loading...

Kanada 

22546

Maydoni – 9976 ming km.kv. 
Aholisi (2018-y.) – 37,2 mln. 
Poytaxti – Ottava.

Hududining kattaligi bo‘yicha jahonda 2-o‘rinda turuvchi Kanada davlati Shimoliy Amerika materigining shimoliy qismi va unga yondosh orollarda joylashgan. Kanada qirg‘oqlari shimolda Shimoliy Muz okeani, sharqda Atlantika okeani, janubi-g‘arbda Tinch okean suvlari bilan yuviladi. Kanada quruqlikda faqat AQSH bilan chegaradosh.

Kanada Britaniya Hamdo‘stligi qirolligi bo‘lib, davlat rahbarirasmiy ravishda Buyuk Britaniya hukmdori hisoblanadi. Amalda siyosiy boshqaruv tepasida mamlakatning bosh vaziri turadi. Kanada 10 ta provinsiya va 3 ta hududdan iborat federativ davlat.

Tabiiy sharoiti va resurslari. Kanadaning sharqiy qismi qadimgi platformada joylashgan bo‘lib, asosan, tekislik va kuchli parchalangan yassi tog‘liklardan iborat bo‘lsa, Tinch okeanga tutash g‘arbiy qismi baland Kordilyera tog‘lari bilan band. Kanadaning hududida uran, temir, nikel, mis, qo‘rg‘oshin, rux, oltin, neft va tabiiy gazning yirik konlari mavjud.

Kanada hududining 75 % i sovuq iqlim zonasiga to‘g‘ri keladi. Asosiy tabiat zonalari – tayga, tundra va arktika cho‘llari. Janubida dasht landshafti keng tarqalgan. Mamlakat yer, suv hamda o‘rmon resurslariga juda boy. Shimoliy yarim shardagi o‘rmonlarning deyarli 1/3 qismi Kanadaga to‘g‘ri keladi.

Aholisi. Kanada aholisining tabiiy ko‘payish sur’atlari yillik hisobda 0,5 % dan kam, mexanik ko‘payishi esa yiliga 1% gacha yetadi. Shahar aholisining ulushi 80 % dan ortiq. Eng yirik shaharlari – Toronto, Monreal, Vankuver, Kvebek.

Kanadadagi ikkita eng yirik millat kanadalik inglizlar va kanadalik fransuzlardir. Shuning uchun Kanadada ham ingliz, ham fransuz tillari rasmiy til maqomiga ega. Fransuz tilida so‘zlashuvchi aholining 85% i mamlakat sharqidagi Kvebek provinsiyasida iqtiqomat qiladi. Kanadadagi fransuz madaniyatining markazi Monreal shahri hisoblanadi. Mamlakatning shimolida tub aholi – eskimoslar va amerikalik hindular yashaydi.

Aholi zichligi darajasi bo‘yicha Kanada jahondagi eng so‘nggi o‘rinlardan birida turadi (1 km. kv ga 4 kishi). Aholining 4/5 qismi mamlakatning iqlim sharoiti birmuncha qulayroq bo‘lgan janubiy hududlarida mujassamlashgan. Ayniqsa janubi-sharqiy chegarabo‘yi hududlarida aholi zichligi yuqori.

Iqtisodiyoti. Kanada jahonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganligi jihatidan peshqadam davlatlaridan biri, «Katta yettilik» guruhining a’zosi. Kanada uran, nikel, rux, oltin, platina, molibden rudalari, olmos, kaliy tuzlari, asbest, oltingugurt qazib olishda jahon bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadi. Kanadada neft-gaz sanoati ham yuqori darajada rivojlangan. Tog‘-kon sanoati bilan bir qatorda Kanadada elektr energetikasi, yog‘ochni qayta ishlash, sellulozaqog‘oz, mashinasozlik, rangli va qora metallurgiya, kimyo, oziq-ovqat sanoati ham yuqori darajada rivojlangan.

Dehqonchilik mamlakat janubidagi unumdor qora tuproqli dashtlarda yaxshi rivojlangan. Kanada jahondagi eng yirik bug‘doy eksportyorlaridan biri. Raps, soya va kungaboqar kabi moyli ekinlarni yetishtirish va jahon bozoriga yetkazish bo‘yicha ham Kanada peshqadam davlatlardan biri.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив