loading...

Baqlajon: foydami yoki zarar? 

4126

Har bir uy bekasining baqlajondan tayyorlanadigan resepti bor. Lekin bugun mazali taomlaru eguliklar haqida gaplashmaymiz, ajoyib sabzavotning sog`liqqa foydayu zararlari to`g`risida o`rtoqlashmoqchimiz. Sharq mamlakatlarida aynan baqlajon tanovvuli uzoq umr ko`rish garovi ekanligini bilarmidingiz?Ammo ijobiy fikrlar bilan bir qatorda baqlajonni ko`p eyish zarar deydiganlar ham yo`q emas. Sizning-cha, qay biri to`g`ri? 

Sog`liqqa foyda!

Baqlajonni doimiy tarzda iste`mol qilsangiz, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olgan bo`lasiz, yurak mushaklari mustahkamlanadi, qondagi xolesterin miqdori kamayadi, osteoporoz va osteoxondrozga qarshi kurashuvchanlik paydo bo`ladi, organizm tiqinlardan tozalanadi, suv balansini bir maromda ushlab turish mumkin, eng muhimi saraton hujayralari mudroq holatda qoladi.

Sabzavot tarkibida V guruhi vitamini mavjud bo`lib, u sizni uyqusizlikdan xalos etadi, asablaringizni tinchlantiradi. Bir dona baqlajon tarkibidagi S vitamini gripp va shamollash profilaktikasi uchun etarlidir. Bundan tashqari siyohrang sabzavot tarkibidagi RR vitamini chekishni tashlash harakatida bo`lganlar uchun ayni muddao. Yana ushbu sabzavotda kaliy, fosfor, temir, kalsiy, magniy kabi mikro va makroelementlar ko`p.

Baqlajonda foliy kislotasi borligi sababli uni oz miqdorda homiladorlar rasioniga qo`shish mumkin, bundan tashqari farzand kutayotgan ayollarda kuzatiladigan kamqonlikda, sabzavot tarkibidagi temir moddasi ham qo`l keladi.

Po`stini archamizmi?

Baqlajonning siyohrang, yaltiroq po`sti ham turgan-bitgani foyda, ishonavering. Chunki unda asab tolalarini asrovchi va saratonga qarshi kurashuvchi hamda uning oldini oluvchi kuchli antioksidant-nazunin moddasi mavjud.Parhezchi honimlar uchun ham yangiligimiz bor: 100 gramm baqlajon atigi 23 kilolaroriya bilan kifoyalanganini hisobga olsak, uni bemalol parhezbop taom sifatida qabul qilish mumkin. Albatta, qaynatilgan yoki dimlanganini, qovurilganini emas. Axir baqlajon qovurilish jarayonida juda ko`p yog`ni o`ziga shimib oladi-da.

Agar siz: kamqonlik, ateroskleroz, qandli diabet, ich qotishi, moddalar almashinuvi buzilishi, uyqusizlik va doimiy stresslardan aziyat chekayotgan bo`lsangiz baqlajonni har kuni hech bo`lmaganda 100 gr., eyishni odat qiling. Qish va kuz mavsumida esa bir osh qoshiq qurutib maydalangan baqlajon talqoni, buyrak va jigar faoliyatini yaxshilaydi. 

Kimlarga mumkin emas?

Qovurilgan baqlajonlar organizmga hech qanday foyda keltirmaydi, chunki uning tarkibidagi foydali kletchatkalar qovurilish jarayonida yo`q bo`lib ketadi. Shunchaki yog`liqqina taomga aylanadi, xolos. Oshqozon-ichakkasalliklari bilan og`riydigan insonlarga qovurilgan baqlajon qatiy man etiladi.

Pishib yoki muzlatgichda uzoq muddat qolib ketib, po`sti burishishni boshlagan baqlajonlarni esa hech ikkilanmay tashlab yuboring. Bunday baqlajonda zaharli solanin moddasi yig`iladi, bu modda sizda kuchli diareya, qusish, tomir tortishishi va es-hushning yo`qolishini keltirib chiqarishi hech gapmas. Pishib ketgan baqlajonni yangisidan farqlash juda oson, uni kesib ko`ring, urug`i haddan ziyod ko`p bo`lsa, ishlata ko`rmang. Yana bir muhim jihatni yodda tuting: baqlajonni qanday usulda pishirmoqchi bo`lsangiz ham yarim soat tuzli suvda tursin. Shunda tarkibidagi zararli moddalar havf solmaydi. 3 yoshgacha bolalarga baqlajonni bermagangiz durust, solanin moddasi kichkintoyda allergiyani chaqirishi mumkin.

Agar sizda quyidagi kasalliklar bor bo`lsa, baqlajonni ovqatlanish rasionongizga qo`shmaganiz ma`qul: surunkali va kuchli oshqozon yarasi va gastrit, oshqozon osti bezi yallig`lanishi, insult terapiyasi, allergiya, buyrakning surunkali og`rishi. Yodda tuting: baqlajonni homligicha eyish jiddiy muammolarga sabab bo`ladi.

Xalq tabobatida

Artrit va revmatizm bilan kasallangan bemorlarga, og`riyotgan joygan baqlajonli kompress qo`yish tavsiya etiladi. Buning uchun bir osh qoshiq iste`mol sodasini 500 ml., suv bilan aralashtirib, og`riyotgan tana a`zosiga surting, so`ng issiq suvda biroz ivitilgan baqlajon bo`lagini qo`ying-da, ustidan mato bilan bog`lab, 3 soatga qoldiring. Kompressni echgandan so`ng, iliq suvda yuvib, o`simlik moyidan surtib qo`ying.

Baqlajonli niqob. Yarimta baqlajonni qirg`ichdan o`tkazing, so`ng unga 1 osh qoshiq qatiq va bir necha tomchi aloe sharbatidan qo`shing. Tayyor niqobni yuzga surtib 15 daqiqaga qoldiring. So`ng yuzni yuvib, muz bo`lagida arting, qarabsizki, yuzingizdan nur yog`ila boshlaydi.

Tishlarni oqartiruvchi vosita. Bir dona baqlajonni mayda tortburchak shaklda to`g`rab, qizib turgan gaz pechiga qo`ying. Sabzavot to`q tusga kirgunicha tursin. So`ng uni maydalab bo`tqa holatiga keltiring, 1:1 nisbatda osh tuzidan soling. Tish pastasi o`rnida foydalashni odat qilsangiz, tishlaringiz yog`dusidan ko`zlar qamashadi. Ushbu vositani muzlatgichda 1 hafta saqlashingiz mumkin.

Manba: Darakchi


Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив