loading...

Burundi 

4356

  Rasmiy nomi — Burundi Respublikasi. Poytaxti — Bujumbura. Hududi — 27834 km.kv. Aholisi – 8,7 mln.dan ortiq kishi (2012). Davlat tili — fransuz, kirundi. Dini — katoliklar (73%), majusiylar (22%), protestantlar (5%). Pul birligi — burundi franki.
  Geografik joylashuvi va tabiati. Sharqiy Afrikada joylashgan davlat. Shimolda Ruanda, sharqda va janubda — Tanzaniya, g‘arbda Kongo Demokratik Respublikasi bilan chegaradosh. G‘arbiy chegarasining bir qismi Tanganika ko‘li bo‘ylab o‘tgan. Mamlakat hududining katta qismi asosan slanes va qum-toshdan iborat bo‘lgan yassitog‘liklar egallagan. Eng yuqori nuqtasi — Xexa tog‘i (2670 m). Iqlimi — subekvatorial. Tabiati o‘ziga xos bo‘lib, yassitog‘li hududlarida akatsiyalar va palmalar uchraydi- gan savannalar hukmron. Ba’zi joylarda park o‘rmonlari uchraydi. Hayvonot dunyosi boy bo‘lib, bu yerda fil, timsoh, qoplon, begemot, yovvoyi cho‘chqa kabi hayvonlarni uchratish mumkin. Qushlar ham ko‘p. Qazilma boyliklaridan uran, nikel, mis, kobalt, vanadiy, torf mavjud.
  Davlat tuzilishi va siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Davlat boshlig‘i — prezident. Hukumat boshlig‘i — premyer-ministr. Burundi 15 ta viloyatga bo‘lingan. Siyosiy partiyalari — Burundi demokratiya tarafdorlari fronti, Milliy birdamlik va taraqqiyot partiyasi.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Bu­rundi — agrar mamlakat. Yog‘ochni qayta ishlash, to‘qimachilik, sement ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi xomashyosini qayta ishlash korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Baliqchilik, chorvachilik, qahva, choy, paxta yetishtiriladi. Asosiy savdo hamkorlari: Belgiya, Fransiya, Germaniya, Tanzaniya, Yaponiya, AQSH.
  Tarixi. Tva pigmeylari Burundining tub aholisi hisoblanadi. Tvalarning katta qismini assimiliatsiya qilgan xutular XIV asrda paydo bo`lgan. XV asrda tutsilar kirib kelganidan so‘ng Ruandadagi kabi bu yerda ham qirollik tashkil etildi. XIX asrning 80-yillarida Burundi (bu davrda Urundi) Ruanda bilan birga nemislar tomonidan ishg‘ol qilinib, German Sharqiy Afrikasi tarkibiga qo‘shildi. Birinchi jahon urushidan so‘ng Belgiyaga Ruanda-Urundi hududlari boshqaruv mandati topshirildi. 1962-yil 1-iyulda Burundi konstitutsion monarxiya sifatida mustaqillikka erishdi. 1966- yilgi harbiy to‘ntarishdan so‘ng mamlakat respublika deb e’lon qilindi. 1989-yillarda davlatda xutu va tutsilar o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar boshlandi. 2004-yilda Burundiga xalqaro harbiy kuchlar kiritilishi natijasida fuqarolar urushi va etnik to‘qnashuvlarga barham berildi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.