Sharqiy Yevropa
Geografik o‘rni.
Sharqiy Yevropa tekisligi Yevrosiyoda eng yirik tabiiy-geografik o‘lkalardan biri bo‘lib, uning maydoni qariyb 4 mln kv. km ga teng. Bu tekislik Yevropaning sharqiy qismida joylashgan.
Sharqiy Yevropa tekisligi turli kengliklarda joylashgan bo‘lib, shimolda tabiat komplekslari tundradan boshlanib, janubi-sharqda mo‘'tadil mintaqaning cho‘l tabiatigacha davom etadi.
Tabiiy sharoiti.
Sharqiy Yevropa tekislik o‘lkasi geologik jihatdan Yer po‘stining eng qadimgi, nisbatan barqaror bo‘lgan Sharqiy Yevropa platformasida tashkil topgan. Platformaning yuza qismi hozirgi davr dengiz va kontinental yotqiziqlari bilan qoplangan. Sharqiy Yevropa tekisligi xilma-xil boyliklarga ega. Krivoy-Rogdagi temir koni, Kursk magnit anomaliyasi, Pechora va Donetsk havzalaridagi toshko‘mir konlari, Volga-Ural rayoni va Pechora havzalaridagi neft konlari, Boltiqbo‘yidagi yonuvchi slanets konlari bunga yaqqol misoldir.
Bu o‘lkada balandliklar, kryaj lar, tekisliklar va pasttekisliklar keng tarqalgan.Masalan, Valday, O‘rta Rossiya, Volgabo‘yi qirlari, Donetsk, Timan kryajlari, Pechora, Dneprbo‘yi tekisliklari, Kaspiybo‘yi pasttekisligi kabi relyef shakllari mavjud. Ular o‘lka tabiatining xilma-xil bo‘lishiga ta'sir etadi.
Sharqiy Yevropa iqlimining shakllanishida Atlantika okeanidan esadigan iliq va nam havo massalari hamda Arktika sovuq havo massalarining ta'siri kuchli. Shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa borgan sari iqlimning kontinentalligi orta boradi. Tekislikning g‘arbida qish yumshoq (-6°, -8°C), sharqida sovuq (-10°,-20°N). Yoz oylari ko‘pchilik joylarda salqin (+18°,+22°C). O‘lkaning janubi-sharqiy qismida davomli jazirama issiq (+25°,+29°C) bo‘ladi. Yog‘inlarning yillik miqdori g‘arbdan sharq tomonga kamayib (800-600 mm) boradi. Eng kam yog‘ingarchilik (200 mm) Kaspiybo‘yi pasttekisligida kuzatilgan.
Sharqiy Yevropa tekisligi daryolarga juda boy. Tekislikning shimolga qarab oqadigan daryolari Pechora, Mezin, Shimoliy Dvina, G‘arbiy Dvina sersuv daryolar hisoblanadi. Janubga qarab oqadigan eng yirik daryolar Volga, Dnepr va Ural daryolaridir.
Sharqiy Yevropa tekisligida ko‘llar ko‘p, ayniqsa, ular tekislikning shimoli-g‘arbida keng tarqalgan. Kareliya va Finlyandiyani «Ko‘llar mamlakati» deb atalishida haqiqat bor. Bunga sabab yer yuzasining tuzilishi va iqlim sharoitining qulayligidir. Ladoga, Onega ko‘llari, Kaspiybo‘yi pasttekisligidagi Elton, Bosqunchoq ko‘llari asosiy ko‘llardan hisoblanadi. Volga, Kama, Don va Dnepr daryolarida suv omborlari barpo etilgan.
Sharqiy Yevropa tekisligida kenglik zonalligi yaqqol ifodalangan. Bu o‘lkada shimoldan janubga tomon quyidagi tabiat zonalari birma-bir almashinib keladi: tundra, o‘rmon-tundra, tayga, aralash o‘rmonlar, keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht, dasht, chalacho‘l va cho‘llar. Har bir tabiat zonasi o‘ziga xos tabiat komponentlari bilan farqlanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.