Abadiy muzloq yer — mangu tung yer; Ko`p yillik muzloq yer, doimiy muzloq yer.
Abiogen bosqich — geografik qobiq paydo bo`lishi va rivojlanishining organik hayotsiz ilk bosqichi. Geografik qobiq o`z rivojlanishi davomida abiogen bosqichdan biogen bosqichga, so`ngra esa, inson paydo bo`lgach, antropogen bosqichga o`tgan. Abiogen bosqich geografik qobiq taraqqiyotining paleozoy erasigacha bo`lgan davrini o`z ichiga oladi. U tobiogen (dobiogen) bosqich ham deb ataladi.
Abiogen komponentlar — Yer po`sti, havo va suv geografik qobiq hamda landshaftlarning abiogen (noorganik) komponentlarini tashkil etadi.
Abiogen landshaftlar — asosan abiogen komponentlardan tashkil topgan, ya’ni biogen komponentlar (o`simlik va hayvonot dunyosi hamda mikroorganizmlar) ishtirokisiz paydo bo`lgan landshaftlar. Hozirgi abiogen landshaftlarga Antarktidaning markaziy qismlari va Grenlandiyaning muz qalqonidagi, shuningdek Himolay va boshqa eng baland tog`larning chuqqilaridagi landshaftlar kiradi. Abiogen landshaftlar asosan hayotsiz bo`lsada, unda biosfera mahsulotlari — atmosfera kislorodi, ohaktoshlar va boshqa cho`kindi jinslar bor. Oy landshaftlari ham abigen landshaftdir.
Abiogen omillar — geografik qobiq va landshaftlarning anorganik omillari.
Abissal yotqiziqlar — dunyo okeani tubining 90% qismida mayda hayvon organizmlarining skeletlaridan, quruqlikdan shamol yoki dengiz oqimi natijasida keltirilgan mineral zarrachalardan, kosmik changlardan hosil bo`lgan cho`kindilar. Bunday yotqiziqlar ko`pincha 3 km ortiq chuqurlikda paydo bo`ladi.
Abbissal oblast — okeanlarning 2000 m dan chuqur qismi. Abissal oblastda suv sekin harakat qiladi, harorati 0 darajaga yaqin va butunlay qorong`i bo`ladi. Quyosh nuri yetib bora olmaganligi va bosim katta bo`lganligidan abyssal oblastda bakteriya va saprofit suvutlardan boshqa o`simlik organizmlari yo`q. Sezgi organlari juda taraqqiy etgan ayrim hayvonlar uchraydi.
Ablyatsiya (latincha ablatsio— olib ketish) - 1) muzlik massasining erish, bug`lanish va mexanik parchalanish natijasida kamayishi; 2) nuragan tog` jinslarinipg oqar suv, muz, shamol yordamida ko`chishi.
Aborigenlar (lotincha aborigines — dastlabdan, boshdan) — 1) biror mamlakat, o`lkaning qa dimdan yashab kelayotgan tub aholisi; 2) o`simlik va hayvonlarning bir joyning o`ziga qadimdan xos bo`lgan mahalliy, jaydari nav va zotlari, avtoxton organizmlar.
Abraziya (lotincha abrazio - sidirish) - to`lqin ta’sirida qirg`oqning yemirilishi va tekislanishi.
Absolyut balandlik, mutlaq balandlik - yer yuzidagi muayyan nuqtaning okean o`rtacha sathi dan tik balandligi. Okean sathidan baland nuqtalar musbat belgi (+), past nuqtalar manfiy belgi (—) bilan belgilanadi. Absolyut balandlik nivelirlash yordamida aniqlanadi.
Absolyut geologik yosh — biror geologik hodisa sodir bo`lgan zamondan boshlab hozirgi davrgacha o`tgan vaqt. Absolyut geologik yosh ming va mln. yillar bilan hisoblanadi va minerallar tarkibiga kirgan radioaktiv elementlarning (uran, toriy, va boshqalarning) parchalanishi, cho`kindilarning yotqizilish tezligi va lentasimon gil qatlamlarining soni hamda qalinligiga qarab aniqlanadi.
Absolyut (mutlaq) namlik -1 m.kub havodagi suv bug`i miqdori.
Avtomorf tuproq — yer osti suvlarining ta’siri bo`lmagan sharoitda vujudga kelgan tuproq. Avtomorf tuproqli maydonlarda yer osti suvlari 5 metr va undan ham chuqurroqda bo`ladi. Podzol, qora, kashtan va bo`z tuproqlar bunga misol bo`la oladi.
Avtonom landshaftlar - tuproq–o`simlik qoplami sizot suvlar ishtirokisiz, asosan yoginlar ta’siridagina rivojlanadigan elementar landshaftlar. Avtonom landshaftlar suvayirg`ichlarda plakor sharoitida rivojlanadi. B.B.Polinov fanga kiritgan elyuvial landshaftlar terminining sinonimi; Avtonom landshaftlar avtomorf tuproqlarda hosil bo`ladi.
Avtonomiya (yunoncha autonomia — mustaqillik) — biron davlat tarkibidagi ayrim millatning siyosiy va ma’muriy jihatdan o`z-o`zini boshqarish huquqi.
Avtoxton landshaftlar — asosan shu joydagi (mahalliy) o`simlik va hayvon turlarining tabiiy sharoit ta’sirida o`zgarishi natijasida vujudga kelgan landshaftlar. Avtoxton landshaftlar relikt flora va fauna elementlariga boy o`lkalarda, chunonchi, Janubiy Uzoq Sharqda va Zakavkazening nam subtropiklarida keng tarqalgan. Yakutiyaning tayga o`rmonlari orasidagi sovuq o`tlog`i dashtlar landshaftlari ham Avtoxton landshaftlardir.
Algomerat (lotincha agglomero — qo`shib olaman) - 1) xilma-xil shakldagi har xil tog` jinslari parchalari. Aglomeratlarning
sementlashishidan brekchiyalar, tuflar hosil bo`ladi. 2) Mayda ruda yoki
kukunsimon metallarni maxsus mashinalarda qovushtirib hosil qilingan yirik bo`laklar.
Aglomeratsiya, aholi punktlari aglomeratsiyasi — aholi punktlarining, xususan shaharlarning
bir-birlariga qo`shilishib yagona urbanizatsion va huquqiy iqtisodiy
zona hosil qilishi. Aglomeratsiyada aholi zich bo`lib, xilma-xil ishlab chiqarish
tarmoqlari, birinchi galda sanoat korxonalari, ilmiy va o`quv muassasalari va boshqa
yuksak darajada konsentratsiyalashgan bo`ladi.
Agrar munosabatlar (lotincha agrarius - yer) - qishloq xo`jaligida kishilar o`rtasida bo`lgan
ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. Agrar munosabatlar shu jamiyatda yer kimning qo`lida
ekanligiga (yer egaligiga), yerda kim va qanday shart bilan ishlayotganiga (yerdan
foydalanish shakliga) qarab farq qiladi.
Har bir ijtimoiy tuzumda yer egaligi va yerdan foydalanishning o`z shakllari va shu shakllarga mos agrar munosabatlar amal qiladi.
Agrar-sanoat kompleksi — muayyan hududda
qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan hamda qayta ishlaydigan va
bir-birlari bilan bog`langan qishloq xo`jaligi va sanoat korxonalarining bo`lishi.
Agroiqlimshunoslik (yunoncha agros — dala) — iqlimni qishloq xo`jaligining, asosan dehqonchilikning muhim omili sifatida o`rganuvchi fan. Agroiqlimshunoslikning asosiy
vazifasi iqlim bilan qishloq xo`jalik ekinlarining o`sishi, rivojlanishi va oqilona
joylashtirilishi o`rtasidagi munosabatni aniqlashdan, agrotexnika va melioratsiya
tadbirlarini iqlimiy jihatdan asoslab berishdan va h.k. lardan iborat. Qishloq
xo`jalik ekinlarini iqlim va mikroiqlim sharoitiga ko`ra rayonlashtirish, ya’ni
agroiqlimiy rayonlashtirish agroiqlimshunoslikning bosh masalasidir.
Agrotexnika — ekinlarni parvarishlash,
ulardan yuqori va sifatli hosil olish usullarining majmui. Yerni haydash,
tekislash, boronalash va ekishga tayyorlashning boshqa usullari, ug`itlash, sug`orish,
urug`ni ekishga tayyorlash (saralash, dorilash, ivitish va b.), ekish va hosil
yig`ib-terib olinguncha o`simlikni parvarish qilish ishlari agrotexnika
usullaridandir. Agrotexnikaga almashlab ekishni joriy qilish, o`simlik qoldiqlarini
daladan yig`ishtirib olish, kuzgi shudgorlash, yaxob berish, sifatli ururlik
tanlash, ekish sxemalarini to`g`ri qo`llash, ko`chatlarnnng normal qalinlikda bo`lishiga
erishish, o`g`itlardan to`g`ri foydalanish, ekinni qat’iy rejim bo`yicha sug`orish,
o`simlikning ildiz sistemasini zararlantirmaslik, ekinzorlarni begona o`tlardan
toza tutish, zararkunanda va kasalliklarga chidamli navlarni ekish va h.k. ham
kiradi.
Adaptatsiya (lotincha adaptatsio - moslashuv) - 1) organizmlarning yashash sharoitiga moslashishi; 2) sezgi a’zolarining o`ziga
ta’sir etadigan qo`zgatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining o`zgarishi (masalan, ko`zning yorug`lik yoki qorong`ilikka
moslashuvi).
Adveksiya (lotincha advektsio - eltish) - havo massalari va ularning fizik hossalari
(harorat, namlik va h. k.) ning gorizontal yo`nalishda ko`chishi. Biror hududdagi
ob-havo va meteorolologik elementlar ikkinchi bir hududga gorizontal ko`chganda
adveksiya yuz beradi.
Adirlar — O`rta Osiyo tog`lari
etagidagi cho`l va chala cho`l qirlar. Neogen va antropogen davrlarning cho`kindi
tog` jinslaridan tarkib topgan. Farg`ona, Hisor, Surxondaryo vodiylarida ko`proq
konglomerat va chaqir toshlardan iborat bo`lib, ba’zi joylarida lyoss bilan qoplangan.
Adirlar pasti-baland bo`ladi. Ularni ko`p joylarda soy hamda jarlar kesib o`tib,
ayrim-ayrim qismlarga bo`lib yuborgan. Adirning mutlaq balandligi 400-500 m dan 1000-1500 metrgacha
boradi. Adirlar baland tog` etaklaridan
tektonik botiqlar orqali ajralgan bo`ladi. Bahor paytlarida adirlarda
rang-barang o`tlar, lolalar o`sib yotadi. Xo`jalikda adirlardan bahorgi yaylov
sifatida foydalaniladi, yog`in ko`proq tushadigan joylarda g`alla
yetishtiriladi. Kopetdog` va Qrimda tof etaklaridagi
shunday balandliklar bayirlar deb yuritiladi. Qozog`iston va Qirg`izistonda
uncha katta bo`lmagan qoldiq qir va tog`lar ham adir deb yuritiladi.
Ayoz - qish faslida havo ochiq, toza bo`lgandagi
sovuq kunlar. Odatda O`rta Osiyo antitsikloni yoki sovuq Arktika havosi kelgan
paytlarda ro`y beradi.
Azimut (arabcha as-sumut – yo`l) -joy yoki kartada
shimol yo`nalishi bilan tanlangan predmet yo`nalishi orasidagi burchak. Azimut
burchaklari shimol yo`nalishidan soat strelkasi bo`ylab o`lchanadi.
Azon - kun chiqishdan
oldingi payt, erta tong.
Azonallik - zonallikdan ko`ra
mahalliy sharoit ta’siri kuchli bo`lgan landshaftlarning tarqalishi. Masalan, qayir
landshaftlari, qum landshaftlari (cho`llardan tashqaridagi), ohaktoshli karst
landshaftlari, avtoxton landshaftlar va boshqalarda zonallik qonuniyati
deyarli aks etmaydi. Balandlik mintaqalarining tarqalishi ham azonallikka
kiradi.
Azonallik - landshaftlarning rivojlanish va tarqalishidagi asosiy qonuniyatlaridan biri. Azonal landshaftlar shakllanishining asosiy omillari tuproq-grunt
qoplami, namlik, topografik o`rni, geologik tuzilishi va boshqa o`ziga xosligidir.
Aydar — ustida tosh
parchalari uyulib qolgan qir, tepa, dunglar, ya’ni tosh kokilli do`nglar.
Shamol qirlarning ustki qismidagi g`ovak mayda jinslarni uchirib ketishidan hosil
bo`ladi. Joy nomlari sifatida ham ishlatiladi: Aydar sho`rxogi, Aydarli qo`rg`oni.
Ayri, ayrilish - daryolar, tog` tizmalari, yo`llarning bo`lingan, tarmoqlangan
joyi.
Aysberglar (Gollandcha iys - muz, nemischa berg –
tog‘) -okean, dengiz va ko`llarda suzib yuradigan yoki
sayozliklarga o`tirib qoladigan katta muz palaxsalari. Suvga tushib kelayotgan
muzliklarning sinishidan hosil bo`ladi. Aysberglar asosan Antarktida, Kanada
Arktika arxipelagining shimoliy orollari, Grenlandiya qirroqlarida vujudga
keladi. Muz hamda suvning zichligiga qarab, 80-90% qismi suv ostida bo`ladi.
Suv ustidagi qismining balandligi o`rtacha 70-100 m, eni va bo`yi yuzlab km ga yetadi. Aysberg kemalar qatnovi uchun juda xavfli, ko`p kemalar aysbergga
urilib garq bo`lgan.
Akvatoriya (lotincha akva - suv) suv havzasi yuzasining bir qismi. Port
akvatoriyasi deganda portning quruqlikdagi qismidan tashqari suv qismi tushuniladi.
Akkvedu (lotincha akva - suv, duko-eltaman) – ko`prik shaklida quriladigan
gidrotexnik inshoot. Akkvedu kanal, jar, soy va yo`llar ustidan suv o`tkazish
uchun quriladi. Yog`och va toshdan
ishlangan akkvedular (nov) O`zbekistonda qadim zamonlardan buyon qo`llanib
kelgan.
Akklimatizatsiya - organizmlarning yangi iqlim sharoitiga moslashishi.
Akkumulyatsiya (lotincha akkumulyatsio-to`planish),
cho`kindi to`planishi, sedimentatsiya -
yer yuzasida oqar suv, muzlik, shamol va boshqa geologik kuchlar ta’sirida mineral
va organik cho`kindilarning to`planish jarayoni.
Akkumulyativ tekislik - yer po`sti cho`kayotgan joyda yoki yer yuzining botiq (manfiy) shakllarida
uzoq vaqt davomida suv, shamol, muz keltirgan nuroq g`ovak jinslarning to`planishi
natijasida hosil bo`lgan tekislik. Yer yuzasi
odatda tekis bo`ladi yoki sayoz vodiy va o`zanlar bilan kesilib, bir oz
pasti-baland bo`lib qoladi. Masalan, Amudaryo etagi, Quyi Zarafshon vohasi,
Sherobod vohasi va h.k.
Alaslar - Yakutiya tekisligida yozda qurib qoladigan
ko`llar o`rnida hosil bo`ladigan bo`liq o`tloqlar. Alaslar maydoni har xil -
bir necha kv. metrdan bir qancha kv. km gacha
boradi. Ba’zi Alaslarning o`rtasidagi chuqur qismida ko`l bo`ladi. Alaslar juda
ko`p joylarda maxsus landshaftlar hosil bo`ladi. Alaslar ko`proq termokarst
natijasida paydo bo`ladi. Alaslardan xo`jalikda pichanzor va yaylov sifatida
foydalaniladi.
Alloxton (yunoncha allos - boshqa,
xton - yer, tuproq) – tog` jinslari,
foydali qazilmalar va moddalarning paydo bo`lgan o`rinlaridan ma’lum geologik
jarayonlar sababli yangi o`ringa siljishi (ko`chirilishi) va ular yotqiziqlarining
qaytadan paydo bo`lishi.
Allyuvial tekislik - oqar suvlar oqiziqlarining chuqurroq joylarda chuqib qolishidan vujudga
kelgan tekislik.
Allyuvial
tuproqlar - daryo vodiylaridagi allyuvial yotqiziqlardan vujudga kelgan tuproqlar.
Allyuvial tuproqlar qatlamlarining qalinligi 1-2 sm dan bir necha o`n sm gacha bo`ladi. Allyuvial
tuproqlar genetik (kelib chiqish) belgilariga qarab, o`tloqi qayir-allyuvial
tuproqlar va o`tloqi-allyuvial tuproqlarga ajraladi, o`tloqi qayir-allyuvial
tuproqlar daryo vodiylarining qayirlarida paydo bo`ladi. O`tloqi-allyuvial
tuproqlar daryolarning qayir usti terrasalarida bo`lib, ularning namligi daryo
rejimiga bog`liq emas. Bu tuproqlar organik moddalarga juda boy, unumdor bo`ladi.
Allyuviy (lotincha
allyuvio
- yotqiziq) - doimiy yoki vaqtli oqar suvlar keltirib yotqizgan jinslar.
Ko`proq mayda tosh, shag`al, qum va gillardan iborat bo`ladi. Ba’zi
tekisliklar, daryolarning qayirlari va terrasalari shunday jinslardan tashkil topgan.
Allyuvial jinslar ko`pincha saralab yotqiziladi: suvning yuqori oqimida
yirik jinslar - tosh, shagal, so`ngra qum va nihoyat gil yotqiziladi.
Almashlab ekish - iqlimi va tuproq sharoitiga qarab qishloq xo`jalik ekinlarini navbat
bilan ekish. Bunda ekin maydoni bir xil kattalikdagi bir necha dalaga bu- linadi va har biriga belgilangan
ekin navbat bilan ekiladi. O`zbekistonda ko`proq paxta bilan beda almashlab
ekiladi.
Alunit (fransuzcha alun - achchiqtosh) - alyuminiy, kaliy va boshqalardan
iborat mineral. Alunitdan achchiqtosh, kaliy tuzlari, oltingugurt, sulfat
kislota va alyuminiy olinadi. Alunitning Ozarbayjonda, O`zbekistonda esa
Gushsoy, Oqtosh, Oqsoqota va boshqa joylarda konlari topilgan.
Alp burmalanishi — Yer tarixining kaynozoy erasida ro`y bergan tog` burmalanishi. Shu burmalanishda vujudga kelgan Alp tog`lari
nomi bilan atalgan. Alp burmalanishi davrida hozirgi mavjud ko`p tog` tizmalari
hosil bo`lgan. Bular ikkita tog` mintaqasini tashkil etadi: 1) Alp-Himolay
(Pireneya, Andalusiya, Atlas, Apennin, Alp, Bolton, Karpat, Kavkaz, Kichik
Osiyo, Eron, Hindikush, Himolay, Birma) va 2) Tinch okean (Koryak, Kamchatka,
Saxalin, Yapon, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya, Antarktida, And, Kordilera) tog`lari mintaqalari.
Alp mintaqasi - mo’tadil va subtropik kengliklardagi tog`larning ancha
baland qismida, yuqorida doimiy qor va muzliklar, pastda subalp mintaqasi
orasida joylashgan balandlik landshaft mintaqasi. Bu mintaqada sovuq baland tog` iqlimi, tog` toshloq, torfli, nordon tuproqlar, past bo`yli
siyrak o`tloqlar va soyalar xarakterlidir. Shimoliy kengliklardagi tog`larda alp
mintaqasi o`rnida tog`-tundra va yalang tog` landshaftlari tarqalgan.
Alp va subalp o`tloqlari – o`rmonlar
mintaqasidan yuqorida va doimiy qor va muzliklardan pastda bo`lgan baland tog` o`tloqlari:
tog`lar joylashgan geografik kenglik, iqlim va yonbag`ir ekspozitsiyasiga qarab
alp va subalp o`tloqlari turlicha balandlikda: Alp tog`larida, Kavkazning g`arbiy
qismida 1700-3000 metr, Himolay tog`larining
janubiy yonbag`rida 3200-5000 metr balandlikda bo`ladi. Iqlimning nihoyatda sovuq bo`lishi, qorning qalin bo`lib,
uzoq vaqt (6-10 oy) yotishi oqibatida alp va
subalp o`tloqlari o`simliklari xilma-xil ko`p yillik o`tlar va pakana butalardan
(rododendron va b.) iborat. Ko`pgina o`simliklar rang-barang yirik gullar
ochadi.
Alp va subalp o`tloqlari mintaqasining tog` o`rmonlari yaqinidagi quyi qismida
subalp o`tloqlari uchraydi. Namgarchilik serob va iqlim bir oz iliq bo`lganidan bu yerlarda bo`yi 1,5-2,5 metr xilma-xil o`tlar qalin o`sadi, subalp o`tloqlaridan yuqorida iqlim o`ta
sovuq bo`lganidan o`tlar pakana bo`lib, alp o`tloqlarini hosil qiladi. Hayvonlar
kam. Aksari tik qoyalardan yura oladigan hayvonlar (tur, serna, kiyik, tog`
qo`yi) yoki uzoq uyquga kiradigan hayvonlar (yumronqoziq, pishchuxa va boshqa
kemiruvchilar); qushlardan – tog` kurkasi, kaklik yashaydi. Alp va subalp
o`tloqlaridan yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.
Alp tipidagi relyef - muzlik relyefi shakllari
keng tarqalgan baland tog` relyefi. Alp tipidagi relyef tog`larning tepasidagi qor-muzlik mintaqasida
— nival mintaqada uchraydi. Uning xarakterli shakllari o`tkir chuqqilar, tik qoyalar,
chuqur va tor vodiylardir. Alp tipidagi relyef Oltoy, Tyanshan, Pomir va Kavkaz kabi baland tog`li o`lkalarda
tarqalgan.
Alyuminiy rudalari (lotincha aluminus—
achchiqtosh) - alyuminiy metali olinadigan tog` jinslari va minerallar. Alyuminiy, asosan,
boksitdan, so`ngra alunit, kaolinit va boshqa minerallar hamda tog`
jinslaridan olinadi. Boksitdan boshqa alyuminiy rudalari tabiatda tarqalishi va
giltuproqni oson ajratishi jihatidan sulfatlar va silikatlar guruhiga bo`linadi.
Sulfatlar tabiatda kam; ularning tarkibida giltuproq kam bo`lishiga qaramay
sanoatda undan kaliy tuzlari, oltingugurt va sulfat kislota ham olinadi.
Alyuminiy ruda konlari: Ural, Qozog`iston, G`arbiy
va Sharqiy Sibir, Qrim yarim oroli; chet ellarda - Gviana (Janubiy Amerika),
Yamayka oroli, Braziliya, Hindiston, Vengriya, Xitoy, Fransiya va b. O`zbekistonda
alyuminiy rudalarining deyarli barcha turlari uchraydi; Angrendagi Kaolinit va
Gushsoydagi alunit konlari shular jumlasidandir.
Amaliy landshaftshunoslik - amaliy geografiyaning asosiy tarmoqlaridan biri. Amaliy landshaftshunoslik turli amaliy maqsadlar uchun tabiiy-geografik rayonlashtirish, yerlarga xo`jalik nuqtai nazaridan baho berish, rayonni rejalashtirish, tibbiyot landshaftshunosligi kabi masalalarni o`z ichiga oladi.
Amplituda, harorat amplitudasi - sutka (sutkalik amplituda), oy (oylik amplituda) va yil davomida (yillik amplituda) eng baland harorat bilan eng past harorat orasidagi farq.
Angkiz kun - janubdan issiq shamol esgan, garzsel kelgan vaqtdagi jazirama kun, issiq ob-havo.
Angor - 1) hosili yig`ib-terib olingan ekinzor, masalan, bug`doypoya, arpapoya; 2) qadimiy maydon o`lchovi; turli joylarda turli sathni bildirgan. Odatda atrofi uvat bilan o`ralgan yaxlit ekin maydoni bir angor deyilgan.
Anemometr (yunoncha anemos – shamol, metreo – o`lchov) – shamol
tezligini (ba`zan yo`nalishini ham) o`lchovchi asbob. Shamol tezligini shamol
ta`sirida aylanuvchi kosachalarning aylanish sonlariga qarab monometrik usulda
yoki elektro usulida ham aniqlash mumkin.
Aneroid, metal barometr – atmosfera bosimini o`lchash uchun
ishlatiladigan asbob. Aneroidning asosiy ish qismi – ichidan havosi so`rib
olingan elastik xususiyati yassi to`garak quticha. Havo bosimi o`zgarganda
quticha o`z shaklini o`zgartadi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda
kengayadi) va bu o`zgarish richaglar sistemasi yordamida shkala bo`ylab
harakatlanuvchi strelkaga uzatiladi.
Antarktika (yunoncha anti – qarshi, arktikos - shimoliy) –
janubiy qutb atrofidagi sovuq o`lka. Antarktikaga Antarktida materigi,
Atlantika, Hind va Tinch okeanlarining shu materikka tutash qismlari,
chunonchi, Uedell, Ross, Amundsen va Bellinsgauzen dengizlari, shuningdek,
Antarktida yaqinidagi orollar kiradi.
Antarktika mintaqasi – janubiy qutb va uning atrofidagi geografik mintaqa.
Antarktida materigi va uning atrofidagi orollar hamda dengizlarni o`z ichiga
oladi. Antarktika mintaqasi iqlimining
Yer sharida eng sovuq ekanligi, biologik hamda geokimyoviy jarayonlarning juda
sustligi hamda muz landshaftlarining ustun turishi (85,5%) bilan
xarakterlanadi.
Antekliza (yunoncha anti – qarshi va klisis – og`ish) –
platformalarda yer po`stining salgina ko`tarilgan gumbazsimon shakllari,
gumbazsimon qirlar. Kengligi bir necha yuz km ga yetishi mumkin. Anteklizalar
yer po`stining uzoq vaqt davomida asta-sekin ko'tarilishi natijasida hosil
bo`ladi.
Antiklinal – (yunoncha anti – qarshi va klino – og`diraman) –
qavariq tomoni yuqoriga qaragan Burma. Antiklinalning qayrilgan qavariq yeri antiklinal
markazi, yon tomonlari – qanotlari deb ataladi. Markazida qadimiy jinslar,
qanotlarida esa yoshroq jinslar bo`ladi.
Antisiklon (yunoncha anti – qarshi, siklon - aylanadigan) –
atmosferada bo`lib turadigan katta girdob. Bosim gradiyenti va Yerning
aylanishidan yuzaga keladigan havo oqimlari Shimoliy yarim sharda soat
strelkasi yo`nalishida, Janubiy yarim sharda esa unga qarama-qarshi
harakatlanishidan paydo bo`ladi. Havo bosimi antisiklon markazida eng yuqori
bo`lib, chetlariga tomon pasayib boradi. Antisiklon soatiga o`rtacha 30 km
gacha tezlik bilan siljiydi. O`rta Osiyodagi antisiklonlar Yer yuzining boshqa
hududlaridagiga qaraganda tezroq: yozda soatiga 49 km, qishda esa 60-65 km
siljiydi. Antisiklonning paydo bo`lishi va harakatlanishini o`rganish ob-havoni
oldindan aytib berishda muhim rol o`ynaydi.
Antratsit (yunoncha – antraks – ko`mir) – toshko`mirlar qatoriga
kiradigan va juda ham kuchli metamorflashgan qazilma ko`mir. Rangi qora,
yaltiroq, ba`zan kul rang va sarg`ish tusda tovlanadi. 7800-8350 kaloriya
issiqlik beradi. Antratsit o`zidan o`zidan elektr tokini yaxshi o`tkazadi,
shuning uchun undan elektrodlar tayyorlanadi. Antratsit asosan yuqori darajali
yoqilg`i sifatida metallurgiyada ishlatiladi.
Antropogen bosqich – geografik qobiqning inson paydo bo`lganidan keying taraqqiyot
bosqichi. Inson geografik qobiq va landshaftlarini ongli ravishda
o`zgartiruvchi muhim omil ekanligidan antropogen bosqich o`zidan oldingi biogen
bosqichdan tubdan farq qiladi. Antropogen bosqichning eng muhim xususiyati –
tabiat bilan jamiyat o`rtasidagi aloqaning vujudga kelganligi hamda antropogen
landshaftlarning paydo bo`lganligidir.
Antropogen davr (sistema), to`rtlamchi davr, antropogen – Yer geologik
tarixining eng yosh oxirgi davri; hozirgi zamonni ham o`z ichiga oladi. 1,5-2
mln yil davom etgan. Antropogen davrda yer yuzasining katta qismini to`rt marta
materik muzliklari bosgan. Bu davrda hozirgi o`simlik va hayvonot dunyosi,
tabiiy landshaftlar, geografik qobiq shakllangan, inson paydo bo`lgan.
Antropogen landshaft – inson faoliyati ta`sirida vujudga kelgan landshaft.
Antropogen landshaftlarga qishloq xo`jaligi landshaftlari (ekin dalalari,
o`tloq-yaylov, bog` va tokzorlar), sun`iy o`rmonlar va suv havzalari, kanallar,
suv omborlari), texnogen landshaftlar (tog`-kon sanoati yerlari), shahar hamda
qishloqlar kiradi. Antropogen landshaftlarni landshaftshunoslikning muhim
amaliy ahamiyatga ega tarmoqlaridan biri – antropogen landshaftshunoslik
o`rganadi.
Antropogen landshaftshunoslik – landshaftshunoslikning antropogen landshaftlarning
vujudga kelishi, strukturasi, rivojlanishi, tarqalishi va ulardan oqilona
foydalanish yo`llarini o`rganuvchi tarmog`i. Antropogen landshaftshunoslikning
asosiy vazifalaridan biri yaqin kelajakda inson faoliyati ta`sirida geografik
muhitda ro`y beradigan o`zgarishlarni tadqiq qilishdir. Antropogen
landshaftshunoslik landshaftlarning vujudga kelishi va rivojlanishida
antropogen omilning ijobiy hamda salbiy rolini ham tarixiy jihatdan, ham
kelajak nuqtai nazaridan o`rganadi. Bu atamani 1971-yil F.N.Milkov tavsiya
etgan. Biroq antropogen landshaftshunoslik atamasi va uning talqini fanda
uzil-kesil qaror topgani yo`q.
Ang`iz – g`allasi o`rib olingan dala. Ang`izda organik qoldiqlar
bo`ladi.
Anhor – (arabcha anhor – nahr so`zining ko`pligi) – katta kanal
ariq. Xorazm shevasidagi arna so`ziga tog`ri keladi. Anhor atamasi ba`zan
mustaqil atoqli ot o`rnida ishlatiladi. Masalan, Toshkentdagi Anhor arig`i.
Aparteid (burlar tilida apartxeid – ayrim-ayrim yashash) –
Janubiy Afrika Respublikasi hukumati tomonidan afrikalik tub aholining va
Hindistondan ko`chib kelgan kishilarning qattiq ta`qib qilinishi. Afrikaliklar
qishloq joylarda rezervatsiyalarda, shaharlarda esa maxsus kvartallarda
yashashadi; Aparteid siyosatini BMT qoralagan va unda qarshi butun insoniyat
kurashmoqda.
Apatit (yunoncha - aldayman) – mineral. Rangi – yashil,
ko`kish-yashil, kul rang. Apatit asosan fosfat o`g`itlar tayyorlash, fosfor va
uning birikmalarini olish uchun, qora va rangli metallurgiyada hamda xira oyna
ishlab chiqarish uchun qo`llaniladi. O`zbekistondagi fosforitlarning asosiy
qismi apatitlardir.
Apogey (yunoncha apo – dan uzoqda, ge - yer) – Oy yoki Yer
sun`iy yo`ldoshi orbitasining Yer markazidan eng uzoq nuqtasi.
Aposeleniy (yunoncha selene - oy) – Oy yo`ldoshi orbitasining
Oydan eng uzoq nuqtasi.
Arab Sharqi – asosan arablar yashaydigan bir guruh mamlakatlar,
Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash, Arabiston yarim orolidagi
mamlakatlar. Suriya, Iordaniya va Iroq kiradi.
Arashon (sanskritcha arashan – obi hayot) – issiq suvli
mineral buloq. Hozirgi vaqtda, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan
arashon arasan, arshan shakllarida Sibirda va O`rta Osiyoda juda ko`p joy
nomlari tarkibida uchraydi: Arashon, Arashonbuloq, Arashonsoy, Olmaarasan,
Aqarsan va boshqalar.
Areal – 1) biogeografiyadagi asosiy tushunchalardan bo`lib,
biror xil hodisa, ko`proq o`simlik va hayvon turlari tarqalgan maydon, hudud;
2) xaritada voqea va hodisalarni tasvirlash usuli. Ularning chegarasi uzluksiz
chiziq, rang yoki shrtix bilan ko`rsatiladi, ba`zan areal ichiga belgilar
qo`yilishi yoki yozilishi mumkin. Bu usuldan geobotanik, geografik va iqtisodiy
xaritalarda va aholi xaritalarini tuzishda foydalaniladi.
Arid iqlim (lotincha aridus – qurg`oqchil) – namlanish miqdori
o`simliklar vegetatsiyasi uchun yetarli bo`lmagan quruq, issiq kontinental iqlim.
Arid iqlimda mumkin bo`lgan (potentsial)
bug`lanish yillik yog`in miqdoridan ancha ortiq 10 barobar va undan ham ortiq,
yoz jazirama issiq bo`ladi. Arid iqlim sharoitida sug`oriladigan yerlardagina
dehqonchilik qilinadi. Cho`l, chalacho`l va quruq dashtlar iqlimi ariq
iqlimdir.
Arid morfoskultura – cho`l, chalacho`l va quruq dashtlarda relief hosil
qiluvchi tashqi omillar: shamolning ishi, nurash, vaqtinchalik oqar suvlarning
ishi va boshqalar ta`sirida vujudga kelgan relief tipi. Misol: barxanlar,
dyunalar, gryada qumlari, qo`ng qumlar, taqirlar, quruq o`zanlar, bedlendlar va
h.k.
Arid o`lkalar - havoning sutkalik va fasliy haroratlari
katta tafovut qiladigan, nisbiy hamda mutlaq namligi kam, yog`in-sochin juda oz
(150-200 mm), quruq (cho`l va chala cho`l) iqlimli o`lkalar.
Ariq (ayriq
so`zidan) -katta suvlar, daryo va soylardan ayrilgan shoxobcha. Katta ariq anhor deyiladi. Eski kanallarning
ba’zilari hozir ham ariq deyiladi. Masalan, Toshkentda Zaxariq, Kaykovus arig`i,
Xorazmda Yangiariq, Samarqand atrofida Polvonariq. Dalalarda ekinlarga suv
berish uchun tortilgan juyaklar ham ariq deb ataladi.
Arktika (yunoncha arktikos -
shimoliy) - Shimoliy qutbiy o`lka Arktikaning chegarasini 10 darajali iyul
izotermasi bo`ylab o`tkaziladi. Arktikada muz sahrolari va tundra zonalari bor.
Arktik tundra — tundra zonasining eng
shimoliy zonachasi. Tundra tuproqlarida siyrak holda driadalar, qiyoq, momiqbosh,
qutb lolaqizraldog`i, yo`sin va lishayniklar hamda bo`talar o`sadi.
Arktika mintaqasi — Shimoliy qutb va uning atroflarini o`z ichiga olgan eng shimoliy
geografik mintaqa. Janubiy chegarasi eng iliq oyning 5 darajali izotermasiga to`g`ri keladi. Mintaqada Arktika
sovuq sahrolari landshaftlari tarqalgan: ular sovuq iqlim, doimiy muzloqlar
yoppasiga tarqalganligi, tuproqlarining yaxshi rivojlanmaganligi,
biologik va geokimyoviy jarayonlar juda sust ekanligi bilan xarakterlanadi.
Arna — suv, suv otsimi, suv oquvchi joy. Arna - Xorazmda bosh kanal. Nurota
tog`lari etagida quruq o`zan, Qir- rizistonda soy, Qozog`istonda daryo o`zani arna
deb atalgan. Joy nomlari tarkibida ko`p uchraydi.
Art, ort - qadimiy geografik termin, dovon demakdir. Art atamasi M. Qoshg'ariyning
«Devonu lug`atit-turk» asarida, turkiy yozuvlardayoq uchraydi. Hozirgi vaqtda
asosan geografik nomlar tarkibida qolgan. Art so`zidan tuzilgan joy nomlari Qirg`izistonda
ayniqsa ko`p: Ayiqart, Og`achart, Qayinart, Qizilart, va boshqalar.
Artezian suvlari — har xil chuqurlikda suv o`tkazmaydigan qatlamlar oralig`da hosil
bo`lgan yer osti suvlari. Artezian suvlari bosim ostida bo`ladi, shuning uchun
burg` qudug`i qazilganda suvli qatlamning shipidan yuqori ko`tariladi, bosim
yetarli darajada kuchli bo`lganda esa yer yuzasiga ko`tariladi yoki fontan bo`lib
chiqadi. Artezian so`zi Fransiyadagi Artua viloyati nomidan olingan. Hozirgi
vatqda O`zbekistonning Jizzax, Buxoro viloyatida, Qoraqalpog`iston va Markaziy
Farg`onada artesian suvlaridan chorva mollarini, ayrim hollarda kichikroq ekin
maydonlarini sug`orishda hamda ba’zi korxonalarda texnologik maqsadlar uchun
foydalanilmoqda.
Arxey (yunoncha arxaios qadimiy)—yerning
geologik tarixidagi eng qadimiy era, taxminan 1 mlrd. yilcha davom etgan. Bu
eradan dolgan eng qadimiy tog` jinslarining
yoshi 3 mlrd. yil deb hisoblanadi.
Arxipelag (yunoncha arxi —
dastlabki, pelagos — dengiz) —
bir-birlaridan unchalik uzoq bo`lmagan va odatda bir butun deb hisoblanadigan
orollar to`dasi. Bir arxipelagga kiradigan orollar paydo bo`lishi, geologik
tuzilishi, o`simliklari, hayvonot dunyosi jihatidan o`xshash bo`ladi. Arxielag
paydo bo`lishiga ko`ra materik, marjon, vulkan orollariga bo`linadi.
Archa — sarvdoshlarga mansub doimiy yashil daraxt va bo`talar turkumi. 70 ga
yaqin turi bor. Archaning ko`chiligi o`rta
mintaqalarda o`sadi. Ba’zi turlari tropik hududlardagi tog`larda ham uchraydi.
MDHda 20 ga yaqin yovvoyi turi bor. Shulardan sovur archa, o`rik archa, qizil archa,
qora archa va Zarafshon archasi kabi turlari O`rta Osiyo, xususan O`zbekistan
tog`larida archazorlar hosil qilgan.
Asad (arabcha - arslon) - 1) 12 burj (zodiak)
ning 5-yulduzlar turkumi; 2) Quyosh
hisobidagi Shamsiya yilning beshinchi oyi; iyul, avgust oylariga - 21 iyuldan 21 avgustga to`g`ri keladi.
Asbest (yunoncha asbestos – so`nmaydigan), toshpaxta-tolali tuzilishga ega bo`lgan bir qancha
minerallarning umumiy nomi. O`tda kuymaslik (erish harorati 1500°), tovush va
elektr energiyasini o`zidan o`tkazmaslik xususiyatlari bilan mashhur. Asbestni
juda ham mayda tolalarga ajratish mumkin.
Asbotsement buyumlar, - shifer, kanalizatsiya,
suv, neft, gaz quvurlari, asbest kartoni, qog`oz, issiqlik va elektr
izolyatsiyalari, o`tga chidamli qurilish materiallari va issiqqa chidamli
buyumlar asbotsement O`zbekistonda Sulton Uvays tog`larida ko`proq
uchraydi. Asbotsement Kavkaz, Sibirda, chet ellarda - Kanada, JAR, AQSh,
Yaponiya va Avstraliya davlatlarida bor.
Asl metallar - tabiatda kam uchraydigan qimmatli
hossalari (kimyoviy reaksiyalarga chidamliligi, qiyin erishi, puxtaligi,
chiroyliligi) bilan farq qiladigan metallar. Bunday metallardan tanga, kimyoviy
idishlar, qimmatli priborlarning detallari, zebu-ziynat buyumlari yasaladi.
Ular tabiatda kam qolgan va shuning uchun ham qimmatlidir.
Asr (arabcha asr - davr,
vaqt) - 1) yuz yil; 2) geologik davrning bir qismini o`z ichiga olgan vaqt. Asr
ichida bir yarusning barcha tog` jinslari paydo bo`ladi. Geoxronologiya
jadvalida asr eng kichik qism (vaqt) hisoblanib, bir asr tog` jinslarining bir yarusi hosil bo`ladigan vaqtga to`g`ri
keladi.
Astrogeografiya - Yer tipidagi planetalar geografik qobig`ini qiyosiy o`rganuvchi fan. Astrogeografiya
atamasini I.M.Zabelin tavsiya etgan.
Astrolyabiya (yunoncha astron -
yulduz, labe - tutib olish) - joyning geografik koordinatalarini, vaqtni,
ob’yektning azimutini, yulduzlarning
chiqishi va botish paytlarini, shuningdek, amaliy astronomiyaning boshqa
masalalarini hal qilishda
ishlatiladigan ko`chma
astronomik asbob. O`rta asrlarda Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan edi. Astrolyabiya
graduslarga bo`lingan doira, chizg`ich va
vizirlovchi dioptrdan iborat. Yoritkich balandligini aniqlash paytida strolyabiya
maxsus halqa yordamida osib qo`yilar edi.
Astronavt — ba’zi mamlakatlarda (masalan, AQShda) kosmonavt atamasi o`rnida
ishlatiluvchi so`z.
Astronomiya (yunoncha astron- yulduz, nomos -
qonun) - osmon jismlari va Koinotning
tuzilishi hamda taraqqiyoti haqidagi fan. Astronomiya astrofizika, radioastronomiya,
yulduzlar astronomiyasi, osmon mexanikasi, kosmogoniya, kosmologiya kabi tarmoqlarga
bo`linadi. Astronomiya turli
joylardagi aniq vaqtni, kenglik va uzunlikni belgilash, osmon sferasidagi yoritkichlar holatini, dengizdagi kema va
osmondagi samolyotning o`rnini aniqlashga
xizmat qiladigan maxsus asboblarni tasvirlash bilan ham shug`ullanadi. Astronomiyaning
yangi sohasi — radioastronomiya katta ahamiyatga ega bo`lib, u osmon
jismlarini, ulardan tarqaladigan radioto`lqinlarni, shuningdek, Yerdan jo`natilib,
ulardan aks etgan radiosignallarni kuzatish yo`li bilan o`rganadi.
Asfalt (yunoncha asfaltos –
tog` smolasi — qo`ng`ir yoki qora rangdagi smolali mineral.
Yaxshi yonadi. Asfaltdan asfalt mastikasi tayyorlanadi. U asfalt-beton olishda
bog`lovchi modda sifatida ishlatiladi.
Atlas (Liviyaning afsonaviy podshosi nomidan) - geografik, geologik, tarixiy,
astronomik, ta`limiy va b. xaritalarning sistemali to`plami; umumiy dastur
asosida albom shaklida tayyorlanadi. Qo`l yozma xaritalarning birinchi to`plami
milodning ikkinchi asrida qadimiy yunon olimi Klavdiy Ptolemey tomonidan
yaratilgan. Geografik atlaslar XVI asrdan keng tarqala boshlagan. Hozirgi
geografik atlaslarning o`ziga xos xususiyati shundaki, ulardagi xaritalar
bir-biriga muvofiq bo`ladi, bir-birini to`ldiradi. Geografik atlaslar g`oyatda
xilma-xil. Ular dunyo atlaslari ayrim mamlakat, o`lka atlaslari, umumiy
geografik atlaslar, maxsus xaritalar atlaslari, kompleks atlaslar, turistik, yo`l,
darslik va boshqa atlaslarga bo`linadi.
Atmosfera (yunoncha atmos - bug`, sfera - shar) - Yer bilan
bir butundek - birga aylanadigan havo qobig`i. Atmossferaning Yer yuzasidan 100-120 km balandlikkacha bo`lgan qatlami azot (78,08%), kislorod
(20,95%), argon (0,93%) va karbon
kislota gazi (0,03%) aralashmasidan iborat. Atmosferada bu gazlardan tashqari,
suv bug`lari, chang va juda kam miqdorda siyrak gazlar (neon va b.) bor. Atmosferada
10 km gacha balandlikda asosan yerda
hosil bo`lgan chang (Yerda yondiriladigan yoqilg`i qurumi va kukuni, vulkan
otilganda chiqadigan mahsulotlar, shamol bilan ko`tariladigan tuproqning mayda
zarrachalari va b.) bo`ladi. Katta balandliklarda esa, meteor jismlar
yonishidan paydo bo`lgan kosmik chang bo`ladi. Ayniqsa atmosferaning yerga yaqin
qatlamida chang ko`p, bu yerda quruq havoda 1 sm.kub havoda 100 mingtagacha chang zarralari
bor.
Balandlik ortgan sari atmosferaning zichligi, bosimi, harorati va boshqa
fizik va kimyoviy xossalari o`zgaradi. Atmosfera massasining 50% i 5 km gacha balandlikda, 99%i esa 30 km gacha balandlikda to`plangan. 1 m.kub havo og`irligi
dengiz sathida 1290 g ga teng
bulsa, 40 km balandlikda -4 g. Balandlik oshgan sayin haroratning o`zgarishiga qarab atmosfera
quyidagi 5 ta sferaga bo`linadi: troposfera (Yer yuzida 8-17 km gacha),
stratosfera (8-17 dan 40-50 km gacha), mezosfera (50 dan 80-85 km gacha),
termosfera yoki ionosfera (85 dan 1000 km gacha), ekzosfera (1000 km dan
yuqorida).
Atmesfera bosimi — atmosferaning yer yuzasiga va undagi barcha narsalarga ko`rsatadigan
gidrostatik bosimi. Atmosfera bosimi atmosfera holatini aniqlovchi asosiy
belgi bo`lib, barometrlar bilan o`lchanadi. Atmosfera bosimi dina sm.kv, mb yoki mm simob ustuni bilan ifodalanadi. Bunda 1000 mb 750,08 mm simob ustuniga mos keladi (1 mb= 1000 dina sm.kv). Atmosfera bosimi balandlikka ko`tarilgan sari kamayadi. 5 km balandlikda atmosfera bosimi
yer yuzidagi bosimning yarmiga teng.
Atollar (maldivcha atolu - berk) halqasimon
marjon orollari. Ochiq dengizlarda uchraydi. Atollar cho`kkan vulkan orollari qirg`og`idagi
marjon riflaridan paydo bo`ladi. Ko`pincha atollar halqasi ichidagi suv (chuqurligi 100 m gacha) dengiz bilan tutashib, qo`ltiq hosil qiladi.
Ular uncha katta bo`lmaydi. Faqat ayrimlari halqasining diametri 50 km va undan
oshadi. Ba’zi atollar qo`ltig`i kemalar to`xtashi uchun qulay.
Afeliy (yunoncha apo - dan uzoqda,
gelios - Quyosh) Quyosh atrofida
aylanuvchi kosmik jism orbitasining Quyoshdan eng uzoq nuqtasi.
Achchi — achchiq, nordon, taxir, sho`r suvlar; turkmanlarda aji, qozoqlarda
ashi, qirg`izlarda achu shakllarida ishlatiladi. Masalan, Achchidaryo, Ajiko`l,
Achchisay, Ashi- buloq va h.k.
Aerometodlar — hududlarni aviatsiya va Yerning sun’iy yo`ldoshlari yordamida o`rganish
metodlari. Bunda yer yuzasidagi landshaftlar, ayrim predmet, jarayon va hodisalar
samolyotdan olingan yoki kosmosdan olingan suratlar asosida tahlil qilinadi.
Aerometodlar atmosfera
va gidrosferadagi jarayonlarni (jumladan, atmosfera sirkulyatsiyasi, okean
suvlari sirkulyatsiyasi, muzliklar harakati va boshqalarni) kuzatib borishda,
tabiiy sharoit hamda resurslarni o`rganishda tobora katta ahamiyat kasb etadi.
Aerosyomka, aerofotosyomka- samolyotda joyning yuqoridan fotosuratini olish va shu fotosuratlar
vositasida joyning plani va topografik xaritasini tuzish. Aerosyomka joyning
ba’zi tafsilotlarini yoki inshootlarning fotosuratlarini olib, so`ngra tayyor xaritaga
tushirish uchun ham qo`llaniladi (aerofotorekognossirovka). Ba’zan aerosyomkaning
vazifasi faqat joyning tutgan o`rni chegaralarini aniqlash bilan cheklanadi (yozuvsiz
aerosyomka); ba’zan topografik o`lchashlar natijasida olingan relyef haqidagi
ma’lumotlar aerosyomka yordamida olingan xaritalarga tushiriladi (murakkab -
kombinatsiyalangan aerosyomka) Aerosyomka vositasida xarita tuzib,
fotogrammetrik o`lchashlar natijasida relyefni shu xaritalarga tushirish ham
mumkin (fotogrammetriya). Uchish, fotosurat olish va tayyor fotosuratlarni o`lchash
natijasida joyning plani - xaritasi tuziladi. Aerosyomka topografik xaritalar
tuzishda, geologiya, tuproqshunoslik tadqiqotlarida, o`rmonchilik va yer
tuzish ishlarida, yo`l va gidrotexnik inshootlar qurish, harbiy ish va boshqalarda
qo`llaniladi.
Ayamajiz— qishning oxirgi haftasi. Ayamajiz so`zi «ayyom ajuz» (kampir kuni) so`zlarining
talaffuzda qisqarib ketishidan hosil bo`lgan. «Ayamajiz olti kun, qahr aylasa qattiq
kun» degan naql bor.
Aqba, aqaba (arabcha aqaba - dovon,
tog` yo`li, ko`pligi aqabot) -O`rta Osiyoda tarqalgan geografik atama. IX-X asrlardagi
arabiynavis geograflarning asarlarida ko`p uchraydi. Aqba so`zi X asrda
fors-tojik tilida yozilgan «Hudud ul-olam» va «Tarixi Tabariy» asarlarida ham tilga
olinadi. Hozir bu atama, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan. Turkiston,
Zarafshon tizmalarida va Pomir tog`larida aqba so`zidan tuzilgan o`nlab
dovonni uchratish mumkin: Aqbaboshi, Aqbavodimiy, Aqbai Obburdan, Aqbai
Gishxun, Choshi aqba va hakazo. Bu atama axba, ag`ba, ovg`a shakllarida O`zbekistonning
bir qancha joylarida turli xil ma’noda ishlatiladi. Masalan, Samarqand, Jizzax
viloyatlarining ba’zi tumanlarida dovonga chiqiladigan tik yo`lni ovg`a
deyishadi va h.k.
Aqor (arabcha aqor – ko`chmas mulk, yer-suv, zamin) - ijtimoiy atama; O`rta
Osiyoda temuriylar davlatida, shuningdek, Eronda yer-suv, bog`, tegirmon,
kanal, do`kon, ustaxona va bozorlar kabi qo`zg`almas mulklar aqor deb atalgan.
A.qor vasiyat bilan vaqfga aylantirilishi mumkin bo`lgan. Zarafshon vodiysidagi
Aqor, Oqar, Ag`ar kabi joy nomlari aqor atamasidan kelib chiqqan.
Aqrab (arabcha aqrab - chayon) - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh hisobidagi (Shamsiya) yilning
sakkizinchi oyi, 22-oktyabrdan 22-noyabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh
osmon sferasida shu yulduzlar turkumidan o`tadi.
Ag`dol – tog` etagidagi jarlik, xalta dara, kirish qiyin
bo`lgan joy, chuqur yer, tog` beli, ov hayvonlari haydab qamaladigan joy.
Aholi — ma’lum hududda, ya’ni Yer shari, uning
ayrim qismlari: qit’alar, mamlakatlar, shaharlar va boshqa hududlarda
yashayotgan kishilar to`plami. Aholi tabiiy o`sish hisobiga ko`payadi. Aholining
tabiiy o`sishi deganda ma’lum bir muddatda (odatda bir yilda) har 1000 kishi hisobida tug`ilganlar sonidan
o`lganlar sonini chegirib tashlaganda qolgan qoldiq tushuniladi.
Aholining zichligi - hududdada aholining
joylashuv darajasi. Mamlakat yoki rayon aholisi sonini maydon ko`lamiga. taqsimlash
yo`li bilan hisoblab chiqariladi. Aholining o`rtacha zichligini topish uchun
barcha aholi soni maydonga taqsimlanadi. Qishloq aholisining zichligini topish
uchun barcha qishloq aholisi mamlakatning (rayonning) shaharlar hududidan boshqa
maydoniga taqsimlanadi. Qishloq xo`jaligi aholisi zichligini topish uchun qishloq
xo`jaligi aholisi soni foydalanilayotgan yerlar maydoniga taqsimlanadi.
Aholining tabiiy o`sishi - bir yilda har 1000 kishi hisobida
o`lganlar sonidan tug`ilganlar sonining ortiq bo`lishi. Bu ko`rsatkich ayrim
mamlakatlarni tabiiy o`sish miqdoriga qarab taqqoslashga imkon beradi. Aholining
tabiiy o`sishi butun aholiga nisbatan foiz hisobida ham ko`rsatilishi mumkin. Bu
yo`l bilan mamlakat aholisining o`sish sur`ati aniqlanadi.
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!