Norvegiya
Rasmiy nomi — Norvegiya Qirolligi. Poytaxti — Oslo. Hududi – 385,2 ming km.kv. Aholisi – 5 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — norveg. Dini — Evangeliya Lyuteranlik cherkovi (87,8%) davlat dini hisoblanadi. Pul birligi — norveg kron’asi.
Geografik joylashuvi va tabiati. Skandinaviya yarimorolining shimoliy va g‘arbiy qismida hamda Shpitsbergen arxipelagida joylashgan Shimoliy Yevropa davlati hisoblanadi. Sharqda Shvetsiya (chegara uzunligi — 1619 km), shimoli sharqda Finlandiya (729 km) va Rossiya bilan (167 km) chegaradosh. Norvegiya g‘arbda Atlantika okeani, shimolda Barens dengizi, janubda Shimoliy dengiz va Skagerrok bo‘g‘ozi bilan tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi 2515 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi esa 21925 km (yirik va ko’p sonli mayda orollar bilan qo‘shib hisoblaganda). Norvegiya hududining katta qismini Skandinav tog‘lari egallagan. Eng yuqori nuqtasi — Galxyopiggen tog’i (2469 m). Baland yassitog‘lar (fyeldlar) va tik tog‘lardan keyin hosildor daryo vodiylari boshlanadi. Sohil chizig‘i fordlar bilan bo’lingan. Mamlakat shimolida arktik tundra zonasida joylashgan. Asosiy daryolari — Logen, Begna, Glomma. Mamlakatda juda ko‘plab ko‘llar bor. Norvegiya neft, tabiiy gaz, temir rudasi, mis, nikel kabi foydali qazilma konlariga va muhim tabiiy resurslardan baliq, yog‘och, gidroenergetik potensialga ega.
Iqlimi — mo‘tadil okean iqlimi, chekka shimolida esa subarktik iqlim. Norvegiyaning o‘simlik dunyosida asosan tog‘li hududlardagi ninabargli o‘rmonlar ustunlik qiladi. O’rmonlar Norvegiya hududining 23% ini egallagan bo‘lib, asosan archa, qarag’ay, oq qayin daraxtlari ko’proq uchraydi. Chekka janubiy hududlarida esa uncha katta bo‘lmagan buk va dub o‘rmonlari uchraydi. Skandinaviya tog‘larida ninabargli o‘rmonlar janubda 1100 m dan, shimolda 300 m gacha balandlikda joylashgan. Norvegiya jonivorlari orasida o’rmon va tundra turlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. O‘rmonlarda bug‘u, kiyik, bo’rsiq, suvsar, laska, qunduz, silovsin, olmaxonni uchratish mumkin. Tundrada esa shimol bug‘usi, oq va ко’к tundra tulkisi, quyon, shuningdek, Norvegiya sichqoni deb ataluvchi lemminglar keng tarqalgan.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya. 19 ta provinsiyadan tashqari Norvegiya tarkibida Buve, Yan-Mayen, Shpitsbergen orollari kabi qaram hududlar ham bor. Norvegiya 1905-yil 26-oktabrda Shvetsiyadan mustaqillik olgan. Milliy bayrami — 17-may — Konstitutsiya kuni (1814). Davlat boshlig’i — Monarx (qirol Xorold V mamlakatni 1991-yil 17-yanvardan buyon idora qilib kelmoqda, taxt vorisi — shahzoda Xaakon Magnus 1973-yil 20-iyulda tug’ilgan). Ijroiya hokimiyat Davlat Kengashi (kabinet)ning boshlig’i bo’lgan premyer-ministrga tegishli. Oliy qonun chiqaruvchi organ — ikki palatali parlament (storting). Yirik siyosiy partiyalari: Norveg ishchi partiyasi, Taraqqiyot partiyasi, Markaz partiyasi, Venstre partiyasi, Xristian xalq partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Har xil tabiiy resurslarga boy bo’lgan Norvegiya iqtisodiyoti erkin tadbirkorlik va hukumat nazorati ostida rivoj- lanadi. Sanoatining muhim tarmoqlari: neft va gaz, bundan tashqari, oziq-ovqat ishlab chiqarish, sellyuloza-qog`oz, metallurgiya, kimyo, yog’ochni qayta ishlash, kemasozlik ham yaxshi rivojlangan. Norvegiya dunyoning juda ko’plab mamlakatlariga baliq va baliq mahsulotlarini eksport qiluvchi yirik davlatlar qatoriga kiradi. Qishloq xo’jaligida (YIM 3%) bosh sektor chorvachilik hisoblanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining yarmidan ko’prog’i chetdan keltiriladi. 2012-yil YIM miqdori 252,8 mlrd AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 53,7 AQSH doll.) tashkil etgan.
Temiryo’llarining umumiy uzunligi — 4026 km, avtomobil yo’llari — 88922 km (61356 km qattiq qoplamali yo’llar), ichki suv yo’llari — 1577 km. Mamlakatning asosiy portlari: Bergen, Kristiansunn, Oslo, Tronxeym.
Tarixi. Qadimda Norvegiya hududida german qabilalari joylashishgan. V asrda bu hududda gotlarning dastlabki davlati vujudga keldi. VIII asr oxiri — XI asr o‘rtalarigacha norveglar vikinglaming harbiy yurishlarida qatnashishdi. IX asr oxiri — X asr boshlarida konung Xarald I Xarfager hukmronligi ostida mamlakatning siyosiy birlashuvi jarayoni boshlanib, shu vaqtning o‘zida xristianlik qabul qilindi. 1262-1264-yillarda Islandiya Norvegiya mulkiga aylandi. 1397-yildan boshlab Kalmar uniyasiga ko‘ra, Norvegiya Daniya hukmronligi ostiga tushib qoldi. 1814-yili Kil shartnomasiga muvofiq Norvegiya Shvetsiya boshqaruvi ostiga o‘tdi, biroq norveg xalqining milliy o‘zligini anglash jarayonining o’sishi Shvetsiya bilan ittifoqning buzilishiga va 1905-yili mustaqil Norvegiya qirolligining tuzilishiga olib keldi. I jahon urushi yillarida Norvegiya o‘z neytralitetini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi, biroq 1940-yili mamlakat nemis qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. Hukumat Londonga qochdi. 1945-yil 8-may kuni Norvegiya fashistlardan ozod qilindi. 1949-yili uning NATO va 1952-yili Shimoliy Kengashga kirishi Norvegiya hayotidagi muhim voqealardan bo‘ldi. 1994-yilda mamlakat aholisi umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra Yevropa Ittifoqiga kirishga qarshi ovoz berdi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.