loading...

Jizzax viloyati 

9152


Respublikamizning markaziy qismida joylashgan. 1973-yil 28-dekabrda tashkil etilgan. Shimoli-sharqda Qozogʻiston Respublikasi va Sirdaryo viloyati, janubi-gʻarbda Samarqand, Navoiy viloyatlari, janubi-sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Relyefi togʻlik, qir va tekisliklardan iborat. Janubiy qismini Turkiston tizmasining tarmoqlari (Molguzar tizmasi), gʻarbini Nurota tizmasining sharqiy qismi egallagan. Shimoliy, shimoli-gʻarbi va sharqiy qismi (Mirzachoʻl va Qizilqum choʻlining janubi-sharqi) tekislikdan iborat. 

Maydoni: 21,2 ming kv.km.
Aholi soni: 1 mln. 443 ming 400 kishidan ortiq (01.01.2022-yil)
Markazi: Jizzax shahri (40°07′00″ sh.k. 67°51′00″ shq.uz.)
Yirik shaharlari: Jizzax, G`allaorol, Paxtakor
Ma`muriy tuzilishi: 12 ta tuman, 6 ta shahar va 42 ta shaharcha

Jizzax juda qadimiy – o`z tabiati,  iqlim sharoiti, relefi, hayvonot va nabotot dunyosi bilan hazrati insonga atalgan ko`rkam go`shalardan biri deyishga arzigulik voha. Uning janubiy, qisman g`arbiy tomonini o`rab turgan Turkiston va Nurota tizma tog`lari, shimoliy hududidagi Arnasoy – Aydar – Tuzkon ko`llari relefiga ham, tabiiy go`zalligiga ham o`zgacha husn bag`ishlash bilan birga, keskin mo`tadil iqlimni ta`minlab turadi. Cho`qqilar qor, muzliklar bilan qoplangan Chovkar tog`, Usturshona tizimi tog`lari bag`rida qalin archazorlar yastanib yotibdi. Jaziramada ham Chovkar tog` bag`rida ming bir rangda kamalak jilolari tovlanib yotadi.

Dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog` yonbag`irlaridan archazorlar boshlanib ketadi. Tog`lar balandlagan sayin archazor qalinlashib boraveradi.

Viloyatda 20 dan ortiq g`orlar bor. Garchi ular mutaxassislar tomonidan o`rganilmagan bo`lsa-da, birgina Pishog`or g`orini kuzatgan havaskorlarning xotirlashlaricha, g`or ichida sahni keng va uzun maydon (zal), kuli qizg`ish o`choq, tosh devorlarga ishlangan rasmlar va petroglif yozuvlar bisyor. Bundan tashqari, uzundan uzun cho`zilgan g`or sun`iy to`silib, navbatdagi zal uchun qo`shimcha zinalar qilingani bu joyda qadim – qadimda ibtidoiy odamlar yashaganligidan dalolat beradi.

Molguzar tog`ining janubidagi ulkan g`ordan qachonlardir Budda ibodatxonasi sifatida foydalanilgan. "Suy sulolasi tarixi” kitobida ham Sharqiy TSao (Usturshona) xususida so`z yuritilib, "Bu joyda Yecha shahri bor. Bu shaharda og`zi mustahkam yopilgan g`or bo`lib, yiliga ikki marta qurbonlik qilingan”, deyiladi. Yoki Molguzar tog`ining yelkasida dengiz sathidan ikki ming olti yuz metr balandlikda joylashgan ma`daniy Tovoqbuloqning o`zini bir mo`jiza deyish mumkin. Baxmal tumanining Oqtosh daryosida tik qoyali tog`lar yelkasidagi ulkan qabristonni, uning yonidagi haybatli "Qon tomdi” darasini aytmaysizmi!

Yoxud Zomin tumanida tog` tepasidagi Suffa maydonidan chiqadigan buloq, uning yaqinidagi Muzbuloq, Baxmaldagi baland tog` tepasida barpo etilgan bog` – bularning barchasi qadim tarixdan so`zlaydi. Tog`larga tutashib ketgan soyliklar, muzliklardan oqib keluvchi buloqlar, soyliklarni qoplagan daraxtzorlar. 100 ga yaqin shifobaxsh o`tlar… Jizzax tumanidagi Poyimard soyi yoqasida qariyib 20 metrlik toshqatlami o`rtasidan ochilgan mo`ri (tuynukli) o`ngirlar – bari, barchasi ibtidoiy odam yashaganligiga guvohlikka o`tuvchi tabiiy mo`jiza – obidalardir.

Jizzax viloyati mamlakatimizning markazi mintaqasida – sharqdan g`arbga, janubdan shimolga yo`l olgan tarixiy-savdo yo`lining chorrahasida joylashgan, ona Vatanimiz hududidan sharqqa yoki g`arbga yo`l olgan karvonlar, elchilar, qo`shinlar ayni shu manzillardan o`tgan. Viloyat hududining janubiy sarhadi bir-biriga bog`lanib ketgan tog` tizmalari bilan, g`arbiy tomon Nurota tizma tog`lari Temir darvoza orqali Turkiston tizma tog`lari bilan ulanib ketadi.

Jizzax viloyatida paleolit davriga tegishli boy materiallar topiladi. Chunki viloyat relefi, mo`tadil iqlimi, quyosh haroratining yirik me`yoriy miqdori, tog`lar yonbag`irlaridagi odamzodga boshpana bo`lgan maskanlar, tabiiy oqar suvlar, serunum tuproq bu yerda qadim sivilizatsiyaning taraqqiy etishi uchun zaruriy shart-sharoitlar mavjud.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив