loading...

Shimoliy Amerika iqlimi va ichki suvlari 

15267

Iqlimi. Materikning shimoldan janubga uzoq masofaga cho‘zilganligi iqlimning xilma-xil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Iqlimning shakllanishida Tinch, Atlantika va Shimoliy Muz okeanlari tomondan esadigan shamollar, shuningdek, Kordilyera tog‘lari va tekisliklarning mavjudligi katta ta’sir etadi.

Materikda 6 ta iqlim mintaqalari tarkib topgan. Shimolda arktika iqlim  mintaqasi katta maydonlarni egallaydi. Deyarli yil davomida havo harorati manfiy bo‘ladi. Ayrim kunlari yozda harorat +5°C gacha ko‘tariladi, xolos. G‘arbida 50-100 mm, sharqida esa 300-400 mm gacha yog‘in yog‘adi.

Subarktika iqlim mintaqasi hududi yozda mo‘tadil, qishda arktika havo massalari ta’sirida bo‘ladi. Yanvarning o‘rtacha harorati –25°C dan –30°C gacha, iyulda +5°C dan +7°C gacha kuzatiladi. Namgarchilik sharqdan g‘arbga kamayib (300-600 mm) boradi.

Mo‘tadil iqlim mintaqasi katta maydonlarni egallaganligi uchun iqlimiy sharoiti turlicha, yog‘in miqdori sharqdan g‘arb tomonga kamayib boradi (1500-1000 mm). Bu mintaqaga ko‘proq dengiz iqlimi xos. Arktika sovuq havo massalarining ta’siri ham kuchli.

Subtropik iqlim mintaqasi 40° sh.k.dan Meksika qo‘ltig‘i oralig‘idagi hududlarni egallaydi. Issiq, sernam yoz va iliq, sernam qish bu mintaqaning asosiy xususiyatidir. Tinch okean qirg‘oqlari O‘rta dengiz subtropik iqlim tiрiga xos bo‘lib, sovuq Kaliforniya oqimi ta’sir etadi. Qishi iliq (+6°C dan +8°C gacha), nam keladi, yozi esa quruq va iliq bo‘ladi.

Tropik iqlim mintaqasi yil davomida issiq bo‘lib, Atlantika okeani havo massalarining hukmronligi sezilib turadi. Yozda namgarchilik ko‘p bo‘ladi. Faqat mintaqaning g‘arbida quruq, tumanli kunlarni kuzatish mumkin.

Subekvatorial iqlim mintaqasi materikning eng janubiy tor qismida uchraydi. Bu yerda o‘rtacha yillik harorat yuqori (+25 °C) va namgarchilik ko‘p (1500-2000 mm).

Ichki suvlari. 
 
Yerusti suvlari uchta okean havzalariga va qisman berk havzaga bo‘linadi. Asosiy daryo va ko‘llari Atlantika, Shimoliy Muz okeani va Tinch okean havzasiga tegishli.

Materikning eng yirik daryosi Missisiрi (hindular tilida „katta daryo")dir. Missisiрi daryosining o‘rta qismida o‘zidan uzun bo‘lgan Missuri („loyqa daryo") irmog‘i kelib quyiladi.

Missisiрi deltasi har yili Meksika qo‘ltig‘i tomon 100 m o‘sib boradi. Daryo qor-yomg‘ir suvidan to‘yinadi. Avliyo Lavrentiy daryosi quyi oqimida uzun va keng estuariy (lot. daryoning suv bosgan quyi qismi) hosil qiladi. Rio-Grande daryosi Kordilyera tog‘laridan boshlanib, Meksika qo‘ltig‘iga quyiladi.

Materik ko‘llari, asosan, qadimgi muz hosil qilgan chuqurliklarda paydo bo‘lgan. Beshta ko‘l, ya’ni Yuqori, Guron, Michigan, Eri, Ontario ko‘llari Buyuk ko‘llar deb ataladi. Ular kattaligiga ko‘ra, shu tartibda bir-biriga kaskad bo‘lib tutashgan. Faqat Eri va Ontario ko‘llari oralig‘ida millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan mashhur Niagara sharsharasi (balandligi 48 m) bor. Unga GES qurilgan.

Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan daryolardan eng yirigi Makkenzi daryosidir.

Havzada eng yirik Katta Ayiq va Vinniрeg ko‘llari joylashgan. Tinch okean havzasidagi daryolarga Yukon, Kolorado, Freyzer, Kolumbiya kabi qisqa va sersuv, vodiylari tor va chuqur, suv oqimi shovqinli daryolar xos. Kolorado daryosining Katta Kanyon darasi dunyoga mashhurdir.

Shimoliy Amerikaning berk havzasiga Katta Havza tog‘ligi tegishli bo‘lib, unda Katta Sho‘r ko‘l bor. Uning maydoni iqlimiga bog‘liq holda yildan yilga o‘zgarib turadi.

Grenlandiya, Kanada-Arktika arxiрelagi, Kordilyera tog‘laridagi muzlar egallagan maydon 2,2 mln kv km dan oshadi. Alyaskadagi Xabbort tog‘-vodiy muzligining uzunligi 145 km ga boradi. Bu Yer sharidagi eng uzun muzlikdir.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив