loading...

Shamollar 

17531

Shamollar.
  Nega shamol bo‘ladi? Havoning tinch turgan vaqti juda kam bo‘ladi. Yozda kunduz kuni ko‘l, daryo bo‘yida, daraxtzor yoki dala chekkasida o‘tirsangiz, shamol esayotganini albatta, sezasiz. Havoning gorizontal harakatiga shamol deyiladi.
  Shamol vujudga kelishining asosiy sababi Yer yuzasining turli joylardagi havo bosimida farq bo‘lishidir. Havo bosimidagi farqqa nima sabab bo‘ladi?
  Quyosh nuri quruqlik va suv yuzasini bir xil isitmaydi. Suv sekin isiydi va asta soviydi. Quruqlik esa tez isib, tez soviydi. Kunduz kuni quruqlik ustidagi havo isib, kendayadi va bosim kamayadi, past bo‘ladi. Ko‘l va dengiz ustidagi havo esa salqin turadi. Havo bosimi katta, yuqori bo‘ladi. Natijada ko‘l va dengiz ustidagi havo quruqlikka tomon harakatlanadi, ya'ni shamol bo‘ladi. Kechasi-chi? Kechasi quruqlik tez soviganidan havo bosimi ortib, shamol quruqlikdan dengiz tomonga esadi. Shunday bir kecha-kunduzda o‘z yo‘nalishini ikki marta o‘zgartirib turadigan shamolga briz shamoli deyiladi. Briz fransuzcha brise – shabada degani.
  Yer yuzida esadigan asosiy shamollar. Mussonlar. Katta quruqliklar – materiklar yozda atrofdagi dengizlarga qaraganda ko‘proq isib ketadi, havo bosimi pasayadi. Dengizlarda esa havo bosimi yuqori bo‘ladi. Natijada butun yoz bo‘yi dengizlardan quruqlikka tomon shamol esadi. Qishda esa quruqlik sovib ketadi, bosim ortadi. Dengiz iliq bo‘ladi. Dengiz ustida bosim pasayadi. Butun qish davomida shamol quruqlikdan dengizga esadi. Mana shunday, bir yilda o‘z yo‘nalishini ikki marta o‘zgartiradigan shamollarga musson shamollari deyiladi (musson arabcha «mavsum» so‘zidan olingan). Musson shamollari Sharqiy va Janubiy Osiyoda kuchli bo‘ladi. Yozda dengiz ustidan sernam havo keltirgani uchun ham yog‘in ko‘p yog‘adi.
  Passat shamollari. Yerning shakli sharsimon bo‘lganligi va uning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida Yer yuzida yuqori va past bosimli mintaqalar hosil bo‘ladi. Yer sharining ekvator atroflari Quyoshdan eng ko‘p issiq oladi. Shuning uchun bu hududlarda yil bo‘yi havo bosimi past bo‘ladi. Natijada 30° kengliklardan ekvatorga qarab doimiy shamollar esib turadi. Yer aylangani sababli bu shamollar ekvator yaqinida g‘arb tomonga burilib ketadi. Bu shamollar passat shamollaridir.
  O‘rta kengliklarda Shimoliy yarimsharda ham, Janubiy yarimsharda ham, doim g‘arb tomondan shamollar esib turadi. Bular G‘arbiy shamollar deyiladi. Bizning mamlakatimiz – O‘zbekistonga yog‘inlarni shu shamollar olib keladi.
  Shamolning yo‘nalishi va kuchini aniqlash. Shamol yo‘nalishini oddiy bayroqcha yordamida yoki mo‘rilardan chiqayotgan tutun yo‘nalishiga qarab aniqlasa bo‘ladi. Shamol qayoqdan kelayotgan bo‘lsa, ufqning o‘sha tomoni nomi bilan ataladi. Masalan, shamol g‘arbdan esayotgan bo‘lsa, g‘arbiy shamol, shimoli-sharqdan kelayotgan bo‘lsa, shimoli-sharqiy shamol deyiladi va hokazo.
  Esayotgan shamol yo‘nalishi flyuger deb ataladigan asbob bilan to‘g‘ri aniqlanadi.Flyuger strelkasi doim shamol kelayotgan tomonga qarab turadi. Strelkadan pastroqqa ufqning 8 tomoni (4 ta asosiy tomon va 4 ta oraliq tomon, bular qaysi tomonlar?) ko‘rsatkichi qo‘yiladi. Strelka va ko‘rsatkichlarga qarab, shamol kelayotgan tomon aniqlanadi.
 Shamolning kuchi flyuger strelkasidan yuqoriroqqa o‘rnatilgan metall plastinka yordamida aniqlanadi. Shamol qancha kuchli bo‘lsa, plastinka shuncha baland ko‘tariladi. Shamolning tezligi anemometr yordamida o‘lchanadi va 1 soniyada necha metr (m/soniya) esishi bilan belgilanadi.
Havo massalari.
  Havo massalari nima? Troposfera havosining harorati, namligi, shamollari va boshqa xususiyatlariga ko‘ra bir-birlaridan farq qiladigan katta qismlari havo massalari deyiladi. Ular juda katta hudud ustida vujudga keladi. Yer yuzining turli joylarida bir-biridan farq qiluvchi havo massalari tarkib topadi. Masalan, sovuq mintaqalarda shimoliy yarimsharda arktika, mo‘tadil mintaqada mo‘tadil, tropik o‘lkalarda tropik, ekvator atrofida ekvatorial havo massalari hosil bo‘ladi. Havo massalari okeanlar va quruqlik ustida paydo bo‘lishiga qarab dengiz va kontinental havo massalariga bo‘linadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив