Vazirlar Mahkamasining 2017-yil
6-apreldagi 187-son
qaroriga
3-ilova
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha
MALAKA
TALABLARI
I-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Qo‘llanish sohasi
1. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari (keyingi o‘rinlarda
— Malaka talablari deb ataladi) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
davlat ta’lim standartlarining negizi hisoblanadi va standartlashtirishning umumta’lim
fanlarini o‘rganishning bosqichlarini, o‘quv fanlari bo‘yicha ta’lim mazmuni va
malaka talablarining tuzilishini belgilaydi.
2. Malaka talablari ta’limni boshqarish
bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar
ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan qo‘llanilishi
majburiydir.
3. Malaka talablari asosida ta’lim
muassasasining turi va xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘quv dasturlari, davlat
attestatsiyasi uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha nazorat-baholash ko‘rsatkichlari
ishlab chiqiladi va vakolatli vazirliklar, idoralar tomonidan belgilangan tartibda
tasdiqlanadi.
2-§. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi tizimida umumta’lim fanlarini o‘rganish bosqichlari
4. O‘zbekiston Respublikasi umumiy
o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida davlat ta’lim standartlariga
asoslangan holda umumta’lim fanlarini o‘rganish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Standart darajalari |
Darajalarning nomlanishi |
A1 |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning boshlang‘ich darajasi |
A1+ |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan boshlang‘ich darajasi |
A2 |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning tayanch darajasi |
A2+ |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan tayanch darajasi |
B1 |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning umumiy darajasi |
B1+ |
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan umumiy darajasi |
3-§. Umumiy
o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka
talablarining tuzilishi
5. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari:
o‘quv fanini o‘rganishning bosqichlarini;
tayanch va fanga oid umumiy kompetensiyalarni;
o‘quv fanining maqsad va vazifalarini;
umumta’lim fanlarini o‘rganishning
mazmunini;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha majburiy
tayyorgarlik darajalarini hamda ta’lim muassasalarini bitiruvchilariga nisbatan
qo‘yiladigan talablarni belgilab beradi.
4-§. Tayanch va fanga oid umumiy
kompetensiyalar
6. O‘zbekiston Respublikasida
ta’limning uzluksizligi, uzviyligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari ustuvorligidan
kelib chiqib, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda quyidagi tayanch kompetensiyalar
shakllantiriladi.
Kommunikativ kompetensiya — ijtimoiy vaziyatlarda ona tilida hamda birorta
xorijiy tilda o‘zaro muloqotga kirisha olishni, muloqotda muomala madaniyatiga amal
qilishni, ijtimoiy moslashuvchanlikni, hamkorlikda jamoada samarali ishlay olish
layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Axborotlar bilan ishlash
kompetensiyasi — mediamanbalardan
zarur ma’lumotlarni izlab topa olishni, saralashni, qayta ishlashni, saqlashni,
ulardan samarali foydalana olishni, ularning xavfsizligini ta’minlashni, media madaniyatga
ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
O‘zini o‘zi rivojlantirish
kompetensiyasi — doimiy ravishda
o‘z-o‘zini jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga
intilish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va
hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib borish, o‘z xatti-harakatini
muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashni nazarda
tutadi.
Ijtimoiy faol fuqarolik
kompetensiyasi — jamiyatda
bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol
ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish,
mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini
shakllantirishni nazarda tutadi.
Milliy va umummadaniy
kompetensiya — vatanga sadoqatli,
insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish,
badiiy va san’at asarlarini tushunish, orasta kiyinish, madaniy qoidalarga va sog‘lom
turmush tarziga amal qilish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Matematik savodxonlik,
fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi — aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shaxsiy,
oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarni tuza olish, kundalik faoliyatda turli diagramma,
chizma va modellarni o‘qiy olish, inson mehnatini yengillashtiradigan, mehnat unumdorligini
oshiradigan, qulay shart-sharoitga olib keladigan fan va texnika yangiliklaridan
foydalana olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Mazkur kompetensiyalar
umumta’lim fanlari orqali o‘quvchilarda shakllantiriladi.
Shuningdek, har bir umumta’lim
fanining mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar
ham shakllantiriladi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.