Savanna (ispancha sabana) - har yer-har yerda yakka holda to`p-to`p daraxtlar o`sadigan quruq tropik o`t o`simliklari. Savanna -
nam tropik o`rmonlarning har ikki tomonida joylashgan tabiat zonasi. Savannada
bo`liq o`tlar (2 m
va undan ham baland o`tlar, asosan boshoqlilar) orasida to`p-to`p daraxtlar va
bo`talar (Afrikada soyabonsimon akatsiyalar, baobablar, palmalar, daraxtsimon
molochaylar, Janubiy Amerikada palmalar, Avstraliyada evkalipt va
akatsiyalar) o`sadi. Yil ikki mavsumdan iborat: qish quruq va issiq, yoz esa issiq
hamda seryomg`ir bo`ladi. Laterit tuproqlar keng tarqalgan. Sernam mavsumda o`simliklar bars urib o`sadi, quruq
mavsumda o`tlar qurib, daraxt va bo`talar barg tashlaydi. Xilma-xil hayvonlar:
fil, jirafa, antilopa, zebra, begemot, arslon, qushlar (tuyaqush) va b.
yashaydi. Hozirgi vaqtda savannalarning ko`p qismlari haydab yuborilgan yoki
yaylovga aylantirilgan.
Savr -
1) zodiak yulduz turkumlaridan biri; 2) shamsiya (quyosh) yil hisobida
ikkinchi oyning nomi; 22-apreldan 21-maygacha davom etadi.
Sayozlik- dengiz va okeanlar tagi reylefning ko`tarilgan qismlari.
Sayozlik to`lqinlarga, oqimlarga va suvda yashovchi hayvon hamda o`simliklarga
ta’sir ko`rsatadi. Quyosh nuri suv
ostiga yetib borganligidan suvutlar ko`p, binobarin, suvda kislorod serob bo`lib,
sharoit baliqlar uchun qulay bo`ladi.
Sayrob- tog`larda orografik yomg`ir ko`p tushadigan, sersuv joy, vodiy boshi.
Sayxon- atrofi ochiq, tekis, keng yalang yer.
Sakrama- daryoning tog`, tez- oqar qismi, ostonatosh,
shalola.
Samum (arabcha samum -
issiq shamol)- Arabiston va Shimoliy
Afrika cho`llarida esadigan issiq va quruq shamol. Samum esganda qum bo`roni
turib, harorat 50 darajaga yetadi va undan ham oshadi.
Sangbo`ron- tog yonbag`iridan toshlarning ko`chib, yumalab tushishi.
O`simlik bilan qoplanmagan quruq toshloq yonbag`irlarda ko`p bo`ladi. Sangbo`ron
toshbo`ron shaklida ham ishlatiladi.
Sangir- tog`lardagi tik jarlik daryoning qulashi natijasida
hosil bo`lgan tik qirg`og`i.
Sangzor(tojikcha)-toshloq, daryo vodiysidagi sertosh maydon.
Sapropel (yunoncha sapros -
sassiq, pelos - loyqa) - oqmay turgan suv havzalari
tubida o`simlik va hayvon organizmlari qoldiqlaridan hosil bo`ladigan organik
loyqa, balchiq. Tibbiyotda (balchiq bilan davolashda), yoqilg`i va o`rit sifatida
ishlatiladi.
Saraton -
1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Shamsiya (quyosh) hisobida to`rtinchi
oy, 22-iyundan 21-iyulgacha davom etadi. Shu oyda Quyosh osmon sferasida Saraton yulduzlar turkumidan o`tadi; 3) yoz
faslining eng issiq davri. «Saraton olovi», «Saratonning sariq kuni» iboralari bor. Saraton– yoz faslining eng issiq davri, 22 iyundan 21 iyulgacha davom etadi, shamsiya oyi.
Sardoba– cho`llarda (ayniqsa taqirlarda) yer ustidagi suvlar
to`planadigan suv ombori. Ko`pincha
usti suv kam bug`lansin uchun g`ishtin gumbaz
bilan yopilgan, suv yerga shimilib ketmasin uchun ba’zilarining tagiga g`isht
yotqizilgan bo`ladi. Ayrim sardobalarda suv yil bo`yi saqlanadi. Hovuzli yerto`lalar
ham sardoba deyiladi. O`rta Osiyoda, xususan Janubiy O`zbekiston va Sharqiy Turkmanistonda ko`p uchraydi. Sardoba hovuzining
chuqurligi 10-15 m,
diametri 12-16 m,
devorining qalinligi 1-1,5 m bo`lgan.
