loading...

Qulupnay haqida 

14880

  Qulupnay inson organizmi uchun minerallarning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi, bundan tashqari uning tarkibida bir talay vitaminlar, shu jumladan C va B5 vitaminlari, temir, magniy, kaliy, kaltsiy, rux, marganets, fosfor, kremniy, mis moddalari mavjud. Shuningdek unda foliy, limon, olma va salitsil kislotalari bor. Qulupnayning foydali xususiyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin: u ovqat hazm qilish tizimiga yaxshi ta'sir qiladi, ishtahani yaxshilaydi, peshob va ter haydovchi effektga ega. Qulupnay tarkibida yetarli darajada minerallar bo'lgani uchun u organizmni tozalaydi, shuningdek tarkibidagi antioksidantlar tufayli organizmning qarish jarayoni sekinlashtiradi. Xalq tabobatida qulupnay kamqonlik, gipertoniya, ateroskleroz, bachadondagi qon ketishlarda qo'llaniladi. Avitaminozlarda qulupnayga yetadigani yo'q. Bundan tashqari, qulupnay turli ichak infektsiyalarining, shuningdek pnevmokokk, stafilokokk va gripp virusi qo'zg'atuvchilarini yengishga qodir. Ushbu qizil meva yodning almashinuv jarayonlariga ijobiy ta'sir qilgani bois uni bazedov kasalligini davolashda qabul qilishadi. U moddalar almashinuvi jarayonlarini kuchaytirgan holda semirishda ham yordam beradi.
  Qulupnayning yana bir ijobiy tomoni shundaki, uning tarkibidagi organik kislotalardan biri kashandalikda saratonning oldini oladi. Shu bois qulupnay chekuvchilar uchun juda foydali. Ba'zi bir kasalliklarni davolashda qulupnay barglari va mevalaridan tayyorlangan damlamalar qo'llaniladi. Qulupnay organizmdagi qand moddasini kamaytirish xususiyatiga ega. Yangi tayyorlangan qulupnay sharbati, ya'ni har kuni ertalab och qoringa ichilgan taxminan 1\4 stakan sharbat o't-tosh kasalligida yordam beradi. Buyrak va jigar kasalliklariga qarshi kurashadi. Qulupnay ajoyib parhez mevasi ham hisoblanadi. U organizmdagi ortiqcha suvni chiqarib tashlashga ko'maklashadi. Qulupnay barglari va mevasidan tayyorlangan damlama arterial qon bosimini va organizmdagi moddalar almashinuvini me'yorga keltiradi. U uyqusizlikda ham yaxshi yordam beradi. Qulupnayni anemiyaga chalingan bemorlarning ratsioniga qo'shishni, tomirlar sinuvchangiligida, qon ishlab chiqarilishini yaxshilashda tavsiya etishadi. Kimlar qulupnayni iste'mol qilmasligi yoki ehtiyotlik bilan iste'mol qilishi kerak? Oshqozon yarasi va gastritdan azob chekayotganlar ushbu sevimli desertni iste'mol qilmaganlari ma'qul, chunki qulupnay urug'lari oshqozonning shilliq pardasiga salbiy ta'sir qiladi. Bo'g'imlar xastaligiga ega kishilarga ham bu mevani ko'p iste'mol qilish mumkin emas, chunki bu podagra og'riqlari muammosini yanada chuqurlashtiradi. Shuningdek, enapril asosidagi yuqori qon bosimiga qarshi preparatlarni qabul qilayotgan kishilar ham ehtiyot bo'lishlari kerak. Bu paytda qulupnayni iste'mol qilish buyrak uchun katta yuklama bo'ladi. Qulupnayga allergiya Qulupnay mayda teshikchali tarkibga ega, shu bois u asalarilarning mumkataklariga o'xshab gul changini yig'adi, aynan shu gul changiallergiyani keltirib chiqaradi.   Demak, allergiyaga ega kishilar ehtiyot bo'lishlari kerak: qulupnayni iste'mol qilishdan oldin yuqoridagilar haqida eslang. Shifobaxsh damlamalar
  1. Yangi uzilgan qulupnay mevalaridan tayyorlangan damlama. 2 osh qoshiq yaxshi pishgan mevalar ustiga bir stakan qaynab turgan suv solinadi, termosda 30 daqiqa davomida damlanadi va keyin dokada suzib olinadi. Peshob va ter haydaydigan vosita sifatida har kuni ovqat oldidan yarim stakandan qabul qilinadi. Shuningdek,anginalarda og'iz bo'shlig'ini shu damlama bilan chayish tavsiya etiladi. 2. Quritilgan va yashil barglardan tayyorlangan damlama. 1-2 osh qoshiq maydalangan barglar ustiga bir stakan qaynab turgan suv quyiladi, termosda kamida 40 daqiqa damlanadi, dokada suzib olinadi hamda gemorroidal qon ketishlarida qonni to'xtatuvchi vosita sifatida ichiladi.
Qulupnayli choy
  Qulupnayning barglari engil siydik suruvchi ta’sirga ega. Bunday choy ateroskleroz, tuz to‘planishi, gipertoniya kasalliklariga qarshi inson organizmi chidamliligini oshiradi. Organizmda yopilib qolgan teshiklarni ochib, xolestirindan xalos etadi. Teshiklarning ochilishi organizmning kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi, terining nafas olishini osonlashtiradi. Qulupnayli choy quyidagicha tayyorlanadi: 20 gramm maydalangan qulupnay bargi olinib, ustidan 2 stakan qaynoq suv quyiladi, 5 daqiqa qaynatiladi. Sovutilib, 2 soatdan keyin suziladi. Issiqligicha 1 osh qoshiq asal qo‘shib ichiladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.