Zakazik -
hudud yoki akvatog`iyaning bir qismi. Zakaznikda barcha tabiiy kompleks emas,
balki uning alohida elementlari: o`simliklar, hayvonlar yoki ba’zi bir hayvon
turlarigina muhofaza qilinadi.
Zandrlar (islandcha sand
- qum) - muzliklar (asosan to`rtlamchi davr muzliklari)
ning oxiri va chekkasida morena jinslarini muz suvlari yuvib ketishi hamda qayta
yoqizishi natijasida vujudga kelgan qumloq-toshloq tekisliklar. Tipik zandr
tekisliklariga Yevropagi Polese va Meshchyora tekisliklari misol bo`ladi.
Zarang yer - qattiq, zich tuproqli yer. Zarang
yer tuproq hosil qiluvchi jinslar
juda mayda zarrali (chang), chirindi kam, tarkibida gips, tuz mavjud bo`lganda
vujudga keladi. Bunday yerga suv singmaydi. Yog`ingarchilik davrida ko`lmaklar hosil
bo`ladi. Qurgoqchilik vaqtda yer yuzasi yorilib-yorilib ketadi. Tuproq berch bo`ladi.
Zax -
sizot suvlar yer yuzasiga yaqin bo`lgan yoki chiqib yotadigan, asosan botqoq o`simliklari
o`sadigan yer.
Zaxkash -
yer osti suvlari ta’sirida namiqib yotadigan yer; oqova va zax suvi oqadigan
ariq, zovur ham zaxkash deyiladi.
Zayak (sug`diycha zoy - yer va suffiks -
ak) - oldin ekin ekilib, keyin tashlab qo`yilgan joy - partov yer; ko`pincha g`alla ekib kelingan yerlar zayak
deyiladi. Joy nomlari tarkibida ham uchraydi.
Zenit(arabcha samt - yo`l, yo`nalish)
- osmon sferasining kuzatuvchi tepasidagi nuqtasi; shoqul (vertikal) chiziq
osmon sferasini ana shu nuqtada kesib o`tadi.
Zibun -
qirg`oqdan birdaniga chuqurlashib ketadigan ko`llarda suv betini kigizga uxshab
qoplab oladigan o`simliklar qoplami. Zibun qirg`oqdan ko`l ichkarisiga o`sib
borib, ko`lni butun qoplab ketishi mumkin. Zibun odatda sabelnik, belokrilnik,
sfagn yo`sini, qiyoq, bagulnik o`simliklaridan hosil bo`ladi.
Zilzila, yer qimirlash -
Yer po`stining ichki qismidagi tabiiy kuchlar ta’sirida sodir bo`ladigan
silkinishlar. Sabablariga qarab tektonik vulkan va o`pirilish zilzilalariga bo`linadi.
Silkinish paydo bo`lgan joy zilzila o`chog`i, uning markazi esa giposyentr
deyiladi. Zilzila o`chog`i Yer po`stidan 50 km
gacha, ba’zan 700 km
gacha chuqurlikda bo`lishi mumkin. Gipotsentrning yer yuzasidagi nuqtasi epitsentr
deyiladi. Silkinishlar epitsentrda qattiq
bo`lib, undan uzoqlashgan sari silkinish kuchi susaya boradi. Zilzila kuchi
seysmik stansiyalarda seysmograflar vositasida o`lchanadi. Kuchli zilzilada yer yuzasida jarlar, yoriqlar paydo bo`ladi,
qoyalar ag`darilib tushadi, daryo o`zanlari to`siladi, fontanlar yuzaga keladi,
bularning hammasi suv toshqini, yong`inlarga sabab bo`ladi. Natijada zilzila bo`lgan
joyning qiyofasi o`zgaradi.
Zilzila ko`pincha
tektonik harakatlar tez-tez yuz beradigan tog`li hududlarda sodir bo`ladi
(Tinch okean va O`rta dengiz bo`ylari, Alp, Kavkaz-Himolay tog`lari). MDHda bo`ladigan zilzilalarning ko`pchiligi
Karpatdan Kamchatkagacha bo`lgan zonada sodir bo`ladi. O`rta Osiyo ham juda faol
seysmik hudud hisoblanadi. 1966-yil 26-apreldagi Toshkent zilzilasi o`rta quvvatli
bo`lishiga qaramay, zilzila o`chog`i yer yuziga yaqin joylashganligi tufayli qisman
vayronagarchilikka sabab bo`lgan. Zilzila kuchi seysmik ballar bilan aniqlanadi.
Jahonda 12 balli seysmik shkala qabul qilingan. Zilzila sabablarini seysmologiya
fani o`rganadi. Bir yil mobaynida 100 mingdan 1 mln. martagacha zilzila bo`lishi
mumkin. Shulardan bir necha mingtasigina kishilarga seziladi. Xalq xo`jaligiga
zarar yetkazadigan zilzilalar esa yiliga bir necha yuz marta bo`ladi.
Zimiston - 1) qish fasli. Qattiq, serbulut qish,
ko`pincha qish chillasi zimiston deb
yuritiladi; 2) tim qorong`ilik.
Zov -
tik qoya, jarlik ba’zan chuqur dara. Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo
viloyatlarida, Qirg`izistonda, shuningdek Eron va Afgonistonda joy nomlari
tarkibida ko`p uchraydi: Ko`kzov, Qizilzov (Zomin tumani) va h.k.
Zovur, drenaj -
yer sho`rini yuvish, yer osti va sizot
suvlar sathini pasaytirish, to`qay va zax yerlarni quritish maqsadida qazilgan
ariq va yoqizilgan quvurlar sistemasi. Hozir ochiq yoki yopiq ariq va quduq tipidagi zovuqlar mavjud.
Zodiak - ekliptika bo`ylab joylashgan yulduz
turkumlari mintaqasi. Zodiak mintaqasida 12 ta yulduzlar turkumi bor. Ularni
arabcha nomi bilan atash kengroq tarqalgan.
Bular: Damal (Qo`y), Savr (Sigir), Javzo (Egizak), Saraton (Qisqichbaqa), Asad
(Arslon), Sunbula (Boshoq), Mezon (Tarozi), Asrab (Chayon), Qavs (yoy), Jaddi
(Tog` echkisi), Dalv (Qovg`a), Hut (Baliq). Quyosh osmon sferasida harakati vaqtida
bu yulduzlar turkumlaridan taxminan bir oy-bir oy davomida o`tadi. Quyosh qaysi yulduzlar turkumidan o`tayotgan bo`lsa, Shamsiya kalendaridagi oylar shu nom bilan ataladi.
Zona (yunoncha zone - poyas, mintaqa)
- Yer yuzining boshqa joylaridan bir qancha xususiyatlari bilan farq qiladigan va qo`shni ikki parallel yoki meridian orasida
joylashgan qismi, mintaqasi.
Zonal hudud -
tabiiy geografik rayonlashtirishdagi taksonomik birlik. Zonal hudud geografik
zonaning o`lka doirasidagi qismini o`z ichiga oladi. Chunonchi, shimoliy
mintaqaning tayga zonasi, Rossiya tekisligi taygasi, G`arbiy Sibir taygasi, O`rta
Sibir taygasi, Shimoli- Sharqiy Sibir taygasi kabi zonal hududlarga bo`linishi
mumkin.
Zonallik qonuniyatlari - geografik qobiqda tabiat komplekaslarining geografik kenglik bo`yicha ekvatordan qutblar tomon qonuniy almashinishi.
Zonallikning davriy
qonuniyati - turli geografik mintaqalarda bir-biriga o`xshash
landshaft zonalarining takrorlanishi, masalan cho`l landshaft tipi va
binobarin, cho`l zonasi mo`tadil mintaqada ham, subtropik mintaqada ham, tropik
mintaqada ham uchraydi; o`rmon zonasi ham turli mintaqalarda takrorlanadi. Zonallikning
davriy qonuniyati asosida turli hududlar namlanish darajasidagi o`xshashlik
yotadi. Bu qonuniyatni A.A.Grigorev va M.I.Budiko kashf etganlar. Zonallikning
davriy qonuniyatining asosiy ko`rsatkichi quruqlikning radiatsion indeksidir. Quruqlikning
radiatsion indeksi zona radiatsiya balansining shu zonaga tushadigan yillik yalpi
yog`inni bug`latishga ketadigan issiqlikka bo`lgan nisbati bilan ifodalanadi.
Bu ko'rsatkich har bir zonadagi tabiiy jarayonlarning intensivlik darajasini
aks ettiradi. Quruqlikning radiatsion indeksi birga teng bo`lsa, tabiiy jarayonlar eng intensiv rivojlanadi.
Zoogeografiya, hayvonlar geografiyasi -
zoologiya va tabiiy geografiyaning bir bo`limi, hayvonlarning Yer sharida o`tmishda
va hozirgi zamonda geografik tarqalishini, bunnng hozirgi va tarixiy tarqalish
omillari hamda qonuniyatlarni o`rganadi.
Zootsenoz -
tabiiy sharoiti bir xil bo`lgan joyda tarqalgan
hayvonlar guruhi. Masalan, qumli cho`l zootsenozi.
Zyuyd (gollandcha)
– janub qisqartirilib S harfi bilan yoziladi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.