Sardoba gumbaziga uch tomondan ventilyatsiya darchasi va tepasiga bitta mo`ri
ishlangan. Bular suvning buzilmay saqlanishiga imkon bergan.
Sarisuv– tog`oldi lyoss va gildan iborat qiya tekisliklardan oquvchi loysa suv. Ba’zi
joylarda daryo nomiga aylanib ketgan. Masalan, Markaziy Qozog`istondagi
Sarisuv daryosi.
Sari
chashma - buloq ko`zi, buloqning suv chiqadigan joyi.
Sarin
shamol -salqin shamol.
Sariq
tuproq - sernam subtropiklarda keng bargli o`rmonlar tagida
gilli slanetsdan iborat ona jinsdan paydo bo`lgan tuproq. Chirindisi kam. Temirning suvli oksidlari tufayli sariq bo`ladi. Xitoyda, AQShning
janubida, Avstraliyaning janubi-sharqida va Yangi Zelandiyada, G`arbiy Gruziya
va Ozarbayjonda (Lenkoran) uchraydi. Bunday yerlarda subtropik ekinlar
(sitrus, choy va b.), tok, efir moyli o`simliklar, tamaki, sabzavot va boshqa
ekinlar ekiladi.
Sarob- atmosferada nurning anomal refraksiyasi hodisasi. Sarobda
ko`rinish (manzara) va predmetlar
o`z holicha ham, teskari ham ko`rinishi mumkin. Sarob atmosferada haroratning yuqoriga
qarab o`zgarishining to`g`ri holati juda barqaror yoki nihoyatda beqaror bo`lganda ro`y beradi. Sarobda predmetlar o`z
haqiqiy joyidan yuqorida ham, pastda ham, yon tomonda ham ko`rinishi mumkin. Sarob
cho`llarda havo juda qizib ketganda, tinch ob-havoda ko`proq sodir bo`ladi.
Sarg`on
yer - qamish sarg`ayib qurib qoladigan yer.
Sahro- 1) Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlarnda, chunonchi arab va eroniy tillarda «cho`l»
ma’nosida ishlatiladigan so`z, joy nomlari tarkibida ham uchraydi, Masalan, Sahroi
Kabir; 2) o`zbek tilida cho`l so`zining
sinonimi sifatida (1960-yillargacha) ishlatilib kelgan; 3) hozirgi o`zbek geografik adabiyotida Arktika,
Antarktikadagi va baland tog`lardagi doimiy sovuq, qor-muzlar makoni (muz sahrosi).
Seddlar- Nil daryosining o`rta oqimida, Sudan soyligidan oqib
o`tadigan qismida pastak qirg`oqlar hamda sayoz o`zanlarni qoplab yotadigan qamish
va papirus to`qaylari.
Sedimentatsiya (lotincha sedimentum – o`tirib qolish) –
tog` jinslari zarralarining o`tirib qolishi. Cho`kindi jinslar paydo bo`lishining
dastlabki bosqichi.
Seysmograf (yunoncha
seysmos - zilzila, grafo -
yozaman) - zilzila bo`lganda yoki moddalar portlatilganda yer po`stida ro`y
beradigan tebranishlarni qayd qiladigan asbob.
Seysmologiya (yunoncha
seysmos - zilzila, logos -
fan) - zilzilalar sathidagi fan. Zilzilaning sabablari, seysmik to`lqinlarning
yer ichida tarqalishi, zilzilalar geografiyasi va zilzilalar oqibatiga qarshi
kurash yo`llarini o`rganadi.
Sel– tog` vodiylari, soylar va jarlardan qisqa vaqt ichida juda katta tezlik bilan
oqib keluvchi tosh aralash loyqa suv oqimi. Sellar qattiq jala qo`yishi, tog`lardagi qorning juda tez erishi, yonbag`irning
qiya va unda nuroq jinslarning ko`p yig`ilib qolishi natijasida vujudga keladi.
Odatda sel oqimlari qurg`oqchil iqlimli, o`simliksiz yonbag`irlarda kuchli bo`ladi.
Sel hodisasi O`rta Osiyoda (Farg`ona, Qashqadaryo, Surxondaryo vodiylarida,
Kopetdog`da, Tyanshanning G`arbiy va Shimoliy tizmalari vodiylarida), Kavkazda,
G`arbiy Yevropa, AQSh, Janubiy Amerikaning tog`li rayonlarida, Yaponiyada ko`p
kuzatiladi. Xo`jalikka katta zarar keltiradi.
Seldara - tog`larda, tog` oldi qirlarida sel hosil bo`ladigan, sel
keladigan dara; soy. Odatda sel hosil bo`ladigan soy uncha uzun bo`lmaydi va ko`llari
- irmoqlari ko`p hamda kalta bo`ladi. Lekin bosh soy - seldara tog`dan chiqishda
tog` o`zanga ega bo`lib, yoyilma konusi hosil qiladi.
Selena - qadimgi yunonlarda Oy nomi; Selena atamasi
ba’zi bir so`zlar tarkibida uchraydi; Masalan, selenografiya - Oy litosferasini
o`rganadigan fan.
Selvaslar (lotincha selva - o`rmon) - Janubiy Amerika
(Braziliya)dagi nam tropik (ekvatorial)
o`rmonlar.
Selva - portugalcha o`rmon degani. Ekvatorial o`rmonlar Janubiy Amerikada Selva deb ataladi.
Sellyuloza (fransuzcha - sellyuloza asli lotincha sellyula - katak so`zidan), kletchatka - o`simlik hujayralari po`stlog`ining suvda erimaydigan eng asosiy tarkibiy qismi, tabiatda eng ko`p tarqalgan polimerlardan biri. Sellyuloza o`simlik tolasi (paxta, zig`ir, konoplya) ning tarkibiy qismi, sun’iy tolalar, plyonka (sellofan), plastmassa, lak, portlovchi moddalar ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi.
Serir (arabcha) - Sayroi Kabirning qattiq shag`allardan tarkib topgan
pastroq qismlari.
Sizot suv - yerning g`ovak
yuza qatlamidagi va tuproqdagi bo`shliqlarni to`ldirgan
suv. Sizot suv suvli qatlam yer
yuzida yotgan joylarda bo`ladi. Suvli qatlam
ustini suv o`tkazmaydigan qatlam qoplamaydi.
Sizot ssuv sathi bevosita yer usti suvlari va yog`in suvlari bilan tutash bo`lgani
uchun fasldan-faslga o`zgarib turadi; ba’zan botqoqliklar hosil qiladi.
Siljish - tog` jinslarining
tektonik yoriq bo`ylab, bir-biriga nisbatan gorizontal siljishi.
Siljiq - tog` jinslarining
tektonik yoriqlar bo`ylab gorizontal siljigan palaxsasi. Katta siljiqlar yuzlab,
hatto minglab km ga chuziladi, uzoq davr mobaynida ro`y
beradi.
Siklon (yunoncha syklon - aylanuvchi) - front zonasida atmosfera bosimi atrofdan markazga tomon kamayib boradigan, shamollar soat strelkasi harakati yo`nalishiga teskari esadigan havo girdoblari. Siklon - atmosferaning past bosimli oblasti; Siklonda bosim markazda eng past bo`lib, shamol atrofdan markazga qarab esadi. Yerning aylanishi ta’sirida siklonda shamol shimoliy yarim sharda soat strelkasi yo`nalishiga qarshi, janubiy yarim sharda soat strelkasi yo`nalishi bo`ylab esadi; atmosferaning quyi qatlamida quyun shaklida havo oqimlari hosil bo`ladi. Siklonning eni 1000-3000 km bo`ladi. Sikonda ayniqsa markazida havo bulut bo`lib, yog`in yoradi. Ayrim sikon bir necha kun turadi; dastlab soatiga 20-30 km va undan ham tezroq harakat qiladi; shundan so`ng asta-sekin so`na borib tugaydi. MDHda siklonlar Atlantika okeanidan keladi va o`zgaruvchan ob-havo keltiradi. Siklon kelganda yozda havo sovub, shamol turadi, bulut bo`lib yomg`ir yog`adi; qishda havo ilib ketib, qor bo`roni turadi va qor yog`adi.
Silikat sanoati – olovbardosh,
chinni - fayans va keramik buyumlar (g`isht, cherepitsa; vodoprovod va kanalizatsiya trubalari, sopol idishlar),
sement, ohak oyna shisha ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari.
Singma suv - yer yuzasidan chuqurga
singib ketadigan suv. Yer po`stidagi yer osti suvlari harakat yo`nalishiga qarab
ikkiga bo`linadi: mantiyadan ajrab chiqadigan va yuqoriga yo`nalgan yuvenil suv
hamda pastga sinib boruvchi singma suv.
Sinekliza (yunoncha sin - birgalikda,
yenklisis - egilish) - yer po`stining platformadagi sal bukilgan katta (diametri
bir necha yuz km keladigan) qismi (Masalan, Rossiya
platformasidagi Moskva sinklizasi).
Sinklinal (yunoncha sinklino - egilaman) - qabariq tomoni
pastga qaragan tog` jinslari qatlamlari. Sinklinal antiklinal bilan yonma-yon
uchraydi. Sinklinal– qavariq tomoni pastga qaragan tog` jinslari qatlamlari burmasi.
Sinoptik xaritalar (yunoncha sinoptikos - hamma narsani birdan ko`radigan), ob-havo xaritalari - muayyan hududda ma’lum vaqtda ob-havoning holati raqamlar va
shartli belgilar bilan ko`rsatilgan xaritalar. Butun Yer shari yoki biron hududning
sinoptik xaritalari tuzilishi mumkin. Sinoptik xaritalar asosida ob-havo bashoratlari
e’lon qilinadi.
Sintetik mahsulotlar - murakkab kimyoviy
reaksiyalar yo`li bilan olinadigan sun’iy mahsulotlar. Hozirgi vaqtda xilma-xil
bo`yoqlar, dori-darmonlar, zaharli moddalar, suyuq yoqilg`i, sun’iy kauchuk
tola va boshqa sintetik mahsulotlar olinmoqda.
Sirokko (arabcha sharq so`zidan) - Sayroi Kabirdan O`rta dengiz havzasi,
jumladan Apennin yarim oroliga tomon esadigan issiq va quruq qattiq shamol. Sirokko o`simliklarga
zarar yetkazadi, ba’zan quritib qo`yadi.
Sirt - 1) Tyanshan tog`larida 3500-4000 m balandlikda joylashgan usti tekis, salgina
to`lqinsimon yer, tekislangan yuza. Sirtlar tog`larning mezozoy erasida
pasaygan va tekislangan hamda keyinchalik qayta ko`tarilgan qoldiqlaridir.
Landshafti alp o`tloqlaridan iborat. Iqlimi salqin. Yozgi o`tloqlar sifatida foydalaniladi; 2)
Volga daryosi bilan Ural tog`lari oralig`ida joylashgan, yer yuzasi salgina
parchalangan keng suvayirg`ich yer; masalan, Yalpi Sirt.
Sig`alon - tog`larda tik yon
bag`irlarning o`rta va quyi qismlarida to`plangan silliqlanmagan parcha toshlar. Tub tog` jinslarining nurashi va nuroq jinslarning yuqoridan qulab
tushishi natijasida hosil bo`ladi. Sig`alondagi jinslarning katta-kichikligi
ularning tarkibiga bog`liq: slanets, granit sig`alonlar mayda toshli, ohaktosh
sig`alonlar yirik toshlidir.
Skreb - Avstraliyaning qurg`oqchil
hududlarida bo`tasimon evkalipt, tikanli akatsiya va butilkasimon daraxtlardan
iborat doimiy yashil chakalakzorlar.
Slanetslar - tarkibi turlicha bo`lgan
qat-qat yoki kitob varaqlari kabi yupqa plastinkalardan iborat cho`kindi yoki
metamorfik tog` jinslari.
Slyudalar - urganda yuzasi
silliq, juda yupqa varaqlarga ajraladigan, jins hosil qiluvchi minerallar. Masalan,
tabiatda keng uchraydigan muskovit bilan flogopit izolyator sifatida, metallurgiya
pechlari oynalari uchun, elektr sanoati va radio sanoatida, biotit esa elektrotexnika sanoatida izolyator sifatida
ishlatiladi. Konlari: Ural, Sharqiy
Sibir, Kareliya, Ukraina, Hindiston, Shri-Lanka, Kanada, AQSh va b.
Sovuqlik qutblari - yer sharida havo harorati eng past bo`lgan
joylar. Verxoyansk-Oymyakon Shimoliy yarim sharning sovuqlik qutbidir; bu
yerda mutlaq harorat -70 daraja, yanvarning o`rtacha harorati -50,5 darajaga yetadi. Sharqiy Antarktidadagi «Vostok»
stansiyasi atrofi janubiy yarim sharninggina emas, balki butun planetaning sovuqlik
qutbidir - bu yerda mutlaq minimum harorat -88,3 darajaga, yillik o`rtacha harorat
esa -55 darajaga teng bo`lgan.
Soztuproq - zarrachalari juda mayda to`g` jinslari (gil), berch -
yopishqoq tuproq.
Soy - 1) kichik daryo, irmoq; 2) soylik quruq vodiy.
Soylik - 1) tekisliklar, tog` oldi qiya tekisliklari, qir va adirlarda
keng, sayoz, bir tomonga cho`zilgan pastlik yer. Yuzalama eroziya va to`lqinsimon
kuchsiz burmalanish natijasida vujudga keladi; 2) yer po`stining turli xil yo`llari
bilan hosil bo`lgan botiq qismlari.
Solyar iqlim - (lotincha
solaris- quyoshli)
- radiatsion iqlim. Joyning geografik kengligi va Quyoshning gorizontdan balandligining o`zgarishinigina nazarda
tutib, nazariy hisoblab chiqariladigan iqlim. Bunda iqlim hosil qiluvchi boshqa
omillar: quyosh nurining atmosferadan qaytishi, havo qatlamida tarqalishi, yer yuzasining holati, reylef, atmosfera
sirkulyatsiyasi, oqimlar va h.k. lar hisobga olinmaydi. Shu sababli solyar
iqlim haqiqiy iqlimdan farq qiladi.
Sopka - Zabaykale va Uzoq Sharqda tepalik
va tog`lar shunday ataladi. Kamchatkada va Kuril orollarida vulkan (Klyuchi
sopkasi, Avacha sopkasi), Qrim bilan Kavkazda balchiq vulkan sopka deyiladi.
Sochilmalar – tog` jinslari, rudali yertomirlarning yemirilishidan hosil bo`lgan va
tarkibida qimmatli minerallar: oltin, platina, olmos uchraydigan g`ovak yotqiziqlar.
Nuragan jinslar shu yerning o`zida qoladi yoki boshqa yerlarga, ko`proq daryo
vodiylari, ko`l qirg`oqlariga olib borib tashlanadi.
Sohil (arabcha) - quruqlikning dengiz, ko`l va daryo qirg`og`iga parallel cho`zilgan
hamda unga nishab bo`lgan qismi. Sohilda qirg`oqlarga xos bo`lgan hozirgi zamon
va qadimgi reylef shakllari - terrasalar, eski o`zanlar bo`ladi.
Speleologiya (yunoncha sepelayon – g`or, logos - fan) – g`orlarni, ularning paydo bo`lishini,
g`or ichidagi mikroiqlim, suvlar, organik dunyoni, o`tmishda va hozirgi vaqtda g`orlardan
foydalanilishini o`rganadigan fan.
Stalagmitlar (yunoncha stalagma - tomchi) – g`orlarning
tagida ustun, sumalak shakllarida cho`qqayib turgan mineral hosilalar. Stalagmitlar
kalsiy karbonatga to`yingan suvning go`r tepasidan tomib tushib bug`lanib ketishi
va kalsiy karbonatning cho`kib qolishidan paydo bo`ladi.
Stratisfera– yer po`stining asosiy cho`kindi va metaformik jinslardan tashkil topgan ustki qismi.
Stalaktitlar (yunoncha stalaktos - tomchilab tushib qotgan)
– g`orlarning shipi va devorlarining yuqori qismlarida sumalak naycha, popuk
shakllarida osilib turgan mineral hosilalar. Kalsiy va karbonat angidridga to`yingan
suvning g`op tepasidan sizib o`tib bug`lanib ketishi va kalsiy karbonatning
to`planib qolishidan hosil bo`ladi.
Statut (lotincha
statuo - qaror qilaman) - muayyan hudud yoki xalqaro tashkilot idora organlarining tashkiliy
tartibi va faoliyatini belgilab beradigan Nizom.
Statsionar metod -
geografik tadqiqot metodlaridan biri. Statsionat metodda geografik ob’ekt, hodisa va jarayonlar uzoq vaqt davomida uzluksiz
ishlovchi ilmiy- tadqiqot stansiyalarida o`rganiladi. Bu metod ekspeditsiya metodidan farqli ularoq, geografik jarayon va ob’ektlarning maydonda tarqalishini emas, balki vaqt davomida o`zgarishini,
dinamikasini va rivojlanishini o`rganishga imkon beradi. Statsionar
metor landshaftlarning strukturasi, dinamikasi,
mavsumiy o`zgarishlari
va rivojlanishini tadqiq qilishda muhim ahamiyatga ega.
Subalp mintaqasi - o`rtacha
va subtropik kengliklardagi yil bo`yi bir tekisda yetarli miqdorda yog`in yog`adigan tog`larning balandlik mintaqasi. Alp mintaqasidan pastda, tog` o`rmon mintaqalaridan yuqorida. Baland bo`yli subalp o`tloqlari, qing`ir-qiyshiq daraxtlar, chakalakzorlar xarakterli. Subalp
mintaqasi o`tloqlaridan yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.
Subantarktika mintaqasi - janubiy yarim shardagi geografik mintaqa, okeanlarning 58°-60° va 65°-67°
gacha janubiy kengliklardagi qismlarini o`z ichiga oladi. Iqlimi sovuq (havoning o`rtacha harorati qishda -5° dan -15° gacha, yozda
0°-2°, qattiq shamollar bo`lib, tuman tushib turadi. 500 mm yog`in yogadi. Qishda yoppasiga
suzib yuruvchi muzlar bilan qoplanadi. Suvda plankton ko`p. Subantarktika
mintaqasidan ko`plab baliq
va dengiz hayvonlari ovlanadi.
Subarktika mintaqasi -
Shimoliy yarim shardagi geografik mintaqa. Janubda 60°-65° sh.k., shimolda 67°-73°
sh.k.gacha boradi. Iqlimi sovuq, yanvarning o`rtacha harorati materiklarda va orollarda -5° dan -40° gacha,
iyulniki +5° dan +12° gacha. Vegetatsiya davri 70-110 kun, 300-500 mm yog`in yog`adi. Zamin tungib yotadi. Subarktika
mintaqasi tundra va o`rmonli tundra
zonalariga bo`linadi. Okean suvida baliq va boshqa hayvonlar ko`p.
Subtropik iqlim - mo`tadil
iqlim bilan tropik iqlim orasidagi iqlim, qishi iliq, yozi issiq; eng sovuq oyning o`rtacha harorati 0° dan yuqori. Subtropik iqlimli hududlar 30°-40° sh.k. bilan 30°-35° j.k. larda. Subtropik
iqlim bir
necha xil bo`ladi: O`rta dengiz bo`yi iqlimi, nam subtropik o`rmonlar iqlimi, subtropik
cho`llar iqlimi
va mussonli subtropik iqlim.
Subtropik mintaqalar, subtropiklar - Yerning har ikkala yarim sharidagi geografik mintaqalar, 30° va
40° kengliklar orasida. Mo`tadil mintaqalardan farq qilib, vegetatsiya yil bo`yi davom etadi, sovuq oyning o`rtacha harorati 0° dan yuqori. Tropik mintaqalardan farqi esa mavsumlarda termik rejimning
keskin tafovut qilishidir, dengizdan quruqlik ichiga kirib borgan sari yog`in miqdori kamayib iqlim kontinentallasha boradi. Nam
va quruq subtropik mintaqalar bo`ladi.
Nam subtropik mintaqalar
Kavkazning Qora
dengiz sohilida va
Lenkoran pasttekisligida uchraydi. Tuprog`i qizil tuproq,
xilma-xil va boy o`simliklar o`sadi. Quruq subtropiklarga Qrimning Janubiy sohili, Sharqiy Zakavkaze, shuningdek O`rta Osiyo cho`llarining janubiy chekkalari kiradi.
Suburbanizatsiya (inglizcha suburb -
shahar yoni) - shaharlarning shahar atroflari hisobiga o`sishi. Shahar atrofida
qurilgan uy-joylar va sanoat korxonalari hisobiga shahar kengayib, tobora katta
hududni qamrab oladi.
Sublimatsiya - suvning suyuq holatdan qattiq holatga o`tishi.
Suv- vodorod bilan kislorodning birikishidan hosil bo`lgan
suyuq, rangsiz modda. Qalinligi 2 m dan
oshsa, havo rang tusga kiradi. Normal bosim sharoitida +100°C da qaynaydi. +4°
da eng zich bo`lib, 1 sm.kub
suv 1 grammga tenglashadi. Tabiatda uch xil ko`rinishda - muz, suyuq suv, bug` holatda uchraydi. Ko`pchilik
mineral va tog` jinslarida
birikma holda bo`ladi. Suz so`zi geografik nomlar yasalishida ishtirok etadi. Masalan,
Qizilsuv, Oqsuv, Ko`ksuv, Qashqasuv, Qorasuv.
Suv
boshi - daryo, kanal, ariqlar
boshlanadigan joy, manba. Suv boshi buloqlar, tog`lardagi qor va muzlardan
boshlanuvchi jilg`alar, ko`llar, boshqa daryo va h. k. lar bo`lishi mumkin.
Suv
bo`yi - daryo, ko`l, kanal, ariq, dengizlar qirg`og`i bo`ylab cho`zilgan kambar yer, sohil.
Suv yig`iladigan havza - biror daryo, ko`l yoki dengizga yer osti suvlari oqib keladigan yer,
maydon. Suv yig`iladigan suvayirg`ich bilan chegaralangan bo`ladi.
Suv
ko`tarilishi va qaytishi - Oy bilan Quyosh ta’sirida dengiz sathining
davriy ravishda (sutkasiga ikki marta) ko`tarilib va
pasayib turishi.
Suv
ombori - kishilar tomonidan biror maqsadni ko`zlab (suv chiqarish,
GES qurish, suv oqimini tartibga solish, mikroiqlimni o`zgartirish va h.k.)
bunyod etilgan suv havzasi. O`rta Osiyoda daryo oqimini tartibga solish, suv to`plash,
GESlar qurish maqsadida quriladi. Masalan, Kattaqo`rg`on, Janubiy Surxon,
Tuyamo`yin suv omborlari va b. Suv ombori – suv yig`ish va saqlash uchun quriladigan suv havzasi.
Suv
osti tizmalari - okeanlar va ba`zi bir
dengizlar tagidagi uzun cho`zilgan va balandligi 4-5 km
ga yetadigan ko`tarilmalar. Suv osti tizmalari uzun cho`zilgan tektonik
tizmalardan (ular hammasi bo`lib 75 ming km cho`zilgan),
burmali-palaxsali, vulkanik tizmalardan, yoysimon orollarning burmali-palaxsali
tizmalari va vulkanlardan, yer po`stining yoriqlari bo`ylab cho`zilgan
jarliklardan iborat bo`ladi.
Suv osti vodiylari – okean va dengiz tublarida materik sayozligi va materik yon bag`rida bo`ladigan chuqur vodiylar.
Suv toshqini – turli sabablar bilan suv sathini ko`tarilishi natijasida quruqlikni suv bosishi.
Suv eroziyasi – oqar suvlarning tog` jinslari, tuproqni yuvib ketishi.
Suv massasi – o`ziga xos maydon va chuqurlik bilan o`lchanadigan, uayyan tabiiy geografik sharoitda shakllangan fizik, kimyoviy va biologik xususiyatlari nisbatan bir xil bo`lgan suv hajmi.
Suv
sarfi - suv oqimining ko`ndalang kesimidan muayyan vaqt
davomida oqib o`tgan suv miqdori. Daryo, kanal, jilg`a, anhorlarning suv sarfi
soniyasiga kub metr (m.kub/sek) hisobida,
buloq, kichik ariq, quduqlar suv sarfi soniyasiga litr (l/sek) hisobida
beriladi.
Suv
o`tkazadigan jinslar - suvni o`zidan oson o`tkazadigan
tog` jinslari. Masalan, qum, ohaktosh.
Suv
o`tkazmaydigan jinslar - suvni o`zidan juda sekin o`tkazadigan
tog` jinslari, Masalan, gil,
granit.
Suvayirg`ich,
jun - ikki daryo havzasi yoki ikki dengiz, okean havzasi orasidagi chegara. Yog`in-sochin suvi,
daryo suvlari ana shu chegaradan ikki qarama-qarshi tomonga oqadi. Masalan, Volga
bo`yi qirlari Volga va Don daryolari oralig`idagi suvayirg`ichdir. Tinch okean
(Tinch okean bilan Hind okeaniga quyiladigan daryolar) havzasini Atlantika
okeani (Atlantika hamda Shimoliy Muz okeanlariga quyiladigan daryolar) havzasidan
ajratib turadigan chegara Yer sharining bosh suvayirg`ichi. deyiladi.
Suveren
davlat (fransuzcha suverenite -
oliy hokimiyat) - ichki ishlarda va tashqi aloqalarda mustaqil ish ko`radigan, boshqa
davlatlarning aralashishiga yo`l qo`ymaydigan, siyosiy jihatdan mustaqil
davlat.
Suvli
qatlam -
Yer po`stining tog` jinsi
parchalari orasidagi bo`shliqlarda, yoriqlarda og`irlik kuchi yoki gidrostatik
bosim ta’sirida siljib yuradigan suvlar mavjud bo`lgan qatlami. Suvli qatlam yer yuziga chiqqan joylarda buloqlar chiqadi,
yer yuzida bo`lsa, botqoqlik zahob,
sho`rxok vujudga keladi.
Suvning aylanishi- quyosh radiatsiyasi va og`irlik kuchi ta’sirida Yer
sharida suvning to`xtovsiz aylanib yurishi. Quyosh radiatsiyasi ta’sirida
Dunyo okeani yuzasidan taxm. 450 ming km.kub, quruqlikdan
61 ming km.kub suv
bug`lanadi. Okean yuzasidan ko`tarilgan suv bug`larining aksari qismi to`yinib,
yana okean ustiga yog`in bo`lib yog`adi (403 ming km.kub); bug`larning
havo oqimlari olib ketgan qismi quruqlikka yog`adi (108 ming km.kub). Bu
yog`inlarning bir qismi yerga singib, yer osti suvlarini hosil qiladi, bir qismi
yer yuzasidan oqib, daryolarni vujudga keltiradi, qolgan qismi esa bug`lanib ketadi. Havo oqimlari quruqlikka
keltirgan suv pirovard natijada Dunyo okeaniga yetib boradi.
Sunami (yaponcha) - suv ostida yoki qirg`oq yaqinida zilzila bo`lganda yoki vulkan otilganda okean suvida hosil bo`ladigan ulkan to`lqinlar. Soatiga 50-1000 km tezlik bilan tarqaladi. Tulqin balandligi ochiq okeanda 5 m ga yetadi, qirg`oqqa urilganda 50 m dan oshishi mumkin. Sunami qirg`oqni bosib, ko`p yerlarni vayron qilishi mumkin. Asosan Tinch okean qirg`oqlarida kuzatiladi.
Sunbula- 1) zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Shamsiya hisobidagi
yilning oltinchi oyi, 22-avgustdan 22-sentyabrgacha davom etadi. Bu
vaqtda Quyosh
osmon sferasida sunbula yulduzlar turkumi oldidan o`tadi. Bu oyda suv tiniydi,
soviydi. Sunbula suvini ichgan meva qishda yaxshi saqlanadi.
Sunbul
havo - salqin, bulutli, ob-havo.
Sun’iy
yo`ldosh, Yerning sun’iy yo`ldoshi –
ko`p bosqichli eltuvchi raketalar yordamida Yer atrofi orbitasiga chiqarilgan
va xilma-xil ilmiy hamda texnik priborlar bilan jihozlangan kosmik apparat.
Birinchi sun`iy yo`ldosh 1957-yil 4-oktyabrda uchirilgan. Endilikda sun`iy
yo`ldoshlardan Yer atmosferasining yuqori qismi va kosmik fazoni o`rganish
bilan birgalikda radio masalalari va telealoqalar o`rnatish, Yerning tabiiy
boyliklarini o`rganishda foydalanilmoqda.
Sun’iy
tolalar - tabiiy organik polimerlardan olinadigan kimyoviy
tolalar, viskoza tolalari, mis-ammiak tolalari, atsetat tolalar, oqsilli sun’iy
tolalar sun’iy tolalardir. Sun’iy tolalar to`qimachilik yoki kord iplari,
shtapel tolasi holida chiqariladi.
Supasimon tog`lar -
usti yassi va yonbag`irlari qattiq
jinslardan tuzilganligidan tik tushgan tog`lar.
Supasimon o`lkalar – tektonik harakatlar oqibatida tevarak atrofdan bir oz ko`tarilgan tekisliklar.
Supatog` -
usti tekis yoki salgina ur-qir, yonbag`irlari kesilgandek tik tushgan
yakka-yakka tog`, tepa,
qir. Ustki qismini gorizontal joylashgan cho`kindi jinslar yoki lava qoplagan bo`ladi.
Supatog` supasimon o`lkalarning eroziya natijasida parchalanishi, tekislangan
yuzalarning tektonik yoriqlar bilan ayrim palaxsalarga bo`linishi natijasida
vujudga keladi.
Sur
o`rmon tuproqlari - aksari keng bargli o`rmonlar
tagida hosil bo`ladigan tuproqlar.
Tarkibida 2-9% chirindi bor. Podzol tuproqlarga
nisbatan serunum. Sur o`rmon tuproqlari shimoldan podzol tuproqlar bilan janubdan qora tuproqlar
orasida. Sur o`rmon tuproqlari Moldaviyadan Zabaykalegacha, shuningdek Kanada
bilan AQShning chegaradosh hududlarida uchraydi.
Surilma– tog` yon bag`ridan jinslarning o`z og`irligi ta`sirida pastga tomon siljishi. Surilma– tog` jinslarining og`irlik kuchi ta’sirida yonbag`ir bo`ylab pastga surilib
tushishi. Ko`pincha suvli va suv o`tkazmaydigan
gilli qatlamlar ustma-ust
joylashgan, yonbag`ir ostini suv yuvib ketgan joylarda ro`y beradi. Surilmalar
tog`li rayonlar xo`jaligiga ba’zan katta zarar yetkazadi. Yonbag`irlarni yalang`ochlab,
yo`l va inshootlarni ko`mib yuboradi. Surilmalarga qarshi yonbag`irlarga o`simlik
ekish, suvli qatlamga tushadigan suv
miqdorini kamaytirish tadbirlari amalga oshiriladi.
Sutka- Yerning o`z o`qi atrofida g`arbdan sharqqa bir marta aylanib chiqishi uchun
ketgan vaqt, 24 soatga teng. Vaqt o`lchov birligi.
Suzib yuruvchi nasos
inshooti - daryo qirg oqlarini tez o'zgartirib
turishligidan nasos inshooti maxsus qayiqchaga o'rnatiladi. Suv sathining
o'zgarishidan qat'iy nazar suv kerakli balandlikka bir maromda ko'tarilib
beriladi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!