loading...

Antarktidaning geografik o‘rni, o‘rganilish tarixi, geologik tuzilishi, foydali qazilmalari. Relyefi 

9970

Asosiy xususiyatlari. Doimiy muz bilan qoplangan yagona materik, eng sovuq, o‘rtacha balandligi bo‘yicha eng baland (2 040 m), Janubiy qutbda Quyoshning chiqishi va botishi bir yilda faqat bir marta kuzatiladi, Yer yuzidagi eng kuchli sha- mol shu yerga xos, chuchuk suv zaxirasi bo‘yicha (80 %) yagona materik, o‘simlik va hayvonot olamida eng kambag‘al, muzsiz zaminning  cho‘kmasi  bo‘yicha birinchi o‘rinda (2 555 m), yagona yirik yarimoroli bor, Yer yuzasining „sovuqlik qutbi" („Vostok" stansiyasi, –89,2 °C) va „janubiy magnit qutbi" shu yerda,  bironta  mamlakatga tegishli bo‘lmagan va tinchlik hamda ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan yagona materik.


Geografik o‘rni. Antarktida yunoncha „anti" — qarama-qarshi,  teskari, „arktika" — shimoliy, ya’ni Arktikaning teskari tomoni degan ma’noni anglatadi. Antarktika  — janubiy sovuq o‘lka, uning maydoni 52,5 mln kv km. Antarktida  — yaxlit muzli materik bo‘lib, maydoni 14 mln kv km. Antarktida Janubiy qutbiy doirada, boshqa materiklardan juda uzoqda joylashgan yagona materik. Materikka tutashib turgan 12 ta tashqi dengizlari bor.
 

                                                


Antarktidani 1820-yilning 16-yanvar kuni rossiyalik dengizchilar F.Bellinsgauzen va M.Lazarevlar kashf etishdi. Norvegiyalik R.Amundsen 1911-yilning 14-dekabr kuni birinchi bo‘lib, undan bir oycha keyin ingliz R.Skott ikkinchi bo‘lib qutbga bordi. Hozir Janubiy qutbda Amundsen—Skott nomi bilan ataladigan ilmiy stansiya (AQSH) ishlab turibdi.


Antarktidani keng ko‘lamda mukammal o‘rganish Xalqaro geofizik yil dasturini joriy qilish (1957-1958) munosabati bilan boshlandi. 1959-yilda 11 ta mamlakat o‘rtasida „Antarktida to‘g‘risida shartnoma" qabul qilindi. Unga ko‘ra, materikdan faqat ilmiy va turistik maqsadlarda foydalanishga kelishib olindi. Ayni paytda 16 mamlakat olimlari materik tabiatini o‘rganishmoqda.


Geologik tuzilishi.
Antarktida qadimgi Pangeya, keyinchalik Gondvana yirik materiklaridan ajralib, mustaqil materikka aylangan. Alp tog‘ burmalanishida ko‘tarilgan Transantarktida tog‘ tizmasi Antarktidani ikki qismga bo‘lib turadi.


Antarktidaning qadimgi geologik tarixida issiq, mo‘tadil iqlimlar va qalin daraxtlar o‘sgan davrlar bo‘lgan (masalan, toshko‘mir davrida). Muz bosish 360 mln yil avval boshlangan. Hozirgi muzliklar 20 mln yil muqaddam hosil bo‘lgan.


Foydali qazilmalari. Materik zaminida qora va rangli metallar rudalari (mis, qo‘rg‘oshin), toshko‘mir, olmos, uran va boshqa qazilma boyliklar topilgan. Neft, gaz, grafit, sluda va tog‘ xrustali kabi foydali qazilmalarning borligidan dalolat beruvchi belgilar aniqlangan.


Relyefi. Materik o‘rtacha balandligi bo‘yicha eng baland hisoblanadi. Muz qoplamining o‘rtacha qalinligi 2 000 m atrofida. Muzning eng qalin joyi 4 500 m ga boradi. Lekin muz tagi relyefining deyarli 70 % i dengiz sathidan pastda joylashgan. Berd tekisligidagi Bentli cho‘kmasining muzsiz mutlaq chuqurligi –2555 m, muz tagi relyefining o‘rtacha balandligi esa 110 m. Bu jihatdan, Antarktida eng past materik hisoblanadi. Materikning eng baland qismi Elsuert tog‘idagi Vinson (5 140 m) massividir.


 Janubiy Amerikadagi And tog‘larining bevosita davomi tariqasida Transantarktida zanjirli tizma tog‘lari materikni ikkiga bo‘lib turadi. Materikda uchta harakatdagi vulqon bor. Shulardan eng balandi — Erebus vulqoni (3794 m). Tog‘larning muzlardan chiqib turgan cho‘qqilarini fanda nunutaklar  deb atashadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив