D - harfiga oid izohli lug`atlar
Damashq - shahar, Suriya poytaxti. Shahar juda
qadimdan-e.a. XVI asrdan ma'lum, bu davrda shahar qadimgi Misr kohinlari qo'l
ostida bo'lgan. Misrliklar uni Timasku deb atashgan. Arablar Dimshiq deyishadi,
etimologiyasi aniq emas.
Darling - Avstraliyaning janubi-sharqidagi daryo, Murrey
daryosining o'ng irmog'i hisoblanadi. Charlz Styuart tomonidan 1829-yilda kashf
etilgan. Yangi Janubiy Uels provinsiyasi gubernatori Rolf Darling nomiga Darling
deb nomlangan.
Darussalom - shahar, Tanzaniya poytaxti. Shaharga
1862-yili asos solingan. Arabchada «tinchlik uyi» degan ma'noni bildiradi.
Tanzaniyaliklar og'zaki nutqda oddiygina Dar deb atashadi.
Daugava - daryo, G'arbiy Dvina daryosi. Latviya hududi
shunday ataladi. Latish tilida Daugava-«sersuv, ko'p suvli» degan
ma'noda. Daugava daryosi bo'yidagi Daugavpils shahrining nomi ham daryo nomi
asosida vujudga kelgan. Shaharga XIII asrda asos solingan. Toponimning ikkinchi
qismi pils-«shahar» degan ma'noni ifodalaydi.
Dashti Kavir - cho'l, Eronda joylashgan. Kavir so'zi
«sho'rxok», «botqoq yer» degan ma'noda. Kavir so'zining arabcha kabir («katta»)
so'ziga dahli yo'q, deydi H.Hasanov.
Dashti Lut - cho'l, Eronning sharqida
joylashgan. Forscha lut so'zi «qumloq cho'l» degan ma'noni anglatadi.
Dehli - shahar, Hindiston poytaxti. Dastlab Ptolomey
asarlarida Indrabara shaklida tilga olingan. Dehli nomi podsho Dillu nomi
bilan bog'langan. Hozirgi Dehli Eski dehli va Yangi Dehliga bo'lingan. Eski
Dehli XVII asrda Shohjahon tomonidan qurilgan va u Shoxjahonobod deb ham
ataladi.
Dejnev burni - Osiyoning eng sharqiy chekka
nuqtasi, Chukotka yarim orolida joylashgan. 1648-yili Semen Ivanovich Dejnyov
tomonidan kashf etilgan. Dastlab Bolshoy Kamenniy Nos, Chukotka burni,
Sharqiy burun deb atalgan. 1898-yili ushbu joy kashf etilganligining 250
yilligi munosabati bilan akademik Yu.M.Shokalskiy taklifi asosida Dejnev
burni deb o'zgartirildi.
Dekan - Hindistondagi yassi tog'lik. Mahalliy aholi Dakxin
deb ataydi, bu qadimgi sanskritcha Dakshina-Pantx nomidan olingan
bo'lib, «janubiy tomon» degan ma'noni anglatadi.
Desna - Rossiya va Ukrainadagi daryo. Dneprning chap
irmog'i. Smolensk-Moskva qirlaridagi botqoqolikdan boshlanib, Kiyev shahri
yonida Dneprga quyiladi. Desna so'zining etimologiyasi hozirgacha aniq
belgilangan emas. YA.Razvodavskiy, M.Fosmerlar slavyan tillaridagi desni (o'ng
tomon) so'zini toponim bilan aloqador deb hisoblaydilar. A.I.Sobolevskiyning
fikricha so'zning asosida "dar” termini yotadi.
Detroyt - AQSHdagi shahar. 1701-yili Guron va Eri
ko'llarini bir-biri bilan bog'lab turuvchi Detroyt daryosi bo'yida
fransuzlar tomonidan asos solingan. Detroyt fransuzcha detrua-bo'g'oz
degan so'zdan olingan.
Dnepr - Rossiya, Ukraina
va Belorus hududidan oqib o'tuvchi daryo. Dastlab Gerodot (e.a. V asr)
asarlarida Borisfen (qadimgi yunoncha «shimoliy daryo») shaklida tilga
olingan. Qadimgi Rim manbalarida (VI asr) Danapris shaklida qo'llanilgan
bo'lib, Qora dengiz bo'yi dashtlarida yashagan qadimgi skif qabilalari tilida chuqur
daryo degan ma'noni beradi.
Dnestr - daryo. Ukraina va Moldovadan oqadigan daryo.
Qisman ikkala davlat chegarasidan o'tib Qora dengizga quyiladi. Qadimgi yunon mualliflarida
Tiris, Tiras shaklida tilga olinadi. Bu so'z skiflar tilida «tez, shoshqin»
degan ma'noga ega. A.I.Sobolevskiy Dnestr so'zini sarmat tillaridagi danu-«daryo»
so'zi bilan aloqador deb hisoblaydi.
Dominika - Karib dengizidagi orol va davlat,
X.Kolumb tomonidan 1493-yili 3 noyabr, yakshanba kuni kashf etilgan. Shuning
uchun ispancha Dominika-«yakshanba» deb atalgan.
Don - Rossiyadagi O'rta Rus qirlaridan boshanib Azov
dengiziga quyiluvchi daryo. Qadimgi yunon tarixchisi Strabon (e.a. I asr-eramizning
I asri) asarlarida Tanais shaklida tilga olingan. Qora dengiz bo'yi
dashtlarida yashagan skiflar tilida don-«daryo» ma'nosida ishlatilgan.
Don termini to'g'ridan-to'g'ri toponim shakliga o'tgan. Don termini daryo
ma'nosida Shimoliy Kavkazning ko'pgina joy nomlari tarkibida ham uchraydi.
Dreyk bo'g'ozi - dunyodagi eng keng bo'g'oz, Olovli
Yer va Janubiy Shetlandiya orollari oralig'ida. 1578-yili ingliz admirali, qaroqchi Fransis Dreyk nomiga qo'yilgan
bo'lib, u Magellan bo'g'ozi orqali suzib o'tib, Tinch okeanga o'tganida kuchli
bo'ronga duch kelib, ushbu bo'g'ozning shimoliy qismiga kelib qolgan. Dreyk
bo'g'ozi nomi Antarktida materigi kashf etilgandan so'ng-Olovli Yer oroli
Janubiy materikning bir qismi emas, balki alohida orollar ekanligi isbotlangandan
so'ng paydo bo'lgan.
Dublin - shahar, Irlandiya poytaxti. Shaharga dastlab
140 yilda asos solingan. Dublin-«qora moy» degani, shahar Liffi daryosi bo'yida
joylashgan bo'lib, daryo suvi torfzorlar ta'sirida qoramtir tusga ega. Shahar
boshqacha Bale-Axa-Kliax (bail-«shahar», ath-«kechuv», cliath-«tol»)-«tolli
kechuvdagi shahar» deb ham ataladi.
Dunay - Yevropadagi eng
uzun daryolardan biri. Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya,
Serbiya, Ruminiya, Ukrania davlatlari hududlaridan oqib o'tib, Qora dengizga
quyiladi. Ulkan huddan oqib o'tganligi uchun turlicha nomlanadi, lekin daryo
nomi o'zagida qadimgi skifliklar tilidagi dan, don-«daryo» yotadi. Bu
terminlardan yana Don, Dnepr, Dnestr daryolari nomlari ham hosil bo'lgan. Ayrim
qadimgi yunon manbalarida daryoning quyi qismi istr-«kuchli suv oqim»,
«oqim» degan ma'nolarda ishlatilgan.
Dushanbe - shahar, Tojikiston poytaxti. 1925 -yili
asos solingan, dushanba kunlari bozor bo'lgan va shuning uchun Dushanbe deyilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.