loading...

O‘rta Osiyo aholisi va siyosiy xaritasi 

5638

Aholisi
O‘rta Osiyoning tub aholisiga o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, afg‘onlar, forslar kiradi. O‘rta Osiyo xalqlari jahon fani va madaniyatiga, davlatchilik ilmiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalari, sarkardalari bilan faxrlanadi. 

O‘rta Osiyoda tub millatlardan tashqari turli vaqtlarda ko‘chib kelib, o‘troq yashab qolgan ruslar, tatarlar, yahudiylar, ukrainlar, boshqirdlar, koreyslar, uyg‘urlar, turklar va boshqa millatlar ham mavjud. Hozirgi paytda O‘rta Osiyo aholisi 75 mln kishidan ortiq. O‘rta Osiyo cho‘l va chalacho‘l zonalarida joylashganligidan aholi azaldan vodiylarda, suv manbalari - daryo bo‘ylarida, vohalarda bir-biriga moslashib, yelkadosh bo‘lib yashashga o‘rgangan. 

O‘rta Osiyo tabiati, hayotning o‘zi bu yerdagi xalqlarni shu ruhda tarbiyalagan. O‘rtaosiyolik ulug‘
alloma-mutafakkirlar — Abdullo Rudakiy, Alisher Navoiy, Maxtumquli, Abay, To‘xtag‘ul xalqlarni mehr-oqibatli, do‘st, birodar bo‘lib yashashga da’vat qilishgan. Bunday da’vat hozirgi vaqtda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Siyosiy xaritasi
Siyosiy xarita deb jahondagi yoki uning qaysidir qismidagi davlatlarning ma’lum bir tarixiy davrdagi holati aks etgan xaritaga aytiladi. Siyosiy xaritalar inqiloblar, urushlar va davlatlarning o‘zaro kelishuvlari asosida o‘zgarib, qayta tarkib topib turadi. 

O‘rta Osiyo siyosiy xaritasining keyingi ikki asr davomidagi tarkib topishida bir necha bosqich ajratiladi: 

Birinchi bosqich O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi arafasidagi davrni o‘z ichiga oladi. Bu bosqichda O‘rta Osiyoda uchta yirik davlat — Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi va
Buxoro amirligi mavjud bo‘lgan. 

Ikkinchi bosqich mustamlakachilik davrini o‘z ichiga oladi. Bu bosqichda O‘rta Osiyoda Rossiya imperiyasining Turkiston general-gubernatorligi hamda Rossiyaning yarimmustamlakalariga aylantirilgan Xiva xonligi va Buxoro amirligi joylashgan edi. 

Uchinchi bosqich juda qisqa davrni (1917-1920/22) o‘z ichiga oladi. Bu bosqichda O‘rta Osiyoda uchta mustaqil davlat paydo bo‘ldi: Turkiston (Qo‘qon) muxtoriyati, Buxoro va Xorazm respublikalari. 

To‘rtinchi bosqich 1924-1991-yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda O‘rta Osiyo hududida 5 ta ittifoqdosh respublika tashkil qilindi: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston. O‘lkaning janubi Afg‘oniston va Eron davlatlari tarkibiga kiradi. 

Beshinchi bosqich 1991-yildan boshlanadi. Bu davrda sobiq Ittifoqning parchalanishi oqibatida O‘rta Osiyo hududidagi ittifoqdosh respublikalar o‘rnida mustaqil davlatlar - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston tashkil topdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.