Tabiat- 1) bizni o`rab olgan borliq, olam. Tabiat vaqt va fazoda cheksizdir, to`xtovsiz
ravishda harakatda, rivojlanishda va o`zgarishda bo`lib turadi. Kishilik
jamiyati tabiatning, moddiy olamning o`ziga xos bo`lagidir; 2) Yer sharidagi
jonsiz va jonli tabiat. Tabiatni tabiatshunoslik fanlari o`rganadi.
Tabiat
kompleksi (geografik kompleks)-tabiatning o`zaro ta’sir
etib va bir-birini taqozo qilib, yagona sistema hosil qilib turuvchi
komponentlari: reylef, iqlim, yer usti va yer osti suvlari, tuproq, o`simlik, hayvonot dunyosining qonuniy
uyg`unligi.
Tabiat
komponentlari, tabiat
elementlari - tabiatni hosil qiluvchi asosiy tarkibiy qismlar,
ya’ni tog` jinslari, reylef, yer usti va yer osti suvlari, tuproq, o`simlik, hayvonot dunyosi, havo
massalari. Tabiat komponentlari landshaft komponentlari deb ham yuritiladi. Tabiat
komponentlarining o`zaro nisbatiga qarab landshaftlar xilma-xil bo`ladi. Tabiat
komponentlarining o`zaro nisbati o`zgarsa, tabiat, ya’ni landshaft o`zgaradi.
Shu sababli tabiatni o`zgartirish uchun unga ta’sir ko`rsatilganda (suv omborlari,
tug`onlar qurish, yerlarni sug`orish, botqoqlarni quritish, ovchilik va
daraxtlarni kesish va h.k.)
uning barcha oqibatlarini hisobga olish kerak.
Tabiatni
muhofaza qilish, tabiatni qo`riqlash -
tabiatni insoniyat manfaatlarini ko`zlab saqlashga va ongli ravishda o`zgartirishga,
uning mahsuldorligini saqlab qolishga hamda resurslaridan oqilona foydalanishga
qaratilgan barcha xil tadbirlar sistemasi. Bu tadbirlar davlatlar, xalqaro va jamiyat,
fan-texnika, ishlab chiqarish tashkilotlari, shuningdek iqtisodiy hamda
ma’muriy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Fan-texnika taraqqiyoti va
jahon aholisining nihoyatda tez ko`payishi (demografik portlash) munosabati
bilan jamiyatning tabiatga bo`lgan ta’siri tobora kuchaymoqda. Bu ta’sir ijobiy
yoki salbiy bo`lishi mumkin. Shu tufayli tabiatni muhofaza qilish muammosini
tobora muhim bo`lib qolmoqda. Tabiatni muhofaza qilishning eng asosiy
masalalari – atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va barcha xil tabiiy
resurslar: yer, suv, iqlim, o`simlik, hayvonot resurslari hamda qazilma boyliklardan
oqilona, ya’ni ularni nest-nobud qilmay foydalanishdir. Tabiatni muhofaza
qilish sayyoramizdagi muhim muammo bo`lganligi sababli u bilan bog`liq ko`pdan-ko`p
masalalarni ijobiy hal qilishda jahon mamlakatlarining xalqaro hamkorlik qilishini
taqozo etadi.
Tabiatni
muhofaza qilishning ikki xil talqini mavjud: 1) alohida ajratilgan hududlardagi
tabiiy komplekslar, ya’ni landshaftlarni tabiiy holda saqlash-qo`riqlash,
noyob o`simlik hamda hayvonlarni saqlab qolish va ko`paytirish. Bunday ishlar
milliy parklar, qo`riqxonalar va buyurtmalarda olib boriladi. tabiatni undan xalq
xo`jaligida foydalanish jarayonida, uni o`zgartirib, antropogen landshaftlar
bunyod etish jarayonida muhofaza qilish. Bu - tabiatni faol muhofaza qilishdir.
Tabiiy
geografik oblast - tabiiy geografik
rayonlashtirish birligi. Tog`li tabiiy geografik o`lkalarning yirik regional
birligi. Masalan, Qutbiy Uralning tundra oblasti, Shimoliy Uralning tayga
oblasti va h.k.
Tabiiy
geografik provinsiya - tabiiy geografik
rayonlashtirish birligi. Geografik zonaning tabiiy geografik oblast
doirasidagi qismi. Masalan, Shimoli-g`arbiy tayga provinsiyasi, Pechora
tundrasi provinsiyasi, Pechora taygasi provinsiyasi va h.k.
Tabiiy
geografik bashorat - landshaft komplekslarining tabiiy va antropogen omillar ta’sirida yaqin
va uzoq kelajakda bo`ladigan sifat va miqdoriy o`zgarishlarni aniqlash,
ta’riflash. Tabiiy geografik bashorat qilishda landshaftlar rivojlanishining
barcha asosiy omillari: iqlimiy, tektonik, litogen, biogen va antropogen omillarning
roli hisobga olinadi. Tabiiy
geografik bashorat qilishda tabiatning (geografik qobiqning) rivojlanish qonuniyatlarnni o`rganish
va hisobga olish katta ahamiyatga ega.
Tabiiy
geografik jarayonlar - tabiatdagi modda va energiya
o`zgarishlari, shakl o`zgarishlari, hamda umuman tabiiy geografik komplekslarning
rivojlanishiga sabab bo`luvchi barcha xil jarayonlar. Tabiiy geografik jarayonlarga
atmosfera sirkulyatsiyasi, namning aylanib yurishi, reylef hosil bo`lishi,
nurash, tuproq hosil bo`lishi, o`simlik va hayvonot dunyosining mavsumiy hamda
asriy o`zgarishlari, komponentlararo aloqalarda ro`y beruvchi jarayonlar yaqqol
misoldir. Tabiiy
geografik jarayonlarni tadqiq
etish landshaftlarni dinamik sistema sifatida o`rganishga, ularni muhofaza qilish
va o`zgartirishning oqilona yo`llarini tanlashga imkon beradi. Bunda geografik
komplekslararo hamda komponentlararo modda va energiya almashinuvi mexanizmini
aniqlash ayniqsa katta nazariy ahamiyatga egadir.
Tabiiy-geografik rayon - tabiiy geografik rayonlashtirishdagi
eng kichik regional birlik. Tabiiy geografik rayon ko`pincha geografik
landshaft va region atamalarining sinonimi sifatida ham qo`llaniladi.
Tabiiy geografik rayonlashtirish - yer yuzasining hududiy yaxlit va ichki tuzilishi hamda tabiiy xususiyatari jihatdan bir butun bo`lgan tabiiy geografik rayonlarga ajratishga aytiladi.
Tabiiy
geografik rayonlashtirish - hududlarni tabiiy-geografik
xususiyatlariga qarab turli katta-kichiklikdagi regional birliklarga bo`lish
sistemasi. Tabiiy
geografik rayonlashtirish tabiatda
ob’ektiv mavjud bo`lgan va regional jihatdan bir-biri bilan bog`liq regional
tabiiy geografik komplekslar (o`lkalar, provinsiyalar, okruglar, rayonlar va h.k.)
ajratiladi, asoslab beriladi, tasvirlanadi hamda
xaritaga tushiriladi. Tabiiy geografik rayonlashtirish har
bir regionning o`ziga xos sharoiti va resurslarini baholashga imkon beradi. Shuning
uchun ham tabiiy
geografik rayonlashtirish qishloq
xo`jaligi tarmoqlarini joylashtirish va ixtisoslashtirishda, yerlarni o`zlashtirish
hamda tabiatni o`zgartirishning har bir joyga xos ilmiy asoslangan metodlarini
aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Umumiy tabiiy geografik rayonlashtirishdan
tashqari amaliy tabiiy geografik rayonlashtirish ham
mavjud. Bunga qishloq xo`jalik maqsadlarini ko`zlab tabiiy geografik rayonlashtirish qurilish
maqsadlari uchun tabiiy geografik rayonlashtirish yerlarni
obikor dehqonchilik maqsadida rayonlashtirish va boshqalar kiradi. Tabiiy
geografiyada regional tabiiy geografik birliklar zonallik va azonallikning bir
butunligi asosida rivojlanadi, binobarin, har bir regional birliklardagi regionda
tabiatning ham zonallik, ham provinsiallik qonuniyati aks etadi, degan tasavvur
qaror topdi. Tabiiy geografik rayonlashtirish quyidagi prinsip va
metodlar asosida amalga oshiriladi: hududiy yaxlitlik (umumiylik) prinsipi,
genetik prinsip (bunda turli landshaftlarning paydo bo`lishi va rivojlanishiga
ko`ra o`xshash tomonlar yoki tafovutlari hisobga olinadi), komplekslik prinsipi,
nisbiy bir xillik prinsipi; juz’iy (komponentlar bo`yicha) rayonlashtirish
sxemalarini bir-biriga taqqoslash metodi, yetakchi omil metodi, regional
birliklarni landshaft - tipologik komplekslar xaritalariga qarab ajratish
metodi, miqdoriy ta’riflash metodi, tabiiy geografik birliklarni bevosita
dalada aniqlash metodi. Kompleks tabiiy geografik rayonlashtirishdan
tashqari, ayrim tabiiy komponentlarni rayonlashtirish, ya’ni juz’iy tabiiy
geografik rayonlashtirish ham mavjud. Bunga geomorfologik, iqlimiy, tuproq-geografik,
geobotanik va zoogeografik rayonlashtirish misoldir.
Kompleks
tabiiy geografik rayonlashtirishning asosiy birliklari quyidagilardir: geografik
mintaqa, geografik zona, geografik zonacha, tabiiy geografik o`lka, tabiiy
geografik provinsiya, tabiiy geografik okrug, tabiiy geografik rayon.
Hozirgi
vaqtda geografik qobiqning differensiatsiyasi (tabaqalanishi), ya’ni regional
landshaft komplekslariga bo`linishi haqidagi ta’limot tabiiy geografik rayonlashtirish nazariy
asosidir, chunki tabiiy geografik rayonlashtirish shu
tabaqalanishning aniq aks etishi deb hisoblanmoqda. Materiklar bilan okeanlarni
birgalikda tabiiy
geografik rayonlashtirish g`oyasi
olg`a surilmoqda.
Tabiiy geografik o`lka - tabiiy
geografik rayonlashtirishning yirik birliklaridan biri. Tabiiy geografik o`lka materikning
katta qismidan iborat bo`lib, asosan geografik o`rni, geologiyasi va morfostrukturasining
umumiyligi, o`ziga xos makroiqlimn hamda
landshaftlari hududiy taqsimlanishining o`ziga xosligi bilan ajralib turadi. Masalan,
Rossiya tekisligi o`lkasi, Novaya Zemlya - Ural tog`li o`lkasi, G`arbiy Sibir
tekisligi o`lkasi, O`rta Sibir o`lkasi, Shimoli-Sharqiy Sibir o`lkasi, O`rta
Osiyo tekislik o`lkasi, O`rta Osiyo tog`li o`lkasi
va h.k.
Tabiiy
geografiya - 1) geografik
qobiq va landshaftlar haqidagi fan, tabiiatshunoslikning asosiy tarmoqlaridan
biri, Yer haqidagi fanlar qatoriga kiradi. Geografik qobiqning moddiy tarkibi,
strukturasi, rivojlanishi va hududiy bo`linishini o`rganadi. Tabiiy geografik
komplekslar, ya’ni geografik qobiq va turli katta-kichik landshaftlar, ya’ni tabiiy
huduiy komplekslarning zamon va makonda mavjudligini tan olish tabiiy
geografiyaning oliy yutugi va asosiy metodologik prinsipidir. Tabiiy geografiyaning bu ta’rifi
nisbatan yangi bo`lib, uni A.A.Grigorev,
L.S.Berg, A.G.Isachenko, S.V.Kalesnik va V.B.Sochavalar asoslab bergan; 2)
tabiiy geografik fanlar sistemasi. Bu sistema umumiy
tabiiy geografiya yoki umumiy yer bilimi, regional tabiiy geografiya yoki
landshaftshunoslik, geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi,
okeanografiya, glyatsiologiya, geokriologiya yoki muzloqshunoslik tuproqlar geografiyasi, biogeografiya
(geobotanika bilan zoogeografiya), fenologiya, paleogeografiya va boshqalardan
iborat.
Har
ikkala ma’noda ham hozirgi zamon tabiiy geografiyaning predmetini - geografik qobiq
(landshaft qobig`i), tabiiy hududiy kompleks (tabiiy kompleks, landshaft,
geokompleks, geosistema) va komponent tushunchalari aks ettiradi. Shunga ko`ra tabiiy
geografiya uch asosiy tarmoqqa: umumiy tabiiy geografiya, regional tabiiy
geografiya va komponentlar geografiyasiga bo`linadi.
Umumiy
tabiiy geografiya geografik qobiqni bir butun ilmiy tadqiqot ob’ekti sifatida qarab,
uning tarkibi, strukturasi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o`rganadi.
