B - harfiga oid izohli lug`atlar
Balxash - ko'l, qozoqcha Balqash. «Botqoq», «atrofi
qamishzor» ma'nosidagi so'z. Ko'lning o'zi haqiqatan ham sayoz, qirg'oqlari
botqoq, xolqob va qamishzorlardan iborat.
Bahrayn - janubi-g'arbiy Osiyodagi-Fors ko'rfazida
joylashgan davlat. Davlat hududi 20 dan ortiq orollarda joylashgan bo'lib,
ularning eng kattasi Bahrayn deb ataladi. Arabacha «ikki dengiz», ya'ni atrofi dengiz bilan o'ralgan orol ma'nosidagi
so'z.
Bamako - shahar, Afrikadagi Mali davlatining poytaxti.
Mahalliy xalq tilida bama-«timsoh», ko-«daryo», ya'ni «timsohli
daryo» yoki «timsohi ko'p daryo bo'yidagi shahar» ma'nosidadir.
Bangi - shahar, Markaziy Afrika Respublikasining
poytaxti. Bangi-shu yerda yashovchi xalq nomi, shahar nomi xalq nomidan
olingan.
Bangladesh - Janubiy Osiyodagi davlat. 1971-yilga
qadar Sharqiy Pokiston deb yuritilar va Pokistonning provinsiyalaridan biri
edi. Mustaqillikka erishgach Bangladesh deb ataladigan bo'ldi. Bangladesh-«bengallar
mamlakati, o'lkasi» degan ma'noni beradi. Mamlakat aholisining 98 % bengallar
hisoblanadi.
Barens dengizi - Shimoliy Muz okeanining g'arbiy
dengizlaridan biri. 1853-yili nemis geografi A.Peterman gollandiyalik dengizchi
Villem Barens sharafiga shunday nomlagan. V.Barens XVI asrda uch marta
sayohatda bo'lgan va shu joyda halok bo'lgan.
Ilgari Murmansk dengizi, Rus
dengizi, Shimoliy dengiz, Moskva dengizi, Muz dengizi kabi nomlar bilan
atalgan.
Bartang - daryo. Tojikistondan oqib o'tadi. Panjning o'ng
irmog'i. Bartang prof. H.Hasanovning fikricha, tor daradan oqqani uchun «bag'ri
tang» deyiladi. A.Z.Rozenfeldning ko'rsatishicha, Bartang ikki komponentdan
tuzilgan, ya'ni bar (bir narsaning ustida, yuqorisida, balandda ekanini
anglatuvchi) qo'shimcha, tang-«tor dara». Bartang-«tor dara
yuqorisidan oquvchi daryo» demakdir.
Bass bo'g'ozi - Avstraliya bilan Tasmaniya oroli
o'rtasidagi bo'g'oz. Bu yerda birinchi
bo'lib 1797-yili ingliz sayyohi Jorj Bass bo'lgan. Keyinchalik 1798-yili
gidrograf M.Flinders bu joy haqiqatdan ham materik bilan orolni bir-biridan
ajratib turuvchi bo'g'oz ekanligini isbotlab bergan va uni Bass bo'g'ozi
deb nomlashgan.
Baykal - dunyodagi eng chuqur (1620 m) ko'l, Sharqiy
Sibirda joylashgan. Buryatcha «boy» va «ko'l» ya'ni «katta ko'l» deb
ta'riflanadi. Buryatcha bu so'zlar boshqa turkiy tillarda (masalan, yakut
tilida) ham shu ma'nodadir.
Ko'lning kattaligiga nisbat qilib
buryatlar uni dalay-«dengiz», yakutlar bayagal-«dengiz» deb
ataydilar. Uzoq vaqt davomida rus tilida ham dengiz ma'nosida ishlatilib
kelingan (Kaspiy dengizi, Orol dengizi singari). XIX asr o'rtalaridan esa
Baykal ko'li deb nomlanadigan bo'ldi.
Bayron - burun, Avstraliyaning eng sharqiy chekka
nuqtasi. J.Kuk tomonidan 1770-yili 15 mayda kashf etilgan va 1764-1766-yillari
dunyo bo'ylab aylanma sayohat qilgan ingliz ekspedisiyasi boshlig'i Jon Bayron
sharafiga shunday nomlangan.
Bag'dod - shahar, Iroq poytaxti. Bog'-«olloh», dod-«tuhfa»,
«in'om» so'zlaridan olingan bo'lib, «olloh in'om etgan», «ollohning tuhfasi»
ma'nosidadir. Uni ulug'lab Dorussalom-«Tinchlik uyi» deb ham atashadi.
Betbaqdala - Qozog'istondagi dasht.
Betbaqdala «Badbaxt dala» so'zining o'zgargan shaklidir. Qozoqcha «botqoqdala»
deb izohlanishi noto'g'ri.
Bobilmandob - Arabiston yarim orolining
janubi-g'arbi va Afrika oralig'idagi, Qizil va Arabiston dengizlarini
tutashtirib turuvchi bo'g'oz. Arab tilida bob-«darvoza», mandab-«yig'i»,
«ko'z yoshi» so'zlaridan tashkil topgan. Uni «xatarli bo'g'oz» deb ham talqin
qilinsa o'rinli bo'ladi, chunki bo'g'ozdagi marjon poliplari va orolchalar kema
qatnovi uchun xatarlidir.
Boltiq dengizi - Shimoliy Yevropadagi, Atlantika
okeanning ichki dengizlaridan biri. Aslida Baltika bo'lib, uning ma'nosi haqida
aniq ma'lumotlar yo'q. Qadimgi yunon va rim mualliflari asarlarida Baltiya nomi
uchraydi. G'arbiy yevropalik olimlarning asarlarida XI asrdan boshlab Baltika
dengizi nomi uchraydi. Ko'pchilik bu nomni lotincha baltes-«oq»
(dengiz qirg'oqlari oq qumlar qoplangan) so'zidan olingan, deb hisoblaydi.
Bolqon - Yevropaning janubidagi yarim orol. Yarim
orolning shimoliy sharqiy qismida Stara-Planina tog'lari bo'lib, uning avvalgi
nomi Bolqon tog'laridir. Turkiy tillarda balkan, balxan-«tog'»,
«tog'li yer» yoki «baland tog'» ma'nosini beradi. Ushbu tog' nomi keyinchalik
yarim orol nomiga o'tgan.
Bosfor - Qora dengizdan O'rta dengizga
o'tiladigan bo'g'oz. Bosfor grekcha «buqa» degan ma'noni beradi. Qadimda
shu bo'g'ozdan suzib o'tadigan kemalarning egalari boj uchun qoramol
to'lashgan. Shuning uchun Bosfor-«buqa to'lanadigan bo'g'oz» deb
nomlangan. Turkiyada Bo'g'oz, Istanbul bo'g'ozi, Qora dengiz bo'g'ozi, Marmara
bo'g'ozi deb ham ataladi.
Brazzavil - shahar, Kongo davlatining poytaxti.
Fransuz dengiz ofiseri Savornyan de Brazza sharafiga qo'yilgan bo'lib,
«vil»-shahar, ya'ni «Brazza asos solgan shahar» degan ma'noda.
Braziliya - Janubiy Amerikadagi davlat. Brazil
daraxti nomidan olingan. Daraxtdan bo'yoq uchun ishlatiladigan suyuqlik
olinadi va bu xom ashyo mustamlakachilikning dastlabki yillarida asosiy eksport
mahsuloti bo'lgan. Shuning uchun ushbu daraxt nomi davlat nomiga o'tgan.
Brahmaputra - Xitoy, Hindiston
va Bangladesh hududlaridan oqib o'tuvchi daryo. Himolay tog'larining shimoliy
yonbag'irlaridan Masang nomi bilan boshlanadi, o'rta oqimida Sangpo
(tibetliklar tilida «katta daryo»), Dixang va quyi oqimida Brahmaputra
deb nomlanadi. Brahmaputra ommaviylashgan, an'anaviy bo'lib qolgan, ko'pchilik
tomonidan qo'llaniladigan umumiy nom bo'lib qolgan. Hindlarning mifologiyasida
Brahma-dunyoni yaratagan xudo nomi bo'lib, Brahmaputra-«Brahmaning
o'g'li» demakdir.
Brijtaun-shahar, Barbados davlati poytaxti.
Shaharga XVII asrda asos solingan. Brijtaun-«ko'priklar shahri» degani
(inglizcha bridj-«ko'prik», taun-«shahar»). Shahar
ichkarisiga-quruqlikka chuqur kirib borgan ko'rfaz shaharni ikkiga bo'lib
turadi, ularni bog'lab turish uchun ikkita katta ko'prik qurilgan.
Britaniya orollari - Yevropadagi orollar, Shimoliy dengiz
va Atlantika okeani oralig'ida joylashgan. Qadimgi rimliklar hozirgi Angliya
hududini Britaniya deb atashgan. Bu nom kelt qabilalaridan biri-brittlar
nomidan olingan. Buyuk Britaniya orollari deb ham ataladai, chunki
orollarda Buyuk Britaniya va Irlandiya davlatlari joylashgan.
Bruks - Shimoliy Amerikadagi-Alyaskadagi tog' tizmasi.
1898-1984 yillari Alyaskani o'rgangan geolog Alfred Bruks sharafiga shunday
atalgan.
Bryussel - shahar, Belgiya poytaxti. Shahar
nomi dastlab VIII asrga oid yozma manbalarda tilga olingan. Bryussel-«botqoqlik
yaqinidagi shahar» degan ma'noni beradi.
Burkina-Faso - G'arbiy Afrikadagi davlat,
mahalliy xalq tilida «sofdil kishilar mamlakati», «munosiblar mamlakati» degan
ma'noni beradi. 1984-yilga qadar Yuqori Volta (Volta-daryo nomi) deb
atalar edi.
Buxoro - O'rta Osiyoning
eng qadimiy shaharlaridan biri. 2500 yillik tarixga ega bo'lgan Buxoro turli
davrlarda Numijkat, Bumiskat, Madinat us-Sufriya, ya'ni « Mis shahri»
deb nomlanib kelgan. Buxoro so'zining etimologiyasi aniq emas, lekin
sanskritcha vixara so'zidan olingan bo'lib, «ibodatxona» ma'nosini
bildiradi degan fikr bor.
Bo'kantov - Qizilqumdagi past tog'.
H.Hasanovning fikricha, bo'kan so'zining «to'siq», «to'g'on», «to'nka»,
«qal'a», «kursi», «bukir» ma'nolari bor. Tasvirlarga ko'ra, tog' yemirilib,
ayni shunday shakl kasb etgan; uning yonbag'irlari tik bo'lib, uzoqdan
qaraganda kursi yoki to'nkaga o'xshaydi. Ko'chmanchilar o'tovining yuqori
xalqasiga qo'yiladigan tirgovich ham bo'kan deyiladi.
Bo'stonliq - Toshkent viloyatidagi tuman. Bo'y
va ston so'zlaridan iborat bo'lib, «xushbo'y yer», «xushhavo joy»
ma'nosidadir. Talaffuzda Bo'stonliq bo'lib qolgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.