loading...

Latviya 

8863

  Rasmiy nomi — Latviya Respublikasi. Poytaxti — Riga. Hududi – 65 ming km.kv. Aholisi – 2,3 mln kishidan ortiq (2012-yil). Davlat tili — latish. Dini — lyuteranlik, katolik, pravoslav. Pul birligi — lat.
   Geografik joylashuvi va tabiati. Boltiq dengizi qirg£og‘ida joylashgan. Janubda Litva (chegara uzunligi — 453 km) va Belarus (141 km), sharqda Rossiya (217 km), shimolda Estoniya (267 km) bilan chegaradosh. G‘arbiy chegaralari Baltika dengizi bilan tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 1078 km. Hududining katta qismi pasttekisliklardan iborat. G‘arbida va sharqida tepaliklar mavjud. Asosiy daryosi — Daugava (G‘arbiy Dvina), ko‘p sonli ko‘llar mavjud. Tabiiy resurslardan kam miqdorda torf, ohak, yog‘och zaxiralari mavjud. Hududi 27% ekin ekiladigan maydonlardan, 39% o‘rmon va changalzorlardan iborat.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari.Mam­lakat tarixiy 4 ta tumanga: Kurzele, Zemgale, Vidzeme va Lotgalega bo‘lingan. 1991-yil 21-avgustda mustaqil­likka erishgan. Latviya respublikasi e’lon qilingan kun — 18-noyabr — Milliy bayram hisoblanadi. Ijroiya hoki­miyat prezidentga (davlat boshlig‘iga) va premyer-ministr boshchiligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — Seymga tegishli. Asosiy partiyalari: Latviya ittifoqi, «Latviya yo‘li», «Latviya mustaqilligi uchun harakat», Latviya fermerlari ittifoqi, Latviya xristian-demokratlar ittifoqi, Latviya xalq fronti, Latviya sotsial-demokratik ishchi partiyasi, Latviya mehnat demokratik partiyasi.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Oxirgi yillarda Latviya rejali iqtisodiyotdan bozor munosabatlariga asta-sekin o‘tmoqda. Iqtisodiyotni shakllantirishdan tashqari, hukumat kam miqdordagi tabiiy resurslarni va ishchi kuchlarini maksimal darajada safarbar qilgan holda chet el kapitalini ko‘plab jalb qilish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda. Sanoatning mashinasozlik, kimyo, baliq mahsulotlari, yengil, farmatsevtika, qog‘oz-sellyuloza ishlab chiqarish tarmoqlari yaxshi taraqqiy etgan. Qishloq xo‘jaligi ham mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi (YIM — 21,5%). 2012-yil YIM miqdori 58 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 17,2 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari — Rossiya, Germaniya, Shvetsiya, Belarus.
  Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 2400 km, avtomobil yo‘llarining uzunligi — 59500 km (33000 km — qattiq qoplamali), ichki suv yo‘llari — 300 km. Mamlakatning asosiy portlari: Riga, Liyepaya, Ventspils.
  Tarixi. X asrda mev qabilalari (latishlarning ajdodlari) Kiyev Rusidan o‘rnak olib pravoslav dinini qabul qilishdi, biroq XII asrdan bosh lab katolik diniga o‘tish boshlandi. Tevton ordeni 1242-yili Chud ko‘lida mag‘lubiyatga uchraganligiga qaramasdan, XIII asrning oxirlariga kelib hozirgi Latviya hududlarini egallashga muvaffaq bo‘ldi. XIII asr o‘rtalarida Latviyada protestantlik tarqaldi. Tevton ordeni tarqalganidan so‘ng Livaniya hududi Polsha va Shvetsiya tomonidan bo‘lib olindi. XVIII asrda Latviya Rossiya tomonidan anneksiya qilindi.
   Birinchi jahon urushi davrida mamlakatning anchagina qismi Germaniya tomonidan okkupatsiya qilindi. 1917-yili Latviyada sovet hokimiyati e’lon qilindi, biroq Brest-Litovsk shartnomasiga ko‘ra Sovet Rossiyasi Latviya hududlarini Germaniyaga berdi. 1918-yil 19-noyabrda Milliy Kengash Latviyani mustaqil Respublika deb e’lon qildi. 1934-yili Ulmanis tomonidan sodir etilgan davlat to‘ntarishi natijasida mamlakatdagi parlament tartibi diktatura bilan almashtirildi. 1940-yilning avgustida Latviya Sovet Ittifoqi tomonidan, 1941-yilda esa Germaniya tomonidan okkupatsiya qilindi. 1944-yili mamlakat yana SSSR tarkibiga kirdi. 1991-yilning avgustida Latviya Respublikasining mustaqilligi qayta tiklandi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.