Umumiy tabiiy geografiyaning nazariy asoslari negizida quyidagi geografik qonuniyatlar
yotadi:
1) geografik
qobiqning butunligi qonuniyati;
2) aylanma harakatlar qonuniyati, ya’ni
geografik qobiqda moddalar va energiyaning turli aylanma harakatlari mavjudligi
(chunonchi, suvning aylanma harakati, atmosfera sirkulyatsiyasi, biologik
aylanma harakatlar, tog` jinslarining aylanma harakati va h.k.); 3) geografik qobiqning
ritmika qonuniyati, ya’ni barcha tabiiy geografik jarayon va hodisalarning
ma’lum vaqt davomida qonuniy takrorlanishi;
4) hududiy tabaqalanish (bo`linish)
qonuniyati, ya’ni geografik qobiqning katta-kichik tabiiy hududiy komplekslar -
tabiiy o`lka, zona, provinsiya, oblast, rayon va h. k. larga bo`linish qonuniyati;
5) geografik zonallik yoki dunyo zonalligi qonuniyati;
6) geografik zonallikning
davriy qonuniyati;
7) azonallik qonuniyati;
8) zonallik va azonallikning bir
butunligi (birgalikda uchrashi) qonuniyati;
9) qutbiy asimmetriya qonuniyati;
10)geografik qobiqning rivojlanishi
qonuniyatlari va h. k.
Regional
tabiiy geografiyaning mazmuni landshaftshunoslikdagi yangi tasavvurlar,
chunonchi, antropogen landshaftlar, landshaftlar rekultivatsiyasi,
ekologiyasi, dinamikasi haqidagi g`oyalar tufayli ancha kengaydi va chuqurlashdi.
Landshaftlarning o`z-o`zini boshqaruvchi informatsion sistema sifatida talqin qilinishi
uni o`rganishda kibernetika prinsiplarini va sistema uslubini qo`llashga,
landshaftlarning tobora mukammal modellarini tuzishga imkon bermoqda.
Landshaftlar morfologiyasi (topologiyasi), geokimyosi, geofizikasi va botanikasiga
doir katta ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tabiiy
komponentlarni o`rganish bilan maxsus geografik fanlar-geomorfologiya, iqlimshunoslik,
quruqlik gidrologiyasi, okeanografiya, tuproqlar
geografiyasi (geografik tuproqshunoslik)
va biogeografiya shug`ullanadi.
Tabiiy
resurslar, tabiat resurslari (fransuzcha resurs- mablag`) -
insoniyat uchun yashash vositasi bo`lib xizmat qiladigan va xo`jalikda foydalaniladigan
tabiat elementlari (moddiy boylik va energiya turlari). Yerlar, foydali qazilmalar,
o`simlik hamda suv boyliklari, yovvoyi hayvonlar, qulay iqlim sharoiti, suv va
shamol energiyasi kabilar tabiiy resurslardir.
Tabiiy
resurslar tugaydigan ammo, qayta tiklanishi mumkin bo`lgan (Masalan, yer, o`simlik
va hayvonot resurslari), tugaydigan hamda qayta tiklanmaydigan (Masalan,
foydali qazilmalar konlari) va tugamaydigan (Masalan, quyosh energiyasi, shamol
energiyasi) resurslarga bo`linadi.
Tabiiy-hududiy kompleks - bir butun
sistemani tashkil etadigan geografik komponentlar (tog` jinslari, reylef
shakllari, havo, suv, tuproq, o`simlik va hayvonot dunyosi) ning qonuniy majmui;
komponentlar bir-birlariga doimo ta’sir etib turadi.
Tayga- mo`tadil-mintaqa o`rmonlar zonasining shimoliy qismidagi
igna bargli o`rmonlar. Tayga Yevropa, Osiyo va Shimoliy Ame- rikaning shimolida
juda katta maydonni egallaydi. Tayga shimolga tomon siyraklasha borib, o`rmonli
tundraga aylanadi. Tayganing janubiy chegarasi G`arbiy Yevropada 60-paralleldan
o`tadi, sharqqa ketgan sari janubroqqa tusha boradi va Uzoq Sharqda 50-parallelga
yetadi. Tayga iqlimi kontinental bo`lib, qishi qattiq sovuq va uzoq keladi, yozi yetarlicha issiq, iyulning o`rtacha
harorati +10 darajadan + 20 darajagacha, yiliga 300-600 mm
yog`in yogadi, chuqur joylar botqoq.
Tuprog`i
asosan podzol tuproq. Yevrosiyo
tekisliklarida ko`proq qora qaragay, oq qarag`ay, kedr, Sharqiy Sibirning kontinental
hududlarida aksari tilog`och o`sadi;
bargli daraxtlardan qayin, tog`terak uchraydi. Hayvonot dunyosi boy, mo`ynali hayvonlar
(tiyin, tulki, ayiq, silovsin, sobol, ondatra), o`txo`r hayvonlardan los,
shimol bug`usi ko`p.
Taygada
aholi ancha siyrak. Aholi yog`och tayyorlash va yog`och oqizish, mo`ynali hayvonlar
ovlash, darrandachilik bilan shug`ullanadi.
Tayfun- Uzoq Sharq dengizlarida ko`tariladigan kuchli tropik
siklon. Tezligi 30-50 km/soat,
ba’zan 100 km/soatgacha yetadi. Tayfun,
asosan yozda va kuzda okeanda Filippin orollari yaqinida paydo bo`lib, Xitoy,
Yaponiya, Koreya qirg`oqlariga, ba’zan Uzoq Sharq hududiga yetib kelishi
mumkin. Tayfun turganda o`ta qattiq
shamol esib, jala yog`adi, suv toshqini va katta vayronagarchilik ro`y beradi.
Tal,
tall (arabcha) - tepa, tepalik. Zarafshon vodiysida
joy nomlari shaklida ayniqsa ko`p uchraydi. (Talli - Barzu, Tallig`ulon va h.k.)
Tarixiy
geografiya - tarix va geografiyaning tarmog`i. Tarixiy geografiya biror
mamlakat yoki hududning tarixiy davr mobaynidagi (ko`pincha uning muayyan bosqichidagi) tabiiy, iqtisodiy, siyosiy
geografiya va aholi geografiyasidir. Shunga ko`ra tarixiy geografiya tarixiy tabiiy geografiya, tarixiy iqtisodiy
geografiya, tarixiy siyosiy geografiya va tarixiy aholi geografiyasiga bo`linadi.
Tarixiy
geografiya - tarixiy o`tmish geografiyasidir.
Tarixiy
davr mobaynida tabiat bilan insonning o`zaro munosabati, geografik muhitning jamiyat
taraqqiyotiga ta’siri, inson o`z faoliyatida tabiatdan qanday foydalanib
kelganligi, turli shahar hamda mamlakatlarning geografik o`rni mavqeining o`zgarishi
kabi masalalar tarixiy geografiyaning asosiy masalalaridir.
Tarixiy geografik tadqiqotlarda turli davrlarda yaratilgan qo`lyozma va adabiy
manbalardan, arxeologiya, toponimika, tilshunoslik materiallaridan, shuningdek
statistik va iqtisodiy ma’lumotlardan keng foydalaniladi.
Tarmoq- asosiy (bosh) daryo va kanallardan ajrab chiqqan suv,
asosiy tog` tizmasidan
ajrab chiqqan ikkinchi, uchinchi va h.k. darajali
tizma, asosiy yo`llardan ajralib chiquvchi yo`l va h.k.
Taroq- tog`larning qator o`tkir cho`qqilari bo`lgan qirrasi,
muzlikdagi yoriq.
Tashqi
kuchlar, ekzogen jarayonlar(yunoncha ekso - tashqi, genos -
paydo bo`lish) - Yer yuzasi yoki yer po`stining yuqori qatlamlarida quyosh energiyasi,
og`irlik kuchi (surilish, ko`chkilar) va organizmlar faoliyati ta’sirida sodir
bo`ladigan jarayonlar. Bu jarayonlarga nurash, eroziya, yer osti suvlari harakati,
dengiz to`lqinlarining qirg`oqsa urilishi, muzliklar va shamol faoliyati
kiradi. Tashqi kuchlar natijasida tog` jinslari
yemiriladi, yemirilgan mahsulotlar ko`chadi va yangi joylarda to`planadi.
Tashqi
savdo balansi - mamlakatning muayyan vaqtdagi (masalan, 1
yilgi) eksport va import qiymati orasidagi o`zaro nisbat. Agar eksport
importdan oshsa, mamlakat tashqi savdo balansi faol balans, import eksportdan
oshsa, past balans deyiladi.
Taqir– cho`l va chala cho`l o`lkalarda pastlik joylarni egallagan ancha keng,
deyarli tep-tekis maydon. Yer yuzasi, asosan, gil jinslardan tarkib topgan.
Yog`ingarchilik vaqtida ko`pincha
suv to`planib, sayoz ko`llarga aylanadi. Kun isishi bilan suv bug`lanib
ketib, taqir yuzasida betartib yoriqlar hosil bo`ladi. Taqirlarda oliy o`simliklar
o`smaydi. Tuproqda chirindi kam - 0,3-0,8%. Tuproqni ba’zan sho`r bosadi. Taqirlar
odatda qum tepaliklari orasidagi botiqlarda, tekis pastlik yerlarda bo`ladi. Ko`pincha qadimgi daryo vodiylarida,
deltalarda, tog`oldi tekisliklarida uchraydi. Taqirlar odatda ikki xil bo`ladi:
berch taqir va bo`zloq taqir. Berch taqirda odatda tuproq zarralari changsimon og`ir mexanik
tarkibli gildan iborat bo`ladi. Bir dona ham giyoh bo`lmaydi. Bo`zloq taqirda tuproq mexanik tarkibida gil bilan
birga qum ham bo`ladi. Yer yuzasi uncha yorilib ketmaydi, har yer - har yerda
kavar va boshqa o`simliklar uchraydi.
Tekislik- yer yuzasi yassi yoki bir oz o`r-qir bo`lgan katta maydon.
Teraya - botqoqlashgan changalzorlar.
Tektonika, geotektonika (yunoncha tektonikos - binokorlikka oid)-geologiyaning bir tarmog`i bo`lib, yer po`stining tuzilishini,
uning tektonik harakatlar va deformatsiyalar ta’sirida o`zgarishini o`rganadi.
Tepa, tepalik - usti gumbaz shaklidagi, yonbag`irlari qiya do`ng, baland joy. Nisbiy
balandligi 200 m dan oshmaydi. Joy nomlari tarkibida ham uchraydi: Oqtepa, Qo`shtepa,
Beltepa va boshqalar.
Teraylar - Himolay tog`lari etagidagi geobotanik zona, botqoq bosgan
chakalakzorlar. Chirmovuq o`simliklar chirmashib ketgan qalin o`rmonlarda sal, g`arov, sovun daraxt, mimoza, magnoliya o`sadi.
Iqlimi yashash uchun juda og`ir - sernam, dim, issiq. Hozirgi vaqtda ancha qismida
botqoqliklar quritilib, qishloq xo`jaligi yerlariga aylantirilgan.
Terrasa, ko`hna qayir - reylef shakli; daryo vodiysi, tog`, tepalik yonbag`irlaridagi gorizontal yoki bir oz qiya maydon. Daryo terrasalari - daryo o`zanining qadimgi qoldiqlari; yirik daryolarda terrasaning
eni 10 km ga
yetadi va undan ortiq
bo`ladi; ko`l terrasalari ko`lning suv sathi baland bo`lgan paytda to`lqin urilishidan hosil bo`lgan quruqlik polosalari;
dengiz terrasalari dengiz sathi pasayganda yoki quruqlik sathi o`zgarganda qirg`oqda
qolgan quruqliklar.
Temir yo`l paromi - temir yo`l poyezdlarni dengizlar, qo`ltiqlar orqali o`tkazib qo`yish
uchun xizmat qiladigan kema. Masalan,
Kaspiy dengizida Krasnovodsk-Boku paromi ishlab turipdi.
Teokratik monarxiya (yunoncha teos - xudo, kratos - hokimimiyat) - butun hokimiyat ruhoniylar,
cherkov qo`lida bo`lgan davlat formasi.
Terskay – tog` va tizma tog`larning,
jar, vodiylarning quyoshga teskari, shimolga qaragan, soya yonbag`ri, Quyosh nuri kam tushadigan joy.
Geografik nomlar tarkibida ham uchraydi: Terskay Olatov.
Tetis (yunonlarning dengiz ma`budasi nomidan) mezozoy-kaynozoy boshlarida O`rta dengiz geosinklinal mintaqasida mavjud bo`lgan qadimgi dengiz havzalari sistemasi. "Tetis" atamasi XIX asrning axirlarida E.Zyuss tomonidan taklif qilingan. Ilgari Tetis egallagan hududlar Markaziy O`rta dengiz deb atalgan. Uning qoldiqlari hozirgi zamon O`rta, Qora va Kaspiy dengizlari va Fors qo`ltig`idir.
Texnika
ekinlari - sanoatning turli
tarmoqlari uchun xom-ashyo beradigan qishloq xo`jaligi o`simliklari. Qanday mahsulot
olinishiga qarab bir necha guruhga bo`linadi: kraxmalli ekinlar (kartoshka,
batat - shirin kartoshka va b.), qandli ekinlar (shakarsamish, qand lavlagi va
b.), moyli ekinlar (kungaboqar, yeryong`oq, soya, kanakunjut, kunjut, zig`ir,
gorchitsa, zaytun, tung va b.), efir moyli ekinlar (yalpiz, geran, atirgul,
lavanda, koriandr va b.), tolali o`simliklar (paxta, uzun tolali zig`ir, jut,
kanop, kanoplya va b.); bundan tashqari,
guttaperchali, dorivor, oshlovchi, bo`yoq beruvchi va h.k. ekinlar bo`ladi.
Tinch
okean burmalanishi -
mezozoy erasida Tinch okean atroflarida ro`y bergan burmalanish (Sharqiy
Osiyodagi tog`lar, Kordilyera, And tog`lari).
Tipologik
landshaft komplekslari -
tipologik xususiyatlarga qarab ajratiladigan tabiiy geografik komplekslar. Tipologik
landshaft komplekslarini ajratish va klassifikatsiya qilishda hududlarning tabiatiga
ko`ra bir butunligi (yaxlitligi) emas, balki turli yerdagi landshaftlarning o`zaro
o`xshashligi (bir landshaft tipiga kirishi) hisobga olinadi. Binobarin, bunda
bir xil landshaft tipi bir necha uzoq areal hosil qiladi. O`rta Osiyo tekislik
landshaftlari quyidagi tiplarga bo`linadi: subtropik chala cho`llar, cho`llar,
subtropik o`tloqlar, madaniy - voha tiplari. Tog` landshaftlari
tiplari: glyatsial - nival, tog` tundralari,
tog` o`rmonlari, tog` o`tloqlari,
tog` o`rmonli dashtlari, tog` dashtlari,
tog` chala cho`llari tiplari.
Tirsak- daryo, soy va yo`llarning burilib, aylanib o`tgan
joyi. Daryolar yo`lida qattiq
jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan
joylarni aylanib o`tib hosil qiladi. Masalan, Volga daryosining Samara tirsagi
daryoning Jiguli qirini aylanib o`tishidan hosil bo`lgan. Tog`larning keskin
burilgan joyi ham tirsak deyiladi.
Tovoqsoy -
yer yuzidagi hamma tomondan balandliklar bilan o`ralgan yoki daryo oqib o`tsa,
u keladigan va chiqib ketadigan joyda tashqari bilan yo`lak (vodiy, dara) orqali
tutashgan botiq joy. Shakli va vujudga kelishi har xil bo`lishi (tektonik,
muzlik, erozion) mumkin. Reylefi ana shunday bo`lgan joylarning nomi sifatida ham
uchraydi. Masalan, Tovoqsoy.
Tolali o`simliklar –
to`qimachilik sanoati uchun tolalar beradigan ekinlar: paxta, uzun tolali zig`ir,
jut, kanop, kanoplya va b.
Tomirjins - yer po`stidagi yoriqlarni to`ldirgan mineral
jismlar. Ular chuqur magmatik manbalardan chiqqan moddalar bo`ladi. Tomirlarda ko`pincha rangdor, qora, nodir metall
rudalari uchraydi.
Tomoq - daryolarning quyar joyi, dara o`g`zi, dengizlarning tog` qismi.
Tonna-kilometr - 1 t
yukning 1 km masofaga olib borilishi. Tonna-kilometr transport
ishining o`lchov birligi.
Tonnel, tunnel (inglizcha) - transport vositalari, kishilar o`tishi,
suv oqishi uchun mo`ljallangan gorizontal yoki qiya yer osti inshooti, boshliq.
Nimaga xizmat qilishiga qarab transport tonnellari, ya’ni temir yo`l, avtoyo`l,
metropoliten, piyoda kishilar tonnellari, gidrotexnik tonnellar, kommunal
(vodoprovod, kanalizatsiya, issiqlik - gaz ta’minotiga xizmat qiladigan) tonnellar va b. bo`ladi. Qayerda
qurilishiga qarab tog`, suv osti va tekislik yoki shahar tonnellari (Masalan,
metropoliten tonnellari) bo`ladi.
Topografik xaritalar (yunoncha topos - joy, grafo - yozaman)-1:5000 dan 1:200000 gacha bo`lgan yirik
masshtabdagi xaritalar. Topografik xaritalarda joydagi predmetlar aniq va
mufassal tasvirlanadi; turli ob’ektlar maxsus belgilar bilan, reylef esa
gorizontallar bilan ko`rsatiladi. Xarita ramkasining o`ng va chap chekkalari
meridianlarning yo`nalishiga to`g`ri keladi. Topografik xaritadan xalq xo`jaligida
va mamlakat mudofaasi maqsadlarida foydalaniladi.
Toponimika (yunoncha topos- joy, onima - nom) - toponimlarni, geografik nomlarni o`rganadigan
fan. Toponimika muayyan tildagi geografik nomlarni to`plash, ularning
rivojlanish, o`zgarish tendensiyalarini, areallarini aniqlash, nomlarning muhim
leksik- semantic, grammatik xususiyatlarini yoritish, toponimik lug`atlar
tuzish, joy nomlari transkripsiyasi singari muammolar bilan shug`ullanadi.
Toponimlar til lug`at tarkibining bir
qismi bo`lib, til qonuniyatlariga bo`ysunadi; shunga ko`ra toponimika
tilshunoslik fanlari qatoriga kiradi. Biroq joy nomlari boshqa so`zlardan farq qiladi va muayyan hududda tarkib
topadi, binobarin geografik qonuniyatlar, tushunchalar va atamalarni (reylef
shakllari, o`simlik va hayvon nomlarini, qazilma boyliklarni) aks ettiradi; shu
jihatdan toponimika geografiyaning ham ajralmas qismidir. Toponimlar uzoq
yashaydi, ularda har xil tarixiy voqealar, tarixiy shaxslarning nomlari, xalq,
elat, qabila, urug` nomlari aks etgan bo`ladi; shu nuqtai nazardan toponimika
tarix fanlari bilan ham bog`liq. Joy nomlari majmui toponimiya deb ataladi.
Toponimiya til tarixi (tarixiy leksikologiya, dialektologiya, etimologiya va
b.) uchun muhim manba bo`lib xizmat qiladi. Ba’zi toponimlar uzoq davrlardagi
xalqlarning tili, tarixiy o`tmishi, yashagan hududini aniqlashga, foydali qazilmalarni
qidirib topishga xizmat qiladi.
Tornado- AQShning janubi-sharqida, Meksika qo`ltig`i
yaqinida ko`tariladigan kuchli quyun.
Toros - qutbiy dengizlarda katta-kichik muz parchalari
uyumi. Katta-katta yassi muz bo`laklari shamol ta’sirida sinib, parchalanib,
bir-birining ustiga mingashadi; Toroslarning suv ustidan chiqib turgan qismi 8-10
m, qirg`oqqa yaqin
joylarda 20 m
ga yetadi.
Torf (nemischa yertezak) - botqoqlikdagi o`simliklarning tabiiy qurishi va sernam sharoitda chala chirishi natijasida hosil bo`ladigan foydali qazilmalar. Torf, yertezak - botqoqliklarda chala parchalangan o`simlik qoldiqlaridan
hosil bo`lgan tog` jinsi. Tabiiy holda namligi 88-94%. Torf asosan yoqilg`i
sifatida, shuningdek qishloq xo`jaligida (o`g`it), tibbiyotda ishlatiladi. Torfdan
termoizolyatsion materiallar, koks va boshqalar olinadi. Dunyodagi torf
zahirasining 2/3 qismi shimoliy yarimsharning asosan tayga zonasida mavjud.
Toshko`mir- o`simliklardan paydo bo`lgan yonuvchi
cho`kindi jins; tarkibida 75-97% uglerod bor. Toshko`mir eng muhim qazilma yoqilg`ilardan
biri. Toshko`mirdan koks, yonuvchi gaz olinadi. Torf kimyo sanoati uchun xom
ashyo hisoblanadi. Issiqlik berish qobiliyati 7- 8,7 ming kkal/kg. Konlari: Rossiya, Ukraina, AQSh, GFR, Buyuk Britaniya,
Fransiya, Yaponiya va b.
Toshqin- daryolarning o`zandan chiqib,
atrofdagi tekisliklarni bosib ketishi. O`zbekiston
daryolarida toshqin ko`p yomg`ir yog`adigan
va past tog`lardagi qorlar eriydigan bahorda va baland tog`lardagi muz hamda qor
eriydigan yozda kuzatiladi.
Tog`lar - yer po`stining yakka-yakka yoki qator
tizmalar shaklida ko`tarilgan joylari. Burmali, palaxsali, palaxsali-burmali bo`lishi
mumkin. Tog`lar turli xil balandlikda bo`ladi.
Tog` vodiysi - tog`larda bo`ladigan juda kambar vodiy, nishabi turli joyda turlicha bo`ladi.
Tog` vodiysida qayirlar katta bo`lmaydi va vodiyning kengaygan joylaridagina
uchraydi.
Tog`-vodiy shamoli – tog`li o`lkalarda tunda tog` yonbag`ri va vodiy bo`ylab pastga tomon, kunduzi esa
vodiy va yonbag`ir bo`ylab yuqori tomon esuvchi shamol. Tog`-vodiy shamoli havoning
tog`lar bilan atrofdagi tekisliklarda, vodiy tagi bilan yonbag`irda turli
darajada isishi hamda tunda tog`larda va yonbag`irda tez sovib ketishi natijasida
bir xil balandlikda atmosfera bosimida tafovut vujudga kelishi oqibatida hosil
bo`ladi.
Tog` jinslari -
yer po`stini tashkil qilgan tabiiy mineral birikmalar. Tog` jinslari bir
mineraldan (Masalan, marmar kaltsitdan tarkib topgan) yoki bir necha mineraldan
(Masalan, granit dala shpati, kvars va slyudadan tarkib topgan) yoyinki turli tog` jinslari
parchalaridan iborat bo`lishi mumkin. Paydo bo`lishiga qarab tog` jinslari yer po`sti
ichida yoki yer yuzasida
magmaning sotishidan paydo bo`lgan otqindi yoki magmatik jinslarga (Masalan, granit, bazalt), turli tog`
jinslarining yer yuzasida yemirilib, boshqa joyga olib borib tashlanishidan kelib
chiqqan cho`kindi tog` jinslariga (qumtosh, ohaktosh), yer po`stining ichki qismlarida
issiqlik va bosim ta’sirida boshqa tog` jinslarining o`zgarishidan hosil bo`lgan
metamorfik tog` jinslariga bo`linadi (Masalan, gneys, kristalli slanets,
marmar, grafit).
Tog`
massivi - u qadar pasti-baland bo`lmagan yoki eni ham, bo`yi ham deyarli teng bo`lgan
keng tog`li o`lka;
Masalan, Tyanshan tog`laridagi Xontangri tog` massivi.
Tog` og`zi - daraga kiraverishdagi eng tog` joy.
Odatda tektonik uzilmalarda, qattiq,
tub jinslar yer yuzasiga chiqqan joylarda vujudga keladi. Darvoza, dahan atamalari
bilan ham ifodalanadi.
Tog`
paydo bo`lishi - Yerning ichki va tashqi kuchlari ta’sirida yer
yuzasida tog`lar paydo bo`lishi. Yerning vertikal ko`tarilishi hamda oqar suvlar
faoliyati ta’sirida tog` tizmalari, tog` massivlari,
vodiylar, soyliklar va tekisliklar vujudga keladi.
Tog` tizmasi - har ikki yon bag`ri aniq ko`rinib
turgan uzun cho`zilgan tog`.
Tog`li o`lka, tog`lar - tevarak atrofdagi tekisliklardan baland ko`tarilib
turadigan pasti-baland keng hududlar. Tog`li o`lkada tizmalar va ayrim tog`lar
orasida vodiylar, botiqlar bo`ladi. Tog`li o`lkalarning balandligi bir necha km,
uzunligi bir necha ming km bo`ladi.
Tog`liklar - ham tog` tizmalarini, ham yassi tog`larini o`z ichiga olgan juda katta tog`li hududlar.
Tog`liq - dengiz sathidan juda balandda joylashgan,
ustida tekislangan yuzalar bilan birga tog` tizmalari ham
bo`lgan keng, baland tog`li o`lka. Masalan, Tibet, Eron,
Pomir tog`li o`lkalari.
Tranzit (lotincha tranzitus- o`tish) - biron stansiya, rayon, davlat orqali yuk
yoki fuqaro olib o`tish. Yuk yoki fuqaro transportning boshqa turiga o`tkaziladigan
yoyinki boshqa tomonga yo`naltiradigan stansiya ham tranzit deyiladi. Irmoq qabul
qilmasdan biron hududdan oqib o`tib ketadigan daryo tranzit daryo deb ataladi.
Transgressiya (lotincha transgressiy- o`tish) - materik bir qismining
cho`kishi oqibatida dengizning quruqlikka bosib kelishi. Transgressiya hodisasi
Yerning butun geologik tarixi davomida bo`lib kelgan. Transgressiya - quruqlikning cho`kindi yoki dengiz sathining ko`tarilishi natijasida quruqlikka bo`sib kelishi.
Trog (nemischa tog`ora) - muzlik o`yib o`zgartirgan tog`orasimon tog` vodiysi.
Transport (lotincha transporto- tashiyman) - xalq
xo`jaligining yuk va fuqaro tashiydigan tarmog`i, transportning asosiy turlari
temir yo`l, dengiz, daryo, avtomobil, havo va truboprovod transportlari. Transport
ishi yuk oboroti va tashilgan fuqarolar miqdori bilan o`lchanadi. MDHda transportning eng muhim turi – temir yo`l
transportidir. Bunda dengiz yuk oborotida eksport-import operatsiyalari asosiy
o`rin tutadi. Daryolarda yuk va fuqaro tashishning roli ortib bormoqda.
Avtomobil, truboprovod va havo transportlari tez sur’atlar bilan taraqqiy etmoqda.
Trapplar (shvedcha trappa - zinapoya)-otqindi
tog` jinslaridan (bazalt, diabaz, gabbro) hosil bo`lgan reylef shakli-zina - qoyalar
(pog`onalar). Trapplar Sharqiy Sibir yassi tog`ligida, Janubiy Afrika va Hindistonda
uchraydi (Dekan yassi tog`ligi).
Trog (nemischa trog – tog`ora) – tog` daryosining
bir zamonlar muzlik o`ygan vodiysi. Vodiy tubi keng bo`lib, ma’lum
balandlikkacha ikki yonbag`ri birdan tik ko`tarilib, vodiy yanada kengayadi va
bir ozdan so`ng yana tik yonbag`ir boshlanadi.
Tropik iqlim - tropik kengliklarning yil bo`yi
havo issiq bo`ladigan iqlimi. 20 darajali yillik izoterma tropik iqlim chegarasi
deb qabul qilingan. Issiq mintaqa hududida quyidagi tiplari uchraydi; ekvatorial tropik iqlim - ekvator atroflaridagi o`lkalar uchun
xarakterlidir (Masalan, Zair daryosi bo`ylari, Amazonka pasttekisligi, Malay
arxipelagi); bu yerlarda shamol kam bo`lib, o`rtacha yillik harorat +26°, yil
fasllari harorati deyarli farq qilmaydi;
yiliga 1500-2500 mm, ba’zan
3000-3500 mm va undan ham ortiq
yog`in yogadi. Havo doimo issiq va rutubatli.
Mussonli
tropik iqlim ekvatorial tropik iqlimning
har ikki tomonida uchraydi (Hindiston yarim oroli, HIndixitoy, Shimoliy
Avstraliya, Sharqiy Afrika); harorat ekvatorial
tropik iqlim haroratidan kam farq qiladi,
lekin ekvatordan musson esadigan
sernam davrda yog`in juda ko`p (mussonga ro`para tog` yonbag`irlarida
10000 mm gacha) yog`adi; quruq iqlimli
o`lkalardan musson esadigan davrda esa havo quruq bo`ladi. Passatlar tropik iqlimi
tropiklar yonidagi hududlar uchun xarakterlidir. Passat shamollarining yo`nalishi
va tezligi doimiy bo`lib, tog`li hududlarni istisno qilganda, yog`in kam
yogadi. Havo issiq bo`ladi.
Tropik
mintaqalar - Yer sharidagi ikkita tabiat mintaqasi. Shimoliy
va Janubiy yarim sharlarda, taxminan 20° va 30° kengliklar orasida. Harorat issiq
(oylik o`rtacha harorat - 10° dan ortiq passat esib turganidan yog`in kam -
yiliga 50-200 mm
(materiklarning sharqiy togli hududlariga 1000-2000 mm) yog`in
yog`adi. Quruqlikda cho`llar va chala cho`llar, sernamroq hududlarda savannalar
va o`rmonlar asosiy o`rin tutadi.
Tropik
o`rmonlar - tropik mintaqada, yil bo`yi issiq, seryog`in joylarda, 25° sh. k.
bilan 30° j. k. orasida o`sadigan o`rmonlar. Tropik o`rmonlar ko`p yarusli bo`lib,
xilma-xil o`simliklardan, aksari baland bo`yli daraxtlardan (60- 70 m
va hatto 80 m) iborat; daraxtlar tagida soya-salqinni sevadigan daraxtlar, so`ngra
bo`talar va ko`pdan-ko`p parazit o`simliklar o`sadi. Xilma-xil chirmovuqlar
daraxt tanalarini o`rab olgan. Tropik o`rmonlarda katta-kichik har xil hayvonlar
yashaydi. Iqlim nosog`, aholi siyrak yashaydi. Tropik
o`monlar Janubiy
Amerikada, ekvatorial Afrikada,
Malayya arxipelagida ayniqsa katta maydonni egallaydi.
Tropiklar, madorlar -
ekvatordan 23,5° sh.k. va j.k. dan o`tgan
doiralar, parallellar. Ekvatordan
shimoldagisi shimoliy tropik yoki Saraton tropigi (madori), janubdagisi
janubiy tropik yoki
Jad tropigi (madori) deyiladi. Har bir tropikda faqat bir marta: shimoliy
tropikda 22-iyunda, janubiy tropikda 22-dekabrda Quyosh
zenitda (tik tepada) turadi. Tropiklar
orasidagi joylarda Quyosh yiliga ikki marta zenitga chiqadi. Shimoliy tropikdan
shimolda va janubiy tropikdan janubda Quyosh hech qachon zenitda turmaydi.
Troposfera (yunoncha tropos - o`zgarish,
sfera - shar) - atmosferaning yer
yuzasiga yaqin eng quyi qismi. Troposferaning qalinligi qutbda
8-10 km, o`rtacha kengliklarda 10-12 km, ekvator atroflarida 16-18
km. Troposferadagi havo asosan
yer yuzasidan issiq oladi. Havo harorati troposferaning ustki chegarasida qutbda
-55°, ekvator yaqinida -80°.
Atmosferadagi butun havo massasining 4/5 qismida ko`prog`i va suv bug`ining
deyarli hammasi troposferada havo gorizontal va vertikal harakat qilib,
bulutlar paydo bo`ladi va yog`in (qor,
yomg`ir, do`l) yog`adi.
Truboprovod
transporti, quvur, truboprovod -
suyuq, gazsimon yoki qattiq yuklarni
trubalar orqali haydash transporti. Truboprovod transportidan
asosan gaz, neft va qattiq
materiallarni (g`alla, qurilish materiallari, toshko`mir va b.) haydashda
foydalaniladi.
Tub
jins - paydo bo`lgan joyida qolgan va nurash ta’sirida kam o`zgargan
tog` jinsi.
Tub
kon - nurash ta’sirida o`zgarmagan yoki kam o`zgargan tub jinslar (magmatik, cho`kindi,
mematog`fik jinslar) orasida paydo bo`lib, o`sha yerning o`zida qolgan kon.
Tuman -
atmosferaning quyi qismida (ba’zan bir necha yuz metr balandlikkacha)
uchraydigan mayda suv tomchilari yoki muz kristallari. Tuman tushganda 1 km
va bir necha yuz metrdan
narini ko`rib bo`lmaydi. Tepaga ko`tarilgan tuman bulut
deyiladi. Havo qizisa, suv tomchilari bug`ga aylanib, tuman tarqalib
ketadi.
Tumshuq– tog`, tepa, orol va h.k. larning
uchli, turtib chiqqan chekkasi. Joy nomi sifatida ham qo`llanadi. Masalan, G`obdun
tog`ining sharqiy tumshug`idagi qishloq Tumshuq deb ataladi.
Tundra (fincha tunturi – o`rmonsiz yalang
qir) - Subarktika mintaqasidagi tabiat zonasi. Tundra shimolda arktika muz sahrolari
zonasi bilan, janubda esa o`rmonli tundra zonasi bilan chegaradosh. Tundra iqlimi
sovuq: qish qattiq bo`lib, 8-9 oy
davom etadi, yoz qisqa va salqin. Iyul oyining o`rtacha harorati +10° dan
oshmaydi. Vegetatsiya davri 50-100 kun. Tekisliklarda 150-350 mm, tog`larda
500 mm gacha yog`in yogadi. Qor qoplami
yupqa. Yezda tuproqning 0,5-1,5 m
li ustki qismigina eriydi. Tundrada botqoqliklar va ko`llar ko`p. Asosiy o`simliklari
- mox, lishaynik, past bo`yli o`tlar, bo`talar va chala bo`talar. hayvonlardan
shimol bug`usi, bo`ri, lemming; qushlardan oq kaklik, tundra kakligi uchraydi,
suvlarda baliq ko`p. Yozda har xil qushlar uchib keladi. Aholining asosiy mashg`uloti
– bug`uchilik, baliq tutish, ovchilik.
Tundra
tuproqlari - tundra zonasida aksari botqoqlangan tuproqlar. Tundra tuproqlari yupqa
(ba’zan ko`pi bilan 5 sm),
chirindisi kam (1-2%) bo`ladi. Tundra tuproqlari ko`p yillik to`ngan zamin
ustida iqlim sovuq, nisbiy namlik katta sharoitda paydo bo`lgan. Bunday
sharoitda o`simlik qoldiqlari parchalanishga ulgurmay torfga aylanadi. Tundra
tuproqlari Yevrosiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismida, Grenlandiyaning
janubiy qismida, Shimoliy Muz okeanidagi ba’zi orollarda uchraydi.
Tuproq- yer po`stining o`simliklar o`sa oladigan darajada
unumdor bo`lgan eng ustki yumshoq qismi. Tuproq biosfera, atmosfera va
litosferaning o`zaro ta’sir etishi natijasida paydo bo`ladi. Tuproq
asosan har xil minerallardan, shuningdek organik moddalardan
iborat bo`lib, tarkibida suv, tuproq
eritmalari, havo va har xil mikroorganizmlar bor. Tuproqning
mineral moddalari ona jinsning nurashidan, organik moddalar - chirindi esa o`simlik
hamda hayvon qoldiqlarining chirishidan hosil bo`ladi. Tuproqning unumdorligi
chirindi miqdori va tarkibiga bog`liq. Mexanik tarkibiga (zarralarning
katta-kichikligiga) ko`ra qumli, gilli qumoq, qumloq tuproqlar, paydo bo`lishiga
ko`ra podzol, chimli podzol, qora, kashtan, sur, qizil va boshqa tuproqlar bo`ladi.
Tuproq tiplari yer sharida geografik zonalar bo`ylab joylashgan.
Tuproq
eritmasi - tuproq
ichida uchraydigan va tarkibida erigan holda gazlar, mineral va organik
moddalar bo`lgan suv. Tuproq eritmasi tuproq
paydo qilish jarayonida, turli reaksiyalarda, tuproqda moddalar almashinishida va o`simliklarning oziqlanishida
ishtirok etadi.
Tuproq
havosi - tuproq
ichidagi bo`shliqlarda, kapillyar teshiklarda uchraydigan havo.
Turizm (fransuzcha tur-
safar) - jonajon mamlakat yoki chet mamlakatlar bilan tanishish maqsadida yoki
sport maqsadlarida muayyan yo`nalishda sayohat qilish. Turizm - geografik
bilimlarni amaliyot qilish, geografik va o`lkashunoslikni boyitish vositasidir.
turizmi alpinizm deyiladi.
Tuf- turli yo`l bilan paydo bo`lgan tog` jinslari. Ohakli
tuf yoki travertin - mineral buloqlarning ohakli cho`kindisi. Qurilish
materiali sifatida, sement sanoatida va ohak olish uchun ishlatiladi. Vulkanik
tuf vulkan otilganda chiqadigan kul, shlakm, lapilli va boshqalarning sementlashishidan
hosil bo`ladi. Qurilish
materiali bo`lib xizmat qiladi.
To`zima
qum - o`simlik bilan qoplanmagan,
shamolda to`zib, bir joydan
ikkinchi joy ga ko`chib yuradigan qum. To`zima qum barxanlar, qum dalalarini hosil
qiladi. To`zima qum cho`l o`lkalarda turli xil qurilishlarga, qishloq xo`jaligiga
zarar yetkazadi. Bunday qumlar Qizilqum va Qoraqumda ko`p uchraydi.
To`lin suvlik -
yilning ma’lum mavsumida daryoda suvning har yili ko`payishi va erta bahorda qorning,
yozda tog`lardagi qor hamda muzlarning erishi, shuningdek uzoq vaqt davomida
yomg`ir yog`ishidan suv sathining ko`tarilishi.
To`lqin -
okean, dengiz, ko`l, daryolarda suv yuza qismining tebranma harakati.
To`rtko`l- 1) qadimgi yaxlit yassi qirlarning yemirilishidan qolgan supasimon tepalar. Unda cho`kindi tub jinslar qatlamlari gorizontal yotadi. Amudaryo
etagida ko`p uchraydi. To`rtko`llar ba’zan bir yerga to`planib, to`rtko`l tipli
reylef hosil qiladi; 2) qadimgi istehkomlarning xarobasi; ma’naviy jihatdan
choldevor (chordevor) so`ziga to`g`ri keladi. To`rtko`lning ko`l so`ziga hech aloqasi
yo`q. Qirgizlar To`rtko`lni to`rtkul deyishadi. Xorazmda atrofi devor bilan o`ralgan
joy To`rtko`l deyilgan. Hozirgi vaqtda ko`proq joy nomlari shaklida uchraydi.
To`qay,
to`qayzor - daryo bo`yidagi qalin, changalzor o`rmon. Suv serob,
mikroiqlimi atrofdagi cho`ldan namroq va yumshoqroq bo`lganidan o`simlik hamda
hayvonot dunyosi o`ziga xos bo`ladi. Tuprog`i ham allyuvial, gidromorf. To`qaylarda
daraxtlar bilan birga bo`talar ham qalin
o`sadi. O`rta Osiyo to`qaylarida terak, tol, zarang, yulg`un, jiyda, qamish va
b. o`sadi. Hayvonot dunyosi: to`ng`iz, kiyik, chiyabo`ri, to`qay mushugi, tustovuq
va b.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!