Qurilish materiallari sanoati
Qurilish materiallari sanoati milliy
iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari bilan aloqadadir. Zavod va
fabrikalar, uy-joylar, yo'llar hamda irrigatsiya inshootlarining ko'plab barpo
etilishi bilan qurilishbop materiallarga talab ham ortib boraveradi.
Binokorlik uchun muhim bo'lgan
sement Quvasoy, Ohangaron, Angren, Navoiy va Bekobod shaharlarida ishlab
chiqarilmoqda. Ohangaron va Navoiy sement kombinatlari eng yirik kombinatlar
hisoblanadi. Angren gilmoyasi negizida bezakbop oq sement ishlab chiqariladi.
O'zbekiston chiroyli va pishiq marmarga boy. Yurtimizda topilgan 34 ta marmar
konining 5 tasidan marmar qazib olinmoqda.
G'ozg'on koni marmar zaxirasining
ko'pligi, yuqori sifatliligi jihatidan jahondagi eng mashhur konlardan biridir.
Undan qazib olingan marmar sobiq Ittifoq davrida boshqa mahsulotlar kabi
Markazga tashib ketilardi. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlaridagi
metropolitenlarning ko'plab bekatlari va boshqa inshootlar G'ozg'on marmari
bilan bezalgan.
Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi
Opera va balet teatri, «Toshkent», «O'zbekiston», «Toshkent Palace» kabi
mehmonxonalar, Toshkent metropoliteni hamda boshqa ko'pgina ulug'vor
madaniy-maishiy binolar qurilishiga ham shu kon marmarlari ishlatilgan.
Orkutsoy koni Toshkent shahridan 74 km shimoli sharqda
joylashgan. Unda qora, oq va kulrang marmar uchraydi. Toshkent va G'azalkent
marmar zavodlarida marmarga pardoz beriladi.
Bezakbop toshlarning umumiy
zaxiralari 85 million kubometrdan ortadi. Ular toshni qayta ishlaydigan korxonalarni
yuz yillar davomida xomashyo bilan ta'minlaydi.
Chirchiq shahri yaqinida mahalliy xomashyo
asosida deraza oynalari ishlab chiqariladigan zavod bor. Hozirgi zamon sanoat
qurilishining asosi temir-betondir. Toshkent, Farg'ona, Samarqand va Buxoro
viloyatlarida temir-beton buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Xorazm, Buxoro va
Farg'ona viloyatlarida silikat bloklari ishlab chiqaradigan zavodlar qurilgan. Jizzaxdagi silikatsit zavodi
Mirzacho'l xo'jaliklari, shaharlari va shaharchalari uchun devor bloklari,
panellar, poydevorlar, zinapoyalar va boshqa silikatsit buyumlari tayyorlaydi.
Bino, ko'prik, yo'l va boshqa inshootlar uchun barcha qismlar maxsus zavodlarda
tayyorlanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.