5-ILOVA
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun umumta’lim fanlaridan o‘quv-metodik majmualarning
yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan
UMUMIY
TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Umumiy talablar O‘zbekiston
Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi
qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini
darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida» 2006-yil 31-maydagi 362-son, Vazirlar Mahkamasining «2005-2009-yillarda
umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etish
dasturi to‘g‘risida» 2004-yil 22-noyabrdagi 548-son hamda «2009-2013 yillarda o‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish
dasturi to‘g‘risida» 2009-yil 20-martdagi 80-son qarorlariga muvofiq, umumiy o‘rta
va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni
ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Umumiy talablarda quyidagi
asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
O‘quv-metodik majmua — darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik
qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi
asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga
javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal
o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan
holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan
holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov
mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Mashq daftari — darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat
ta’lim standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni
mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan, mantiq
va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan (krossvordlar, boshqotirmalar, mantiqiy
fikrlashga undovchi topshiriqlar va hokazo) topshiriqlardan iborat bo‘lgan didaktik
vosita.
O‘qituvchi uchun metodik
qo‘llanma — darslikdagi har
bir mavzuni samarali o‘qitish metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining
darsni qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har
bir darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari,
darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida
metodik ko‘rsatmalar aniq bayon qilingan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darsliklarning multimediali
ilovalari — axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari yordamida o‘quv faniga oid materiallarni davlat ta’lim standarti
va o‘quv dasturiga mos ravishda yorita oladigan, o‘quv fanini samarali o‘zlashtirishga,
o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi hamda video, ovoz, animatsiya,
jadval, matn va lug‘atlarni o‘z ichiga olgan, bilimlarni nazoratdan o‘tkazish va
mustahkamlashga yo‘naltirilgan, o‘quv fanining asosiy mazmunini boyitadigan qo‘shimcha
materialga ega bo‘lgan yoki shu kabi manbalarga murojaatlarni o‘z ichiga olgan interaktiv
elektron axborot-ta’lim resursi.
3. O‘quv-metodik majmualar davlat
ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlariga muvofiq, didaktik, metodik, pedagogik-psixologik,
estetik va gigiyenik talablar asosida ishlab chiqilgan darslik, mashq daftari, o‘qituvchi
uchun metodik qo‘llanma va darslikning multimediali ilovalarini o‘z ichiga oladi.
4. O‘quv-metodik majmualarni ishlab
chiqish qonun hujjatlari hamda ushbu Umumiy talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Umumiy o‘rta va o‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishning
maqsad va vazifalari
5. O‘quv-metodik majmualarni ishlab
chiqishning maqsadi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari
uchun zamonaviy fan va texnika rivojini hisobga olgan holda kompetensiyaviy yondashuv
talablari asosida o‘quv materiallari mazmuni va sifatini takomillashtirish hamda
ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani samarali tatbiq etishdan iborat.
6. O‘quv-metodik majmualarni ishlab
chiqishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quv-metodik majmualarning yangi
avlodini ishlab chiqish prinsiplari hamda ularning mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan
talablarni belgilash;
o‘quvchilarda milliy g‘urur va
iftixor, moddiy va ma’naviy merosga qadriyatli munosabatni tarkib toptirish;
davlat ta’lim standartlari talablari
asosida o‘quvchilar tomonidan bilim, ko‘nikma va malaka hamda kompetensiyalarning
to‘liq o‘zlashtirilishiga erishish;
o‘quvchilarda mustaqil va erkin
fikrlashni hamda ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
yangi avlod o‘quv-metodik majmualarini
yaratish va amaliyotga joriy etish;
o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash
va global tafakkur yuritish kompetentligini shakllantirish;
umumta’lim fanlarini o‘qitishning
prinsipial yangi metodologiyasi asosida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish.
3-bob. Umumiy o‘rta va o‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish
prinsiplari
7. O‘quv-metodik majmualarni ishlab
chiqish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:
o‘quv-metodik majmualar ta’lim
sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari asosida yaratilganligi;
o‘quvchilarning aqliy va jismoniy
imkoniyatlari, yoshi, psixofiziologik xususiyatlari, bilim darajasi, qiziqishlari,
layoqatlari hisobga olinganligi;
o‘quvchilarda vatanparvarlik va
milliy g‘urur hissini shakllantirishga qaratilganligi;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining zarur hajmi berilganligi, o‘quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlash,
tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilganligi.
4-bob. O‘quv-metodik majmualarni
ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar
8. O‘quv-metodik majmualarni ishlab
chiqishga quyidagicha talablar qo‘yiladi:
Didaktik talablar:
o‘quvchi tomonidan o‘quv materiallarining
to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash;
matnlar axborot berishga emas,
balki o‘quv fanining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadlariga xizmat qilishi;
qiziqarli, lo‘nda va hamma uchun
qulay va tabaqalashtirilgan bo‘lishi;
ilmiy dunyoqarashni shakllantirish,
vatanparvarlik va millatlararo totuvlik talablariga javob berishi, aniq dalillarga
asoslangan materiallardan tarkib topishi;
ta’limning kundalik hayot va amaliyot
o‘rtasidagi bog‘liqligini ta’minlashga, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish
layoqatlari shakllantirilishiga, boshqa o‘quv fanlari bilan uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga
yo‘naltirilgan bo‘lishi;
rasmlar ko‘rinishidagi illustrasiyalar:
xaritalar, chizmalar, sxemalar, jadvallar, diagrammalar va fotosuratlar bilan bezatilgan
bo‘lishi;
yangi tushunchalar, atamalar,
qoidalar, formulalar, ta’riflar va shu kabilar lug‘at ko‘rinishida ifodalangan bo‘lishi
lozim.
Ilmiy-metodik talablar:
fan-texnikaning so‘nggi yutuqlarini
o‘zida aks ettirishi;
o‘quv fani mavzularining mazmunan
yaxlitligi ta’minlangan bo‘lishi;
o‘quv fani mavzulari o‘zbek adabiy
tili qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda oddiy va sodda, tushunarli va ravon tilda
bayon qilinishi;
mantiqiy ketma-ketlikka va izchillikka
amal qilinishi;
milliy g‘oya va O‘zbekiston xalqining
mentalitetiga zid bo‘lmagan tegishli illustrasiyalar bilan boyitilishi;
savol va topshiriqlar aniq ifodalangan
bo‘lishi;
o‘quvchilarni fikrlashga, yozishga,
tasvirlashga, chizma chizishga, hisoblashga, amaliy ishlarni bajarishga, tajribalar
o‘tkazishga o‘rgatishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutilgan
bo‘lishi;
bir tushunchaning ikki xil atama
bilan ifodalanishiga, sanalarni keltirishda mavhumlikka yo‘l qo‘yilmasligi;
kasb-hunarga yo‘naltirishga oid
matnlar va rasmlar, izohli lug‘at, texnik ijodkorlik va mantiqiy tafakkurni o‘stirishga
qaratilgan loyihalash hamda modellashtirish yuzasidan topshiriqlarni qamrab olgan
bo‘lishi lozim.
Pedagogik-psixologik talablar:
keng jamoatchilik tomonidan tan
olingan ilmiy asoslangan ma’lumotlar, o‘quvchilarning bilim darajalari, eslab qolish
qobiliyatlari, tafakkuri hisobga olingan holda voqea va hodisalarning mohiyatini
anglashga va amaliy qiziqishlarini rivojlantirishga, bilim olishga va amaliy faoliyat
bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yo‘naltirilgan
bo‘lishi;
o‘quv fani mavzularining o‘quvchi
yoshi va psixofiziologik xususiyatlariga mos holda berilishi, ma’lum faktlar, tushunchalar,
qoidalar va fanlararo bog‘liqlikni hisobga olgan holda tushunarli bayon qilinishi;
o‘quvchilarning yangiliklarni
qabul qilish qobiliyatlari, oldin olgan bilimlarini o‘zlashtirganlik darajasi hisobga
olingan bo‘lishi lozim.
Estetik talablar:
imkon darajasida yorqin, rangli,
qiziqarli va chiroyli bo‘lishi;
matnlar o‘quvchiga ma’lum ijobiy
hissiy ta’sirlarni o‘tkazishi va o‘quv faniga qiziqish uyg‘otishi;
bo‘lim, bob, paragraf va mavzular
matnlarining turli shakl va ranglar bilan ajratilishi, mutanosibligi ta’minlanishi;
rasm va tasvirlar badiiy estetik
talablarga javob berishi, aniq va tiniq ifodalanishi lozim.
Gigiyenik talablar:
matn va illustrasiyalar sanitariya
qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos bo‘lishi;
harflarning kattaligi va qog‘ozning
sifati (og‘irligi, qalinligi, oqligi va shaffofligi) Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim
muassasalari uchun matbaa mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik
reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida» 2015-yil 3-iyundagi 146-son qaroritalablariga mos bo‘lishi lozim.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.