loading...

Yaman 

11419

  Rasmiy nomi — Yaman Respublikasi. Poytaxti — Sana. Hududi — 527970 km.kv. Aholisi – 23 mln.dan ortiq kishi (2012-yil). Davlat tili — arab. Dini — islom. Pul birligi — yaman riali.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Janubi g‘arbiy Osiyoda, Arabiston yarimorolida joylashgan davlat. Shimolda va shimoli sharqda Saudiya Arabistoni (chegara uzunligi — 1458 km), sharqda Ummon (288 km) bilan chegaradosh. G‘arbda Qizil dengiz, janubda Aden ko’rfazi bilan tutash. Chegarasining umumiy uzunligi — 1746 km. Hududining katta qismini tog‘li yerlar (eng baland nuqtasi An-Nabi-Shaib tog‘i — 3600 m) egallagan. Shimolda va sharqda cho‘llar joylashgan. Foydali qazilmalari: neft, tabiiy gaz, oltin, temir, mis, gips, toshko’mir, kvars, oltingugurt, yarim qimmatbaho toshlar.
  Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Ma’muriy jihatdan 17 provinsiyaga bo‘linadi. Yaman Respublikasi Yaman Arab Respublikasi (YAR) va Yaman Xalq Demokratik Respublikasi (YXDR) ning birlashishi bilan 1990-yil 22-mayda tashkil topdi. Bu kun «Yaman birligi kuni» sifatida nishonlanadi. Boshqa milliy bayramlari — 26- sentabr — Inqilob kuni, 30 noyabr — Mustaqillik kuni. Ijro etuvchi hokimiyat — Prezident Kengashi (Prezident Kengashi raisi katta vakolatga ega) va premyer-ministr rahbarligidagi Vazirlar Kengashiga tegishli. Qonun chiqaruvchi organ — bir palatali parlament — Deputatlar palatasi. Asosiy siyosiy partiyalari: Umumiy xalq kongressi (UXK) va Yaman sotsialistik partiyasi (YSP).
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Hukumat siyosatining strategik yo‘nalishlari neft sanoatini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishni yaxshilash, erkin iqtisodiy hududlar yaratish. Qishloq xo‘jaligi YIMning 25%ini ta’minlaydi. Shunga qaramasdan, Yaman oziq-ovqat mahsulotlarining 70%ini chetdan keltirishga majbur. Agar Sana shahri mamlakatning siyosiy markazi bo‘lsa, janubiy shahar Aden Yamanning iqtisodiy va savdo markazidir. Asosiy savdo hamkorlari — Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH.
  Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 51390 km. Portlari: Aden, Al-Mukallo, Salif, Xodeydo.
  Tarixi. М. a. I ming yillikda Yaman hududida Xadramaut, Kataban, Ausan, Saba, Main davlatlari vujudga kelgan. Yaman IV asrda Efiopiya, VI asrda forslar tomonidan zabt etilgan. VIII asrda mamlakat hududida islom dini tarqaldi. X asrda mamlakatda Zeydiylar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi. XVI asrda Yaman Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kiritildi. 1633-yilda Yaman hududida yana mustaqil davlat — Zeydiylar imomligi tashkil topdi. 1839-yilda Aden inglizlar tomonidan okkupatsiya qilindi. Yamanning shimolida XIX asrning 70-yillarida inglizlar hukmronligi o‘rnatildi. XX asrning boshlarida mamlakat Shimoliy Yaman va Janubiy Yamanga boiinadi. 1918-yilda Shimoliy Yaman mustaqillikka erishdi. 1962-yil Konstitutsion monarxiya respublikaga aylandi. Janubiy Yaman mustaqillikka 1967-yilda erishdi. 1970-yildan boshlab Yaman Xalq Demokratik Respublikasi deb atala boshladi. 1980-yillarda boshlangan ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar natijasida 1990-yil 21-mayda ikki davlat birlashib, yagona davlat tashkil topdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.