amerikaning markaziy huudlari); 3) mo`tadil
musson iqlimi, mo`tadil kontinental iqlim hududlaridagi
kabi, qishning sovuq ayoz bo`lishi va qorning kam yog`ishi bilan farq qiladi, mo`tadil dengiz iqlimi hududlaridagi
kabi yoz u qadar issiq emas, havo rutubatli bo`lib, yog`in ko`p yog`adi. Haroratning
yillik amplitudasi katta -30 daraja va
undan ortiq (Masalan, Uzoq Sharq, Xitoyning shimoli).
Madaniy qatlam – odamlar turmush faoliyatining izlari saqlanib qolgan qatlam.
Maket– xaritada biror joyni kichiraytirib, kattalashtirib yoki o`z holicha tayyorlangan shakli.
Makroiqlim– katta bir hududga taalluqli iqlim.
Mamont g`or – eng qadimiy va eng yirik g`or. Appalachi tog`ida.
Mangu qorlar – yer yuzasida yillar bo`yi erimay yotadigan qorlar.
Mareograf– dengiz sathi tebranishlarini avtomatik usulda yozib boruvchi asbob.
Magnitosfera– yerning eng tashqi va eng katta qobig`i.
Masshtab– xaritada nuqtalar orasidagi uzunlikning haqiqiy masofalar uzunligiga nisbati.
Mansab - daryolar quyiladigan joy.
Materik sayozligi – shelf – dengiz va okeanlar qirg`og`ini o`rab turadigan suv osti sayoz tekisligi. Dunyo okeanlari umumiy maydonining 8% ni tashkil etadi.
Materik etagi – materiklarning suv ostidagi chekka qismining asosiy elementlaridan biri; materik yon bag`ri bilan okean qari orasida.
Materiklar– yer sharining dengiz va okeanlar bilan qurshab olingan eng yirik quruqliklari.
Materiklararo dengizlar – materiklar orasida joylashgan dengzilar. Tektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan.
Mahalliy vaqt – yer sirtidagi biror nuqta uchun belgilangan vaqt joyning geografik uzunligiga bog`liq. Geografik uzunlik sharqqa tomon 15 daraja ortganda mahalliy vaqt 1 soatga ortadi.
Mahalliy shamollar – yer yuzasining ma`lum hududlariga xos bo`lib, tezligi, takrorlanishi, yo`nalishi bilan ajralib turadi.
Marza– relyef shakli. Tepasi qabariq shakldagi uzun cho`zilgan balandlik.
Meandr - (Kichik Osiyo yarim orolidagi ilonizi o`zanli Menderes daryosi nomidan olingan) - daryolarning egri-buri, ilon shaklidagi o`zani.
Meridian, yer meridiani – yer yuzasida har ikkala qautb orqali o`tadigan faraziy chiziq.
Meteoritlar– sayyoralararo fazodan yerga tushadigan qattiq jismlar.
Metiorit krateri – ulkan metiorit yerga tushganda hosil bo`ldigan chuqurlik.
Meteorlar, (kosmik toshlar) uchar yulduzlar – yerga tomon harakatlanganda ionlashgan yorug` izlar qoldiradi.
Meteorlar oqimi – meteor jismlar yer atmosferasi bilan to`qnash kelganda kuzatiladigan hodisa.
Meandr– tekislik daryolarining ilonizi bo`lib burilib – burilib oqishi.
Mezofitlar - normal namlik sharoitida o`suvchi o`simliklar.
Migratsiya– aholini bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yurishi.
Mikroiqlim– yer yuzasiga yaqin havo qatlamlarining iqlimi.
Mikrorelyef– yer yuzasining kichik relyef shakllari.
Mil– uzunlik o`lchov birligi (Rimda ming qo`sh qadam) ko`pincha kemachilikda qo`llaniladi.
Mineral ko`llar – sho`r ko`llar- suvining tarkibida ko`p miqdorda tuz bo`lgan ko`llar tuz miqdori 35 g/kg dan yuqori bo`ladi.
Mineral suvlar – ba`zi kimyoviy element va birikmalarga boy suvlar.
Mintaqa– yer po`sti yoki geografik qobiqning biror jihatidan o`xshash bo`lgan cho`zinchoq qismi.
Momoqaldiroq– qisqa vaqt davom etadigan atmosfera hodisasi momoqaldiroq vaqtida bulut bilan yer orasida elektr zaryadlari paydo bo`lib, qattiq gumburlash tovush chiqadi.
Monoklinal– tog` jinslari qatlamlarining bir tartibda bir tomonga qiyshayib, enkaygan holda yotishi.
Morena– muzliklar tashib yuradigan va olib kelib qoldirgan tog` jinslari parchalari.
Morenali relyef – muzlik ta`sirida paydo bo`lgan relyef. Muzliklar tog` jinskarini yemirib bir joydan ikkinchi joyga ko`chiradi, mayda toshlar yer yuzasiga qolib ketadi.
Morfostrukura– yer yuzasi relyefining uzoq geologik davr davomida endogen protseslar ta`sirida vujudga kelgan qismlari.
Modernizatsiya– yangi, hozirgi zamon talablariga muvofiqlashtirib yangilash, o`zgartirish.
Muz tog`lari – okean va dengizlarda suzib yuradigan juda katta muz parchalari.(aysberg)
Muzloq yerlar – yer po`stining bir necha ming yillar muz bilan qoplanib yotgan qismi.
Musson– yer yuzasida va troposferaning quyi qismida doimo bir tomonga esadigan va faqat yil fasllarining alamashinishi bilangina o`z yo`nalishini qarama-qarshi tomonga o`zgartiradigan havo oqimi. Arabcha – mavsum degani.
Musson oqimlari – musson shamollari ta`sirida okean va dengizlar yuzasiga vujudga keladigan oqimlar.
Mavzuli xaritalar – bir yo`nalishda (relyef, o`simlik, foydali qazilmalar, iqlim va hokazo) ma`lum mavzuga oid geografik predmet va hodisalar tasvirlangan xaritalar.
Mutloq namlik – 1 m kub havoda mavjud bo`lgan gramm hisobida o`lchanadigan suv bug`lari miqdori.
"Millioner” shaharlar – aholi soni 1 mln dan ortiq bo`lgan shaharlar.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!