Zamonaviy o`qituvchi
O`quvchilarga chuqur bilim berish, kelajakda o`z o`rnini topishda yoshlikdan tayyorlash tarafdori bo`lgan Abdiyev Rustam eng yaxshi insoniy
fazilatlarga ega, o`z fanini yaxshi biladigan, zamonaviy dars o`tish
usullarini puxta o`zlashtirgan, samarali mehnati bilan shahar, viloyat va respublika
miqyosida e`tirofga loyiq deb topilgan muallimdir.
U, ta`lim tizimida 14 yildan beri geografiya fanidan
dars berib, zamonaviy o`qituvchi nimalarga qodir bo`lishini amalda ko`rsatib
kelmoqda. Jumladan, ta`lim mazmunini tubdan yangilash va takomillashtirish
borasidagi davlat siyosatini chuqur his etib, geografiya fanidan davlat ta`lim
standartlarini va uzviylashtirilgan dasturni mukammal o`zlashtirdi. Har bir
darsga puxta tayyorgarlik ko`rib, yangi pedagogik texnologiyalar asosida dars
o`tishga odatlandi. O`quvchilarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish
doimiy e`tiborida bo`ldi. Murakkab mavzular ustida ishlashda: o`quvchilar bilan
yakka tartibda va kichik guruhlarga bo`lib ishlashni tizimli olib bordi.
O`quvchilar faolligini, bilim darajasini oshirishda qo`shimcha manbalardan,
ayniqsa, Internet ma`lumotlaridan (mentalitetimizni hisobga olib) foydalanish
natijasida geografiya fanidan o`ziga xos "Mahorat maktabi” ni yaratdi.
Men, 2003-2013-yillarda Navoiy viloyati Xalq ta`limi
boshqarmasida Ta`lim markazi direktori bo`lib ishlab, xizmat vazifam yuzasidan viloyat
miqyosidagi tadbirlar: fan olimpiadalarini, ko`rik-tanlovlarni, uslubiy
seminarlarni o`tkazish, ilg`or pedagogik tajribalarni o`rganish va
ommalashtirish ishlari bilan shug`ullanganim uchun Abdiyev Rustam "Eng yaxshi
dars ishlanmasi”, "Eng yaxshi metodik tavsiya”, "Eng yaxshi nazorat testi”
viloyat ko`rik-tanlovlari g`olibi bo`lganligini, ilg`or pedagogik tajribasi
viloyat va respublika miqyosida ommalashtirilganligi
shohidi bo`lganman. U, 2011-yilda "Xalq ta`limi a`lochisi” nishoni bilan
taqdirlangan. 2012-yilda geografiya fanidan "Yilning eng yaxshi fan
o`qituvchisi” Respublika ko`rik-tanlovida 1-o`rinni egallagan.
Darsning muqaddasligini his etib, harakat qilgan
o`qituvchi ta`limda yuksak sifat va samaradorlikka erishadi. Abdiyev Rustam shu
toifadagi o`qituvchilardandir. U o`qitishning zamonaviy usulidan qaysi darsda
qanday foydalanishni biladi. Darsga milliy ruh bera oladi. Xarakterli jihati,
o`ziga hamda o`quvchilariga nisbatan nihoyatda talabchandir. Rustam foydalangan yangi pedagogik
texnologiyadan o`qituvchilar foydalansa, shubhasiz yaxshi natijaga erishadi.
Ta`limda "O`zbek modeli”ni amaldagi ifodasini his etadi.
Abdiyev Rustamni dars o`tishdagi afzallik tomonlaridan
biri, har bir o`quvchining xarakter xususiyatini, qobiliyatini, nimadan
oqsashini, qolaversa, oilaviy muhitini ham yaxshi biladi. Yangi mavzuni
o`tishda amaliy mashg`ulotlarga vaqt ajratadi. U, "Kichik guruh”larda ishlash,
"Aqliy xujum”, "O`zaro yordam” usulida dars o`tishni, eng samara beradigan usul
deb hisoblaydi. Nazorat testlarini tuzishga ijodiy yondashadi. O`quvchilar
bilimida aniqlangan bo`shliqlarni to`ldirish, murakkab mavzular ustida ishlash
uchun qo`shimcha mashg`ulotlar o`tadi. Ayniqsa, o`quvchilarning
mamlakatimizdagi hamda dunyo geografik olami haqidagi zamonaviy bilim va
tasavvurini kengaytirish uchun Internet ma`lumotlaridan o`rinli foydalanish o`z
samarasini bermoqda.
Abdiyev Rustam o`qitgan o`quvchilar qator yillardan
buyon, geografiya fanidan o`tkazib kelinayotgan viloyat fan olimpiadalarida,
"Bilimlar bellashuvi”ning viloyat va respublika bosqichlarida g`oliblikni
qo`lga kiritmoqdalar.
Ijodkor va izlanuvchan o`qituvchi Abdiyev Rustam,
yangi ijodiy ishga qo`l urib, umumiy o`rta ta`limning davlat ta`lim
standartlari va o`quv dasturlari asosida Internet tarmog`ida geografiya fanini
mustaqil o`rganishga mo`ljallangan www.geografiya.uz
veb-saytini yaratdi.
Geografiya fanini o`qitishda yuqori natijalarga
erishish bilan birga, ijodiy yondoshib, geografiya fanini o`qitishni yanada
takomillashtirish va rivojlantirish ishiga katta hissa qo`shayotgan Abdiyev
Rustam timsolida eng zamonaviy o`qituvchini ko`raman. Hamkasblarini hamkorlik
qilishga chorlayman.
Shogirdimga bo`lgan dil izhorimni quyidagi misralarga
jo etdim.
Ta`limda osonmas ibrat bo`lmoqlik,
Lekin uddalading, qozonding hurmat.
Kasbiy mahoratga ko`plar havasda,
Dars erur muqaddas, unutma har vaqt.
G`ayrat-shijoating jo`sh urib qalbda,
Yosh avlod zehnini oshir muttasil.
Ona yurt kutadi samar-natija,
Yurtboshim talabin sharaf, vijdon bil.
Omad
yor bo`lsin Rustam!
Bobonor
Nortojiyev
Shoir
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.