loading...

Erik Raude 

6725

Erik Raude (Malla)
(950-1003) 
  Shimoliy Amerikani sayyoh Xristofor Kolumb ochgan, deb sanalsa-da, ba’zi manbalarda ushbu materikka Yevropa shimolida yashagan vikinglar birinchi bo`lib yetib borgani haqida ma’lumotlar bor. Bunday ma’lumotlar Grenlandiyaga birinchi bo`lib kelgan vikinglarning avloddan-avlodga o`tib kelayotgan xalq og`zaki ijodi namunalari, ya’ni «saga»larida ham yashab kelmoqda. Vikinglarni Islandiyadan Grenlandiyaga boshlab kelgan birinchi sardor esa asli kelib chiqishi norvegiyalik bo`lgan Erik Raude (Malla) hisoblanadi. «Malla» sayyohning laqabi bo`lib, bu unga sochi va soqolining rangi uchun berilgan.
 Erik 950-yilda Norvegiyada Torvald Asvaldson oilasida tug`ilgan. Qirol Xerald Ajoyibsoch hukmronligi davrida uning oilasi qotillikda ayblanib, Norvegiyadan quvg`in qilingan. Natijada Asvaldsonlar Islandiyaga kelib joylashgan. Erikning fe’li tezligi Islandiyada ham doimo unga muammolar keltirardi. Xullas, 980-yilda Malla ikki kishini o`ldirishda ayblangan: birinchisi, o`z qo`shnisini, ya’ni qarzga olgan qayiqni qaytarishni xohlamagani uchun, ikkinchisi, boshqa bir vikingni halok etilgan xizmatkorlari uchun qasos sifatida. Natijada Erik Islandiyadan ham uch yilga badarg`a qilingan.
  Shundan so`ng, Raude o`ziga chiqarilgan hukm muddatini o`tash uchun g`arbga tomon suzishga va havo ochiq bo`lgan paytda Islandiyaning g`arbiy qirg`oqdaridagi tog`lar tepasidan ko`rish mumkin bo`lgan muzli yergacha yetib borishga qaror qildi. Ushbu yer Grenlandiya oroli bo`lib, u Islandiyadan 280 km uzoqlikda joylashgan va unga bi­rinchi bo`lib 875-yilda norveg dengizchisi Gunbyorn suzib borgan. Islandiyadan ko`rinadigan yerlar Grenlandiya orolining janubi-sharqidagi Forel tog`i (balandligi 3360 m) va orolning eng ba­land nuqtasi Gunbyorn tog`i (3700 m) bo`lgan. Hozirgi tadqiqotlar shuni ko`rsatmoqdaki, orol shimoldan janubga 2690 km.ga cho`zilgan va uning kengligi sharqdan g`arbga 1300 km.ga yetadi.
  Shunday qilib, Erik Malla 982-yilda oilasi, xizmatkorlari va uy hayvonlari bilan birga Islandiyadan g`arbga qarab suzib ketgan. Suzib yuruvchi muzlar Mallaga qirg`oqqa tushish imkonini bermagach, sayyoh, orolning janubiy qismini aylanib o`tib, Yo`lansxob (hozirgi Kakartok yonida) degan joy yaqinida to`xtaydi. Uch yil quvg`inda yo`rgan vaqtida Erik orolning hammayog`ini kezib chiqib, hatto, orolning shimoli-g`arbiy chekkasidan ancha uzoqda bo`lgan Disko oroligacha borgan. Ammo bu yerda muqim yashaydigan biror kishini uchratmagan.
  Quvg`in muddati tugagach, Erik Islandiyaga qaytib kelgan va bu yerdagi mahalliy vikinglarni o`zi borgan orolga ko`chib borishga da’vat qila boshlagan. Erik orolni Grenlandiya, ya’ni norveg tilidan tarjima qilganda «Yashil yer» deb atagan. Ushbu nomning Erik Raude tomonidan Grenlandiyaga to`g`ri yoki noto`g`ri berilganligi borasidagi munozaralar hozirgi kunda ham davom etmoqda. Ba’zi olimlarning fikricha, orolning iqlimi O`rta asrlarda yumshoq bo`lgan va Erik kelib tushgan Grenlandiyaning janubi-g`arbiy qismlari qalin yashil o`tlar bilan qoplangan bo`lishi mumkin. Boshqa mutaxassislar esa Erik bu nomni orolga ko`chib boruvchilarni ko`proq jalb qilish uchun «targ`ibot» maqsadida qo`ygan deyishadi. Hozirda esa mahalliy xalq tilida orol Kalaallit Nunaat, ya’ni «Yer sharidagi eng katta orol», deb ataladi. 
  Manbalarda yozilishicha, Erik Malla 986-yilda Islandiyadan 25 ta kema bilan Grenlandiya tomon yo`lga chiqib, ushbu kemalardan faqatgina 14 tasi 350 kishi bilan orolga yetib kelgan. Natijada Erik Malla Grenlandiyada Eystribyigg (Sharqiy shahar) nomli bi­rinchi aholi punktini barpo etdi. Manbalarda yozilgan ushbu ma’- lumotlar Erik Malla yashagan uy turgan joydan olingan arxeolo- gik topilmalarni radiouglerod tahlili orqali ham tasdiqlangan. Ma’lum bo`lishicha, Erik Mallaga tegishli bo`lgan bu topilmalar taxminan 1000-yilga to`g`ri keladi.
  Erik Raude umrining oxirgi yillarida dengiz sayohatiga chiqmagan bo`lsa-da, uning Shimoliy qutbga yaqin hududlarni o`rganish borasidagi boshlagan ishlarini o`g`illari davom ettirgan. Jumladan, taxminan 1000-yillarda Erik Raudening o`g`li Leyf Eriksson Grenlandiyadan g`arbda katta yerni  hozirgi Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqiy qismlarini uchratgan. Erikning boshqa o`g`illari Torvald va Torsteynlar ham Shimoliy Amerikaga bir necha bor sayohat qilishgan.
  Manbalarda ko`rsatilishicha, 1000-yilda Leyf Eriksson 35 ki- shilik otryadi bilan Shimoliy Amerika qirg`oqlariga suzib keladi va bu yerda uchta mintaqani ochadi: Xelluland (Baffin Yeri orollari bo`lishi mumkin), Markland (extimol, Labrador yarimoroli) va juda ko`p uzumzorlari bo`lgani uchun Vinland nomi berilgan yer (bu Nyufaundlendning hozirgi Lans Medouz shahri yaqinidagi qirg`og`i bo`lishi mumkin). Ushbu yerlarda vikinglar tomonidan bir nechta yashash joylari  uylar barpo etilgan. Manbalarda yozilishicha, skandinaviyalik vikinglar, hatto, mahalliy «skryollinglar» - Shi­moliy Amerika Hindulari bilan ham aloqa o`rnatishgan. Dastlab, ular o`rtasida iliq munosabatlar o`rnatilgan, ammo keyinchalik Hindularning doimiy bosqinlari natijasida vikinglar Shimoliy Amerikadagi yashash joylarini tashlab ketishga majbur bo`lishgan.
  Erik Raude asos solgan Grenlandiyaga ko`chib keluvchilar tez orada ko`payib, orol eng gullagan paytda bu yerda 5000 kishigacha yashagan. 1000-yillar atrofida orolda ikki asosiy aholi punkti: Eystribyigg (Sharqiy shahar, hozirgi Kakartoka shaharchasining o`rnida) va Vestribyigg (G`arbiy shaharcha, hozirgi Gotxoba) bo`lgan va ularda 400dan ortiq uylar joylashgan. Agar hozirda Grenlandiyada 56 ming kishi istiqomat qilishini hisobga olsak, 1000-yillardagi orol uchun bu birmuncha katta aholi punktlari bo`lgan, deb aytish mumkin.
  Grenlandiya oroli xo`jaligi o`rta asrlarda ham hozirgidan uncha farq qilmagan. O`sha vaqtlarda bu yerdan Yevropaga turli dengiz hayvonlari va ularning terilari va noyob baliq turlari (treska) olib ketilardi. Materikdan esa kemachilik va qurilishda foydalanish uchun asosan, yog`och va metall buyumlar olib kelingan.
  Norveg sayyohi Erik Raude tomonidan ochilgan Grenlandiya XVIII asrning boshiga qadar Norvegiyaga tegishli bo`lgan. 1721-yildan orolni Daniya tomonidan o`zlashtirish boshlangan va ushbu mamlakat 1744-yilda orolda o`z hukmronligini o`rnatdi. 1951- yilda Daniya NATOga a’zo bo`lgach, AKD! va Daniya o`rtasida orolni hamkorlikda himoya qilish haqida shartnoma imzolangan. 2008-yilning noyabrida o`tkazilgan referendum natijalariga ko`ra, Grenlandiya avtonomiya, ya’ni o`z-o`zini boshqarish huquqini qo`lga kiritgan.
  Shunday qilib, Yangi Dunyoni ochgan Kolumbdan qariyb 500 yil ilgari shimoliy yevropalik vikinglar Shimoliy Amerikani kashf etishgan, va hatto, u yerda birmuncha vaqt yashashgan ham. Ammo X asr sharoitida vikinglarning bu kashfiyoti uzoq Grenlandiya muzliklarida noma’lumligicha qolib ketgan. Keyingi vaqtlarda esa bu ta­rixiy haqiqat birmuncha tiklanib, Shimoliy Amerikaga birinchi bo`lib borgan yevropaliklar qatorida skandinaviyalik vikinglar, jumladan, Erik Raude (Malla)ning nomi ham tilga olinmoqda.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив