Lab - daryo, ko`ll, jar va boshqsa suv havzalari
sohilining qirg`oq bo`yi qismi.
Lava (lotincha labes –
ko`chki) - vulkan krateridan yoki yer po`stidagi yoriqlardan yer yuzasiga oqib
chiqib, gazlarining bir qismini yuqotgan magma. Yer yuzasida lava harorati 1000-1200
daraja bo`ladi. Lava qotishidan vulkan tog` jinslari,
masalan, bazalt hosil bo`ladi. Lava - vulqonlar og`zidan yoki yer po`stidagi yoriqlardan yer yuzasiga oqib chiqib, gazlarning bir qismini yo`qotgan magma.
Laguna (italyancha laguna, lotincha
lakus – ko`l) - dengizdan keltirma
marzalar orqali ajralgan tabiiy, sayoz suv havzasi. Xalqasimon marjon orollari O`rtasidagi
suv havzasi ham lava deb yuritiladi.
Laylak qor - ko`pincha bahorda yog`adigan yirik
pag`a-pag`a qor. Havoda ko`tarilma oqim kuchayib, turli haroratdagi havo
aralashgan vaqtda yog`adi. Bahorda laylak kelishi vaqtida ko`proq yoqqanidan laylak
qor deyiladi.
Lakkolit (yunoncha lakkos
- chuqurlik va litoye -
tosh) - uncha chuqur bo`lmagan yer qatlamlari
orasida qotib qolgan magmatik jism.
Shakli linzasimon yoki gumbazsimon bo`ladi, cho`kindi jinslar orasida tomirlar
hosil qiladi.
Langar - to`xtash joy, karvonsaroy,
qo`noq, manzil. «Aziz-avliyolar» ning mozori, qabri ham langar deyilgan. Joy
nomlari shaklida ko`p uchraydi.
Landshaft - tabiiy komplekslarni
umumlashtiruvchi tushuncha: geologik zamini, reylefi, iqlimi, tuproqlari, o`simlik turkumlari, hayvonot
dunyosi, gidrologik rejimining bir xilligi bilan ajralib turadigan va tabiiy
chegaralarga ega bo`lgan hudud. Landshaftshunoslikda landshaftning uch xil talqini
mavjud: 1) regional tushunchada landshaftning yer yuzasining tabiiy
chegaralangan, uncha katta bo`lmagan qismi. Bu fikrni dastlab L.S.Berg taklif
etgan. L.S.Berg fikricha, landshaft
geografiyaning asosiy birligi, o`rganish ob’ekti; 2) Landshaft tipologik
tushunchalarni umumlashtiruvchi tushuncha. Masalan, tog`-o`rmon qo`ng`ir tuproqlaridagi bo`tazor - siyrak o`rmonlar
landshafti; 3) Landshaft umumiy tushuncha. Masalan, o`rmon landshafti, cho`l landshafti,
botqoq landshafti.
Landshaft
arxitekturasi - arxitekturaning bir bo`limi. Landhaft arxitekturasining asosiy vazifasi
arxitektura ob’yektlarini tabiiy landshaftga moslashtirishdan iborat.
Landshaft biotikasi - landshaftning biologik
komponentlari (o`simlik va hayvonot dunyosi) kompleksi. Landshaft biotikasini o`rganish
landshaftlarning biologik mohiyatini ochib beradi.
Landshaft geofizikasi (fizikasi)
- landshaftshunoslikning landshaftlarni va geografik prosesslarni fizika
metodlari yordamida o`rganuvchi tarmog`i. Landshaft geofizikasida modda va
energiya almashinuvining fizik jihatlariga; geografik qobiq va
landshaftlarning energetikasiga; chunonchi yer yuzasining radiatsiya va issiqlik
balansiga, tuproqlarning issiqlik hamda
namlik rejimiga katta e’tibor beriladi.
Landshaft geokimyosi (kimyosi)
- landshaftshunoslikning bir tarmog`i, landshaftdagi moddalar migratsiyasini o`rganuvchi
fan. Landshaft geokimyosida geokimyoning eng muhim g`oyalari va metodlari landshaftlarni
o`rganishda tadbiq qilinadi. XX asrning 40-yillarida tashkil topgan bu yo`nalishning
asoschisi - akademik B.B.Polinovdir. Landshaft-geokimyoviy tadqiqotlarda
biologik hamda texnogen modda almashinuviga, elementlar klarkiga hamda fizik-kimyoviy
jarayonlarga katta e’tibor beriladi. Landshaft geokimyoviy mohiyatini ochib beradi,
foydali qazilmalarni qidirib topish, tabiatni muhofaza qilish va tibbiyotda muhim
amaliy ahamiyatga ega.
Landshaft dinamikasi - landshaftdagi
oddiy mexanik harakatlardan to strukturasining o`zgarishigacha bo`lgan jarayon hamda
o`zgarishlar. Landshaft dinamikasi landshaftlarning rivojlanishiga, ya’ni sifat
jihatidan bir holatdan ikkinchi holatga o`tishiga sabab bo`ladi. Landshaft dinamikasining
eng muhim belgisi modda va energiya almashinuvidir. Landshaft
dinamikasini o`rganishda sutkalik mavsumiy va ko`p
yillik ritmik o`zgarishlarni hisobga olish katta ahamiyatga ega.
Landshaftlar klassifikatsiyasi -
landshaftlarni paydo bo`lishi, strukturasi va boshqa muhim belgilariga ko`ra
sistemaga solish, guruhlashtirish. Landshaftlarni klassifikatsiya qilishda ular
turli taksonomik birliklarga ajratiladi; bular: landshaft tipi, landshaft
kichik tipi, landshaft turi. Bir xil guruhga kiruvchi landshaftlar umumiy xu-
susiyatlarga ega bo`ladi. Buni hisobga olish esa, ularni o`rganishni
osonlashtiradi hamda o`zlashtirishda muhim amaliy ahamiyatga molikdir. Landshaft
klassifikatsiyasi tabiiy geografik rayonlashtirish muammosini hal qilishda ham
katta rol o`ynaydi.
Landshaft (tabiiy geografik kompleks) modellari
- landshaft strukturasini grafik tarzda aks ettiruvchi
sxemalar. Landshaftning monosistema va polisisema modeli mavjud.
Landshaftning
komponentlararo aloqalari - monosistema modelini,
turli katta-kichiklikdagi komplekslararo aloqalari polisistema
modelini hosil qiladi.
Landshaft morfologiyasi - landshaftshunoslikning
bir tarmog`i. Landshaft morfologiyasi
- landshaftlarning ichki tipologik komplekslari
(fatsiya, joy va h. k.) ni, ya’ni morfologik birliklarini tadqiq qiladi. Landshaft
morfologiyasi landshaftlar strukturasiga ko`ra morfologik birliklar majmuidan
iborat deb qaraladi. Landshaft morfologiyasi yirik masshtabli
landshaftshunoslik tadqiqotlari olib borishga imkon beradi, shuning uchun ham
katta amaliy va nazariy ahamiyatga ega. Akademik
V.B.Sochova rahbarligida rivojlantirilayotgan geotopologiya ham mazmuniga
ko`ra Landshaft morfologiyasiga
o`xshash.
Landshaft profili - landshaftning
ma’lum bir yo`nalish bo`yicha o`tkazilgan grafik tasviri. Landshaft profilini
tuzishda tanlab olingan gorizontal va vertikal masshtabda barcha tabiiy
komponentlar: reylef, geologik tuzilish, tuproqlar,
o`simliklar, iqlim elementlari tushiriladi, landshaft komplekslarining chegaralari
belgilanadi. Landshaft profili landshaftning komponentlari va morfologik qismlari
strukturasini hamda joylanishini yaqqol aks ettiradi.
Landshaft strukturasi - landshaftlarning
tuzilishini, ya’ni komponentlari, kichik komplekslari hamda morfologik qismlari
(fatsiya va h. k.) ning o`zaro ichki aloqasini hamda bir butunligini
ifodalovchi atama. Landshaftlar strukturasiga ko`ra oddiy va murakkab bo`ladi. Masalan,
muz zonasi landshaftlari oddiy strukturaga ega, tropik va subtropik
landshaftlar esa murakkab strukturalidir. Murakkab strukturali landshaftlar
komponentlarining ko`pligi, ular o`zaro aloqasining kuchliligi hamda landshaft
komplekslarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Landshaft sferasi -
geografik qobiqning troposfera, litosfera va gidrosfera bevosita tutashgan,
nisbatan yupqa markaziy qismi. Landshaft sferasi geografik qobiqning biologik
fokusidir. U hozirgi nurash po`stini, tuproq-o`simlik
qoplamini, barcha tirik organizmlarni va havoning yerga tutashib turgan pastki qismini
o`z ichiga oladi. Landshaft sferasining qalinligi
tundrada va arktika sahrolarida 5-10 m
dan tropiklarda 100-150 m gacha
yetadi. Bu atamani F.N.Milkov tavsiya etgan. Ba’zi olimlar landshaft sferasini
geografik qobiqning sinonimi deb qaraydilar.
Landshaft tiplari -
morfologik strukturasi va tabiiy geografik sharoitiga ko`ra bir-biriga o`xshash
regional y tipologik landshaft komplekslarining umumlashma nomi. Chunonchi, har
bir geografik zonada muayyan bir landshaft tipi (tundra, tayga, o`rmonli dasht,
dasht, cho`l va h. k.) ustun turadi.
Landshaft hosil qiluvchi omillar -
geografik komplekslarning shakllanishida ishtirok etuvchi landshaft
komponentlari: iqlim, geologik tuzilishi, relyef, tuproqlar, o`simliklar, hayvonot dunyosi. Landshaft hosil qiluvchi omillar
zonal (iqlim, tuproqlar, o`simliklar,
hayvonot dunyosi) va azonal (reylef, geologik tuzilishi) bo`ladi. Bundan tashqari,
ular litogen (tog` jinslari, reylef shakllari), gidroiqlimiy (suv va havo) hamda
biogen (o`simlik va hayvonot dunyosi) omillar deb ham yuritiladi. Har bir
komponentning landshaft xili va tipini shakllantirishdagi roli hamda salmog`ini
aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Landshaftlar rekultivatsiyasi, yerlar
rekultivatsiyasi - inson faoliyati ta’sirida muvozanati
buzilgan yoki ishdan chiqqan tabiiy va antropogen landshaftlar (chunonchi, qishloq
xo`jalik yerlari) ni tiklash, qayta ishga solish
yoki ular o`rnida yangi tipdagi landshaftlar bunyod qilish. Landshaftlar
rekultivatsiyasiga tog`-kon sanoati hududlaridagi terrikonlarni o`zlashtirish, qayta
sho`rlangan va botqoq bosgan yerlarni tiklash, sanoat chiqindilari uyumlari o`rnida
madaniy landshaftlar yaratish va boshqalar kiradi.
Landshaftlarning vertikal differensiatsiyasi (tabaqalanishi)- tekislik landshaftlarining reylefning past-balandligiga ko`ra sifat jihatidan
o`zgarishi, almashinishi. Masalan, tekisliklardagi qir landshaftlari atrofidagi
pasttekislik landshaftlaridan farq qiladi.
Landshaftlarning progressiv elementlari - landshaftning kelgusi
rivojlanish yo`lidan darak beruvchi eng dinamik elementlar. Masalan, dasht
zonasida orol tarzida kichik-kichik o`rmonlarning paydo bo`lishi, doimiy muzloqlarning
ayrim joylarda erib ketishi, muzlik reylefi hududlarida erozion reylefning
rivojlanishi, o`rmon zonasining ayrim joylarida dasht landshaftlarining paydo bo`lishi
va h.k. Landshaftlarning progressiv elementlari landshaftlar rivojini bashorat qilishda
muhim ko`rsatkichdir.
Landshaftning yoshi - hozirgi
landshaftlar strukturasi shakllana boshlagan vaqt. Masalan, O`rta Osiyodagi
tekislik landshaftlarining yoshi oligotsen epoxasiga to`g`ri keladi. Chunki,
paleogen davrining oxirida - oligotsen epoxasida Turon tekisligi o`rnidagi dengiz
chekinib, bu yerda kontinental (quruqlik) landshaftlar shakllana boshlagan.
Landshaftning relikt elementlari - qadimgi
landshaftlarning hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan namunalari. Ular hozirgidan boshqacha tabiiy sharoitda paydo
bo`lgan, shuning uchun ham hozirgi tabiiy sharoit bilan yetarli uyg`unlikka ega
emas. Landshaftning relekt elementlariga cho`llardagi qadimgi daryo vodiylari –
o`zbo`ylar, daryo tirsaklarining asosiy o`zandan ajralib qolib ko`lmak hamda
botqoqlik landshaftlarini hosil qilishi va h.k. lar kiradi. Ular landshaftlarning
rivojlanish tarixini o`rganishda muhim ahamiyatga ega.
Landshaftshunoslik - Yerning
landshaft qobig`i va uni tashkil etgan landshaft komplekslarini, bu
komplekslarning tuzilishi, geografik joylashishi, rivojlanishi, xo`jalikda
foydalanishini o`rganuvchi fan. Tabiiy geografiyaning bir tarmog`i. Landshaftshunoslik
barcha geografik komplekslarni - landshaft qobig`i va geografik mintaqalardan tortib
eng kichik komplekslargacha, ya’ni landshaft, joy, urochishegacha bo`lgan
komplekslarni o`rganadi. Landshaftshunoslikni faqat landshaftni va uning
tarkibiy qismlari bo`lgan joy, urochishe, fatsiyalarni o`rganadigan fandir, deb
hisoblovchilar ham bor. Landshaftshunoslikning asosiy tadqiqot metodi bevosita
joyda kuzatish, tabiiy komplekslarni xaritaga tushirish. Landshaftlar ta’rifi miqdoriy
va sifat ko`rsatkichlariga asoslanadi. Landshaftshunoslik tabiiy resurslardan
oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga yordam beradi. Landshaftshunoslik
faniga birinchi bo`lib V.V.Dokuchayev va uning shogirdlari asos solishgan. Ular
tuproq zonalarini o`rganib,
landshaftlarning zonallik qonuniyatini ishlab chiqishdi. Landshaftshunoslik
keyingi yillarda ancha rivojlandi: landshaft, uning tuzilishi, komponentlari,
tarkibiy qismlari, tadqiqot metodlariga bag`ishlangan anchagina ilmiy ishlar
nashr qilindi. Mamlakatimiz turli joylarining landshaft xaritalari tuzildi.
Lapilli (lotincha lapillus
- tosh parchasi) - vulkan otilganda uchib borayotib qotgan
lavaning kichik (diametri bir necha sm gacha)
parchalari va kraterdan chiqib qotib qolgan vulkan jinslari bo`laklari.
Laterit tuproqlar (lotincha later –
g`isht) - sernam tropik o`rmonlar
tagida tarkib topgan tuproqlar.
Janubiy Amerikada, Markaziy Afrikada, Janubi-Sharqiy Osiyoda va Avstraliyaning
shimolida keng maydonlarda tarqalgan.
Tarkibida temir ko`pligidan rangi ko`proq qizil bo`ladi. Ustki qismida
chirindi 4-6%. Laterit tuproqli o`lkalarda
sholi, kakao, geveya, kofe va boshqa ekinlar ekiladi.
Latifundiya (lotincha latus -
keng va fundus - mulk) - katta yer
pomestesi; bunda yer egasi (latifundiyachi) yerni ishlatish uchun
ekspluatatsiyaning turli shakllaridan foydalanadi, jumladan, ijaraga beradi va h.
k.
Legenda (lotincha legenda –
o`qilishi kerak bo`lgan narsa) - xarita mazmunini ochib beradigan barcha
shartli belgilar va izohlar. Legenda xaritalarning chetlariga yoki xarita
ramkasi ichidagi bo`sh yerga joylashtiriladi. Atlas va ko`p sahifali xaritalarda
legenda alohida sahifaga bosiladi yoki broshyura holida ilova qilinadi.
Legirlash (nemischa legiyeren -
eritmoq) - metall yoki metall qotishmalarining mexanik, fizik, kimyoviy va
fizik-kimyoviy xossalarini yaxshilash uchun ularga boshqa metallar (ba’zan,
metallmaslar) yoki metall qotishmalari qo`shish. Legirlovchi elementlar (xrom,
nikel, mis va b.) odatda, suyuq holatdagi metall yoki metall qotishmalariga qo`shiladi.
Legirlash yo`li bilan butunlay yangi xossalarga ega bo`lgan metall qotish malar
olinadi. Qattiq jism sirtini ionlar
bilan bombardimon qilib, shu jism ichiga tashqi atomlarni kiritish jarayoni ham
legirlash deb ataladi.
Lyoss (nemischa) – sarg`ish,
mayda zarrali, bo`shoq tog` jinsi.
Tarkibida gil mineralardan tashqari, kvars, slyuda, dala shpati, kalsit, temir
ikki okidi zarrachalari ham bo`ladi. Lyoss orasida karbonat donachalari
uchraydi. Lyosslarning qalinligi bir
necha metrdan 400 metrgacha boradi. Lyoss ustida hosil bo`lgan tuproqlar unumdor bo`ladi. Lyoss oqar
suvlar, ko`l, muzlik yotqiziqlaridan, shamol keltirmalaridan vujudga keladi.
Lyossda kapillyar naychalar tik joylashganligidan lyossdagi jarlar tik devor hosil
qiladi.
Lignit (lotincha lignum –
daraxt) – qo`ng`ir ko`mir turlaridan biri. Yog`ochli qoldiqlari
aniq ko`rinib turadi. Kukun qo`ngir ko`mirga qaraganda yopishqoq bo`ladi. Issiqlik
qobiliyati 5-6 ming kkall. Yoqilg`i,
kimyo sanoati uchun xom ashyo bo`ladi.
Liman (yunoncha limen -
gavan, qo`ltiqcha) - 1) qirg`oqlari uncha baland bo`lmagan va qiyaroq, qing`ir-qiyshiq
qo`ltiq. Liman dengiz sohilining pasayib, tekisliklardagi daryo, vodiylarning
suv bosishidan hosil bo`ladi. Liman maydoni bir necha m.kv dan unlab km.kv ga
boradi. Azov va Qora dengizning shimoliy sohillarida limanlar ko`p. 2) Yevropaning
qurg`oqchil janubi-sharqiy hududlaridagi sayoz pastliklar. Bahorda limanga qor-muz
suvlari to`lib, ko`llar hosil qiladi, yozda esa qurib qoladi. Bunday limanlardan
o`tloq sifatida foydalaniladi.
Litogen omillar -
landshaft hosil bo`lishining geologik-geomorfologik omillari.
Litoral (lotincha
litoralis – qirg`oq bo`yi,
sohil) - dengiz suvi qaytganda dengiz tubining ochilib qoladigan qismi.
Sutkasiga ikki marta suv ostida qoladi va ikki marta suvdan ochiladi. Tubining qiyaligi
va suvning ko`tarilishi - qaytishi
amplitudasiga qarab litoralning eni bir necha metrdan bir necha kilometrgacha bo`lishi
mumkin. Zamini xususiyatlariga qarab balchiqli, qumli, toshli va qoyali litorallar
bo`ladi.
Loy - 1) zarrachalari
juda mayda (fraksiyasining diametri 0,01 mm
dan kichik) mayin tog` jinslari.
Loy tabiiy holatda, suvga bo`kkanda yopishqoq va plastik xususiyatga ega bo`ladi.
Suvni yomon o`tkazadi. Kelib chiqishiga ko`ra ikki xil bo`ladi: a) qoldiq loy.
Ular jinslarnig nurashidan hosil bo`lib, o`z joyida saqlanib qoladi; b) cho`kindi
loy - suv, shamol, muz vositasida boshqa joydan keltirib yotqizilgan loy. Loy
yotqiziqlari quriganda palaxsa-palaxsa bo`lib yorilib ketadi.
Lot (gollandcha lood)
- dengiz, ko`l va boshqa suvlarning chuqurligini o`lchaydigan
asbob. Oddiy (dastaki), Mexanik va gidroakustik xillari bor. Oddiy lot metrlarga
bo`lingan sim (lotlin) uchiga konus (piramida) shaklidagi qo`rg`oshin yoki cho`yan
(3,5-5 kg) bog`langan moslamadan iborat bo`lib,
50 m gacha chuqurlikni o`lchashga imkon beradi. Mexanik lot
suvga botirilgan naychadagi gidrostatik bosimni o`lchashga asoslangan, naychaning bir uchi kavsharlangan, suvga
botiriladigan ikkinchi uchi esa ochiq bo`ladi. Suv juda chuqur bo`lsa, gidroakustik lot bilan o`lchanadi.
Lub
ekinlari, lub tolali ekinlar -
lub tolasi uchun o`stiriladigan o`simliklar (zig`ir, nasha, kanop, jut, rami,
kandir va b.). MDHda, asosan, zig`ir va kanop ekiladi. Lub ekinlari tolasidan xar
xil matolar, kanop, arqon, baliq tutadigan to`rlar, brezent paloq va boshqalar
tayyorlanadi. Urug`i tarkibidagi moydan oziq-ovqat uchun va texnika maqsadlarida
foydalaniladi. Kunjarasi hayvonlar uchun yaxshi oziq. Poyasidan qurilish
plitalari, qog`oz, termoizolyatsiya materiallari tayyorlanadi. O`zbekiston va Turkmanis- tonda kanop
va jut ekiladi.
Laplandiya - "qorli yer" degan ma`noni bildiradi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!