O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Qarori
Umumiy o‘rta va o‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash
to‘g‘risida
«Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi
qonunlariga muvofiq, umumta’lim fanlarini o‘qitishning uzluksizligi va izchilligini
ta’minlash, zamonaviy metodologiyasini yaratish, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar
ta’limi davlat ta’lim standartlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirish,
o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni
tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Umumiy o‘rta ta’limning davlat
ta’lim standarti 1-ilovaga muvofiq;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining
davlat ta’lim standarti 2-ilovaga muvofiq;
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari 3-ilovaga muvofiq;
Akademik litsey va kasb-hunar
kolleji diplomlarining davlat namunalari 4-ilovaga
muvofiq;
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun umumta’lim fanlaridan o‘quv-metodik majmualarning
yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan umumiy talablar 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab
bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi;
umumta’lim maktablarining boshlang‘ich
sinflari uchun filologiya fanlari va aniq fanlar bo‘yicha mashq daftarlarini nashr
etish hamda yetkazib berish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston
Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasini
tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2006-yil 1-iyundagi PQ-363-son qarorida
belgilangan darsliklarni nashr etish hamda yetkazib berishni moliyalashtirish tartibiga
asosan, multimediali disk ilovasi bilan ta’minlash esa — o‘qituvchilarni o‘quv-metodik
qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi asosida amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq
ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi markazi:
ikki oy muddatda umumiy o‘rta
va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari talablari asosida
o‘quv dasturlarini yangidan ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasinlar hamda
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga yetkazsinlar;
O‘zbekiston matbuot va axborot
agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda yaratilayotgan o‘quv-metodik majmualarning
o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga undaydigan, rasmlarga boy, zamonaviy matbaa talablariga
javob beradigan shakllarda chop etilishini ta’minlasinlar;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini amaliyotga
samarali joriy etish yuzasidan tegishli mutaxassislar uchun 2017-2018-o‘quv yilidan
boshlab maqsadli o‘quvlar tashkil etsinlar hamda pedagog xodimlarni qayta tayyorlash
va ularning malakasini oshirish kurslari dasturlari va o‘quv modullarining qayta
ko‘rib chiqilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy
va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Sog‘liqni
saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi,
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
2017-2018-o‘quv yiliga qadar akademik litseylarning ta’lim yo‘nalishlari va kasb-hunar
kollejlarining tayyorlov yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari
va dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi taqdim etgan xarajatlar smetalari asosida umumiy
o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari, akademik
litseylarning ta’lim yo‘nalishlari va kasb-hunar kollejlarining tayyorlov yo‘nalishlari
bo‘yicha malaka talablarini, o‘quv rejalari va dasturlarini, akademik litsey va
kasb-hunar kolleji diplomlari blankalarini chop etish uchun sarflanadigan mablag‘larni
belgilangan tartibda ajratsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining
6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga
o‘zgartirishlar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining
7-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari
2020-yil 1-sentabrdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Vazirliklar va idoralar o‘zlari
qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini
nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va ilm-fan masalalari axborot-tahlil
departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining
Bosh vaziri A.ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-aprel,
187-son
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.